Mustaqillik bayrami shukuhi bergan kuch-gʻayrat ­– vatanimiz ravnaqining yangi sahifalarini ochguvchi kalit

    Ta'lim 3 Sentabr 2021 6190

    Ajdodlarimizning azaliy orzusi hamda ulkan saʼy-harakatlari natijasida xalqimiz istiqlolga erishganiga bu yil 30 yil toʻldi. Mustaqillikka erishish, albatta, oson kechgani yoʻq – mashaqqatli mehnat, millatimiz ziyolilarining boshdan kechirgan murakkab sinovlar, yoʻqotishlar va qurbonlar evaziga bugungi farovon kunlarga erishdik. Bu haqda Prezidentimiz bayram tantanasidagi nutqlarida “Xalqimiz qalbidagi hurriyat sari ezgu intilishni hech qanday bosqin, zulm va zoʻravonliklar yoʻqota olmadi. Bunga koʻhna tariximizning oʻzi guvoh” deya soʻz yuritdilar. Tarix sarhadlariga eʼtibor qarata turib, bugungi kunimizning qadriga yetish aynan shu kunlarda xalqimiz qalbi, ongi shuurida aks etib turganiga aslo shubha yoʻq. Chunki mustaqilligimizning 30 yillik bayram tantanalari tariximizda hech boʻlmagan yangicha ruh bilan oʻtdi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    “Yangi Oʻzbekiston” bogʻining shunchalar tez muddatda barpo etilishi va u yerda nihoyatda koʻtarinki kayfiyatda tashkil etilgan bayram tantanalari har birimizning yuragimizda iftixorni yuqori choʻqqilarga olib chiqdi deya olaman.

    Tarix va kelajakni bogʻlovchi ushbu tantanalar shukuhi, mamlakatimiz rahbarining keng va tahliliy nutqi, avvalo, kimlarning ajdodlari ekanimizni, Yaratganning ezgu nazari tushgan zaminda yashayotganimizni, yaqin tariximizda nimalar boʻldiyu, nimalar qilayotganimiz, va albatta bu ulugʻlikka munosib nimalar qilmogʻimiz darkorligini koʻrsatib berdi.

    Oxirgi yillarda koʻp yangratgan va aynan oʻz yoʻlimizda azmu qarorimizni mustahkam qadamlar bilan oldinga yurishimizda tayanch boʻlib qolgan vatanparvarlik, fidoyilik, yangi Oʻzbekiston, Uchinchi renessans soʻzlarining mazmuni bu bayram kunlarida yanada tiniqlashdi, desak adashmaymiz.

    Aynan mana shu holat mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan oʻzgarishlar va shiddat bilan oʻtkazilayotgan islohotlarning koʻlamini koʻz oldimizdan oʻtkazdi va albatta kelajak uchun masʼuliyat hissini oshirdi.

    Shaxsan men Prezidentimizning katta ishonch bildirib rahbar lavozimlarda ishlashga tayinlangan oʻzbek ayoli sifatida juda katta iftixorni va albatta masʼuliyatni ich-ichimdan tuydim. Yangi Oʻzbekiston islohotlarida faol ishtirokchiga aylanayotgan oʻzbek ayollariga rahbar sifatida berilayotgan ishonch va imkoniyatlar albatta mamlakatimizdagi buyuk oʻzgarishlarning misoli hisoblanadi.

    Jonajon vatanimizdagi oxirgi paytlardagi oʻzgarishlar va bizga berilayotgan muhim vazifalar haqida ayrim muhim nuqtalarni bayon etmoqchiman.

    Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga azm qilar ekanmiz, xalq farovonligini taʼminlash, odamlar turmushini yaxshilash vazifalari davlatimiz rahbari tomonidan strategik vazifa sifatida belgilab berilganidan kelib chiqib, har birimiz oʻz sohamiz, rahbarligimizdagi jamoaning rivojiga jiddiy masʼuliyat bilan yondashishimiz talab etiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taʼlim sohasi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim talablaridan biri sifatida eʼtirof etilib: “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib, xizmat qilishi lozim”, – degan gʻoya ilgari surildi.

    Bayram nutqidagi “Agar biz taʼlimni oʻzgartirsak, taʼlim insonni oʻzgartiradi. Inson oʻzgarsa – butun jamiyatimiz oʻzgaradi” degan fikrlari biz – taʼlim-tarbiya uchun masʼul boʻlgan rahbarlar va pedagoglar uchun juda katta chaqiriqdir. Jamiyatimiz oʻzgarishi esa hamma jabhalarda shiddat bilan olib borilayotgan islohotlar asosida boʻlishi bilan, har bir sohani zamonaviy bilimlarga ega kadrlar bilan taʼminlashga bogʻliq.

    Uzluksiz taʼlim tizimidagi oʻzgarishlarni aytaylik. Maktabgacha taʼlim tizimining yaratilganligi, yangi turdagi taʼlim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyilganligi, u yerdagi sharoitlar va bolajonlarimizning kayfiyati va ishtiyoqini koʻrib quvonamiz. Nodavlat taʼlim maskanlari davlat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotgani ham yangicha yondashuvlarni kengaytirishga omil boʻlyapti.

    Bularning barchasi oʻz ijobiy natijasini berayotgani rahbarimiz tomonidan taʼkidlandi: «Buni 2017-2020-yillarda oʻquvchilarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida 30 ta medalni qoʻlga kiritgani misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. Yoshlarni talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish uchun oʻtgan oʻquv yilida 339 ta kasb-hunar maktabi, 194 ta kollej va 195 ta texnikum faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunda islohotlarimiz talabi, hayotning oʻzi oliy taʼlim sohasini jadal rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu bois yurtimizda soʻnggi 5 yilda 64 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi.

    Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016-yilgi 9 foizdan – shunga eʼtibor bering – 28 foizga yetkazildi. Yaqin kelgusida ushbu koʻrsatkichni 50-60 foizga yetkazish moʻljallanmoqda».

    Bularning barchasi mamlakat yoshlari uchun yaratilayotgan katta imkoniyatlardir.

    Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlimni, ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi sohadagi yangi islohotlar uchun debocha vazifasini bajaryapti.

    Bu borada fan, taʼlim va maorif sohasida qator tizimli ishlarni amalga oshirish, innovatsion taʼlim mexanizmlarini barpo etish belgilab berilgan vazifalarga erishishning tamal toshi boʻlib xizmat qiladi.

    Keyingi yillarda mamlakatda taʼlim siyosati qayta koʻrib chiqilib, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari jamiyat ziyoli qatlamining asosi ekanligi, millat tafakkurini oʻzgartiruvchi kuch ekanligi alohida eʼtirof etilyapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, adolatli islohotlari, taʼlim sohasiga koʻrsatayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrligi sohaning rivojiga, ertangi kunga nisbatan ishonch va faxr tuygʻusini uygʻotadi. Bu esa, oʻz navbatida, jamiyatimizda, mamlakatimizda ustoz-murabbiylarimiz qadr-qimmati, obroʻ-eʼtiborining mustahkamlanib borishiga xizmat qilmoqda.

    Bugungi kunda Prezidentimiz Yangi Oʻzbekistonni barpo etish uchun oldimizda juda olis va mashaqqatli yoʻl turganini, ushbu yoʻl oson boʻlmasligini taʼkidlashlari bilan, dadil oldinga borishimiz, xalqimiz manfaatlariga javob beradigan kelajakni yaratishimiz zarurligini uqtiradilar. Bu borada yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash oliy taʼlim muassasalari oldiga turgan eng muhim, dolzarb masalalar sifatida qaralishi lozim.

    Keyingi yillarda hayotimizda yuz berayotgan oʻzgarishlar, islohotlar barcha sohalar kabi pedagogik taʼlim sohasida ham kuzatilyapti. Yillar davomida hal qilinmagan muammolar, tizimdagi kamchiliklar amalga oshirilayotgan islohotlarning hayotiy zarurat ekanligini koʻrsatadi.

    Oliy taʼlim tizimida malakali va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish dolzarb masala boʻlishi bilan birga, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy sohasining rivojlanishining muhim omilidir.

    Shu sababli, hukumat tomonidan taʼlim tizimi xodimlari oldiga oliy taʼlim bilan qamrov darajasini bosqichma-bosqich oshirish; sohada sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish; taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish; OTMlarning moliyaviy mustaqilligini taʼminlash; taʼlimda nodavlat va xususiy sektorning rolini oshirish; nufuzli chet el oliy oʻquv yurtlari bilan yaqindan hamkorlikni kuchaytirish kabi qator vazifalar qoʻyilyapti va bosqichma-bosqich hal etilyapti.

    Shu oʻrinda aniq misol tarzida oʻzim boshqarib kelayotgan, oʻziga xos anʼanalariga ega katta bir oliy taʼlim dargohi – Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hayotida Yangi Oʻzbekiston sharoitida yuz berayotgan oʻzgarishlar haqida bayon etishim joiz. Prezident qarori asosida Sharqshunoslik sohasida xalqaro standartlarga muvofiq kompleks bilimlarga ega malakali kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, ilm-fanni jadal rivojlantirish, professor-oʻqituvchilarning salohiyati, pedagogik mahoratini uzluksiz oshirib borish, talaba-yoshlarni sharqona qadriyatlar asosida tarbiyalashni takomillashtirish maqsadida qator vazifalar belgilab berildi va bu ishlarni universitet maqomida davom ettirish belgilandi.

    Oʻtgan ikki yil mobaynida sharqshunos kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, taʼlim sifatini oshirish va uni modernizatsiya qilish, yoshlarimizning faolligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Aniq rejalar yoritilgan tasdiqlangan dastur ijrosi va maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun jamoamiz bir tan-bir jon boʻlib harakat qilyapti. Binobarin, hozirda fakultetlar soni 4 tadan 7 taga, taʼlim yoʻnalishlari soni 7 tadan 11 taga, magistratura mutaxassisliklari soni esa 10 tadan 14 taga yetkazildi. Talabalar soni ham 2 yarim barobar ortdi.

    Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti 2020-yil 1-yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtdi. Mazkur tizimga oʻtish Universitetga oʻqitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy etish hamda xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, dasturiy taʼminotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari, oʻquv, zamonaviy lingafon xonalari va ilmiy laboratoriyalar, kitoblar, jurnallar, oʻquv adabiyotlarini xarid qilish va chop ettirish masalalarida mablagʻlarni mustaqil sarflash huquqi berildi. Shu bilan birga, professor-oʻqituvchilarning moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirilishiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Zamonaviy dasturlar asosida yaratilgan oʻquv adabiyotlari va limiy asarlar yozgan professor-oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Olimlarlarning ilmiy maktablarini kuchaytirish, yoshlarni ustozlarga biriktirish va muntazam oʻz ustida ishlashiga sharoit yaratish borasida ham harakat qilinyapti. Yangi oʻquv binolari bunyod etilyapti, zamonaviy moddiy-texnik taʼminot va infrastruktura yaratilyapti.

    Oʻzbek sharqshunosligining zamonaviy tarzdagi faoliyati asosida koʻplab xalqaro ilmiy konferensiyalar tashkil etilib, mustaqil hamdoʻstlik mamlakatlari orasida, shuningdek, xorijiy sharq mamlakatlari, qoʻshni Markaziy Osiyo davlatlaridagi nufuzli oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida mamlakatda ilm-fan va oliy taʼlim sohalarida olib borilayotgan jiddiy islohotlarni namoyish etib, yangi zamonga mos imidjini mustahkamlashga erishildi. Hozirda yaqin va uzoq sharq mamlakatlaridagi katta-katta universitetlar biz bilan hamkorlik qilish taklifini kiritayotganliklari, qator memorandumlar asosida koʻp qirrali xalqaro hamkorlikni qoʻlga qoʻyganimiz oldimizga qoʻyilgan vazifalarni ilgʻor xorijiy tajribalarni olib kirishimizda muhim ahamiyat kasb etyapti. Xususan, taʼlim jarayoniga koʻplab xorijlik olimlar va mutaxassislarni jalb etishimizga keng yoʻl ochildi, pandemiya sharoiti boʻlishiga qaramasdan, oʻtgan oʻquv yilida 70 yaqin chet ellik olimlar va xorijning nufuzli universiyetlarida ishlayotgan vatandoshlarimiz universitetimiz taʼlim jarayonida ishtirok etib, yoshlarimizga xorijiy tillarda dars berishdi. Koʻplab sharqshunos mutaxassislarimiz hakmkor universitetlarning olimlari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatishdi, zamonaviy metodologiyalarni egallash maqsadida koʻplab malaka oshirish treninglari tashkil etildi. Belorussiya, Koreya, Hindistonning nufuzli universitetlari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyildi. Endilikda talabalarimiz bir oʻqish muddatida 2 ta davlatda taʼlim olib, 2 ta universitetning diplomiga ega boʻla oladilar. Yangi oʻquv yilida ham Rossiyaning eng nufuzli universiyetlaridan biri — Sankt-Peterburg davlat universiteti, Turkiyaning Xoji Bayram Vali universiteti, Xitoyning Lyaonin pedagogik universitetlari bilan ham shunday qoʻshma taʼlim dasturlari ochiladi.

    Yoshlar – xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi. Mamlakatimiz miqyosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning asosi sifatida maydonga chiqyapti. Aynan zamonaviy bilim olgan, ilgʻor kasb-hunarlarni, innovatsion texnologiyalarni, xorijiy tillarni puxta egallagan yoshlar yurtimizni yanada taraqqiy ettirishda yetakchi oʻrin tutadi.

    Davlatimiz rahbari dastlabki kunlardan boshlaboq yoshlarni tarbiyalash, ularga zamonaviy bilimlar berish, taʼlim sifatini oshirish hamda raqobatbardosh milliy kadrlarni tayyorlashga katta eʼtibor berib kelyapti. Yurtboshimiz mamlakatimiz yoshlariga xalqimizning asriy orzu-umidlarini roʻyobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuch sifatida qaraydi.

    Universitetimizda ham “Besh tashabbus” doirasida qator ishlar amalga oshirildi. Yoshlarda turli yuqori darajadagi tanlovlarda ishtirok etish istagi kuchaydi, gʻolibliklar esa yanada katta ishtiyoq uygʻotyapti. Sharq tillarini mukammal egallagan talabalarimizning notiqlik sanʼati boʻyicha xalqaro tanlovlarda gʻolib boʻlayotganligi, xorijiy til egalarining tahsiniga sazovor boʻlayotganligi kishini gʻururlantiradi.

    Shahrimizda «Adiblar hiyoboni»ning tashkil etilganligi va sharqshunoslik universitetiga mumtoz alloma Muhammad Rizo Ogahiy ijodini targʻib etish Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan jamoamizga alohida kuch bagʻishladi. Aniq rejalar asosida ishlab chiqilgan yoʻl xaritasi asosida uzluksiz tarzda ishlar amalga oshirildi, alloma merosini oʻrgangan olimlar jamlanib, Xalqaro ogahiyshunoslar kengashi tashkil etildi, kengash muhokamalaridan oʻtgan yangi nashrlar dunyo yuzini koʻrdi, shoir ijodidan namunalar sharq tillariga tarjima qilindi. Ayniqsa, jamoamiz adiblar merosini targʻib etishdagi faolligi yuqori baholanib, respublika miqyosida “Ilhom” mukofoti tanlovida 2-oʻrinni egallaganimiz jamoamizga yanada katta kuch-gʻayrat qoʻshdi. «Oʻzbekkino» davlat korxonasi bilan hamkorlikda Ogahiy hayoti va ijodini yorituvchi film ustida hamkorlikda ishlandi va shu kunlarda filmning taqdimoti boʻlishi kutilyapti.

    Mamlakatimiz rahbari hamisha yoshlarni qoʻllab-quvvatlab, ularning yutuqlaridan faxrlanib, samimiy quvonishlarini doim kuzatamiz. Hozirgi kunda bir nechta tillarni mukammal oʻrganib, raqobat kuchli sohalarda oʻz oʻrnini topishga ishtilayotgan yoshlarimiz, ularning shijoati haqiqatan ham hammamizni xursand qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzurida tashkil etilgan Yoshlar Parlamenti raisi va bir necha aʼzolari ham yosh sharqshunos kadrlar ekanligi, turli nufuzli vazirlik va idoralarda, hokimliklarning xalkaro aloqalar boʻlimlarida, tadbirkorlik sohalarida, ilm-fan, turizm yoʻnalishlarida, shuningdek, xorijiy mamlakatrlarning obroʻli universitetlarida faoliyatni davom ettirib, katta intilish bilan ishlayotgan bitiruvchilarimiz bilan albatta faxrlanamiz.

    Prezidentimiz tashabbuslari bilan Toshkentda tashkil etilgan qator nufuzli, yuqori darajadagi xalqaro forumlarda ham sharqshunos talabalarning tarjimon sifatida faol ishtirok etib, xorijiy ekspertlarning ijobiy baholariga sazovor boʻlayotganliklari albatta ularning oʻz ustida ishlashi, yangi davr talablariga mos oʻqib-oʻrganayotganlari, eng muhimi – yuraklarida vatanga muhabbat hissining kuchli ekanligi namoyishi deb bilaman.

    Bu borada yoshlarimizga oʻrnak boʻlayotgan hurmatli professorlarimiz jahondagi nufuzli sharqshunoslar uyushmalariga aʼzo boʻlayotganliklari, xalqro ekspertlar sifatida ilmiy anjumanlarga taklif etilayotganliklari, ilmiy tadqiqotlarning natijalari xorijiy mamlakatlarda chop etilayotganligi universitet ilmiy markazlarining tanilib borayotganligidan dalolat beradi.

    Davlatimiz rahbari oldimizga qoʻygan vazifalarni toʻliq ado etish universitetimiz va umuman oliy taʼlimda keskin burilish va rivojlanish sari muhim qadam boʻladi, deb ishonaman.

    Shu oʻrinda mustaqillik bizga bergan yana bir muhim neʼmat, yangi Oʻzbekistonda bundan toʻliq foydalanish imkoniyatini yaratilgan va islohotlar jarayonida jiddiy oʻzgarishlarga omil boʻlayotgan bir masalaga toʻxtalmoqchiman.

    Bu ham boʻlsa, xalqimiz, ziyolilarimiz va tadbirkorlarning ham ommaviy axborot vositalarida erkin fikr bayon etishlari, ijtimoiy fikrni keng yoritish, munosabat bildirish, erkin muloqot bayoniga qaratilgan yoʻnalish juda tez rivojlandi. Ishlar koʻlamini yoritish, har bir soha oldida turgan vazifalar va ularning kechish jarayoni haqida ommaviy axborot voistalarining turli shakllaridan samarali foydalanish, ijtimoiy tarmoqlardagi faollikning oshishi barchamizning oʻzaro tajriba almashishimizda muhim oʻringa ega boʻlmoqda. Soʻz erkinligi, fikrlar xilma-xilligi, takliflarning bemalol aytilishi, tashabbuslarning qoʻllab-quvvatlanishi – bularning barchasi mehnatkash, ijodkor insonlar uchun keng yoʻl va ishonch belgisi hisoblanadi. Avvallari faqatgina ayrim soha vakillarigina, sanoqli ziyolilargina islohotlar boʻyicha chiqish qilsa, hozirda istalgan soha vakilining emin-erkin fikrlarini bayon etayotganini, oʻz sohasining rivoji uchun qilayotgani shalrani yorita olayotgani, sohadoshlariga tajribalarini ulashayotgani, farovon hayot uchun qilish mumkin boʻlgan koʻplab tashabbuslari borligini koʻtarinki ruhda bayon etayotgani ham nihoyatda katta oʻzgarish deb bilaman. Hayotidan mamnun boʻlgan, kelajagiga ishongan, oilasining farovonligiga intilayotgan bundan faol insonlar, ayniqsa yoshlarning tobora koʻpayib borayotgani rahbarimiz gʻoyalarining tatbiqi haqiqatdan ham hayotda joriy etilayotganligidan dalolatdir.

    Mustaqillik bayrami tantanalarida Prezidentimizning kelajakka katta ishonch uygʻotuvchi quyidagi soʻzlari har birimiz uchun bugungi kunimiz, millatimiz tarixini munosib yaratishga masʼul ekanligimizni yana bir bor taʼkidlaydi:

    “Oradan hali qancha yillar, asrlar oʻtadi. Yurtimizda yangi-yangi avlodlar dunyoga keladi. Milliy davlatchiligimizni tiklab, bizga taraqqiyot va farovonlikka erishish yoʻlida mana shunday beqiyos imkoniyatlarni yaratib bergan istiqlolimiz jonajon Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin, oʻchmas sahifa boʻlib qoladi”.

    Darhaqiqat, Vatanimiz taraqqiyoti, mamlakatimizning dunyodagi nufuzi ortishida, farovon va baxtli hayotimizni kun sayin yaxshilanishida, yoshlarimizning kelajakka ishonchi kuchli boʻlishida har birimiz masʼulmiz.

    Gulchehra Rixsiyeva, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori.