Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulugʻ ajdodlarimiz, maʼrifatparvar jadid bobolarimiz ham oilaning tinch, mustahkam va farovon boʻlishida, farzandlar tarbiyasida ayolning oʻrni va taʼsiri beqiyos ekanini alohida taʼkidlaganlar.
Muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganidek, har qanday jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga boʻlgan mu-nosabati va gʻamxoʻrligi bilan belgilanadi. Shu maʼnoda, soʻnggi paytlarda Oʻzbe-kistonda xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ular-ning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilanib, keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil mart oyining boshida ushbu sohada ikkita tarixiy farmon qabul qilingani ham shundan dalolat beradi.
Maʼlumki, mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi. Ayollarning barcha sohalardagi samarali mehnati, ayniqsa, farzandlar tarbiyasi, jamiyat va oila hayotidagi ulkan xizmatlarini hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi.
Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimiz iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishi hamda bandligini taʼminlashga har tomonlama koʻma-klashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qoʻllab-quvvatlash sohalarida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, ayol qadri, inson qadri ulugʻlangan yurtda tinchlik va farovonlik, ahillik va baraka, albatta, barqaror boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7-martda qabul qilingan “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish borasida tub burilish davri boshlanganidan dalolat beradi.
Gender tenglik: ayollar har jabhada faol
Ayni vaqtda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarga yaratib berilayotgan ulkan imkoniyat va sharoitlar tufayli ayollarimiz davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etmoqda, ularning mavqei tobora ortib bormoqda. Yurtimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosati xotin-qizlarimizga chinakam baxtli yashashi, ularning huquq va erkinliklarini taʼminlash, intellektual va maʼnaviy yuksalishi, kasbiy hamda oilaviy majburiyatlarni hamohang tarzda bajarishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Davlat hokimiyatining oliy organlarida, shuningdek, shahar, tuman hokimi, va-zir, elchi kabi masʼuliyatli lavozimlarga ayollarning tayinlanayotgani ham ularga boʻlgan ishonchning ortib borayotganidan dalolat beradi.
Bugun mamlakatimiz hayotiga daxldor boʻlgan qarorlarni qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada ortdi. Natijada ularning boshqaruv sohalaridagi ulushi 33 foizga, tadbirkorlik sohasida 35 foizga, siyosiy partiyalarda 44 foizga, oliy taʼlimda 46 foizga yetdi.
Barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari boʻyicha maslahat ken-gashlari yoʻlga qoʻyilishi ham mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida ayollar faolli-gini oshirishga xizmat qiladi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash maqsadida 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi. Mamlakatimizda qabul qilinayotgan har bir normativ-huquqiy hujjat loyihasini gender huquqiy eks-pertizasidan oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
Jamiyat va davlat hayotida faol boʻlgan, tashabbus koʻrsatgan ayollar bilan bir qatorda farzandlarini barkamol insonlar etib voyaga yetkazgan ayollarga, jumla-dan, uy bekalariga ham beriladigan “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etil-di. Oʻtgan davr mobaynida ming nafardan ortiq faol ayol ana shu koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Mukofotlanganlarga havas qilib, ularning izidan borayotgan xotin-qizlar soni ortdi. Havas va ishtiyoq ularga kuch-quvvat, katta ruh bermoqda.
Mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan eʼtibor tufayli har bir sohada ular-ning oʻrni, ulushi ortib bormoqda. Qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar, erishilayotgan gʻalabalar — ana shu eʼtibor mahsuli. 2019-yildan Zulfiya nomidagi Davlat mu-kofotining har yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafardan talabgorga berilishi, mukofot sohiblari tegishli yoʻnalish va ixtisoslik boʻyicha kirish imtihonlarisiz davlat grantlari asosida oʻqishga qabul qilinishi ham yoshlarga boʻlgan yuksak eʼtibor namunasidir.
Yurtimizda xotin-qizlarni ilm-fan sohasiga jalb qilish borasida sezilarli natijalarga erishildi. Shu bois, xotin-qizlar ilm-fan taraqqiyotining barcha sohalari rivojiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Bugungi kunda respublikamizda 6 nafar akademik, 700 nafardan ziyod fan dok-tori, 4780 nafar fan nomzodi, 200 nafarga yaqin falsafa doktori (PhD) dara-jasiga ega boʻlgan olima ayollar fan tarmoqlarining turli sohalarida ilmiy faoliyat olib bormoqda. Dunyoning nufuzli davralarida oʻzbek olimalari soʻz ol-moqda, salohiyati tilga tushmoqda.
Xalqimizda “Kengashli toʻy tarqamas”, degan hikmatli naql bor. Bugun mamla-katimizda xotin-qizlar muammolarini hal etishda ham kengashib ish koʻrish ta-moyiliga amal qilinmoqda. Gap shundaki, endi mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha mehnat jamoalarida xotin-qizlar muammolariga samarali yechim topish uchun “Ayollar kengashlari” tuziladi.
Bu tizim ham hayotiy ehtiyoj tufayli ishlab chiqilgan. Boisi, har qanday mehnat jamoasida turli koʻrinishdagi muammolar uchrashi tabiiy. Ayniqsa, ayollarimiz oʻz muammolarini ochiq aytishga istihola qiladi. “Ayollar kengashlari” ana shunday muammolarni yechishga, bir soʻz bilan aytganda, ayollarimizni har tomon-lama qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini yanada oshirish maqsa-dida Prezidentimiz joriy yil 1-mart kuni “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.
Ushbu muhim hujjat bilan xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi, joylarda esa hududiy komissiyalar tashkil etildi.
Farmonda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi.
Mamlakatimiz tarixida ilk marotaba oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha vakolatli davlat boshqaruvi organi — Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi.
Alohida davlat idorasi tashkil etilishi va unga Hukumat rahbari oʻrinbosari raislik qilishi xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularni rozi qilish yoʻlidagi ishlarni yangi Oʻzbekiston taraqqiyotida zamonaviy yondashu-vlar asosida samarali va manzilli amalga oshirish imkonini beradi.
Farmonga asosan, mahallalarda xotin-qizlar faoli lavozimi taʼsis etildi hamda unga ochiq tanlovlar asosida har tomonlama munosib nomzodlarni ishga qabul qilish tartibi joriy qilindi.
Endilikda qariyb 9 ming 300 dan ortiq bilimdon, jonkuyar faol ayollar oilaviy munosabatlarni yaxshilash, nizoli vaziyatlar, ajralishlar, erta ni-kohlarning oldini olish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, xotin-qizlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasi, ushbu xayrli va ezgu ishlarga, shu jum-ladan, koʻpni koʻrgan onaxonlarimizni keng jalb etish boʻyicha doimiy va manzil-li ishlarni olib boradi.
Muhim tashabbuslardan yana biri — xotin-qizlar huquqlarini hamda tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohalaridagi qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan tizimli nazoratni oʻrnatish maqsadida Bosh prokuraturada alohida boshqarma tashkil etilmoqda.
Xotin-qizlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan maxsus jamgʻarma tashkil etilib, davlat byudjetidan har yili 300 milliard soʻm mablagʻ ajratish yoʻlga qoʻyildi. Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi va uning hududiy boʻlimlari tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari yaqinda Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlagan nutqida donishmandlarning “Bitta qiz bolani oʻqitsangiz — butun oilani oʻqitgan boʻlasiz”, degan dono gapini tilga olib, ularni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga oʻqitish orqali jamiyatda va oilasida munosib oʻrnini topishi uchun boshlangan ishlar bundan keyin ham izchil davom ettirilishini alohida taʼkidlagan edi. Mazkur farmonda ushbu yoʻnalishdagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Ayniqsa, bu borada 2022-2026-yillarga moʻljallangan Xotin-qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash milliy dasturi qabul qilinganini alohida taʼkidlash joiz. Shunga asosan, oliy taʼlim muassasalari, texnikum va kollejlarda, sirtqi va kechki taʼlimda oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontrakt pullarini toʻlash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish, davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlari toʻliq davlat byudjetidan qoplab berilishi tartibi joriy qilinmoqda.
Shuningdek, endilikda xorijiy oliy taʼlim muassasalariga bakalavriat uchun — 50 nafar, magistratura uchun — 10 nafar xotin-qizlarga har oʻquv yilida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali qoʻshimcha grantlar ajratiladi. Qolaversa, har yili 2 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlarning taʼlim kon-traktlari mahalliy byudjetdan toʻlab berilishi, doktorantura yoʻnalishida xotin-qizlar uchun 300 tadan maqsadli kvota ajratilishi ham belgilandi.
Ochigʻi, xotin-qizlarning ilm olishini ragʻbatlantirish va ularga koʻmak berish maqsadida joriy etilayotgan bunday imtiyozlar shu paytgacha mamlakatimiz tari-xida kuzatilmagan. Endi oʻzingiz oʻylab koʻring, dunyoning qaysi davlatida ayollarga bu kabi imtiyoz va eʼtibor qaratilmoqda?
Mustahkam oila – jamiyat poydevori
Yurtimizda “Farovon oila — jamiyat ravnaqining asosi” degan konseptual gʻo-yani ijtimoiy hayotga izchil tatbiq etish, oila institutini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, bu jarayonda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning yaqin hamkorligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mu-stahkamlash konsepsiyasi qabul qilindi. 15-may — Xalqaro oila kunini har yili respublikamizda keng nishonlash boʻyicha manzilli tadbirlarni amalga oshirish anʼanaga aylandi.
Umumtaʼlim maktablarida “Oiladagi zoʻravonlikning oldini olish kunla-ri”ni oʻtkazish va oʻquvchilarga oilada zoʻravonlikning salbiy oqibatlari haqida tushuncha berishga moʻljallangan tadbirlarni tashkil etish belgilangani amalda katta natijalar berishi shubhasiz. Shu bilan bir qatorda, oilalar mu-stahkamligini taʼminlashga qaratilgan 50 dan ortiq fundamental, ilmiy va innovatsion loyihalar amalga oshirildi.
Oila — muqaddas dargoh. Shubhasiz, bu dargohning mustahkam bunyod etilishi oila qurayotgan yoshlarga bogʻliq. Shu maʼnoda, barcha tuman va shaharlarda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari tashkil etilib, shu kunga qadar 100 mingga yaqin nikohlanuvchi yosh oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari boʻyicha bepul oʻqitil-di.
Yana bir yangilik “Aziz-ayol.uz” yagona interaktiv milliy platformasi ishga tu-shirilishi boʻldi. Platforma xotin-qizlar huquqiy madaniyatini, ijtimoiy faolligini oshirishga, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga yoʻnaltirilgan boʻlib, xotin-qizlarga bogʻliq statistik maʼlumotlar jamlanadi.
Xotin-qizlarning ogʻirini yengil qilish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash – oliy maqsad
Soʻnggi paytlarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mahallalarda aholi, shu jumladan, xotin-qizlar bilan muloqot olib borishning mutlaqo yangicha tizimi yoʻlga qoʻyildi. Shu asosda shahar va qishloqlarda uyma-uy yurib, oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni oʻrganish, ulardagi mavjud muammolarni hal etish tajribasi shakllandi. Ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalar va xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash, ularning doimiy daromad manbaiga ega boʻlishini taʼminlash maqsadida jahon tajribasida oʻxshashi boʻlmagan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bilan ishlash tizimi joriy etildi. Mazkur tizim sharofati bilan minglab oilalarning ahvoli ijobiy tomonga oʻzgardi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga koʻmak berildi. Imtiyozli kredit va subsidiyalar orqali yurtdoshlarimiz oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻydi, ish bilan bandligi taʼminlandi.
Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika komissiyasi tashkil etildi va bugungi kunda ushbu tuzilma samarali faoliyat yuritib kelmoqda. “Inson qadri uchun” tamoyilining yorqin ifodasi boʻlgan ushbu noyob tizim orqali 2021-yilda 900 mingga yaqin xotin-qizga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik koʻmak berildi. Ushbu tadbirlarni moliyalashtirish uchun 2 trillion soʻmga yaqin mablagʻ yoʻnaltirildi. Yolgʻiz onalarning farzandlarini davlat bogʻchalariga imtiyozli navbat asosida qabul qilish tartibi belgilandi.
Shu jumladan, 18 ming ayolga uy-joy xarid qilishi uchun 400 milliard soʻm imtiyozli kreditlar ajratilgani ularga munosib sharoitlar yaratib berish borasidagi islohotlarning yuksak namunasi boʻldi.
Eng muhimi, joriy yil 7-martda qabul qilingan Prezident farmonida bu borada muhim chora-tadbirlarni tizimli davom ettirish belgilangan. Jumladan, 2022-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yoʻnaltiriladi. Birgina mana shu tadbirning oʻzi muhtoj ayollarni 12 mingta uy-joy bilan taʼminlash imkonini beradi.
Xotin-qizlarning oliy taʼlim olish imkoniyatlari kengaytirilib, oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalarning qizlari uchun alohida grantlar joriy etildi. Xususan, 2020-yilda bunday oilalardagi 950 nafar, 2021-yilda esa 2030 nafar xotin-qiz oliy taʼlim muassasalariga grant asosida oʻqishga qabul qilindi.
Bunday saʼy-harakatlar natijasida ayni paytda oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan qizlarimizning soni 400 ming nafardan oshdi. Shu oʻrinda qiyoslash uchun bir misol: bundan olti yil muqaddam ushbu raqam 110 ming nafarni tashkil qilar edi.
Oʻtgan yildan boshlab bazaviy toʻlov-kontrakt asosida davlat oliy taʼlim muassasasiga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat oliy taʼlim muassasalari hisobidan oʻqitish tartibi joriy etildi.
Xotin-qizlarning murojaatlari boʻyicha Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi huzurida kunu tun faoliyat yuritadigan qisqa raqamli “1211 — Ishonch telefoni” xizmati yoʻlga qoʻyilgani xotin-qizlarning murojaatlari qonuniy hal etilishiga imkon yaratdi. Buning natijasida shu kungacha 100 mingga yaqin murojaatlar oʻz yechimini topdi. Jumladan, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, 5,6 mingdan ortiq xotin-qizning uy-joy toʻlovi boshlangʻich badali toʻlab berildi, nogironligi boʻlgan 20 mingga yaqin ayolga nogironlik aravachasi, eshitish mosla-malari va boshqa reabilitatsiya vositalari begʻaraz taqdim etildi, 18 mingga yaqin xotin-qizga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar ajratildi, 500 nafar xotin-qizning jarrohlik amaliyoti xarajatlari toʻlab berildi.
Har bir ayol – jamiyat va davlat himoyasida
Ayol — nafis xilqat. U cheksiz mehr-muhabbatga munosib. Mehr ayolni yashnatadi, yashartiradi. Ayol baxtli boʻlsa, tabiiyki, oilada ham, jamiyatda ham sogʻlom ruhiyat ustuvor boʻladi. Shu bois, yurtimizda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish masalalari boʻyicha mustahkam huquqiy asoslar yaratilmoqda.
Soʻnggi paytlarda Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimida xotin-qizlar masalalari boʻyicha alohida boʻlim, shuningdek, joylardagi ichki ishlar organlarida xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor hamda psixolog lavozimlari joriy etilgani ularni har tomonlama himoya qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotganining dalilidir. Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan xotin-qizlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga yoʻnaltirilgan onlayn oʻquv kurslari tizimi ishlab chiqilib, alohida elektron platforma yaratildi.
Nozik jins vakillariga nisbatan tazyiq yoki zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik belgilandi. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabr chekkan xotin-qizlarga davlat himoyasini kafolatlovchi “himoya orderi”ni berish tartibi yoʻlga qoʻyildi. Birgina ana shu usul yordamida 2020-2021-yillarda zoʻravonlikdan jabr koʻrgan 60 mingga yaqin xotin-qiz davlat himoyasi bilan taʼminlandi. Ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga huquqiy maslahatlar berish va psixologik qoʻllab-quvvatlash tizimi yoʻlga qoʻyilgani ham amalda yaxshi samara bermoqda.
Mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan odilona siyosatning yorqin timsoli sifatida “Mehr” operatsiyalari amalga oshirildi. Mazkur tadbirlar doirasida dunyodagi urush oʻchoqlari va notinch oʻlkalardan 500 nafardan ziyod xotin-qiz va bolalar yurtimizga olib kelinib, ular uchun zaruriy sharoitlar yaratib berildi.
Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish yoʻlida
Mamlakatimizda bundan buyon tadbirkorlik sohasida xotin-qizlar sonini koʻpaytirishga jiddiy eʼtibor qaratiladi. Shu maqsadda Prezident farmonida Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini keng miqyosda qoʻllab-quvvatlash choralari belgilanib, uning moliyaviy manbasi ham aniq koʻrsatib berildi. Jumladan, xotin-qizlarning biznes-loyihalarini moliyalashtirish uchun birgina 2022-yilda qoʻshimcha 1 trillion soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan.
Mazkur dastur doirasida ajratilayotgan mablagʻlarning 4 trillion soʻmi esa tadbirkorlik hamda daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shugʻullanish va ishini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarga yoʻnaltiriladi. Qolaversa, endigina tadbirkorlikka qoʻl urayotgan xotin-qizlarga ajratilayotgan subsidiya miqdori 7 million soʻmdan 10 million soʻmga oshiriladi.
Yana bir muhim islohot shuki, 2022-2024-yillarga moʻljallangan “Biznes ayol-lar” dasturi qabul qilinib, uning doirasidagi loyihalar uchun 8 trillion soʻm mablagʻ ajratiladi. Bu dastur xotin-qizlarni tadbirkorlikka yanada kengroq jalb qilish, ularning biznes faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun investitsiyalar kiritish va eksportni ragʻbatlantirish singari maqsadlarga xizmat qiladi.
Xotin-qizlarga oʻz biznesini tashkil etishi, tadbirkorlik gʻoyalarini roʻyobga chiqarishida yordam berish, ogʻir iqtisodiy ahvolga tushib qolgan ayollarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga tayyorlash va ishga joylashtirishga koʻmaklashish maqsadida Respublika va hududiy xotin-qizlar tadbirkorlik mar-kazlari ham tashkil etildi.
Qishloq joylarida vaqtincha ishsiz ayollar va umumtaʼlim maktablari biti-ruvchilarini tadbirkorlikka yoʻnaltirish, ularning moliyaviy savodxonligini oshirish uchun onlayn “Biznes klinikalar” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
2021-yildan boshlab xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish ishla-rining samaradorligini oshirish maqsadida Xalq bankining respublika, viloyat va tuman (shahar) tuzilmalarida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻrinbosar lavozimlari joriy etildi. Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish hamda ular uchun ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan biznes loyihalarini moliyalashtirish maqsadida 6 oylik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Ayni paytda, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan jamiyatda tadbirkor ayollar ulushini 25 foizdan 40 foizga yetkazish boʻyicha 2022–2024-yillarga moʻljallangan alohida dastur ishlab chiqilmoqda. Ushbu ishlarning qamrovini yanada kengaytirish maqsadida har bir bankda raisning bir nafar ayol oʻrinbosari faoliyat koʻrsatishi, shuningdek, Xalq banki, Agrobank va Mikrokreditbankda ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida tuzilmalarni tashkil etish belgilandi.
Olima ayollar safi yanada kengayadi
Faol xotin-qizlar bilan tizimli ishlash, ularni rahbarlikka tayyorlash maqsadida taʼlim muassasalarida iqtidorli qizlar zaxirasi yaratildi. Oxirgi uch yilda iqtidorli talabalarga beriladigan Prezident davlat stipendiyasi va boshqa maxsus stipendiyalarning 48 foizi xotin-qizlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Hozirgi kunda respublika oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlar soni qariyb 365 mingga yetib, jami talabalar soniga nisbatan 47 foizni tashkil etmoqda. Magistratura bosqichida oʻqishini davom ettirgan talaba-qizlar soni yildan-yilga oshib, 2019-yildagi 4488 dan 2021-yilga kelib 13 ming 600 ga yetdi. Joriy yilda oliy taʼlim tizimida ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻul-lanayotgan xotin-qizlar soni 2,4 mingdan oshdi. Jumladan, ularning 1300 nafardan ortigʻi fan doktori (DSc), 1100 nafardan ziyodi esa falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish boʻyicha ilmiy faoliyat olib bormoqda.
Prezidentimizning saʼy-harakatlari natijasida jamiyatimizda olima ayollar ulushini sezilarli oshirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada joriy yildan boshlab doktorantura yoʻnalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratish rejalashtirildi.
Bu ishlarni tizimli ravishda tashkil qilish va muvofiqlashtirish maqsadida, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi huzurida “Olima ayollar jamiyati” tuzi-lib, uning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida har yili 50 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi. Ushbu jamiyat mamlakatimizda va xorijda ilm-fan sohasida katta yutuqlarga erishayotgan olima ayollarimizni jipslashtirib, ularning oʻz bi-lim va zakovatini kengroq namoyon qilishi uchun oʻziga xos parvoz maydoniga ay-lanishiga shubha yoʻq.
Oʻzbekistonda yana bir ezgu tashabbus — “Oqila ayollar” harakatiga asos solin-moqda. Prezidentimiz ushbu barcha hududlarda jamoatchilik, avva-lo, yoshlar oʻrtasida katta obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan ayollarni oʻz safida birlashtirgan bu ezgu harakat tom maʼnoda jamiyatimizning ovoziga, mahallaning vijdoniga aylanishiga ishonch bildirdi.
Darhaqiqat, bu yangi harakat, hech shubhasiz, jamiyatimizda milliy ruh yuksa-lishi, bunyodkorlik, ahillik, bagʻrikenglik tamoyillari mustahkam shakllanishi, oʻzaro mehr-muhabbat hissi qadrlanishiga kengroq yoʻl ochadi. Bunday tamoyillar va qadriyatlar bor joyda esa, albatta, baraka boʻladi, ahillik va hamjihatlik mustahkam qaror topadi.
Istiqboldagi ustuvor vazifalar
Davlatimiz rahbari tomonidan jamiyatimizda oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha belgilab berilgan davlat siyosati-ning ijrosini taʼminlash juda katta masʼuliyat va safarbarlik talab qilishi sir emas. Ana shu vazifalarning tizimli va samarali ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tarkibida Bosh vazir oʻrinbosari — Oila va xo-tinqizlar davlat qoʻmitasi tashkil qilingani muhim voqea boʻldi.
Bu borada dastlab yangi tashkil etilgan qoʻmitaning markaziy apparati va hududiy boʻlinmalarini, shuningdek, 9,5 mingga yaqin mahallalarda xotin-qizlar faollari lavozimlarini ochiq tanlov asosida yuqori bilim va tajribaga ega fidoyi va sadoqatli, tashabbuskor kadrlar bilan toʻldirish muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, qoʻmita hamda uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan normativ-huquqiy va idoraviy-meʼyoriy hujjatlar majmui ham ishlab chiqilib, izchil roʻyobga chiqariladi.
Farmonda belgilangan 5 ta ustuvor vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida qoʻmitaning barcha boʻgʻinlarida manzilli chora-tadbirlarni izchil amalga oshi-rishga yoʻnaltirilgan “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etiladi.
Ushbu dasturulamal hujjatlarda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bir necha yoʻnalishlarda tadbirlarning manzilliligi va natijadorligini oshirish choralari koʻriladi.
Bugungi kunda milliy va oilaviy qadriyatlarimizning asosini tashkil etadigan vafo va sadoqat, mehribonlik, halollik, rostgoʻylik, ibo-hayo, poklik, sabr, shukronalik, ilmga intilish kabi fazilatlarni targʻib qilish, ularni yoshlari-miz ongiga singdirish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Yurtimizda “Ayol baxtli boʻlsa, jamiyat baxtli boʻladi”, degan ezgu gʻoyani hayoti-mizning kundalik qoidasiga aylantirish, opa-singillarimiz, qizlarimiz, moʻtabar onalarimizga munosib sharoit yaratib berish “Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi ifodasi hisoblanadi.
Bu borada yangi tashkil etilgan qoʻmita mutasaddi vazirlik va idoralar, hokimliklar bilan birgalikda muhtaram Prezidentimiz tomonidan belgilab be-rilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, aziz opa-singillarimiz, onala-rimizning hayotdan rozi boʻlib, shukronalik bilan yashashi uchun barcha imkoniyat-larni ishga soladi.
Zero, bugungi farovon hayotimiz ham, yorugʻ kelajagimiz ham, avvalo, oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va koʻrki boʻlgan ayollarga bogʻliqdir.
Zulayho Mahkamova,
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari —
Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi