Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi Isoqjon Begmatovning ijtimoiy tarmoqdagi chiqishi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Shu yil 24-avgust kuni Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatovning soliqlar va “keshbek” ilovalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi oʻzboshimchalik ila qilgan chiqishi keskin munozaralarga sabab boʻldi. Ayniqsa, savdo bilan shugʻullanganlik uchun soliq toʻlash, kassa apparati ishlatish va “keshbek” ilovalarini joriy etish haqidagi imom-xatibning chiqishiga haqli eʼtirozlar bildirildi.
Taʼkidlash kerakki, I.Begmatovning mazkur qarashlari Oʻzbekiston musulmonlari idorasi munosabatini mutlaqo ifoda etmaydi, balki uning oʻzboshimchalik ila aytgan shaxsiy fikridir. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi tomonidan ushbu faoliyat turi batafsil oʻrganilib, “Keshbek” kabi ilovalar orqali kelib tushadigan mablagʻ, mukofot yoki bonus joizligi haqida avvallari ikki marta fatvo berilgan. Bunda gʻarar (aldov) va ribo aralashmasligi shart qilingan.
Haqiqatan, soliq iqtisodiyot asoslaridan biri boʻlib, ijtimoiy himoya, xayriya ishlari, bogʻcha, maktab, mudofaa kabi aholi uchun zarur obyektlarni moliyalashtirish, shuningdek, yoʻl, koʻprik va shifoxona singari koʻpchilikka muhim inshootlarni qurish hamda pensiya, nafaqalar soliq tushumlari hisobidan amalga oshiriladi.
Zero, soliqlar har bir zamon va makonda mavjud boʻlgan. Islom dinida ixtiyoriy xayriyalarga hadya, sadaqa kabilar kirsa, majburiylari qatoriga zakot, ushr, fitr sadaqa, fidya va jizya kabilar kiradi. Islom tarixida ham mana shunday yigʻimlar hukumat ishlarini yuritish, yordamga muhtojlarni qoʻllab-quvvatlash, xavfsizlikni taʼminlash, koʻprik va shu kabi insonlarga manfaat keltiradigan inshootlarni barpo etishga sarflangan.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini qonunchilik talablariga hurmat bilan yondoshishga muntazam chaqiradi. Jumladan, xalq manfaati va mamlakat taraqqiyotini koʻzlab, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni doim qoʻllab-quvvatlaydi.
Qayd etish lozimki, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan avval ijroga yoʻnaltirilgan hujjatlarda imom-domlalar amaldagi qonunchilik talablariga rioya etishlari, islohotlarni qoʻllab-quvvatlashlari, mehnat majburiyatlariga amal qilishlari hamda munozaraga sabab boʻluvchi chiqishlar qilmasliklari qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
Afsuski, Isoqjon Begmatov mazkur chiqishida meʼyoriy hujjatlar talablarini buzib, ushbu yoʻnalishdagi buyruqlar, ichki tartib qoidalar hamda mehnat majburiyatlariga amal qilmagani maʼlum boʻldi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ichki nazorat komissiyasi shu yil 25-avgust kuni Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatov xatti-harakatini koʻrib chiqadi, deyiladi munosabatda.