Joriy yil 19-aprelda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorlari bilan birgalikda tashkil etgan axborot sessiyasi ana shu mavzuga bagʻishlandi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi ishtirokida tashkil etildi. Unda Toshkent shahridagi avtobus parklari haydovchilari va konduktorlari, shuningdek, tashkilotchi idoralar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari – jami 50 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
Axborot sessiyasida nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat transportidan foydalanishga oid huquqlari va ehtiyojlarini taʼminlash borasida haydovchilar hamda konduktorlarning bilim va koʻnikmalarini oshirish masalasiga eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochib berar ekan, tadbir mavzusining mohiyati va ahamiyatiga atroflicha toʻxtaldi.
Sessiyada, shuningdek, bir qator soha vakillari soʻzga chiqdi.
Oʻzbekiston Respublikasi 2021-yilda BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasnii ratifikatsiya qilgan. Mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini taʼminlash sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish, shu jumladan, “toʻsiqsiz muhit” tamoyilini joriy etish orqali bu sohada amal qilayotgan tizimni takomillashtirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirib borilyapti.
Muhokamalar chogʻida asosiy eʼtibor transport vositalari va infratuzilmaning jismoniy jihatdan qulayligini yaxshilash masalalariga qaratildi. Nogironlar aravachasidagi insonlarga jamoat transportiga toʻsiqsiz, mustaqil kirib-chiqish uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratishning zamonaviy innovatsion tizimlari koʻrib chiqildi.
Ekspertlar bu borada qulaylik yaratishga oid joriy xalqaro andozalar va ularni milliy sharoitlarga moslashtirish yoʻllari haqida fikr yuritdi.
Muloqot asnosida, shuningdek, transport tarmoqlari va transport vositalarini loyihalash bosqichidan boshlab toʻsiqsiz maydonni yaratish lozimligi qayd etildi. Barcha yangi loyihalarni pandus, keng eshik va maxsus lift kabi qulay yechimlarni koʻzda tutgan holda tayyorlash muhimligi, nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat joylarida mustaqil harakatlanishini osonlashtiradigan zamonaviy texnologiyalarni keng qoʻllash zarurligi taʼkidlandi.
Tabiiyki, bu sohadagi ishlarni yaxshilashda qonunchilik hujjatlarining oʻrni va ahamiyati katta.
Ishtirokchilar nogironligi boʻlgan shaxslarga hurmat bilan muomalada boʻladigan, ularga yordam beradigan xodimlarni oʻqitish muhimligiga eʼtibor qaratdi. Nogironligi boʻlgan shaxslarni kamsitmaslik va ularga astoydil yordam berishni oʻrgatish boʻyicha muntazam treninglar ham kiritilishi maqsadga muvofiqdir.
Muhokamalar yakunida ushbu maqsadlarga erishish uchun barcha manfaatdor tomonlar – davlat idoralari, xususiy sektor va nodavlat notijorat tashkilotlarining oʻzaro hamkorligi zarur, degan yakdil xulosaga kelindi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati.