Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlar yangilangan tartibda koʻrib chiqiladi

    Ijtimoiy hayot 16 Iyun 2021 2991

    Soʻnggi yillarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash sohasiga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida qaralmoqda.

    Bunga ushbu sohada olib borilayotgan islohotlar, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar yaqqol dalil boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”da fuqarolarning murojaatlarini oʻz vaqtida hal etish, murojaatlarni koʻrib chiqishda sansalorlik, rasmiyatchilik va loqayd munosabatda boʻlish holatlariga yoʻl qoʻymaslik hamda buzilgan huquqlarni tiklashning barcha zarur choralarini koʻrish fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlari sifatida qaraladi. Jismoniy va yuridik shaxslarning ushbu huquqi konstitutsiyaviy huquq sifatida mustahkamlangan. Bosh Qomusimizning 35-moddasida belgilanganidek, har bir shaxs bevosita oʻzi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda koʻrib chiqilishi shart.

    Jismoniy va yuridik shaxslarning davlat, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilish bilan bogʻliq konstitutsiyaviy huquqi kafolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi va virtual qabulxonasi tashkil etilishi bilan yana-da mustahkamlandi. Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni (yangi tahriri) davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan murojaatlarning samarali koʻrib chiqilishini tashkil etish maqsadida tashkil etilgan ushbu qabulxonalarning huquqiy maqomini belgilab berdi. Mazkur Qonun shuningdek, mansabdor shaxslarning har qanday masalalar, shu jumladan oʻz vakolatlariga kirmaydigan masalalar boʻyicha murojaat etilganda qabulni rad etishga haqli emasligi, ular tomonidan sayyor shaxsiy qabullar, shuningdek ommaviy qabullar tashkil etilishi tartibini belgilaganligi bilan ahamiyatlidir.

    Qonunchilikdagi muhim yangiliklardan yana biri — murojaatlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida berish hu­quqiy jihatdan mustahkamlanganidir. Shu bilan birga, qonunda jismoniy shaxslar va yuridik shaxs­larning vakillarini qabul qilish jadvallari va uni oʻtkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish toʻgʻrisidagi axborot, shuningdek, qabul qilish tartibini davlat organlari rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilish, ularning maʼmuriy binosida hamma kirishi mumkin boʻlgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkazish ham nazarda tutilgan.

    Oʻzbekiston hukumati portalida tashkil etilgan Bosh vazirning virtual qabulxonasi orqali murojaatlarni elektron shaklda qabul qilish va oʻz vaqtida koʻrib chiqish tartibining joriy qilingani, hech shubhasiz, bu boradagi ishlar samaradorligini taʼminlashda ahamiyatlidir. Taʼkidlash joizki, bu tizimning samarali faoliyat yuritishi kelgusida jamiyatimizda qonun ustuvorligining mustahkam qaror topishi yoʻlida muhim amaliy qadamdir. Mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimining takomillashtirilishi nafaqat, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilinishiga sabab boʻlmoqda, balki fuqarolarimizning huquqiy ongi va madaniyatining yuksalishiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

    Shuni alohida taʼkidlash joizki, aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni tashkil etish, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini toʻlaqonli himoya qilishga qaratilgan, murojaatlar bilan ishlashning samarali faoliyatini taʼminlash, kelib tushgan murojaatlarning toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini tashkil etish bugungi kunda barcha davlat organlarining asosiy vazifalaridan biridir.

    Notarial idoralarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2014-yil 30-dekabrdagi 311-mh-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Notarial idoralarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini navbatma-navbat qayd etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga muvofiq amalga oshiriladi. Mazkur nizomga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslar notarial idoralarga bevosita kelib yoki telefon orqali, yozma yoxud elektron shaklda, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishdan tashqari, “E-notarius.uz” axborot portali orqali ham murojaat qilishlari mumkin. Murojaatlar notarius yoki uning xodimlari tomonidan “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali qabul qilinadi va navbatma-navbat qayd etish elektron roʻyxatiga qayd qilinadi. Eʼtiborlisi, davlat notarial idoralari notariuslarining ish kunlari va vaqtini belgilashda muayyan davlat notarial idorasi yoki notarius tomonidan haftaning shanba va yakshanba kunlarida ham notarial harakatlar amalga oshirilishi nazarda tutiladi. Bu fuqarolarga notarial harakatlarning haftaning istalgan kunida amalga oshirish imkonini beradi.

    Ushbu Nizom notarial idoralarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali murojaat qilish tartibini ham belgilaydi. Jismoniy va yuridik shaxslarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali notarial harakat rasmiylashtirilishi uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni oldindan joʻnatgan holda tegishli hujjatlarning tayyorlab qoʻyilishi boʻyicha yoʻllangan murojaatlari ularning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.

    Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonun fuqarolarimizning hamda yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyalashda mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

    Ruslan Isoyev,

    Navoiy shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius U.S.Mukumov notarial idorasida stajirovka oʻtovchi notarius stajyori.