Yigʼilish tafsilotlari bilan matbuot orqali tanishar ekanman, bir narsani chuqur angladim: mamlakatimizda islohotlar jarayoni hech qachon ortga qaytmaydi, balki tadrijiy tarzda yanada izchil davom etaveradi, yangi Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari xalqimizning farovonligi va baxtli hayotga erishishiga xizmat qilaveradi.

Quvonch bilan aytishimiz lozimki, davlatimiz rahbarining gʼoyasi va tashabbusi bilan mamlakatimizning barcha jabhalarida ulkan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy sohada yirik loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Bu jarayonda xalq bilan doimiy muloqot olib borish, uyma-uy, mahallama-mahalla yurish orqali har bir xonadonga kirib borish, odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni chuqur oʼrganish va hal qilishga ahamiyat qaratilmoqda. Bunday ezgu ishlarning tub zamirida, avvalambor, xalqimizni hayotdan rozi qilishdek ulugʼ maqsad mujassam.

Maʼlumki, bundan toʼrt yil oldin mamlakatimizda davlatimiz rahbarining farmoni bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari qabul qilingan edi. Аsrlarga tatigulik shu yillar davomida mazkur dasturlar doirasida 5 millionga yaqin yurtdoshimiz yashaydigan 1 ming 200 ta mahalla va qishloqdagi sharoitlar yaxshilandi. Shuning oʼzigina “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarini dunyoda oʼxshashi yoʼq, noyob tizim, deyishimizga asos boʼla oladi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, qishloqlarga infratuzilma borsagina, hayot sifati oʼzgaradi, tadbirkorlik rivojlanadi. Shu sababli, bu yil “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari yangi yondashuvlar asosida shakllantirildi. Аholi talablaridan kelib chiqib, 206 ta tuman va shahar hokimlari, yoʼl, elektr taʼminoti, kommunal xizmat va tadbirkorlikka masʼul rahbarlar bilan birma-bir gaplashilib, 8 mingta mahallada bajarilishi lozim boʼlgan ishlar belgilab olindi.
Аniq raqamlarga murojaat qiladigan boʼlsak, joriy yilda mazkur dasturlar doirasidagi ishlarga jami 21 trillion soʼm yoʼnaltiriladi, eng muhimi, dunyoni sarosimaga solib qoʼygan pandemiya davridan chiqqan yilimiz hech qanday tashqi qarz jalb qilmasdan davlat va mahalliy byudjet hisobidan shuncha katta mablagʼ ajratilyapti.Eʼtiroflisi,Oʼzbekistonning yaqin oʼttiz yillik tarixida bunday ishlar amalga oshirilmagan.

Bundan buyon “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga qaysi mahalla yoki qishloq kirishini mahalliy kengashlar belgilaydi. Tuman va shahar hokimining iqtisod, qurilish va mahalla masalalari boʼyicha oʼrinbosarlari zarur mablagʼlar va amalga oshiriladigan ishlarni aniq hisob-kitob qilib, mahalla raisi bilan birga, hududiy kengashlarda himoya qiladi.

Deputat sifatida bizga yana bir maʼsuliyat yuklaydigan vazifa qoʼyilyaptiki, endilikda mahalliy kengashlar har bir mahalla kesimida ijtimoiy soha, ichimlik suvi, yoʼl-transport va infratuzilma obʼektlari manzilli dasturini tasdiqlaydi. Bunda mazkur dasturlar doirasida mahalla raislari va aholining “ijtimoiy hamkorligi” eʼtiborga olinadi.

Yigʼilishda yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʼir 325 ta qishloq va 71 ta mahallani kompleks rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, ularda ichimlik suvi va elektr tarmoqlari, ichki yoʼllar, ijtimoiy obʼektlar qurish hamda taʼmirlash uchun 3 trillion 300 milliard soʼm mablagʼ ajratilishi belgilandi.

Endi obod mahalla va qishloq odamlarining qalbini obod qiladigan, quvontiradigan ushbu faktlarga diqqatingizni qaratmoqchiman: 2 ming 721 ta mahalladagi 10 ming kilometrdan ortiq ichki yoʼllarni taʼmirlashga 2 trillion soʼm, 500 ta mahallaga 4 ming kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmogʼi tortish uchun 1 trillion soʼm ajratiladi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 5 ming 377 ta mahalladagi 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 4 mingdan ortiq transformatorni yangilash belgilanmoqda. Ushbu chora-tadbirlarga qariyb 2 trillion 100 milliard soʼm yoʼnaltiriladi.

Yigʼilishda Prezidentimiz aholi bandligini oshirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratdi.

Yana bir muhim jihat – “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarida qatnashgan tadbirkorlarga davlat tomonidan keng imtiyozlar yaratib beriladi. Buning natijasida tadbirkorlik va bandlik dasturlarini mahallaga bogʼlab, 500 ming nafar yoshlar va 200 ming ayollarni ish bilan taʼminlash imkoniga ega boʼlamiz, eng muhimi, “temir daftar”ga kiritilgan 300 ming nafar aholini kambagʼallikdan chiqarish ishlari izchil amalga oshiriladi. Buning uchun joriy yilda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari uchun 9 trillion soʼm resurs yoʼnaltirilishi, shuningdek, 1 trillion soʼm mablagʼ evaziga 128 ta mahallada kichik sanoat zonalari tashkil etilishi koʼzda tutilmoqda.

Belgilab olingan dasturlarda ijtimoiy sohalarni rivojlantirish chora-tadbirlari ham qamrab olingan. Jumladan, “Obod qishloq” dasturi doirasida 379 ta maktab, 171 ta maktabgacha taʼlim va 161 ta tibbiyot muassasasini, “Obod mahalla” dasturi doirasida 57 ta maktab, 37 ta bogʼcha va 15 ta tibbiyot maskanini qurish-taʼmirlash ishlari olib boriladi.

Maʼlumki, mamlakatimizning barcha hududlarida sektor tizimi yoʼlga qoʼyilgan boʼlib, bu hayotimizda oʼz natijalarini berib, islohotlarning izchil amalga oshirilishiga xizmat qilmoqda. Yigʼilishda shundan kelib chiqqan holda sektor rahbarlari oldiga yana bir muhim vazifa yuklandi. Endilikda sektor rahbarlari oʼz hududida bajarilayotgan ishlar boʼyicha mahalliy Kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali aholiga hisobot berishi zarur boʼladi. 
Mazkur yigʼilishni kuzatib, chiqargan xulosam shuki, hokim yoki vazir boʼladimi, deputat boʼladimi, Vatanimiz kelajagiga oʼzini daxldor deb bilgan yoshu qari, kattayu kichik – barchamiz Prezidentimiz belgilab bergan yagona maqsad – “Yangi Oʼzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” ezgu gʼoyasi atrofida birlashib, masʼuliyat va javobgarlikni chuqur his etgan holda, mehnat qilsak, albatta, koʼzlagan orzu-maqsadlarimizga erishamiz.

 

Oʼtkir TOJIBOYEV, 
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar boʼlinmasi boshqaruv raisi, deputat