Oddiy odamlarning quvonch va tashvishlari yoxud hech kim toʻnini teskari kiymasin

    Fikr 27 Noyabr 2024 63

    “Qaydasan, Fargʻona”, deb yoʻlga tushganimizda tong endi oqarib kelayotgan edi. Vodiyga borib keluvchilarning uzogʻini yaqin qilayotgan Tohirjon, oʻzining aytishicha, “bu yoʻllarda kechasi ham koʻzini yumib” bemalol “Lasetti”sini boshqaraveradi.

    Hamrohlarim uzoq yil harbiyda birga xizmat qilgan toshkentlik doʻstlarining 75-yillik yubileyida ishtirok etib, uyga qaytayotgan ekan. Fargʻonaliklarga xos tantilik bilan, nisbatan yosh boʻlsam-da, meni old oʻrindiqqa oʻtkazib, ikki joʻra orqa oʻrindiqqa joylashdi.

    – Yaxshi gurung uzoq manzilni bir qadam qiladi, – dedi Hasan aka gap ohangidan menga murojaat qilib. – Biz tomonlarga nima maqsadda boryapsiz?

    – Sening nima ishing bor, – deya ulfatining ogʻziga urmoqchi boʻldi Nuriddin aka. – Bu yerda rais emassan. Qolaversa, sening xoʻjayinchilik qiladigan davring oʻtdi – nafaqaga chiqding, axir. Nega endi bu kishim bizga hisobot berishi kerak? Toʻgʻrimi, ukajon?

    Ikki tengdoshning samimiy gaplaridan zavqim keldi.

    – Toʻrt-besh koʻylakni ortiqcha toʻzitgansizlar, shuning uchun gurung tizgini sizlarda boʻlgani yaxshi, – dedim kulib.

    Oʻgirilib qarasam, Hasan aka qovogʻini uyib, oynadan tashqariga qarab jim boʻlib qolibdi. Nuriddin aka yana oʻrtogʻiga, soʻng menga yuzlandi:

    – E, hazillashdim, joʻra, darrov toʻningni teskari kiyib oldingmi? Uka, shuning savoliga tezroq javob bermasangiz, manzilgacha qovogʻini ochmaydi.

    Oʻrnimga yoʻldan koʻz uzmay avtomobil boshqarib ketayotgan Tohirjon boya yoʻlkirani savdolashayotib, mendan bilib olgan maʼlumotlarni toʻkib soldi:

    – Bu akaxonning yaqinlari biz tomondagi sihatgohda davolanyapti ekan, ularni yoʻqlab boryapti. Oqshom ortga qaytadi. Ulgursam, balki yana oʻzim Toshkentga olib qaytaman.

    Vodiyliklar bor joyda askiyasiz suhbatlashmaslikning iloji yoʻq. Nuriddin aka gapga chechan ekan, Hasan akaning qit-patiga tegishda davom etdi:

    – Mana, gapning tagiga ham yetding, oshna. Poytaxtdagi toʻyda rosa oʻynading. Oʻynashing hammaga yoqdi. Charchagansan, biroz mizgʻib ketaqol...

    Hasan akaning biroz chiroyi ochildi.

    – Men bogʻdan kelsam, sen togʻdan kelasan-a, Nuriddin. Hozir aytdim-ku, gurung qilib ketamiz, deb. Mizgʻish qochmas... Mehmon, biz tomonlarda tez-tez boʻlib turasizmi?

    – Chamamda oxirgi borganimga 6-7-yil boʻlib qoldi. Odamlar hayoti, shahar-qishloqlar shamoyilida oʻzgarishlar katta boʻlsa kerak?

    Boshimni hamrohlarimga oʻgirib, shu savolni berganimdan keyin ancha vaqt yoʻlga qaramadim. Sababi, suhbat qizib ketdi, Hasan akaning gap qopi ochildi:

    – Mahallaga 20-yil raislik qildim. Ikki yil boʻldi, vazifamni yoshlarga topshirganman, ammo uyda xotirjam oʻtirishga qoʻyishmaydi. Hozir mahalla faoliyatidagi jonlanish bunga izn bermaydi. Avval idorada oʻtirib, faqat odamlarga kerak maʼlumotnoma yozib berish, uch-toʻrt oilaga nafaqa puli hisoblash bilan kunni kech qilardik. Hozir vakolat ham, shunga yarasha ish ham koʻpaygan. Odamlarning hayoti oʻzgardi. Ular tanballik, dangasalik dushman ekanini borgan sari teran idrok etyapti. Raisligimning dastlabki yillari muammo koʻp, ammo ularning birortasiga yechim topilmasdi. Aniqrogʻi, ularni hal etishga mahallaning qoʻli kaltalik qilardi. Bugun ham muammolar yoʻq emas, biroq barchasini bartaraf etish mumkin. Odamlarga tomorqa berilgani yaxshi boʻldi. Tirikchilikni oʻtkazish osonlashdi, mehnatdan qochmasa boʻldi. Aslida mehnatdan qoʻrqmaydigan xalqmiz. Ketmondastani suqib qoʻysangiz, koʻkaradigan yerimiz bor. Koʻz oʻngimizda xalqimiz farovonlashyapti. Eslasangiz, bir paytlar koʻchadagi ikki yo uch oilada avtomashina boʻlardi. Hozir har bir xonadon oldida ikki-uchtalab mashina turadi. Dehqonchilikdan tashqari, tadbirkorlik bilan shugʻullanadiganlar ham koʻpaydi, ishlab chiqarish kengaydi. Mahalla hududida korxonalar paydo boʻldi.

    – Saʼdulla aka va farzandlari haqida aytib bergin, – gap qoʻshdi Nuriddin aka.

    – Mahallamizdagi Saʼdulla aka bizdan 4-5 yosh katta, – dedi Hasan aka hamrohiga bosh irgʻab. – Bir umr maktabda jismoniy tarbiyadan dars bergan. 2017-yilning kuz oylari edi. Bir kuni ertalabdan jahl otiga mingan, yuzi asabiylashishdan zoʻriqib ketgan akamiz idora ostonasida paydo boʻldi. He yoʻq, be yoʻq, menga oʻdagʻaylab ketsa deng. Aytmagan gapi qolmadi.

    — Men toʻnimni bir teskari kiymay, bola. Meni bilasan-a, ayab oʻtirmayman. Sen oʻzi qanaqa raissan, bizning ham dodimizga quloq solasanmi? Senlarda vijdon bormi?

    — Aka, tinchlikmi, sal oʻzingizni bosib oling, bundoq yotigʻi bilan tushuntiring, nima boʻldi? — deb xonaga olib kirdim.

    Maʼlum boʻlishicha, katta oʻgʻli yoʻl yoqasida qurilayotgan yangi koʻp qavatli uylardan xonadon olishga bir necha yil oldin ariza bergan, lekin masala yechim topmagan. Tuman va viloyat hokimligiga murojaati samarasiz ketgan, siljish boʻlmagan. Kimdir “uylar allaqachon taqsimlab boʻlingan, ozroq xarajat qilsangiz, toʻgʻrilab beramiz”, deb Saʼdulla akani chalgʻitibdi va ish paysalga solinayotganida mahallani ayblabdi. Kichik oʻgʻli ancha uddaburon, tadbirkorlik qiladi. U ham ishlab chiqarish korxonasi qurish uchun yer ajratilishini soʻrab ariza berganiga ancha boʻlibdi. Uning muammosi ham goʻyo mahalla aybi bilan hal boʻlmayotganmish, Saʼdulla akaning vajohati sababi shundan ekan.

    — Aka, bu gaplardan xabarim yoʻq, menga bir ogʻiz aytmagansiz-ku. Kishining ruhi tushsa, oti ham chopolmaydi, deydi xalqimiz. Koʻngilni choʻktirmang. Bilaman, xoʻjaligingiz katta, bir uyda tiqilib qolgansizlar, kattangizga alohida uy kerak. Kichik oʻgʻlingiz ham bir ishga qoʻl ursa, eplab ketadi, faqat ozgina dalda kerak, dedim. Uzoq suhbatlashdik. Orada ancha narsa yuzaga chiqdi. Masʼul va mutasaddilar asosan taʼmagirlik qilib ishni paysalga solayotgani koʻrinib turar edi. Hamma hujjatini taxlatdim. Mahallaga biriktirilgan tegishli sektor rahbarlari bilan gaplashib, vaziyatni tushuntirdim. Masala biror haftalarda ijobiy xal qilindi. Hozir ikkala oʻgʻilning ishi yurishib ketgan: kattasi uy oldi, kichigi avvaliga bir necha odamni ish bilan taʼminlab, qurilish materiallari ishlab chiqaradigan sex ochgandi. Oʻtgan yili ota-onasini umra ziyoratiga olib bordi. Shu kunlarda biznesi kengayib, akasi bilan tuman markazida koʻp qavatli uy quryapti azamat. Xorijga ketib pul topib kelaman, degan maqsadda yurgan oʻnlab yoshlar hozir uning qoʻlida ishlayapti, roʻzgʻorini tebratyapti. Qoyilmisiz? Shukr, shunday imkoniyatlar yaratilgan davrlarga ham yetib keldik.

    Suhbatga qoʻshilaymi-yoʻqmi, degandek ogʻiz ochishga chogʻlangan Nuriddin akani ham gapga solgim keldi.

    – Toshkentda yubileylar qanday oʻtdi, xizmatdoshlar yoshlikni bir eslabsizlar-da?

    – Oʻtgan asrning 70-yillari boshida Belarus oʻrmonlaridagi harbiy qismda xizmat oʻtaganmiz, – dedi Nuriddin aka. – Men, Hasan akangiz va toshkentlik Rahmatilla juda inoq boʻlganmiz. Bir necha yil avval Rahmatilla ogʻir dardga chalindi. Tekshirgan shifokorlar vaziyat jiddiyligini, bu ketishda bir-ikki oyda umri poyon topishini aytibdi. Katta pul evaziga faqat Hindistonda jarrohlik amaliyoti oʻtkazish bilan bu dardga davo topish mumkin ekan. Rahmatillaning uch qizi bor, oʻgʻli yoʻq. Lekin kuyovlari oʻgʻlidek boʻlib ketgan, hammasi oddiy, yaxshi insonlar, baraka topishsin. Maslahatlashib, zudlik bilan Hindistonga olib ketishga qaror qilishadi. Zarur mablagʻ bazoʻr jamlanadi. Chiptalarga buyurtma berilib, hind shifoxonasidan joy band qilinadi. Ketishi kerak boʻlgan kuni kichik kuyovi Toshkentdagi shifoxonalarning birida xuddi shunday kasallar davo topa boshlagani haqida xabar olib keladi. Bu orada doʻstimizning ahvoli ancha ogʻirlashib qolgan ekan. Chiqmagan jondan umid.

    Oʻzimizning shifokorlar oʻtkazgan jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli chiqadi. Buning uchun Hindistonga yigʻilgan pulning bir qismi kifoya qiladi. Mana hozir Rahmatilla dard koʻrmagandek boʻlib ketdi. Qizlar va kuyovlari maslahatlashib, oʻsha ortgan pulga otasining 75-yillik tavallud kunini nishonlab berdi. Aytganingizdek, uchala doʻst yoshlikni rosa esladik, raqsga tushdik. Doʻstimiz qatorimizda ekaniga shukr qilib kelyapmiz.

    – Demak, tengdosh boʻlsalaringiz, sizlarning ham yubileyingiz yaqin ekan-da yoki oʻtib ketdimi? – deb soʻradim.

    – Biz yil boshida 75 yoshni urib qoʻyganmiz, – davom etdi Nuriddin aka. – Hujjat boʻyicha Hasan fevralda, men mart oyida tugʻilganman. Ikkalamiz ham uyimizda, farzandlar va nabiralar qurshovida kichikroq qilib nishonladik. Katta nabiram hunarmand, daromadi chakkimas. Shu katta qilib nishonlaylik, deb turib olgandi, roʻyxushlik bermadim.

    – Qanday hunari bor?

    – Miskarlik bilan shugʻullanadi. Yosh boʻlsa-da, koʻplab shogirdi bor. Bir qutichalar, likopchalar, chiroyli suvinerchalar yasaydi, koʻrib koʻz quvnaydi. Lekin uning mahsulotlariga oʻzimizda uncha eʼtibor berilmaydi, negadir qadrlanmaydi. Yasagan buyumlarini asosan internet orqali xorijga onlayn sotadi...

    – Internetu onlaynniyam bilarkansiz, qoyil, – deb gap qoʻshib qoʻydi haydovchimiz Tohirjon.

    – Albatta, bilaman, – zavqi keldi akaning, – mahsulotlarini qanday sotishini soʻraganimda nabiram tushuntirib bergan. Avvaliga rasmga olib, internetga qoʻygan. Qoʻlda yasalgan buyumlarning ishqibozlari boʻlarkan. Oʻshalar buyurtma bera boshlagan. Choʻntakka ham sigʻadigan kichkina qutichasini yaqinda avstraliyalik xaridorga 800 dollarga sotibdi. Hozir Toshkentda “Hunarmand” uyushmasi oʻtkazayotgan koʻrgazmada qatnashyapti.

    – Ikkovingiz ham gap orasida “toʻnini teskari kiyish” degan iborani ishlatdilaringiz. Bu jahli chiqqan odamga nisbatan aytilishini bilaman. Biroq nega aynan shunday deyilishini bilmas ekanman, – qiziqib soʻradim otaxonlardan.

    Boyadan beri jim ketayotgan Hasan akaga yana jon kirdi.

    – Xalqimizning “toʻnini teskari kiydi” degan iborasi bekorga aytilmaydi. Oʻzim maktabda ona tili va adabiyotdan muallimlik qilib, nafaqaga chiqqanman. Bir kuni oʻquvchilarim ham shu savolni bergan edi: “Nega toʻnini teskari kiydi, deyiladi? Jahl chiqishiga toʻnning nima aloqasi bor? Buni qanday tushunamiz?” deb. Kitoblarni titib javobini topganman. Oʻshangacha oʻzim ham oʻylab koʻrmagan ekanman. Bu ibora odamning dargʻazab boʻlganini ifodalaydi. Avvallari odamlarning kundalik kiyimi toʻn boʻlgan. “Kambagʻalni urma, soʻkma, toʻnini yirt” degan ibora ham shundan qolgan. Ha, kambagʻalning toʻni bir dona boʻlgan. Agar toʻni yirtilsa, koʻchaga kiygani boshqa libosi qolmas edi. Ana oʻsha davrlarda kambagʻal odamning jahli chiqib, birortasi bilan olishmoqchi boʻlsa, toʻnining ustki qismini avaylab, teskarisini kiyib olar ekan. Chunki tuproqqa dumalab yoqalashsa, yirtilgan taqdirda ham ichiga yamoq tushadi, oʻngini kiysa yamoq ichida qolib ketadi.

    Qarasam, menga kerakli sihatgoh darvozasi oldida turibmiz.

    – Mana, manzilimga ham yetib keldim, rostdan ham vaqt qanday oʻtganini bilmay qoldik, – dedim men bilan xayrlashishga chogʻlanib turgan hamrohlarimga. – Ayting-ayting, inson feʼlida toʻnini teskari kiygulik qilmasin. Gʻam-tashvishdan xoli, quvonchga oshno, koʻngli xotirjam, maʼnaviyati yuksak odamga buning zarurati yoʻq. Xalqimizga egnidagi toʻn oʻngi bilan yarashadi.

    Hasan va Nuriddin akalarning yuzi yanada yorishdi:

    – Yashang, uka! Qoʻlni tashlang...

    Nodir MAHMUDOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    (Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2024-yil 20-noyabr, 235-sonida chop etilgan)