Shu kunlarda Toshkent viloyati markazi Nurafshon shahrining iqtisodiy rivojida tarixiy yangilanish jarayonlari kechmoqdaki, bu islohotlar obodlik va farovonlikning mustahkam asosi boʻlib xizmat qilayotir. Nurafshon 2017-yildan buyon Toshkent viloyatining maʼmuriy markazi hisoblanadi. Shaharning bosh rejasi “ToshkentboshplanLITI” DUK tomonidan 2018-yilda ishlab chiqilgan.
— Toʻliq aqlli texnologiyalarga asoslanadigan ushbu shahar uch bosqichda barpo etilmoqda. — deydi Nurafshon shahri bosh arxitektori Xayrulla Xoʻjamqulov. — Davlatimiz rahbari tavsiyasiga koʻra, birinchi bosqichda jami 1792 kvartirali toʻqqiz va oʻn ikki qavatli uylar qurilishi boshlab yuborilgan. 360 oʻrinli bogʻcha, 1200 oʻrinli maktab, madaniy-maishiy obyektlar, dam olish hududlari tezkorlik bilan qurilmoqda. Shaharning markaziy Toshkent yoʻli koʻchasi ham yangidan barpo etildi. Koʻcha boʻyidagi bir qavatli eski imoratlar oʻrnida yetti hamda sakkiz qavatli uylar, servis shoxobchalari, salomatlik markazlari, gipermarketlar qurilishi jadallashtirilmoqda. Har bir bino oldida avtomobil toʻxtash joyi boʻlishi koʻzda tutilgan. Toʻrt yoʻlakli magistral avtomobil yoʻli bilan birga ichki yoʻl ham qurilyapti. Velosiped va piyodalar yoʻlakchalariga joy ajratilgan. Irrigatsiya tarmoqlari uchun yangi turdagi yopiq lotoklar oʻrnatilib, koʻcha boʻylari koʻkalamzorlashtirilmoqda. Shahrimizda “smart city” (aqlli shaharcha) joriy yilda singapurlik investorlar tomonidan qurilishi kelishib olingan. Loyihalash joriy yilning birinchi choragida yakunlanishi bilan qurilish ishlari boshlab yuboriladi. Loʻnda qilib aytganda, goʻzal bir shahar bunyod boʻlmoqda.
Darhaqiqat, ushbu hududda umumiy qiymati 782 milliard 500 million soʻmlik 41 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Oʻzbekistondagi ilk “smart city” qurilishi uchun Toshkent yoʻli koʻchasida 213 ta obyekt buzilib, joy egalariga mahalliy byudjet hisobidan 24 milliard soʻm tovon puli toʻlab berildi. Shaharning markaziy koʻchasida 172 ta bino va inshoot barpo etilishi rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunda 78 ta obyektda qurilish ketyapti. Ushbu obyektlarda kanalizatsiya tizimi, ichimlik suv, gaz va elektr energiyasi tizimi butunlay yangilanmoqda. Kanalizatsiya va ichimlik suv tizimi uchun hukumatimiz tomonidan 141 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Bundan tashqari, 4 ming kub suvni tozalaydigan inshoot quriladi.
Nurafshon shahrini yurtimizdagi ilk aqlli shaharga aylantirishga oid konsepsiyaga muvofiq, kentda maʼmuriy binolar, zamonaviy turar joylar, biznes markazlar, mehmonxonalar, sport majmualari, yoshlar ijodiyot markazlari, kutubxonalar, maktablar, koʻp tarmoqli shifoxonalar bunyod etilmoqda. Savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, istirohat bogʻlari, yashil maydonlar, piyodalar va velosipedchilar uchun xiyobonlar, yoʻllar qurilyapti. Umumiy maydoni 217 gektardan iborat boʻlgan Toʻytepa shaharchasi oʻrnida vujudga kelgan Nurafshon shahrining jami maydoni bugungi kunda qariyb 16 baravar kengaydi. “Aqlli shahar” (smart city) tomon borar ekanmiz, yoʻlda toʻxtab, yangi qurib bitkazilgan turar joylarni ham birrov koʻzdan kechirishni unutmadik.
Yetti qavatli uy “Sanoatqurilishbank”ning Toshkent viloyati mintaqaviy filiali xodimlari uchun qurilgan. 72 ta xonadondan iborat mazkur turar joy binosi zamonaviy arxitektura yechimlari asosida bunyod etilgan. Binoning isitish tizimi eng zamonaviy standartlardan kelib chiqqan holda oʻrnatilgan boʻlib, energiyani maksimal darajada tejaydi. Nurafshonning Bobur va Toshkent yoʻli koʻchalari boʻylab yurar ekanmiz, hali buzilmagan eski uylarni yangi qurilayotgan uylar bilan solishtirish imkoni tugʻildi.
Eh-ye, tafovut juda ham katta. Bir tasavvur qilib koʻring-a, tomlari eskirib, devorlari nurab ketayotgan eski uylar qayoqda-yu, yetti qavatli, ulugʻvor, sarbaland bilan ajralib turadigan zamonaviy binolar qayoqda. Qurilayotgan inshootlar bekamu koʻst bitsa, Nurafshon yurtimizning eng nurafshon va obod shaharlardan biri boʻlishi, shubhasiz. Shahar boʻylab yurar ekanmiz, moviy oynalari tovlanib turgan koʻrkam bino eʼtiborimizni tortdi. Bu bino - Yoshlar markazi. Nurafshonning kelajagi buyuk, istiqboli yorqin yoshlari uchun havas qilsa arziydigan munosib bir inshoot barpo etilibdi.
Istiqbolli loyihalar
— Davlatimiz rahbarining 2019-yil 1-3-iyun kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarga binoan, shahardagi ichimlik suv tizimini yaxshilash maqsadida “Navroʻz” va “Evalak” mahallalarida 2 ta vertikal nasos stansiyasi qurildi, — deydi shahar hokimining qurilish ishlari boʻyicha oʻrinbosari Sherzod Usmonov. — “Qumariq”, “Dehqonobod” va “Oppoq” mahallalaridagi 2 ta nasos ham taʼmirlandi. Yangidan 25 kilometr ichimlik suv quvurlari tortildi. Shahar elektr taʼminoti tizimida 47,5 kilometr elektr uzatish tarmoqlari mukammal, 60,3 kilometr tarmoqlar joriy, 11 ta transformator punkti mukammal, 26 tasi joriy taʼmirlandi. Yoʻllarga tungi yoritgichlar oʻrnatildi. Joriy yilda “Nurafshon”, “Obod turmush” mahallalarida piyodalar yoʻlaklarini taʼmirlash, quyoshdan quvvat oluvchi nur diodli yoritish uskunalari oʻrnatish rejalashtirilgan. “Obod mahalla” dasturi doirasida ham bir qancha ishlar amalga oshirildi. Pandemiya tufayli joriy yilda ushbu dastur moliyalashtirilmagan boʻlsa-da, “Toshkent viloyati mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati” DUK tomonidan mahalliy byudjetning 1,3 milliard soʻm mablagʻi hisobidan shaharning 3,1 kilometr ichki koʻchalarini asfalt qilish belgilangan. Jumladan, 797 million soʻm mablagʻ hisobiga 2,6 kilometr uzunlikdagi 5 ta ichki yoʻl joriy taʼmirlanadi.
Toshkent yoʻli koʻchasi boʻylab binolarni joylashtirish taklif loyihasi ishlab chiqilgan. Ushbu loyihada yoʻl oʻqidan 54 metr masofada qurilish chizigʻi boʻylab 172 ta obyekt joylashtirilgan. 2020-yilda 14 ta obyekt foydalanishga topshirildi. Ishlab chiqarish hududida yana 14 ta obyektda qurilish ishlari davom etmoqda.
Shahardagi bunyodkorlik jarayonlari, aholiga yaratilayotgan qulayliklar, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishar ekanmiz, mazkur maskan tobora ulugʻvorlik kasb etayotganiga, iqtisodiyot tarmoqlarining esa jahon andozalariga mos tarzda izchillik bilan rivojlanayotganiga yana bir bor amin boʻldik.
Agar bu istiqbolli loyihalar toʻliq qurib bitkazilsa, Nurafshon oʻz nomiga munosib nurlar taratuvchi, goʻzallik ulashuvchi obod va goʻzal hudud boʻlishi, shubhasizdir.
Tirbandlikning oldini olish maqsadida shaharning kirish qismidan “Smart sity” markaziga boradigan yangi 4 kilometrli koʻcha qurilishi jarayonlari bilan tanishdik. Koʻchada 9 ta bankning binolari ham bunyod etildi. Bir-ikki yil mobaynida 96 ta ana shunday inshoot quriladi. Hozirgi kunda yetti qavatli 14 ta turar joy binosi, Adliya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, Yoshlar markazi, “Qishloqqurilishbank” va “Hamkorbank” kabi koʻplab tashkilotlarining yangi binolari foydalanishga topshirildi. Koʻchadagi avtomobil qatnoviga qulaylik yaratish maqsadida asosiy yoʻl kengaytirilmoqda. Oʻz navbatida, buzilishga tushgan, eskirgan xonadonlar buzilishi munosabati bilan aholiga shaharning boshqa hududidan joy ajratilgan. Bu jarayonlar bosqichma bosqich amalga oshirilmoqda.
Qaror va ijro
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi “Oila institutini yana-da rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 8-fevral kuni Nurafshon shahrida “Oila maktabi” binosi ochildi.
— Oila - muqaddas maskan. “Oila maktabi” binoning ochilishi juda ham quvonchli voqeadir, — deydi “Degantepa” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Xadicha Samatova. — Bu maskan kelajakda nurafshonliklarning oila maʼnaviyati va oila tarbiyasi sohasidagi bilimlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Turmush qurishga shaylanayotgan yigit-qizlarga oilada odob-axloqqa doir qoidalarni toʻgʻri oʻrgatish, maslahat berish, kattalar tajribasiga tayanish, oila aʼzolarining maʼnaviy-ruhiy munosabatlarida ham katta oʻrin tutadi.
Ha, agar oila sogʻlom va mustahkam boʻlsa, mahallada, yurtda tinchlik va hamjihatlikka erishiladi. Mahalla, yurt mustahkam boʻlsa, davlatda osoyishtalik va barqarorlik hukm suradi. Oilalari mustahkam boʻlgan, ravnaq topgan mamlakat qudratli va farovon boʻladi.
Ha, Nurafshon kelajak shahri. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, bugun bu yerda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Qay bir mahallasi va goʻshasiga bormang, qalbi ezgulikka limmo-lim kishilarning quvonchiga guvoh boʻlasiz. Binobarin, qaysi sohani olmang, fidoyi, mehnatsevar zamondoshlarimiz azmu shijoati bilan gullab-yashnamoqda, ravnaq topmoqda.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri