Oila er-xotinning roziligi asosida qurilishi kerak

    Fikr 6 Noyabr 2020 6297

    Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida uch nafar erkak 24 yoshli qizni olib qochib, fuqaroga majburan nikohlamoqchi bo‘lgani bilan bog‘liq holat keng muhokama qilinmoqda.

    Ta’kidlash joizki, qadriyatlar har bir millatning o‘tmishi, buguni va kelajagini oynadek ko‘rsatib turuvchi eng muhim omillardan sanaladi. Ammo ayrim odamlar orasida shunday noto‘g‘ri yondashuv shakllanganki, qiz o‘g‘irlash go‘yo milliy urf-odatlardan hisoblanadi. Zotan, “baxtga eltuvchi” o‘g‘rilik - qadriyat emas.

    Oila har bir jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila mustahkam, tinch bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta va farovon bo‘ladi. O‘g‘il-qizlarning o‘z ixtiyori asosida bunyod etilgan oila qo‘rg‘oni mustahkam va baxtiyor bo‘ladi.

    Oila kodeksiga muvofiq, nikoh bo‘lajak er va xotinning o‘zaro roziligi bilan ixtiyoriylik asosida tuziladi hamda nikoh tuzishga majburlash taqiqlanadi.

    Bosh Qomusimizda ham oila, jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekanligi, uning jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga egaligi, nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi qayd etilgan.

    Taassufki, ayrim hududlarda ayolni erga tegishga majburlash, yoki qizlar bilan nikoh tuzish uchun o‘g‘irlash holatlari bot-bot uchrab turmoqda.

    Insonning erkiga tajovuz qilish - og‘ir jinoyat. Mamlakatimizda bu holatga nisbatan chora ko‘rilishi qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan. Shu jumladan, Jinoyat kodeksining 136-moddasi bilan, ya’ni ayolni erga tegishga majburlash yoki ayolning erkiga xilof ravishda u bilan nikohda bo‘lish maqsadida o‘g‘irlash uchun javobgarlik belgilangan. Ya’ni bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish choralari ko‘riladi.

    Muxtasar qilib aytganda, bugungi kunda huquqiy demokratik davlatda bunday xatti-harakatlar emas, aksincha, oila deb atalmish muqaddas dargohni o‘g‘il-qizlarimizning o‘zaro roziligi asosida qurilishi qo‘llab-quvvatlanadi.

    Feruza EShMATOVA,
    Oliy Majlis Senati
    Xotin-qizlar va gender tenglik
    masalalari qo‘mitasi raisi.