Tibbiy niqob taqish masalasi ilk koronavirus tarqagan vaqtlari bahsli mavzu edi. Ya’ni, avvaliga aksariyat tibbiyot mutaxassislari ham niqob unchalik foyda bermaydi, deyishdi. Hatto, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham kasallar va tibbiyot xodimlari taqishi maqsadga muvofiq, deb tavsiya berdi. Ammo keyinchalik ko‘pchilik, jumladan, JSST ham o‘z tavsiyalarini o‘zgartirdi. Chunki tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, shaharni butunlay yopib qo‘yish, samoizolyatsiya bilan birga, oddiy qo‘lbola niqob taqishning o‘zi ham koronavirus bilan kasallanishning keskin kamayishini ko‘rsatdi.
Masalan, Germaniyaning Mehnat iqtisodiyoti instituti tadqiqotchilari niqob taqish samaradorligini aniqladi . Niqob koronavirus tarqalishini 40 foizgacha sekinlashtirishi mumkin.
Olimlar birinchilardan bo‘lib jamoat transportida va do‘konlarda niqob taqishning majburiy tartibini joriy qilgan Germaniyaning Iena shahridagi epidemiologik vaziyatni o‘rganishdi. Ma’lum bo‘lishicha, 20 kun ichida Ienada yangi holatlar soni 25 foizga, 60 yoshdan oshgan odamlar orasida esa 50 foizga kamaydi. Bu tartibni kechroq joriy qilgan aholi yashash punktlarida virus jadal tarqagan. Ayniqsa, yirik shaharlarda niqobning samarasi yaqqol sezilgan.
Xuddi shunday tadqiqotni britaniyalik olimlar ham o‘tkazgan. Unga ko‘ra, agar aholining kamida 50 foiz niqob taqsa, koronavirus R0 (bazaviy reproduktiv son) birdan past bo‘lar ekan. Soddaroq tushuntirilsa, koronavirus yuqtirgan 10 kishidan virus yuqtirganlar soni 10 nafardan kamroq bo‘ladi.
Demak, kun issiq, nafasim qaytyapti, demasdan, to vaktsina chiqib, ommalashmaguncha, maska taqishni kanda qilmaslik lozim.