Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamiyatimizning barcha sohalarini isloh etish, jumladan, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash borasidagi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Ta'kidlash joizki, so'nggi yillarda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik o'zgarishlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ijtimoiy faolligi tobora kengayib borayotir. Bugungi kunda o'n mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori”, degan ezgu g'oyani ro'yobga chiqarish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ijtimoiy, madaniy va ma'rifiy islohotlarni hayotga tatbiq etishga o'z hissasini qo'shmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 3 martda qabul qilingan “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bu jabhada amalga oshirilayotgan ishlar ko'lamini yanada kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarining maqomi va mavqeini yuksaltirishda yana bir muhim qadam bo'ldi.
Qarorda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tashkil qilish uchun ruxsat beruvchi tartiblarni soddalashtirish, NNTlar bilan bog'liq ma'muriy tartib-taomillarni raqamlashtirish orqali takomillashtirishga alohida urg'u berilmoqda. Bu boradagi yangiliklardan biri sifatida nodavlat notijorat tashkilotlari ramzlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish bo'yicha murojaatlarni ko'rib chiqish muddati 15 kunga qisqarganini aytish joiz. Ilgari bu muddat bir oyni tashkil etardi. Bundan tashqari, nogironligi bo'lgan shaxslar, faxriylar, nuroniylar, xotin-qizlar, bolalar jamoat birlashmalari ramzlarini davlat ro'yxatidan (qayta ro'yxatdan) o'tkazish uchun davlat boji undirilmasligining belgilanishi mamlakatimizda har bir shaxsning o'z qobiliyatini to'la ro'yobga chiqarish bo'yicha ishlarni yanada jadallashtiradi.
Sir emas, nodavlat notijorat tashkilotlarining hududiylik tamoyili ularning erkin faoliyat olib borish huquqini cheklar edi. Masalan, qishloq, ovul yoki tuman hududida faoliyat olib borishi lozim bo'lgan nodavlat notijorat tashkiloti boshqa qishloq, ovul yoxud tuman hududida faoliyat ko'rsatishidan oldin qayta ro'yxatdan o'tishi lozim bo'lar edi. SHu bois, qaror bilan mazkur tashkilotlar hududiylik tamoyiliga ko'ra respublika va hududiy nodavlat notijorat tashkilotlariga ajratildi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarga chet ellik shaxslardan pul mablag'lari va mol-mulk olinishini kelishish tartibi keyingi paytda ekspertlar tomonidan tanqidga uchrayotgan bu yo'nalishdagi ishlarni ham zamon talabidan kelib chiqib tashkil etishga turtki bo'ldi. endilikda NNTlar tomonidan ro'yxatdan o'tkazuvchi organni xabardor qilgan holda xorijiy manbalardan olinadigan pul mablag'lari va mol-mulkning bir kalendar` yilidagi jami summasi bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan yuz baravarigacha oshirilishi belgilanmoqda. Bu jamoat tashkilotlari ish faoliyatida ortiqcha ovoragarchilikning oldini olish, erkin faoliyat yuritish imkoniyatini kengaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlarining salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat boshqaruvi organlari tomonidan davlat ijtimoiy buyurtmasini berish tartibi belgilangan bo'lsa-da, amaliyotda bu tajribadan deyarli foydalanmayapti. SHu bois, O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondiga mahalliy NNTlarni rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalarni moliyalashtirish uchundavlat subsidiyasini ajratib borish vazifasi belgilanmoqda.Buyangilik kambag'allikni qisqartirish, yangi ish o'rinlarini tashkil etish kabi ijtimoiy foydali loyihalarni manzilli ijtimoiy buyurtma berish orqali moliyalashtirish amaliyotini takomillashtirish imkonini beradi.
YAna bir muhim jihat, jamoat tashkilotlarining davlat va jamiyat hayotidagi o'rnini yanada takomillashtirishda O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining o'rni juda muhim. SHu sababliAssotsiatsiyaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda uning xodimlari mehnatini rag'batlantirish alohida belgilanmoqda.
Davlatimiz rahbarining Parlamentga Murojaatida Qonunchilik palatasida Nodavlat notijorat tashkilotlarining doimiy vakili institutini joriy etish taklifi bildirilgan edi. Mazkur vazifaning ijrosi sifatida O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi faoliyati tubdan takomillashtirilmoqda. Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo'lgan huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish hamda sohani tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash assotsiatsiya faoliyatining asosiy yo'nalishlaridan biri sifatida belgilanmoqda. Bu qonunlar qabul qilishda nodavlat sektorning manfaatlarini ifoda etish ham rolini kuchaytirishga zamin yaratadi.
Ushbu islohotlar orqali hayotiy zarur ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda davlat byudjetidan ajratilgan mablag'larni subsidiya, grant va ijtimoiy buyurtma shaklida berishda adolatlilik, shaffoflik va natijadorlikka erishiladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qarorda belgilangan vazifalar o'z vaqtida hayotga tatbiq etilishi yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokchi va hamkor sifatida nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini yanada oshirish, ularni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash ko'lamini kengaytirish hamda ularga qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. Bu esa, o'z o'rnida, oliy qadriyat hisoblangan inson va uning huquqlari, manfaatlari muhofazasini kuchaytirishning muhim omili bo'ladi.
Bekzod NARIMONOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti vazxifasini bajaruvchi, yuridik fanlari bo'yicha falsafa doktori