– Bugun men sizlar bilan Yangi Oʻzbekiston saylov tizimidagi muhim oʻzgarishlar haqida suhbatlashmoqchiman. Bu oʻzgarishlar mamlakatning demokratik tamoyillarga va xalqaro standartlarga sodiqligini aks ettiradi.
Eʼtirof etish kerak, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bosib oʻtgan chuqur islohotlar yoʻli dunyo miqyosida tan olinmoqda. Ayni yangilanishlar saylov islohotlarida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda. Yangi Oʻzbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi va takomillashgan Saylov kodeksi shundan darak berayotir.
Aytish joizki, aralash saylov tizimiga oʻtish — bu muhim yangilik. Mazkur oʻzgarish Konstitutsiya hamda Saylov kodeksidan eskirgan qoidalarni olib tashlanganini anglatdi. Oliy Majlis qonunchilik palatasi uchun saylovlar majoritar va proporsional vakillik orqali oʻtkazilmoqda.
Eʼtibor bering-a, 75 nafar vakil bir mandatli tumanlardan, qolgan 75 tasi esa partiya roʻyxatlari asosida yagona saylov okrugidan saylanadi. Ushbu yangi tizim nafaqat kengroq ishtirokni taʼminlaydi, balki gender tenglikni rivojlantirishga ham hissa qoʻshadi. Chunki partiya roʻyxatlaridagi kamida 40 foiz nomzodlar ayollar boʻlishi zarur.
Bundan tashqari, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi ham tubdan takomillashtirilgani meni quvontirdi. Xususan, Konstitutsiyada qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Parlamentga kiritishi mumkin boʻlgan subyektlar qatoriga Markaziy saylov komissiyasi ham kiritilibdi.
Shuningdek, uchastka saylov komissiyalari aʼzolarini tayinlash va ularning muddatlarini belgilashda yangilanishlar amalga oshirilgani ham eʼtiborga molik. Bu esa saylovlarning yuqori darajada halol va shaffof oʻtkazilishini taʼminlaydi.
Yana bir muhim yangilik sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga koʻra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylash huquqidan foydalanishi belgilanganidir. Ularni saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etish mumkin xolos. Albatta, mazkur huquq rivojlangan davlatlarning tajribalari asosida kiritilgan. Masalan, Germaniya, Fransiya, Avstraliya, Gretsiya, Italiya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Niderlandiya, Norvegiya kabi davlatlar tajribasiga koʻra, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etgan shaxslarning saylov huquqini faqat sud qarori bilan cheklash amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
Ovoz berish jarayoniga saylovchilarni kiritish saylov roʻyxatlarini muntazam yangilash orqali amalga oshiriladi. Shunda har bir fuqaroning ovozi eshitiladi va hisobga olinadi.
Yangi Oʻzbekistonning inklyuzivlikka boʻlgan sodiqligini tasdiqlaydigan jihatlardan yana biri, xorijdagi fuqarolarning saylovlarda ishtirok etishini taʼminlash maqsadida qoidalar joriy etilganidir.
Ushbu saylovlarga tayyorgarlik koʻrish jarayonlarini kuzatgan holda men Oʻzbekiston xalqining saylovda faol ishtirok etishiga ishonaman.