Navoiydan uzoqlashgan avlod bizdan emas...

    Biz tengi avlodning bolalik xotiralarida “Alisher Navoiy” videofilmi katta oʻrin tutadi. Qish oqshomlarida barchamiz sandal atrofiga toʻplanib, kechki ovqat yeyishga hozirlangan chogʻimizda televizor koʻrishni xush koʻrmaydigan bobom rahmatli videofilm boʻlishi yodiga tushib, shoshib qolar, bizga: “Televizorni tezroq yoqinglar, Navoiy bobomiz haqidagi filmni, albatta, koʻrishimiz kerak”, derdi.

    Shunday talabchan, qattiqqoʻl bobomizning bu ishtiyoqi bizga ham koʻtarinki kayfiyat bagʻishlar, videofilmni diqqat bilan tomosha qilar ekanmiz, dadam rahmatli unda tasvirlangan har bir voqelik, oʻzaro suhbatlar va tarixiy maʼlumotlarni tahlil qilib, bizni mulohaza yuritishga undagani ham esimda.

    Shunday kezlarda Tursunoy buvim: “Bizning avlod aktyorlar Razzoq Hamroyev, Olim Xoʻjayevlar ijrosidagi filmlarni koʻrib, hazrati Navoiyni oʻsha filmlar orqali tanib va ardoqlab katta boʻlganmiz. Mana, bugun sizlar Navoiy bobomizni Yoqub Ahmedov ijrosidagi obraz orqali tasavvur qilyapsizlar, yaxshi koʻryapsizlar”, deya bot-bot taʼkidlagan. Chindan ham biz filmdagi Alisher Navoiyning har bir xatti-harakati, gap-soʻzlaridan saboq olar edik. Ayniqsa, videofilmdagi bir lavha xotiramga muhrlanib qolgan. Alisherning otasi Gʻiyosiddin Kichkina (aktyor Rixsivoy Avazov) doʻstlari bilan suhbatlashib oʻtirganida, besh yoshli oʻgʻli (aktyor Doniyor Sodiqov) ularning davrasiga salom berib kirib keladi. Shunda otasining doʻstlaridan biri Alisherga: “Oʻgʻlim, dilovarliq mashqlaring nechuk? Otni sevarmusen, Alisherbek?”, deya savol beradi. “Yomon ermas, otni ham koʻp sevarmen, lekin fikr tulpori har qanday otdan tezobroq koʻrinur”, deydi zukko bola. “Dilovar yigit har maqsadga yetgusidir”, deya tahsin oʻqiydi mehmonlardan biri. Shunda ukam: “Dada, dilovar yigit qanday boʻladi?” deya savol berdi. Dadam biroz oʻylanib turdi-da, keyin qatʼiyat bilan: “Dilovar yigit millati, vatani, oilasi uchun har ne sinovga, mashaqqatga tayyor sherimard, bahodir, jasur yigitdir”, dedi.

    Menga esa kichik Alisherbekning: “Fikr tulpori har qanday otdan tezobroq koʻrinadir”, degan gaplari juda yoqqan. Shundan soʻng Oybekning “Navoiy” romanini maktabimiz kutubxonasidan topib oʻqiganim, bu asarga mahliyo boʻlib kutubxonada ancha vaqt qolib ketganim va oʻqituvchilarimdan dakki eshitganim ham esimda.

    Videofilmdagi yana bir yodimizda qolgan lavha yosh Alisherning bobosi (aktyor Fayzulla Ahmedov) bilan suhbati edi. Videofilmni koʻrayotgan chogʻimizda ukamning quvligi tutib: “Bobo, Alisherdan oʻrnak olinglar, shu yoshida oʻqigan kitoblari, yozgan sheʼrlari, fors tilidan qilgan tarjimalarini koʻrib aqlim shoshadi, deysiz. Alisherning bobosi doim nabirasi bilan mushoira qiladi, nay yasab, kuylar chalib beradi”, dedi jilmayib. Bobom darhol gap nimada ekanini tushunib kulib qoʻydi. Dadam va bobom har hafta juma kuni Qoʻqondagi jomeʼ masjidga borar edi. Bu safar borganlarida bozorga kirib rosa nay izlabdi. Topolmasdan, mittigina doirachalar xarid qilibdi. Tushlik qilayotgan chogʻimizda bobom uyimizga koʻtarinki kayfiyatda kirib keldi-da xoʻrozqand, sochholva, noʻxatshoʻraklarni va bir juft doirachani ham bizga berganida juda xursand boʻlib ketgan edik. Oʻshanda oʻzi bilganicha doira chalib, biz mittivoylarni raqsga chorlagani, yodlagan sheʼrlarimizni tinglaganini koʻrib buvim ham hayratlangan edi.

    Endi mulohaza yuritsak, yodimizda qolgan shu lavhalarning barchasi filmning birgina qismidan oʻrin olgan ekan. Chindan ham ushbu filmdan olgan saboqlarimiz hayotimizga oʻzgacha yangilik va yorugʻliklar olib kirgan. Har safar qaysidir haqiqatni anglaganimizda bobom oʻta jiddiylik bilan: “Mutafakkir bobomizni koʻp-koʻp oʻqishimiz kerak. Alisher Navoiydan uzoqlashgan avlod bizdan emas!” degani haligacha qulogʻim ostida jaranglaydi.

    Bugun-chi? Bizning bolalarimiz – bugungi avlod qalbiga mutafakkir bobomiz saboqlari, hikmatlari katta ekranlar, telekanallar orqali tez-tez tashrif buyuryaptimi? Axir, ular asosan ijtimoiy tarmoqlarda sayr qilishadi-ku... Balki ularning diqqatini jalb qiladigan yangi tarbiya usullarini oʻylab topishimiz kerakdir... Nega keyingi paytda rejissyorlarimiz va ssenariynavislarimiz Alisher Navoiy haqidagi filmlarga kamroq murojaat qilishmoqda? Buyuk mutafakkir obrazini yaratish ijodkordan qanday masʼuliyatni talab qiladi? Izzat Sulton va Uygʻun yozgan drama gʻoyalari bugungi kun talabiga qay darajada javob beradi?

    Bu savollar atrofidagi mulohazalar sizni ham befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.

    Shu bir ijro uchun keldim hayotga!

    1982-yilda oʻzbek tomoshabinlariga atoqli oʻzbek yozuvchisi Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybekning “Navoiy” asari va Maqsud Yunusovning ssenariysi va rejissyorligi asosida suratga olingan “Navoiy” videofilmi taqdim etildi. Ushbu koʻp qismli serialda Alisher Navoiy obrazini Oʻzbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov gavdalantirdi. Shuningdek, videofilmda Zikir Muhammadjonov, Toʻychi Oripov, Poʻlat Saidqosimov, Erkin Komilov, Mahmud Doʻstmatov, Mashrab Yunusov, Hojiakbar Nurmatov kabi kino va teatr dargʻalari rol ijro etishgan. Film oʻzbek kinematografiyasining oltin fondidan joy olgan. Bugungi kunda koʻplab ijodkorlarning ustoziga aylangan sanʼatkor Yoqub Ahmedovdan ayni film bilan bogʻliq xotiralarini aytib berishini soʻradik:

    – Bilasizmi, teatr dunyosiga qoʻygan ilk qadamim ham Namangandagi Alisher Navoiy nomidagi teatrdan boshlangan. Mahallamizda yashovchi hofiz akalarimiz oʻsha teatrda ishlar, biz bolalar ularga juda katta ehtirom va havas bilan qarar edik. Bir kuni oʻsha akalarimiz biz bolalarni toʻplab: “Oʻzbekiston xalq artisti Muhiddin Mansurov yoshlar hayoti haqida hikoya qiluvchi “Gʻunchalar” deb nomlangan spektakl sahnalashtiryapti. Bizga aktyorlikka qiziqadigan bolalar kerak. Sizlar ham borib oʻz mahoratingizni sinab koʻringlar”, deyishdi. Juda xursand boʻlib ketdik. Muhiddin aka 5-6 tamizni tanlab olganidan soʻng yodlashimiz kerak boʻlgan matnlarni bizga tarqatdi.

    ***

    Oʻshanda taniqli aktyor va rejissyor Muhiddin Mansurov koʻzlarida oʻt yonib turgan bolalardan dabdurustdan: “Xoʻsh, bolalar, qani aytinglar-chi, bizning teatrimiz nima uchun Alisher Navoiy nomi bilan yuritiladi? Navoiy bobomiz qanday inson boʻlgan?” deb soʻrab qoladi. Shunda hamma bolalar javob berishga iymanib turishganida Yoqubjon dadillik bilan: “Navoiy bobomiz ulugʻ mutafakkir va tengi yoʻq katta shoir boʻlgan”, deya javob beradi. Bu yigitchaning hozirjavobligi va oʻziga boʻlgan ishonchini koʻrgan rejissyor: “Barakalla, oʻgʻlim. Agar ijod qilishdan va izlanishdan tolmay mehnat qilsangiz, sizlar kelajakda ana shu buyuk bobomizning obrazini ham ijro etishingiz mumkin”, deydi. Muhiddin Mansurovning bu gaplarini eshitgan Yoqubjon bir kuni, albatta, Navoiy bobomizning obrazini ijro etish menga nasib etsin, deya niyat qiladi. Nihoyatda hayajonlanganidan kechasi bilan uxlamay chiqadi. Lekin bir kuni chindan ham bu masʼuliyatli obrazni yaratish vazifasi zimmasiga tushishiga unchalik ishonmagan.

    – 1981-yilda Maqsud Yunusov rejissyorligida suratga olinishi rejalashtirilgan “Alisher Navoiy” videofilmi uchun tanlov eʼlon qilindi, – deydi Yoqub Ahmedov. – Oʻziga ishongan aktyor borki, bu ulugʻ inson obrazini yaratishni orzu qilishi tabiiy. Men ham ushbu tanlovga astoydil tayyorlandim. 1959-yildan beri Milliy teatrda ishlab kelayotganim bois ustoz sanʼatkorlarimiz Toʻla Xoʻjayev, Abror Hidoyatov, Olim Xoʻjayev, Sora Eshontoʻrayeva, Zikir Muhammadjonovdan saboq olishga ulgurgan edim. Olim Xoʻjayev, ayniqsa, har sohada menga ustoz edi: yurish-turishi, koʻrinishi, kiyinishi, muomalasi, eng asosiysi, mohir aktyorligi. “Alisher Navoiy” spektaklida birga rol ijro etganimizda oʻzimni xuddi oʻzga olamga, tariximizning sirli goʻshalariga tushib qolgandek his qilganman. Ulugʻ shoirimizning ustozim ijrosidagi obrazini butun vujudim bilan kuzatar, ijrodagi oʻzim anglamay qolgan jihatlarni aniqlashtirmagunimcha ustozni holi joniga qoʻymas edim.

    Nihoyat, isteʼdodli aktyor Yoqub Ahmedov Alisher Navoiy obraziga tasdiqlangani haqida xabar keladi. Shu kundan boshlab ijodkorning hayajoni yanada koʻpayadi. “Qaniydi, agar Navoiy bobomizning maqbarasi yurtimizda boʻlsa, har kuni ziyorat qilar edim”, deydi ustozi Olim Xoʻjayevga. “Sen duo qil, Allohdan soʻra, Navoiy hazratlari avliyo inson boʻlgan. U kishini qachon duo qilib yoʻqlasang, oʻsha zahotiyoq hoziru nozir boʻladi. Chin eʼtiqod va ixlos bilan shunday obraz yaratginki, shu bir ijro uchun keldim hayotga, deya faxr bilan kelgusi avlodga ayta olgin”, deydi ustoz va sevimli shogirdiga oq fotiha beradi.

    – Hozirgi paytda rejissyorlarimiz va dramaturglarimiz Alisher Navoiy haqidagi asarlarga va mutafakkir bobomiz yozgan asarlarga kamroq murojaat qilishyapti, degan fikrlarga qoʻshilaman, – deydi Yoqub Ahmedov. – Bobomiz haqidagi asarlarga koʻproq murojaat qilishimiz kerak. Bu ulugʻ insonning gʻoyalari hamisha yodimizda, qalbimizda boʻlishi zarur. Men bir ijodkor sifatida ustoz sanʼatkorlarimiz Razzoq Hamroyev, Olim Xoʻjayev, Abror Hidoyatov qatori ulugʻ baxt menga ham nasib etgani uchun hayotimdan roziman!

    Dramaturglar, uygʻoning: qachon Guli afsonasiga barham beriladi?

    1947-yilda Hamza teatrida Izzat Sulton va Uygʻun ssenariysi asosida rejissyor Mannon Uygʻur “Alisher Navoiy” spektaklini sahnalashtirdi.

    “Alisher Navoiy” dramasi ikki hamkor muallifninggina emas, akademik teatr, qolaversa, umumoʻzbek sahna sanʼati, uning muxlislari baxti va quvonchi, umrboqiy mumtoz tomoshasi boʻlib qoldi. Undagi Alisher Navoiy va Guli diolog va monologlari Hamletning “Yo oʻlish, yo qolish”, Otelloning “Qoramanmi, men”, “Sorlochinim” monologlari singari, balki ulardan-da boshqacharoq taʼsir kuchi bilan sanoqsiz muhlislari dillaridan oʻrin oldi. Tildan tilga koʻchib, yod boʻlib ketdi. Ana shu yod boʻlib ketishning sababi asar boqiyligining taʼsir kuchida edi. Mazkur sinoat tomoshabin, oʻquvchi, ayniqsa, ijrochilarga Navoiy nafasi, uning sheʼriyat dahosiga yaqinlik, shoir siymosini tasavvurida jonlantirish imkonini berdi”, deb yozadi sanʼatshunos Toshpoʻlat Tursunov “Oʻzbek teatri tarixi” kitobida. Afsuski, bu dunyoqarash va taʼriflar mafkura taʼsirida yozilgan sahna asariga berilgan baho edi. Bugungi kun tomoshabini esa Alisher Navoiy bobomizning hayotiy qarashlari, mezonlari, asl eʼtiqodi borasida butunlay boshqacha fikrlaydi, mulohaza yuritadi.

    Kinoshunos Hamidulla Akbarovning olim va dramaturg Izzat Sulton bilan “Olim zakovati, dramaturg mahorati” suhbatida bunday savol bor: “Izzat Otaxonovich, siz tilga olgan sevgilisidan ajralgan shoirning badargʻa etilishi, “zada boʻlgan qushlardek saroyni tark etgan doʻstlar”, ikki tarixiy shaxs oʻrtasidagi konflikt rivoj topib borishi, asaringizning final qismida shoir saroyni, Sulton Husaynni tark etishi tarixiy haqiqatga zid emasmi? Oʻsha koʻrinishlar oʻtgan asrning 40-yillarida hukm surgan mafkura taʼsirida, tazyiq ostida yozilmaganmi?” Ushbu savolga Izzat Sulton: “Tazyiq ham boʻlgan. “Navoiy” ssenariysi muhokamasiga partiya organlari “ishonchli vakillari”ni yuborib, “Navoiydan ayb toping”, “Sulton Husayn bilan shoir Navoiy adovatda boʻlganini koʻrsating”, degan talablarni ham qoʻygan. Bizga Bobur taʼrifi yordam bergandek koʻringan edi. “Boburnoma” muallifi Husayn Boyqaroning kayf-safoga berilganini qayd etgani maʼlum”.

    Suhbatdan koʻrinib turibdiki, Guli va Navoiy oʻrtasidagi muhabbat va ushbu muhabbat tufayli Alisher Navoiyning bu dunyodan toq oʻtishi Izzat Sulton va Uygʻunning “toʻqimasi” mahsuli boʻlgan. Ming afsuski, oradan yetmish olti yil oʻtishiga, Alisher Navoiy hayoti va ijodi boʻyicha yangidan-yangi tadqiqotlar qilinganiga qaramay, haliyam oʻzbek dramaturgiyasida haqiqiy maʼlumotlarga asoslangan drama yaratilmadi.

    Shu bois boʻlsa kerak, 2016-yilda Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida “Alisher Navoiy” spektakli Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Oʻzbekiston xalq artisti rejissyor Rustam Hamidov tomonidan Izzat Sulton va Uygʻun dramasi asosida yaratildi. Ushbu spektaklda Alisher Navoiy obrazini isteʼdodli aktyor Behzod Muhammadkarimov, Guli obrazini esa Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist Dilnoza Kubayeva mahorat bilan ijro etishgan. Biroq Alisher Navoiy ijodini bugun oʻzgacha yondashuv va maʼlumotlarga koʻra oʻrganayotgan bugungi avlodni ushbu spektakl bilan ovuntirib boʻlarmikin?

    – Teatrimiz ijodkorlari “Alisher Navoiy” spektakliga, adashmasam, yettinchi yoki sakkizinchi marta murojaat qilgan, – deydi rejissyor Rustam Hamidov. – Mannon Uygʻur uni sahnalashtirganidan beri teatrimizning shu kungacha boʻlgan avlodlarining eng mashhur aktyorlari rol ijro etgan. Yaʼni ushbu spektakl orqali juda katta mahorat maktabi bunyod boʻldi. Yaxshi tomonlarini ham aytib oʻtishimiz kerak, toʻgʻrimi? Endi eʼtirozingizga keladigan boʻlsak, 2016-yilda “Alisher Navoiy” spektaklini men ham yangicha qarashlar va maʼlumotlar asosida sahnalashtirishga bel bogʻlagan edim. Lekin oʻsha paytda teatrimiz badiiy kengashga topshirilgan 5-6 ta yangi dramaning hech qaysi biri talabimizga javob bermadi. Va... biz yana Izzat Sulton va Uygʻun dramasi ustida ish olib borishga qaror qilganmiz. Biz ijodkorlar Alisher Navoiy asarlariga, uning hayoti va ijodi borasidagi ibratli voqeliklarga qayta-qayta murojaat qilishimiz juda zarur. Oʻzingiz koʻrib turibsiz, ayni paytda dunyodagi talotoʻplar, kelishmovchiliklar – barcha-barchasi tinchlik, mehr-oqibat, saxovat deb nomlangan fazilatlarning qadrlanmay qoʻyilgani evaziga koʻpayib bormoqda. 2021-yilda yozuvchi Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romani nashr etildi. Uni oʻqib chiqib, yozuvchi asarni yozishdan oldin juda koʻp manbalarni oʻrgangani, mutafakkir bobomiz haqidagi koʻplab tushunmovchiliklarni oydinlashtirishga harakat qilganidan xursand boʻldim. Qaniydi xuddi shu roman kabi dramaturgiyada ham bugungi avlodning maʼnaviy ehtiyojini, talabini qondiradigan bir drama yaratilsa... Men oʻzim bajonidil birinchilardan boʻlib sahnalashtirgan boʻlar edim.

    Adabiyotshunoslarning yangi qarashlariga oʻrin berdik

    2021-yilda Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida “Xalq yuragi” turkumiga kiruvchi “Alisher Navoiy” hujjatli tarixiy filmi suratga olindi. Ushbu film Alisher Navoiy shaxsiga boʻlgan qarashlarning yangicha talqini asosida ishlangani bilan diqqatimizni tortdi. Unda tarixiy-badiiy rekonstruksiyalar, kompyuter grafikasi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universtiteti vakillari – navoiyshunos olimlarning intervyularidan foydalanilgan.

    – “Alisher Navoiy” hujjatli filmini ilmiy maslahatchilarimiz - filologiya fanlari doktorlari Shuhrat Sirojiddinov, Dilnavoz Yusupova, Karomat Mullaxoʻjayeva bilan hamkorlikda yozdik, – deydi ssenariy muallifi Furqat Usmonov. – Shuhrat Sirojiddinov Alisher Navoiyning Husayn Boyqaro bilan oʻzaro munosabatlari sobiq shoʻrolar davrida, mafkuraviy taʼsirda qanday talqin qilingani-yu, aslida tarixiy manbalarda qanday maʼlumotlar keltirilgani toʻgʻrisida soʻzlab berdi. Dilnavoz Yusupova bilan Alisher Navoiyning muhabbat, mansab, dunyo havaslariga boʻlgan munosabati borasida koʻplab suhbatlar qildik va ssenariy uchun nihoyatda qimmatli maʼlumotlar oldik. Suhbatdoshimiz bizni koʻplab yangi manbalardan xabardor etib, birgalikda tahlillar olib borgani, ijodiy jamoamiz bilan film ustida astoydil izlangani, mehnat qilgani uchun olimamizga ijodiy guruh nomidan minnatdorlik bildiraman. Karomat Mullaxoʻjayeva esa Alisher Navoiyning asarlaridagi “yor” talqini boʻyicha oʻz mulohazalarini bildirdi. Jumladan, olima bunday dedi: “Navoiy asarlari mazmun-mohiyatini tashkil etgan ishqni mukammal tushunish uchun uning asarlarini toʻliq oʻqish kerak. Shoirning asarlari tizimli adabiy olam. Undagi bir masalani tushunish uchun ikkinchisiga murojaat qilish va uchinchisidan asosli sharh topish mumkin. Shoir bir dostonida: “Boʻlmasa ishq ikki jahon boʻlmasun, Ikki jahon demaki, jon boʻlmasin”, degan boʻlsa, boshqasida “Ey ishq gʻarib kimyosan…”, degan fikrlarini beradi. “Mahbub ul-qulub”da ishqqa mukammal taʼrif berib, uning darajalarini koʻrsatadi. Bular Navoiyning boshdan-oyoq ishqning sirlariga koʻmilgan minglab gʻazallarini tushunishda bir ochqich vazifasini oʻtashi mumkin”.

    Jahon kinosi tarixida yangilik boʻlishi kutilayotgan film

    2021-yil 10-11-iyun kunlari Tojikistonga tashrifi davomida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikki davlat kinoijodkorlari hamkorligida “Jomiy va Navoiy” tarixiy-badiiy filmini yaratish haqidagi taklifi Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon tomonidan qoʻllab-quvvatlangan edi.

    Kinoloyihani amalga oshirish boʻyicha har ikki davlat kinoijodkorlari, adabiyotshunos va tarixchi olimlari bir necha bor onlayn va yuzma-yuz muzokaralar oʻtkazishdi. Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi va “Tojikfilm” davlat muassasasi rahbarlari oʻrtasida 2021-yil 2-oktyabr kuni “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida “Jomiy va Navoiy” badiiy filmini suratga olish boʻyicha memorandum imzolandi.

    – 2022-yilning 29-aprel kuni Oʻzbekiston Kinematografiya agentligida “Jomiy va Navoiy” badiiy filmi kengaytirilgan sinopsis muhokamasi va videotaqdimoti boʻlib oʻtdi, – deydi ssenariynavis va navoiyshunos Rustam Jabbor. – Unda filmni suratga olish boʻyicha shu paytga qadar qilingan ishlar haqida soʻz yuritildi. Shundan soʻng film haqidagi videotaqdimot ishtirokchilar eʼtiboriga havola qilindi. Mazkur videotaqdimotda sinopsisning mazmun-mohiyati, filmning maqsadi, suratga olish mexanizmlari xususida maʼlumot berilgan.

    Film ssenariysi Rustam Jabborov, Yusuf Roziqov, Safar Haqdodov tomonidan yozildi. Ssenariy dastlab oʻzbek va tojik tillarida yozilib, keyinchalik rus va ingliz tillariga tarjima qilindi. Shuningdek, mazkur ssenariy ikki davlat vakillaridan iborat ekspertlarga havola qilingan.

    Badiiy filmga Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi hamda “Tojikfilm” davlat muassasalari rahbarlarining oʻzaro kelishuvi asosida xorijdan maslahatchi sifatida fransiyalik taniqli prodyuser va rejissyor Lyuk Besson jalb qilinadigan boʻldi. Shunga koʻra, 2022-yil 14-18-sentyabr kunlari boʻlib oʻtgan “Ipak yoʻli durdonasi” XIV xalqaro kinofestivalda nojikistonlik hamkorlar hamda Lyuk Besson ishtirokida “Jomiy va Navoiy” filmini suratga olish boʻyicha muloqotlar, mahorat darsi tashkil qilindi. Muloqot davomida Lyuk Besson Jomiy va Navoiy haqidagi mazkur badiiy film loyihasi jahon kinosi tarixida yangilik boʻlishini qayd etdi. U kinoloyiha tufayli ikki buyuk mutafakkir, ularning tinchlik va doʻstlik borasidagi xatti-harakatlariga yuqori baho berdi va loyihada ishtirok etishga rozilik bildirdi. Badiiy ssenariy unga maʼqul kelganini aytib, bir qancha tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.

    Kinofestival doirasida Kinematografiya agentligi va “Tojikfilm” DM oʻrtasida “Jomiy va Navoiy” tarixiy badiiy filmini suratga olish yuzasidan ikki tomolama shartnoma imzolash marosimi oʻtkazildi.

    Ayni paytda ssenariy mualliflaridan biri va kinorejissyor Yusuf Roziqov Lyuk Bessonning tavsiyalari asosida rejissyorlik ssenariysini yozish arafasida. Har ikki mamlakat kinoijodkorlari tomonidan filmni suratga olishga tayyorgarlik boshlab yuborilgan.

    ***

    Albatta, bu kabi xalqaro ijodiy loyihalar koʻnglimizga yorugʻlik olib kiradi. Shunday kezlarda ustoz aktyor Razzoq Hamroyev talqinidagi Alisher Navoiy besh yuz yil oldin qatʼiyat bilan taʼkidlagan mana bu soʻzlar yodimizga tushadi: “Bir kuni kelgusi avlodlar tinchlik, birodarlik va doʻstlik borasida, albatta, meni hamkorlikka chorlaydilar. Shunda men “Labbay!” deya oʻz sheʼrlarim va asarlarim bilan javob berurman!”

    Darhaqiqat, biz hamisha sizning maʼnaviy saboqlaringiz, maslahatlaringiz, tengsiz gʻoyalaringizga muhtojmiz, Hazrati Navoiy! Asarlaringiz barcha asrlarni hushyorlikka, bedorlikka, asl ishq yogʻdusiga chorlaguvchi abadiy ezgulik qoʻngʻirogʻi boʻlib yangrashi shubhasizdir!

    Muxtasar TOJIMAMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri