Festival dasturiga koʻra, 25-26-mart kunlari barcha jamoalarning chiqishlari Hakamlar hayʼati tomonidan baholab boriladi. 27-mart kuni esa gʻoliblarini taqdirlash va yakuniy gala konserti oʻtkaziladi.
Shu oʻrinda mazkur festival tarixi haqida ozgina maʼlumot berib oʻtsak.
1996-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi va “Yevrobazis” kompaniyasi yordamida “Soʻgʻdiyona” xalq cholgʻulari kamer orkestri “Navroʻz sadolari” respublika xalq cholgʻulari ansambl va orkestrlari festivalini muntazam ravishda oʻtkaza boshladi.
Ushbu tadbir faoliyatiga 2008-yildan “Sogʻlom avlod” xalqaro nodavlat jamgʻarmasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, 2012-yildan esa Shveysariya elchixonasining Shveysariya hamkorlik byurosi, 2015-yildan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Informatsion markazi qoʻshildi. Aynan shu yili “Navroʻz sadolari” festivali xalqaro tadbirga aylandi va unda Rossiya, Moʻgʻuliston, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston kabi davlatlarning musiqiy jamoalari ishtirok etib kelishmoqda.
Ushbu forum yoshlarning musiqiy tarbiyasiga bagʻishlangan boʻlib, ushbu soha boʻyicha Davlat dasturini bajarish, shuningdek respublikamiz kelajak madaniyatini rivoji uchun milliy cholgʻularimiz ijrochiligida yetuk kadrlar tayyorlashga, oʻzbek musiqa madaniyatida koʻp ovozli ijro shaklini rivojlantirish va yanada ommalashtirishga yoʻnaltirilgandir.
Festivalda maktabgacha taʼlim muassasalari bolalari, musiqa va sanʼat maktablari, litsey va kollej oʻquvchilari, hamda musiqa oliy oʻquv yurtilarining talabalari oʻz mahoratini namoyon etishadi. Festivalda katta orkestr jamoalari bilan bir qatorda, kichik ansambl guruhlarining ishtirok etishi, respublikamizning uzoq nuqtalarida ham musiqa olamida ijod qilib kelayotgan turli yoshdagi ijodkorlarni kengroq qamrab olishni taʼminlab kelmoqda.
Festivalning ijobiy natijasi sifatida Qashqadaryo, Andijon, Buxoro, Xorazm viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasida xalq cholgʻulari orkestrlarining tashkil topganligini aytib oʻtish joiz. Hozirgi kunda ushbu jamoalar oʻz viloyatlarida ijrochilik madaniyatini rivojlantirish borasida katta ishlarni amalga oshirmoqdalar.
Andijon ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi oʻqituvchi va oʻquvchilarini qamrab olgan, X.Akramova tomonidan tashkil etilgan “Tarona” xalq cholgʻulari orkestri, Fargʻona ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi oʻqituvchisi D.Alimova tuzgan ansambl bir necha bor “Navroʻz sadolari” festivali gʻolibi boʻlgan.
Yildan-yilga ushbu forumga boʻlgan qiziqish ortib borayotgani quvonarli hol. Unda 2010-yilda 33 ta jamoa va 332 nafar musiqachi- sozandalar (bunda bolalar musiqa va sanʼat maktablari, litsey, kollej va oliy oʻquv yurtilarining jamoalari qatnashgan) qatnashgan boʻlsa, 2022-yilda esa 104 ta jamoa, 1706 kishi ishtirok etdi.
2020-yilda pandemiya tufayli festival onlayn formatga oʻtkazildi. Shu munosabat bilan 2022-yilgacha ishtirokchilar yoshiga qarab taqsimlanishi bekor qilinib, 3 yoshdan 23 yoshgacha sozandalardan tashkil topgan jamoalar ishtirok etishdi.
2023-yildan boshlab festival anʼanaviy, yaʼni oflayn formatga qaytishi munosabati bilan, yosh boʻyicha taqsimlanish qayta kuchga kirdi. Shunda 2023-yilda 3 yoshdan 15 yoshgacha, 2024-yilda esa 15 yoshdan 23 yoshgacha boʻlgan oʻquvchi va talabalar ishtirok etadilar.
Festival doirasida ishtirokchilar uchun “cholgʻu ijrochiligi”,“dirijorlik” va “orkestr bilan ishlash”, “ansambl ijrochiligi” fanlari boʻyicha ishtirokchilar va uning oʻqituvchilariga kengaytirilgan holatda mahorat darslari oʻtkazilib kelinmoqda. Shu bilan birga, har yili ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etiladi.