Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini takomillashtirish, ruhiy holat buzilishlarini erta aniqlash, ularga tashxis qo‘yish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni davolash sifatini oshirish, sohada samarali boshqaruv tizimini joriy etish, ilm-fanni rivojlantirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish va psixiatriya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholiga o‘z vaqtida psixiatriya yordami ko‘rsatilishini tashkil etish maqsadida:
1. Sog‘liqni saqlash vazirligining aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi quyidagi takliflari ma’qullansin:
ixtisoslashtirilgan psixiatriya va narkologiya yordamini ko‘rsatishning yagona vertikal boshqaruv tizimini joriy etish;
birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalariga ruhiy salomatlikni muhofaza qilish xizmatlarini integratsiya qilish;
ruhiy holati buzilgan shaxslarni dori vositalari bilan ehtiyojga ko‘ra to‘liq ta’minlash;
aholi, ayniqsa, bolalar va o‘smir yoshlarning ruhiy salomatligini mustahkamlash;
kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, mutaxassislarni munosib rag‘batlantirish va samarali mehnati uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish;
psixiatriya muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash.
2. Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 1 iyuldan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini, amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga (keyingi o‘rinlarda – Markaz) aylantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilab qo‘yilsinki:
a) Markaz:
ixtisoslashtirilgan psixiatrik, tibbiy-psixologik va narkologik yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi, ushbu yo‘nalishlarda yuqori texnologik moddiy baza va ilmiy maktabni shakllantiradi;
ruhiy salomatlikni ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni sog‘liqni saqlashning barcha darajalarida muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
b) hududlardagi ruhiy va narkologiya kasalliklari shifoxonalari va dispanserlari Markazning hududiy tashkiliy-metodik bo‘linmalari hisoblanadi;
Markaz, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalari tibbiyot oliy, professional va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining tegishli kafedralari uchun asosiy klinik baza sifatida faoliyat yuritadi.
3. 2023 yil 1 avgustdan boshlab:
tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazining tuman (shahar) bo‘linmalari shtatlarini qisqartirish hisobidan – tibbiy psixolog;
statsionar o‘ringa ega bo‘lmagan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va tarkibida dispanser mavjud bo‘lgan ruhiy kasalliklar shifoxonalarida – suitsidolog;
statsionar o‘ringa ega bo‘lgan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va ruhiy kasalliklar shifoxonalarida – amaldagi shtatlar doirasida qabul bo‘limi shifokori, navbatchi psixiatr, tibbiy psixolog yoki psixoterapevt shtatlari joriy etilsin.
4. Birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalarida 2023 yil yakuniga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ruhiy holat buzilishlarida yordam ko‘rsatish bo‘yicha harakatlar dasturi amaliyotga joriy qilinsin:
ruhiy holat buzilishini tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inining o‘zida erta aniqlash va davolash choralarini ko‘rish;
birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalari shifokorlari va boshqa tibbiyot xodimlarining ruhiy holati buzilgan shaxslarni klinik baholash, davolash va kuzatib borish bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirish va bilimlarini oshirish.
5. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda o‘quvchilarda o‘zini o‘zi boshqarish, murakkab hayotiy vaziyatlarni yengib o‘tish ko‘nikmalarini shakllantirish, depressiya, xavotirli holatlar va suitsidlarning oldini olish bo‘yicha maxsus ijtimoiy-emotsional o‘quv soatlarini (Social Emotional Learning, SEL) umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida maktab dasturidagi mavjud fanlar va darsdan tashqari jarayonlar doirasida yo‘lga qo‘ysin.
6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
2023 yil 1 sentyabrdan boshlab tibbiyot xodimlarini “psixiatriya”, “sud psixiatriyasi”, “tibbiy psixologiya” va “narkologiya” yo‘nalishlari bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarida o‘qitish xarajatlari Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
2023/2024 o‘quv yilidan boshlab “Psixiatriya”, “Tibbiy psixologiya” va “Narkologiya” klinik ordinatura va magistratura mutaxassisliklariga qabul faqat davlat granti asosida umumiy qabul parametrlari doirasida amalga oshiriladi hamda qabul ko‘rsatkichlari ushbu mutaxassisliklarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojni o‘rganish asosida shakllantiriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi 2023-2024 yillarda Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kamida 40 nafar soha mutaxassislarini nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari hamda markazlariga malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuborish choralarini ko‘rsin.
7. 2023 yil 1 iyuldan boshlab tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida faoliyat yuritayotgan psixiatr hamda psixiatriya davolash muassasalarida faoliyat yuritayotgan psixiatr, tibbiy psixolog, psixoterapevt hamda suitsidologlarning lavozim maoshiga ustama miqdori 25 foizdan 50 foizga oshirilsin.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ambulatoriya sharoitida davolanish uchun ruhiy holati buzilgan shaxslarni imtiyozli asosda dori vositalari bilan ta’minlashga 2023 yilda qo‘shimcha 10 milliard so‘m mablag‘ ajratsin, 2024 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda Sog‘liqni saqlash vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga asosan zarur mablag‘larni nazarda tutsin;
ushbu qarorda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni 2023 yilda sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq boshqa tadbirlar uchun xarajatlarga ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan hamda 2024 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
9. Quyidagilar:
2023-2024 yillarda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2023-2024 yillarda psixiatriya muassasalarini tibbiy uskunalar bilan jihozlash dasturi 2-ilovaga muvofiq;
Bolalarning ruhiy salomatligini mustahkamlash va bolalar psixonevrologik xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari 3-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari uchun zarur tashxislash va neyroreabilitatsiya asbob-uskunalarining namunaviy ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq qo‘shimchalar kiritilsin.
11. Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.Sh.Inoyatov belgilansin.
13. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.Tuychiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2023 yil 19 iyun