Bu bo‘yicha "Nogironlikni belgilash tizimi raqamlashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 587-sonli Hukumat qarori qabul qilindi.
Qaror bilan tizimda qator oʻzgarishlar kiritilmoqda.
Avval bemorlar faqat tuman markaziy poliklinikalarining vrachlik-maslahat komissiyalariga ogʻzaki murojaat qilgan, endilikda esa nogironlikni belgilash masalasida “Inson” markazlari, ijtimoiy xodimlar, my.gov.uz portali va oilaviy shifokorlar orqali murojaat qilish imkoniyati yaratildi.
Tajriba-sinov davrida (2025-yil 1-apreldan bugungi kunga qadar) Toshkent shahri va Navoiy viloyatida 12,5 ming ariza tushgan.
Shundan:
- “Inson” markazi orqali – 6,5 ming (52,4%),
- oilaviy shifokor orqali – 5,9 ming (47,5%),
- elektron portal orqali – 17 ta (0,1%).
Mavjud tizim boʻyicha nogironlikni belgilashdan avval barcha uchun bir xil davolanish lozim muddatlari (4 oydan 6 oygacha) boʻyicha talab boʻlgan. Endilikda bu talab bekor qilinib, kasallikdan kelib chiqib individual davolanish muddatlari va minimal tibbiy tekshiruv mezonlari belgilandi.
Xususan:
- 22 kasallik holati (1%) uchun – 30 kun,
- 201 kasallik holati (8%) uchun – 60 kun,
- 237 kasallik holati (10%) uchun – 90 kun,
- 788 kasallik holati (33%) uchun – 120 kun.
- 1 141 kasallik holatlarida (48%) davolanish muddati talab etilmaydi.
Qolaversa sirtdan (koʻrikka chaqirtirmasdan) nogironlik belgilanadigan kasalliklar va uning asoratlari roʻyxatini 48 tadan 60 taga kengaytirildi.
Nogironlikni belgilashda yagona standartlar va elektron tizim joriy etiladi
Kasallik turi va bemorning holati boʻyicha nogironlikni qancha muddatga, qaysi guruhga belgilash hamda reabilitatsiya tadbirlarini aniqlashtirish haqida yagona standartlar mavjud boʻlmaganligi va tizim raqamlashtirilmaganligi sabab nogironlikka doir xulosalarda va belgilashda xatoliklar mavjud boʻlgan.
Yangi qaror bilan nogironlikka olib keluvchi asosiy kasalliklar roʻyxati boʻyicha nogironlikni yagona mezon (standartlar) asosida elektron belgilash imkoniyati yaratildi.
Tizim dastlab Toshkent shahri va Navoiy viloyatida, 2025-yil 1-oktyabrga qadar respublikaning qolgan hududlarida ishga tushiriladi.
Bunda bemorning maʼlumotlari asosida nogironlik guruhi va muddati, oʻzgalar parvarishiga, tibbiy reabilitatsiyaga hamda protez moslamasi yoki reabilitatsiya vositasiga muhtojligiga oid maʼlumotlar avtomatik ravishda inson omilisiz “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantiriladi.
Nogironligini belgilashda yangi roʻyxat va yagona yondashuv joriy etiladi
Mavjud tizim boʻyicha oʻzgalar paraparishiga muhtoj bolalarning kasalliklari roʻyxatida (34 ta) kasalliklarning klinik jarayoni, organizm funksiyasining buzilishlari haqida muhtojlik davri aniq koʻrsatilmagan.
Qaror bilan oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning kasalliklari roʻyxatini yangi tahrirda tasdiqlandi.
Shuningdek, avval yagona yondashuvni shakllantirish hamda tuman (shahar) ekspert komissiyalari uslubiy koʻmak berib borish tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilmagan hamda koʻrik ishlarini nazorat tariqasida yoki fuqarolarning arizalari asosida respublika darajasida oʻrganish yoʻlga qoʻyilmagan.
Endilikda, Tibbiy ijtimoiy ekspertiza tizimida yagona yondashuvni shakllantirish maqsadida 130 ta hududiy TIEKlarga uslubiy koʻmak beriladi.
Bunda TIEKlar tarkibida bir nechta tibbiy komissiya tashkil etiladi. Respublika komissiyasi tarkibi: terapevt, xirurg, nevrolog, pediatr, oftalmolog, psixiatr, fiziatr vrach-ekspertlardan iborat.
Nogironlikni belgilash tizimida yangi elektron tartib va Respublika komissiyasi joriy etildi
Qaror bilan:
- nogironligi boʻlgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida elektron shakllantirilishi belgilandi;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining hamshira hamda axborot texnologiyalari mutaxassisi shtat birliklari tugatildi;
- Ijtimoiy himoya milliy agentligi qoshida 7 ta shtat birligidan iborat tarkibda Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tashkil etildi;
- tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida terapevt, nevrolog, xirurg, pediatr vrach-ekspert lavozimiga ishga qabul qilinishi mumkin boʻlgan tibbiy mutaxassisliklar roʻyxati tasdiqlandi;
- TIEK ish grafigini haftada 5 kun, kuniga 7 soatdan etib belgilangandi;
- Hukumatning ayrim qarorlarida TIEK tomonidan kasbga, sportga va taʼlimga tavsiya berishga oid belgilangan normalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi.