Bu yil boshqacha boʻlyapti. Endi fikrlar ham, yurakdagi hayajon ham oʻzgacha. Avvallari tashvish koʻp boʻlardi, yechimi yoʻq muammolar qiynardi. Albatta, hozir ham tashvish ozaygan emas. Faqat farqi shundaki, hozir ishlashga ishtiyoq kuchaygan. Talabalar bilan tezroq uchrashishga shoshaman. Auditoriyaga kirib, maʼruza boshlash havasi yurakni qamrab olgan. Nega? Oʻtgan yillarda nimalar oʻzgardi? Bu ishtiyoq, bu xohish, bu havas qayerdan paydo boʻldi?

Erkak muallimlar maktabga qaytdi

Keyingi yillarda bir gapni koʻp eshityapmiz: “Xalq taʼlimi sohasidagi tub islohotlar, avvalo, oʻqituvchining jamiyatdagi obroʻsi va nufuzini oshirishdan boshlandi...” Bu toʻgʻri gap. Lekin men shu fikrni joʻnroq aytmoqchiman: “Oʻqituvchilarning oyligi oshgani zoʻr boʻldi!”

Aslida mohiyat ham shu.  Ishlab topgani roʻzgʻoriga yetmagan odamning mehnatidan samara kutish — mantiqsizlik. Kunlab, oylab ishlasa­-da, topgani uzilgan ipni ulashga yetmaydigan odamda ishga hafsala qoladimi? Yoʻq, albatta. Bugungi oyliklarni ham juda zoʻr deyishdan yiroqman, biroq oʻqituvchilarimiz roʻzgʻorning kemtigini yamashdan qutulgani bor gap. “Oʻqituvchilarning maoshi ming dollardan kam boʻlmaydi”, degan gaplar esa kishiga ertangi kun uchun ishonch beradi.

Doim miyani tirnab turuvchi “Qayerdan ozroq pul topsam ekan?” degan iztirob ortga chekinib, oʻqituvchilar bolalarga oʻrgatadigan bilimim bormi oʻzi, zamondan orqada qolib ketmayapmanmi, yangi pedagogik texnologiyalarni chuqurroq oʻrganmasam boʻlmaydi, shekilli, deya oʻylay boshladi. Shu birinchi va eng katta yutugʻimiz boʻldi. Qolaversa, qishloqdagi oʻqituvchilar yagana­yu chopiq, chekanka­yu paxta terimidan qutuldi. Shahardagilar esa, mahalla oralab, koʻcha tozalashga chiqmayapti.

Bu oʻzgarishlar 2018-yil 17-iyul kuni oʻtkazilgan yigʻilishdan soʻng boshlandi. Oʻshandan buyon davlat idoralari maktab va oʻqituvchilar faoliyatiga xalal bermayapti, aksincha, koʻmaklasha boshladi. Aynan maktab taʼlimiga sarmoya kiritish kuchaydi. Xususan, Prezident va ijod maktablari, ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari ochilmoqda. Joylarda taʼlim xodimlariga tazyiq oʻtkazish holatlari kuzatilsa, darhol qatʼiy chora koʻrilyapti. Xalq taʼlimi tizimi xodimlari boshqa ishlarga, jumladan, paxta terimi, chopiq, gul ekish, devor oqlash kabilarga jalb etilmayapti.

Natijada maktablarga erkak muallimlar qayta boshladi. Vaholanki, yaqin­-yaqingacha viloyatlardagi maktab oʻqituvchilarining 30, Toshkent shahridagi oʻqituvchilarning atigi 10 foizi erkak pedagoglar edi.

Xorijiy tajriba tahlili koʻrsatishicha, Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlarning siri ham aynan oʻqituvchilar oylik maoshining yuqori qilib belgilangani va har bir oʻqituvchi oʻrniga oʻnlab talabgorlar borligida ekan.

Uchirma boʻlmagan polaponlar

Yaqin-­yaqingacha mavjud boʻlgan oʻrta maxsus, kasb-­hunar taʼlimi tizimida katta bir kamchilik bor edi. Tizim oldiga juda muhim maqsad va vazifalar qoʻyilgan, faoliyati shunga yoʻnaltirilgan boʻlsa­-da, ayni shu davrda oʻsmirlarda kechadigan psixologik va fiziologik oʻzgarishlar, milliy mentalitet hisobga olinmay tashkil qilingandi. Chunki bola avval oilada, keyin bogʻcha, maktabda taʼlim-­tarbiya oladi. Ayniqsa, 9 yil davomida bir sinfda — bir jamoada oʻqigan oʻquvchilar bir­-birini yaxshi tanib, bilib, qalinlashib ketadi. Oʻqituvchilar ham oʻz oʻquvchilari, ularning ota-­onasi, qarindoshlarini besh qoʻlday biladi, har biriga oʻziga yarasha muomala qiladi.

...Har yili ayvonimizga qaldirgʻoch in quradi. Polaponlar tuxumni yorib chiqqanidan temirqanot boʻlgunicha ota­-onasi ularga ozuqa tashiydi. Oʻsha paytlar uyimiz yemak soʻrab chirqillayotgan polaponlar shovqiniga toʻlib ketadi. Keyin ular uchirma boʻla boshlaydi. Bir­-ikki qushcha avval qoʻrqa­-pisa uya chetidan pastga moʻralaydi. Vaqti-­soati yetganida hamma polapon uyani tark qiladi.

Maktabni shu qaldirgʻoch uyasiga oʻxshataman. Oldingi tizimda 9-­sinfdan keyin hamma birdaniga maktabni bitirishi va tamoman yangi muhitga — yangi hayotga qadam qoʻyishi zarur edi. Hali qanoti chiqib ulgurmagan farzandlarimizni oʻzimiz uyadan itarib tushirib yuborar edik. Mustaqil hayotga na jisman, na ruhan tayyor boʻlgan qanchadan­-qancha farzandlarimiz muhit qurboni boʻldi ekan? Buni hisoblab chiqish qiyin.

Bu yoshdagi oʻsmirlarning hammasi ham katta hayotga tayyor emasligini tajribaning oʻzi koʻrsatdi. Akademik litsey, kasb-­hunar kollejlariga turli viloyat va shaharlardan kelgan (har xil urf-f­odat, dunyoqarashga ega) oʻquvchilar yagona jamoa boʻlib shakllanib, bir-­biriga oʻrganish jarayoniga bir­-ikki yil ketib qolar edi.

Buning oqibatida esa, har xil kelishmovchiliklar, ayniqsa, ayrim yigitlar oʻrtasida urush-­janjallar koʻpayib ketdi. Ular taʼlim olish haqida emas, balki yuzaga kelgan muammolarni yechish haqida oʻylay boshladi. Qizlarning ham muammolari yetarlicha edi. Ayrimlari maktabni bitirgandan soʻng olisdagi taʼlim maskaniga borib oʻqishga, yaʼni ota-­onasi nazoratidan yiroqda yurishga majbur boʻldi. Buning salbiy oqibatlarini hammamiz bilib, eshitib turibmiz.

Akademik litsey va kasb-­hunar oʻqituvchilariga ham oson boʻlgani yoʻq. Ular maktabni bitirib, oʻzini “katta odam” deb hisoblaydigan, turfa xarakter, tarbiya va urf­-odatlarga ega, bir­-biriga tamoman begona, buning ustiga ayni oʻtish davridagi oʻsmirlarning muammolariga duch kelishdi. Zero, ayrim oʻqituvchilarda ham bu jarayonda katta muammolar paydo boʻlgani hech kimga sir emas. Baribir maktab taʼlimida intizom, ustozga munosabat boshqacha­da!

Shubhasiz, agar oʻquvchi 10-­11-­sinflarda yana shu qadrdon jamoada oʻqishni davom ettirsa, u butunlay yangi jamoaga moslashish, kerak boʻlsa, unda oʻzini koʻrsatish va boshqa narsalar haqida emas, aynan oʻqish, yaʼni oliy taʼlim yoki kasb olishga yoʻnaltirilgan muassasaga oʻqishga kirish haqida oʻylaydi, fikri boshqa narsalarga chalgʻimaydi. Ota-­onalar ham xotirjam, bolasi ishongan va oldindan shakllangan jamoada tinchgina oʻqish bilan band. Farzandi 11-­sinfni bitirganida oʻsmirlik davridan oʻtib olgan, har tomonlama shakllangan, obrazli qilib aytganda, “suyagi qotgan” boʻladi. Endi u oʻzi xohlagan hayot yoʻlini tanlashga tayyor.

Ilk qadam toʻgʻri qoʻyilsa...

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, oliy taʼlim sohasidagi islohotlarga bagʻishlangan har bir yigʻilishda oʻquv jarayonini takomillashtirish, yoshlarni zamonaviy talablar asosida oʻqitish, bu borada oliy taʼlim muassasalariga qabul uchun oʻtkaziladigan test sinovlarining ochiq va oshkoraligini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlanadi.

Oliy taʼlimdagi koʻp yillik tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, mazkur tizimdagi bosh islohot — bu qabul jarayonini adolatli oʻtkazishdir. Boshqa islohotlarning hammasi faqat shu islohot negizidan kelib chiqadi va samarasi shunga bogʻliq boʻladi.

Qabul jarayonining shaffofligi taʼminlanmasa, xalqaro standartlar talablariga mos keladigan oliy taʼlim tizimini yaratish, hududlarda yangi oliy oʻquv muassasalari tashkil etish, zamonaviy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari, sirtqi va kechki boʻlimlarni ochish, qabul kvotalarini oshirish kabi islohotlar samara bermaydi. Chunki bu jarayonlar bir-­biri bilan xuddi zanjirdek chambarchas bogʻlangan.

Pora berib oʻqishga kirgan talaba pora bilan uni bitirsam boʻladi, degan xulosada boʻladi. Birinchi qadamini egri tashlagan yigit yo qizdan keyin toʻgʻri boʻlishni talab qilish qurigan quduqdan suv soʻrashday behuda ish. Chunki u avvaldan ilm olish uchun emas, diplomli boʻlishni koʻzlab oʻqishga kirgan. Unda bilim olishga, kasb egallashga havas yoʻq. Pora berishga qodir talaba boʻlsa, uni olishga tayyor oʻqituvchi ham topiladi. Oʻqimasdan diplom olayotganlarni koʻrgan boshqalarda esa bilim olishga ishtiyoq butunlay soʻnadi.

Natijada ishlab chiqarishga bilimsiz,  lekin choʻntagida diplomi bor chala mutaxassislar boradi. Bunday mutaxassis qurgan uy qulaydi, ishlab chiqargan mahsulot sotilmaydi, firmasi bankrot boʻladi. Bu halokatli zanjirni uzishning yagona yoʻli adolatli qabulni taʼminlashdir.

Chunki taʼlim sifati, birinchi navbatda, professor-­oʻqituvchilarning dars berish sifati, ilmiy salohiyati bilan belgilanadi. Oʻz bilimi bilan oʻqishga kirgan talaba oʻqituvchiga koʻproq va kattaroq talab qoʻyadi. Undan darslik va oʻquv qoʻllanmalaridan tashqari qoʻshimcha maʼlumotlar olishni ham istaydi. Bunday talabalar bilan ishlash — jonning rohati. Ular hamisha izlanishga, fan boʻyicha xorijiy manbalarni oʻqishga, talabalardan bir qadam oldinda boʻlishga majbur qiladi. Oʻz ustida ishlamaydigan oʻqituvchi bunday talabalarning yuqori talabiga javob berolmaydi va oʻz oʻrnini boshqa pedagogga boʻshatib beradi. Talabchan talabalar 80 daqiqa davomida hayot yoʻli, tajribasi, olgan saboqlari haqida gapirib, vaqtni oʻtkazadigan oʻqituvchilarni “auditoriyaga kiritmaydi”. Baholash jarayoni ham mutlaqo shaffof oʻtkaziladi. Bir xil bilim darajasiga ega talabalarni baholash ham oson kechadi. Zero, ularni xohlagan usulda baholash mumkin: maʼruza va amaliy mashgʻulotlarni boshqa oʻqituvchilar oʻtkazib, yakuniy baholashni boshqa oʻqituvchi oladimi, kompyuterga imtihon topshiriladimi — baribir natija bir xil boʻladi.

Xulosa qilib aytganda, Vatanimizda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar pirovard natijada xalqimiz kelajagi boʻlgan yoshlarning emin-­erkin bilim olishi, oʻz xalqiga kerakli mutaxassis boʻlib yetishib, yurti, oilasi ravnaqi yoʻlida xizmat qilishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratmoqda. Ularning natijasi odamlarning erta yoki indin emas, aynan bugun baxtli, farovon va oʻz hayotidan rozilik hissi bilan yashashiga sabab boʻlmoqda.