Oddiy uy bekasining haqiqati: halol mehnat bilan topilgan daromadning barakasi bo'ladi

    Yaqinda tog'amning qishlog'iga yo'lim tushdi. Kun qizigandan qizib kelyapti. Taksidan tushiboq “Muzdek ayron” deb yozilgan salqingina manzilga kirganda, shu erda o'tirgan nuroniylarning suhbati bexos qulog'imga chalindi.

    Ulardan biri: “Bir emas, o'n erkakning mehnatini qilyapti”, deb kimnidir maqtayapti. Yana biri davom etadi: “Ha-a, unga qoyil, ham hovlisini binoyidek sarishta qilib, ham salkam yarim gektar erni gurkiratyapti...”.

    Ish payti ham, bo'sh payti ham daladan topasiz

    Keyin bilsam, bu ayol Sojida Yo'ldoshyeva ekan. U 1986-yili Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Qoraqo'ng'irot qishlog'ida tug'ilgan. Hozir 4 farzandning onasi.

    Sojida opa bilan bafurja suhbat qurish maqsadida surishtirib-surishtirib Qoraqo'ng'irot qishlog'iga biriktirilgan hokim yordamchisi Abrorjon Xolmurodov bilan bog'landik. U “Sojida opa bunaqa paytda dalada bo'ladi, ish payti ham, bo'sh payti ham daladan topasiz”, dedi.

    Abror aka haq bo'lib chiqdi, Sojida opa o'z dalasida ekan. Ko'rinishidan mehnatkashligi sezilib turgan bu ayol 2022-yilda qishlog'idagi erlardan 25 sotixini auktsion orqali olib, dehqonchilik bilan shug'ullanib kelmoqda. Opa bilan Abror aka tanishtirib qo'ydi. Shundan keyin bu tinim bilmas ayol bizni o'rimga tayyor bo'lib qolgan g'alla maydoni tomon boshladi.

    “Shu ko'rib turgan eringizda bolalikdan o'ynab katta bo'lganmiz, paxta terardik, somon yig'ardik. G'alla o'rimidan bo'shagan erlarda mol boqardik. Mana bu ariqlarda olma, tarvuz, pomidorlarni yuvib erdik. Xullas, shu qishloqda ulg'aydim. Taqdirimga bitilgan ekan, o'z qishlog'imga kelin bo'ldim. Men kelin bo'lib tushgan xonadon ham oddiy oila, halol mehnat hisobiga kun ko'rar, shunday bo'lsa-da, qaynotam turmush o'rtog'imni universitetda o'qitgan edi.

    Sekin-sekin turmushimizni yo'lga qo'yib oldik. Turmush o'rtog'im pedagogika yo'nalishini tamomlagani uchun qishloqdagi maktabga ishga kirdi. U kishi halol inson, qaynona-qaynotam shunaqa tarbiya bergan. Ishiga vijdonan yondashadi.

    Hayotimiz bir zaylda davom etaverdi. Farzandli bo'ldik. Turmush o'rtog'im dam olish kunlari ham ishlay boshladi. Men farzandlarimiz tarbiyasi bilan mashg'ul edim. Lekin oilamiz kattargani sayin ehtiyojimiz ham ortib boraverdi. Ba'zida etkazsak, ba'zida qiynalibroq qoldik. Shunday kunlarda men ham ishlashim kerak, katta oilani boqishda qiynalayotgan turmush o'rtog'imga oz bo'lsa-da, yordam berishim kerak, deb o'ylab qolardim. Nima ish qilishni esa bilmayman.

    Hokim yordamchisining taklifi

    Qo'limdan keladigani – uy-ro'zg'or ishlari, dehqonchilik. Lekin 6 sotix hovlimizda dehqonchilik qilsam, hosili ro'zg'ordan ortmas edi. Borgan sari mana shu o'y menga tinchlik bermay yuraverdi.

    Bir kuni qishlog'imizga hokim yordamchisi qilib tayinlangan Abror aka uyimizga kelib, hukumat qarori bilan ehtiyojmand oilalarga va ishsiz yoshlarga er ajratib berilayotgani, istalgan qishloq xo'jaligi ekinlarini etishtirib, mo'may daromad qilish mumkinligi haqida aytib qoldi.

    To'g'risi, kechasi bilan rejalar tuzib, uxlolmadim, halovatim yo'qoldi. ertasigayoq Abror aka bilan bog'lanib, buning uchun nima qilish kerakligini so'radim. Hujjat ishlarida yordam berishini aytdi.

    Xursand bo'ldim. Axir, endi oilamga daromad keltiraman. Qolaversa, yoshligimdan dehqonchilik qilib katta bo'lganman, uddalashimga ko'zim etadi.

    SHunday qilib, hujjatlarni tayyorlab, auktsionda qatnashdim va 2022-yil mart oyida bizga qishlog'imizdan, uyimizga yaqin suvli erlardan 25 sotix er ajratib berildi.

    O'shanda qanchalik xursand bo'lganimni faqat o'zim bilaman. endi men ham qaysidir ma'noda tadbirkor edim-da. Shundan keyin bu erga nima ekish haqida o'ylay boshladim. ekin turi ko'p, lekin erga va iqlimga mos keladiganini tanlash kerak edi. Qishloqdagi mirishkor dehqonlarimizdan so'rab-so'rab, maslahatlashib, sabzi ekmoqchi bo'ldik. Hisoblab ko'rsak, sabzining urug'i ham arzon emas, 25 sotix erga qariyb 1 million so'mlik urug' kerak ekan.

    Yana masalaga echim izlab Abror akaga yuzlandik. U bu safar ham bizdan o'z maslahati va yordamini ayamadi – urug'lik davlat tomonidan olib beriladigan bo'ldi.

    O'zingiz ayting, shuncha imkoniyat yaratib berilgandan keyin javlon urib ishlamay bo'ladimi?!

    Xullas, ko'tarinki kayfiyat, zo'r g'ayrat bilan ishga kirishdik. Hamma ishni o'zim qilishga intilardim, go'yo ekinzorimizni hech kimga ishonmasdim. Ishdan tashqari vaqtda va dam olish kunlari turmush o'rtog'im yordam berardi.

    Ming shukrki, bizga ajratilgan erda suvdan muammo yo'q. Suv tanqis bo'lib borayotgan hozirgi davrda bunday imkoniyatning o'zi katta yutuq. Shunday qilib, dehqonchiligimiz gurkirab ketdi. Hatto turli kasalliklarga qarshi dorilarni ham davlatdan yordam sifatida oldik.

    Quvonganimiz, davlat faqat erning o'zini berib qo'yib, qolganini o'zing qil, demadi. Kamchiligimizga sherik bo'ldi, yordamini ayamadi. Men faqat chin ko'ngildan ishladim.

    Bir yilda 20 million so'm sof daromad qildik

    Yig'im mavsumi boshlandi. YAqinlarimiz ko'magi bilan eson-omon hosilni yig'ishtirib oldik. Sotish ham muammo bo'lmadi. Xaridor topishda davlatimiz tomonidan ko'mak berildi. Hamma ishni joy-joyiga qo'yganimizdan keyin o'tirib hisoblasak, sof 20 million so'm daromad qilibmiz!

    Men ayol kishi bo'la turib buncha pul topishim mumkinligini tasavvur ham qilmasdim. Axir, oliy ma'lumotli emasman, aksiga olib biror ishni boshlashga mablag'imiz ham yo'q edi. Avvalo, Xudoga behisob shukr qilaman. Ishsiz qishloq odamlariga shunchalik imkoniyat yaratib berayotgan davlatimizdan minnatdorman.

    Shunday qilib, omadli yakunlangan mavsumdan keyin erni o'g'itlab, dam berdik. Olingan foydaning bir qismini oilamiz ehtiyojlariga sarfladik, muayyan qismini keyingi yilgi dehqonchilik uchun asrab qo'ydik. Balki 20 million so'm kim uchundir kam tuyular, lekin halol mehnat bilan topilgan daromadning barakasi bo'ladi.

    Erga mehr bersangiz, u sizga baraka beradi

    Endi keyingi rejalarimiz haqida o'ylay boshladim. Ko'pchilikning maslahati bilan bu yil urug'lik bug'doy ekdik. Hokim yordamchisi yana qo'lidan kelgan yordamini ayamadi. Hosildan 10 millon so'm atrofida foyda olishni ko'zlab turibmiz.

    Faqat shu bilan cheklanib qolmaymiz. G'alladan bo'shagan erga sabzi ekmoqchimiz. Avvalgi yilgiga qaraganda yaxshiroq navini surishtirib qo'ydim. Xudo xohlasa, sabzining o'zidan daromadimizni 30 millionga etkazmoqchimiz. Topgan pulimizning bir qismini farzandlarimiz ta'lim olishiga sarflash niyatimiz bor.

    Erda baraka bor, deb bejiz aytishmagan. Unga mehr bersangiz, u sizni boqadi. Hammasi astoydil mehnat qilishga bog'liq. Biz foyda olayotganimizni ko'rib, qishloqdagi ko'plab oilalar ham qiziqib qolgan. Mana shu yil, eshitishimizcha, yana 5-6 oilaga er beriladi. Biz uchun esa qancha ko'paysa, shuncha yaxshi. Odamlar daromadini oshiradi, hamma oilasi bag'rida yashab, ishlab umrguzaronlik qiladi. Bu yaxshi-ku”!

    Uy bekasidan tadbirkor dehqonga aylangan ayol

    Sojida opaning hikoyasini tinglab vaqt qanday o'tganini bilmay qolibmiz. Ko'z o'ngimizda oddiy uy bekasidan har mavsumda 40-50 million so'mgacha foyda ko'rayotgan tadbirkor dehqonga aylangan ayol turar edi. Yana guvoh bo'ldikki, har bir ayolning ichida o'ziga xos shijoat yashirinib yotadi, muhimi, uning kashf etilishida. Sojida opa kabi ayollarga ishonch bildirib, imkoniyat yaratib berayotgan davlatimizdan hamma rozi.

    Odam qilgan ishni odam qiladi, deganlari rost ekan. Asosiysi, mehnat qilishga istagi bor kishiga imkon yaratib berish. Jamiyatda barcha ham olim yoki quruvchi bo'lmaydi, lekin har kimning o'z qiziqishi, nimagadir qobiliyati bor. Bunga Sojida opa misol.

    Qishloq ayolining Sojida nomli portreti

    Sojida opaga tashakkurimizni bildirib xayrlashar ekanmiz, yana kelishni dilga tugib qo'ydik. Opa hali kelajakda faoliyatini yanada kengaytirishini, nasib etsa, issiqxonalar barpo etishini aytib qoldi. Biz esa bu ayol o'z maqsadiga albatta erishishiga ishondik. Negaki, ham 4 farzandni tarbiyalab, ham dehqonchilikka ulgura olayotgan ana shunday ayollar siymosida kuchli shaxsiyat yashiringani shubhasiz.

    Izlanganga imkon bor, izlanmagan esa sekingina nolib qo'yadi. Kimdir nolish bilan vaqt sarflayotgan paytda boshqa birov uning yonginasida hayotini yaxshilash uchun tinim bilmay harakat qilayotgan bo'ladi. Sojida opa ana shunday harakatchan insonlardan.

    Jonibek ALIJONOV,

    jurnalist