Shuningdek, tadbirda rektorning xalqaro maslahatchisi Aliya Ospanova va xalqarolashtirish va strategik rivojlantirish boʼyicha birinchi prorektor Joʼliboy Yeltazarov tabrik soʼzlarini bildirdi.

Shundan soʼng faxriy mehmon uchun universitet boʼylab sayohat uyushtirildi. Aziz Sanjar taʼlim dargohining zamonaviy kutubxonasiga alohida eʼtibor qaratdi va yaqin kelajakda uni ilmiy adabiyotlar bilan boyitishga vaʼda berdi.

Tashrif yakunida universitet talabalari uchun "Turk dunyosidagi bilim va milliy tiklanish" mavzusida maʼruza oʼtkazildi. Unda Aziz Sanjar pedagog va talabalarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berdi.

Maʼlumot uchun: A.Sanjar 415 ilmiy maqola va 33 ta kitob nashr etgan. Saraton kasalligini davolashda sirkadiyalik soatdan foydalangani uchun turli ilmiy mukofotlarga sazovor boʼlgan. Jumladan, u Amerika Kimyo Jamiyati tomonidan 2001 yilda Shimoliy Karolinada eng yaxshi kimyogar sifatida eʼtirof etilgan. Professor A.Sanjar ushbu mukofot bilan birga oʼsha yillari ilmiy dunyodagi eng obroʼli ilmiy muassasalardan biri boʼlgan AQSh Milliy Fanlar Akademiyasiga aʼzo etib saylandi. U shunday nufuzli akademiyaga saylangan birinchi amerikalik turk olimi.  Shuningdek, olim 2006 yildan Turkiya Fanlar Akademiyasining haqiqiy aʼzosi hamdir.

Bu mukofotdan soʼng u rafiqasi Gwen Sanjar bilan AQShda tahsil olayotgan turkiyalik hamda Turk dunyosidan kelgan talabalarga yordam berish maqsadida Aziz va Gwen Sanjar jamgʼarmasini tuzdi, "Karolina Turk uyi" talabalar mehmonxonasini ochdi.

A.Sanjar DNKni tiklash bilan bogʼliq tadqiqotlari uchun amerikalik Pol Modrich va Shved Tomas Lindahl bilan birgalikda kimyo fanlari boʼyicha 2015 yilgi Nobel mukofotini oldi. Bu uch tadqiqotchi 30 yil davomida bir-biridan mustaqil holda ishlab, DNKni tiklash mexanizmlarining biyokimyoviy jihatlarini kashf etganlar.