Muqobil energetika “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga joriy etish dolzarb masala

    Energetika 18 Aprel 2023 3052

    2023-yil 17-aprelda Oliy Majlis Senatida “Muqobil energetikani rivojlantirish, “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi.

    Seminarda “yashil” energetikani rivojlantirish, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻnalishlarida ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar, shu jumladan, istiqbolli innovatsion ishlanmalar, “startap” loyihalarni amaliyotga tatbiq etish borasida ishlar yuzasidan fikr almashildi.

    Mamlakatimizda aholi va tadbirkorlik subyektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi doirasida “yashil” va inklyuziv iqtisodiy oʻsishni, shuningdek, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini taʼminlash borasida energetika sohasida tizimli islohotlar olib borilyapti.

    Xususan, ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohalarida hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejashni yanada kengaytirish va bu borada aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir qator Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi.

    Oʻzbekistonda 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish, ularning ulushini elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmida 30 foizidan koʻprogʻiga yetkazishni maqsad etilgan.

    Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish maqsadida koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida ayni paytda 2,9 milliard dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga jami 2 897 MVt quvvatga ega 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini barpo etish doirasida amaliy ishlar boshlangan.

    Seminarda muqobil energetikani rivojlantirish, “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish masalalarida ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganiga eʼtibor qaratildi.

    Seminarda senatorlar tomonidan ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohalarida hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini taʼminlash borasidagi ishlarni kompleks tashkil etish maqsadida aholiga, shu jumladan, investorlar uchun qulay sharoitlar va ragʻbatlantirish mexanizmlari joriy etilgani yuzasidan targʻibot-tushuntirish oʻtkazish lozimligi, bunda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalanish kerakligi aytib oʻtildi.

    Shuningdek, aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini oʻrnatishni ragʻbatlantirish boʻyicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilishi, aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1 000 soʻmdan subsidiya ajratilishi boʻyicha mahallabay ishlar tashkil etib, targʻibot ishlarini amalga oshirish kerakligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.