Haqiqiy baxt — oilada. Bolalar bu maskanda mehr taftini yaqqol sezadi

    Termiz shahrida yashovchi xususiy tadbirkor Umid Gʻairov va Barno Omonova xonadonida ham 10 bola tarbiyalanmoqda. Ulardan ikki nafari — Islom Karimov va Jahongir Xoliyorov Toshkent davlat yuridik universitetining 1-kurs talabasi. Yigitlar oʻqishga davlat granti asosida qabul qilingan.

    Xalqimizning bolajonligi ortiqcha taʼrifu tavsifga muhtoj emas. Yurtimiz oʻtmishining qaysi davrini oʻrganmang, oʻzbekning bolaparvarligiga guvoh boʻlasiz. Bu mehr-muruvvat uylar osha boshqa xonadonlarga ham kirib borayotgani fikrimiz tasdigʻidir. “Bolaning begonasi boʻlmaydi”, “Bir bolaga yetti mahalla — ota-ona” kabi hikmatlar necha oʻn yillarki, tildan tilga koʻchib yurgan xalqning yosh avlodga gʻamxoʻrligi haqida, yaxshisi, hayotiy misollar soʻzlagani maʼqul.

    Zotan, hatto begonaning bolasiga ham oʻz bolasidek eʼtibor va gʻamxoʻrlik bilan qaraydigan millatlar dunyoda juda kam. Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalarning oilalarga berilgani xalqimizdagi bolaparvarlik fazilatini namoyon etuvchi kalit vazifasini oʻtadi.

    Bu chora-tadbirning zamiridagi haqiqat nechogʻli teran ekanini yoshi ulugʻlarimiz yaxshi angladi. Mehribonlik uylarida yeyish-ichish, kiyim-kechak, oʻyinchogʻu koʻngilochar vositalardan kami boʻlmagan bolalar uchun oila, ota-ona tarbiyasi gʻoyat muhim edi. Ular tabiiy muhitdagina shakllanib, insoniy xislatlarini takomillashtira borishi uchun rosmana oila zarur edi.

    Davlatimiz rahbari mana shu haqiqatni ilgʻab, bolalarni oʻz bagʻriga olishga tayyor oilalarning kengayishiga rozilik bildirdi. Xalqimiz bu chaqiriqqa darhol ijobiy javob bergach, yurtimizdagi koʻplab mehribonlik uylari yopildi. Bolalar toʻkis oilalarda tarbiyalana boshladi.

    Ayni paytda Surxondaryo viloyatidagi beshta bolalar uyida 38 oʻgʻil-qiz tarbiyalanmoqda. Jumladan, Termiz shahrining Guliston mahallasidagi Muhabbat Xoliqova xonadonida 4 bola tarbiyalanayotir. Uydagi tartib-intizom, ozodalik, iliq muhit insonning ruhiyatini ravshan torttiradi. Shinam xonadon atrofidagi gulzor, kitob javonidagi oʻzbek va jahon adabiyoti namunalari oʻgʻil-qizlarning bilimga chanqoqligi va izlanishidan, stol tennisi anjomlari sport bilan oshnoligidan darak beradi.

    Ayniqsa, “Mening maqsadim” doskasidagi bitiklar bolalarning begʻubor olami va yuksak orzularini ifoda etadi. Ularni oʻqib, bu jajji koʻngillarda Vatanga, onaga, oilaga, kattalarga, mehnatga, bilimga hurmat va mehrni ilgʻash qiyin emas. “Men katta boʻlsam, jurnalist boʻlaman va “Onamni koʻrgani boraman…” degan koʻrsatuv tayyorlayman”; “Maqsadim — oliy maʼlumot olib, Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qilish”; “Men harbiy boʻlaman, yurtimizni, oilamizni qoʻriqlayman”… Bu kabi misollarni koʻplab keltirish mumkin.

    Asosiysi, ota-onalar farzandlarining qalbiga faqat ogʻzaki muloqot bilan emas, balki yozma suhbatlar orqali kirib borayotir. Yana bir muhim jihat: bolalar oilada qarindoshlik rishtalari, ogʻayni-birodarlik munosabatlari va bu tuygʻular oʻta qadrli ekanini allaqachon anglagan. Ularning soʻz boyligida bobo, momo, amma, xola, togʻa, jiyan kabi soʻzlar tez-tez yangraydi. Toʻgʻri, bu soʻzlarni ular avval ham qoʻllagan, ammo oʻshanda pinhoniy diydor tuygʻusi sifatida ishlatgan. Hozir esa mehr, muhabbat va ishonch bilan katta oila davrasida bu soʻzlarni aytmoqda.

    Bu xonadonda kamolga yetgan Umida Ubaydullayeva ayni paytda Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi Termiz filialida davlat granti asosida taʼlim olmoqda. Bolalikdan uning orzusi tibbiyot xodimi boʻlish, dardmandlarga shifo ulashish edi. Mana, endi orzulari ushalishiga bir qadam qoldi. Yaqinda unga Termiz tumani Yangiyer mahallasida barcha shart-sharoitga ega, ikki xonali shinam uy qurib berildi. Umidaning bundan sevinchi cheksiz, albatta. Mustaqil hayotga qadam qoʻyish uchun bundan ajoyib imkoniyat boʻlmaydi.

    Termiz shahrida yashovchi xususiy tadbirkor Umid Gʻairov va Barno Omonova xonadonida ham 10 bola tarbiyalanmoqda. Ulardan ikki nafari — Islom Karimov va Jahongir Xoliyorov Toshkent davlat yuridik universitetining 1-kurs talabasi. Yigitlar oʻqishga davlat granti asosida qabul qilingan. Har safar uyga kelishganida ularning “Ayajon, dadam bilan sizning yuzingizni aslo yerga qaratmaymiz. Hali siz faxrlanib yuradigan farzandlar boʻlamiz. Bildirilgan ishonchni oqlab yashaymiz”, degan gaplarini eshitish ota-onaga olam-olam quvonch bagʻishlaydi.

    Barno opa tikuvchilikka qiziqqani sabab har bir bola uchun maxsus koʻrpachalar tikkan. Choyshablarning bejirimligi va ozodaligi bolalar uchun nihoyatda muhim. Qizlar onasiga qarab, uy-roʻzgʻor tutishni, bekalik sir-asrorlarini oʻrganadi. Shu tarzda mustaqil hayotga tadorik koʻradi. Oilaning qizi Lida Konvalido qoʻgʻirchogʻini mehr bilan oʻynar ekan, savollarimizga sof oʻzbekchada burro-burro javob berdi.

    Darvoqe, oilaviy sayohat xonadonda odat tusiga kirgan. Haftaning muayyan kunlari bolalar vaqtini oshna-ogʻaynilari davrasida yoki bobo-momosi suhbatidan bahramand boʻlib oʻtkazadi. Shuningdek, harbiylar bilan uchrashuv, togʻ yonbagʻri, sport maydonchalari, qorabayirlar saqlanadigan otxona, hayvonot olami, poliz ekinlari maydoni kabi joylarga tez-tez sayohat uyushtirib turiladi. Bu bolalarning aqliy va jismoniy rivojlanishi, hayotni anglashida katta ahamiyatga ega.

    Bolalar oilalarga topshirilgan bilan ularning ahvolidan tegishli masʼullar muntazam xabardor boʻlib boradi. Tarbiyalanuvchilarning bekamu koʻst ulgʻayishi va orzu-niyatlarini amalga oshirish uchun koʻmaklashadi. Jumladan, “Mehr daftari” elektron platformasiga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum oʻgʻil-qizlarning muammolarini hal etishga qaratilgan yoʻl xaritasi ishlab chiqiladi.

    Oʻtgan yili vasiylik hamda homiylik asosida “Mehr daftari” elektron platformasiga kiritilgan 66 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boladan 39 nafariga yordam berilgan. Xususan, IT va zamonaviy kasblarga ishtiyoqi baland 26 bolaga noutbuk, chevarlikka qiziqqan 8 qizga tikuvchilik mashinasi, shuningdek, oilaviy bolalar uyida tarbiyalanayotgan 10 bolaga velosiped hamda 7 qizga changyutkich olib berilgan.

    Termiz tumanidagi bolalar uyi Sharof Rashidov mahallasidagi 31-xonadonda joylashgan. Bu yerda yashovchi Komiljon Toshpoʻlatov va Diloromxon Suyundiqovaning bolajonligi, shirinsoʻzligi va, albatta, katta qalb egasi ekani yuz-koʻzidan bilinib turadi. Bolalarning ota-onasiga “dadajon”, “ayajon” deya murojaat qilishi xonadondagi qaynoq mehrli muhitdan dalolat beradi.

    Oʻgʻil-qizlarning yashash sharoiti bilan yaqindan tanishish uchun keng hovli boʻylab kezishimizga toʻgʻri keldi. Sababi, bolalar dam olish xonalari, oshxonadagi joyi, darsxonasi, yotoqjoyi bilan tanishtirishga oshiqardi. Biri qoʻyib, ikkinchisi xonadondagi shart-sharoitlar haqida toʻlqinlanib gapirardi.

    Kichkintoy Doston Rahimboyev va Sarvarjon Begmatovning orzusi, qiziqishi, Vatan haqida yod olgan sheʼrlari, qatnashayotgan toʻgaraklari haqida batafsil bilib, bir haqiqatga amin boʻldik: oʻksik qalbga faqat eʼtibor va mehr kerak. Dostonjon bilan suhbatda bolakayning begʻuborligi va samimiyatidan nihoyatda zavqlandik. U qaysidir filmdagi kabi kattalarning “Dostonuuuuu” deb chaqirishini yoqtirishini aytdi. Hovlining burchagida turgan velosipedini koʻrsatish uchun qoʻlimizdan tutib borar ekan, hayajon bilan: “Bu menga berilgan eng zoʻr sovgʻa. Uni dadam bilan ayam olib bergan”, dedi bolalarcha maqtanib.

    Angor tumani Yangi turmush mahallasida yashovchi fuqaro Zamira Normurodovaning xonadonida ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan 8 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanmoqda. Ularning yashash sharoiti, qiziqishlari, orzu-istaklarini amalga oshirish boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqilgan. Xonadonda bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, ularning yotoqjoyi, ovqatlanish ratsioni, darsxonasi va kitob javonlari, kiyinish va yuvinish xonalari, darsliklarining ahvoli boshqalarnikidan qolishmaydi. Har bir xonada televizor, kompyuter, sovitkich, sport anjomlari qoʻyilgan.

    — Oʻzim tandirda non yopaman. Sogʻin sigirimiz bor, hovlida meva-sabzavotlar gʻarq pishib yotibdi, — deydi Zamira Normurodova. — Bolalarimning koʻngli nima tusasa, shuni muhayyo qilish uchun harakatdamiz. Ularning salomatligi doimiy eʼtiborda. Muntazam tibbiy nazorat oʻrnatilgan. Poliklinikadan biriktirilgan shifokor va hamshiralar kelib, tez-tez xabar oladi.

    Uy bekasi aytganidek, issiqxonadagi bodring, pomidor, bulgʻor qalampiri kabilar hosilini koʻtarolmay egilib turibdi. Sekingina dildan suhbat uchun bolalarga yuzlandim. Ularning har biri qiziqishi va kelajakdagi orzu-maqsadi haqida gapirar ekan, nigohi ishonchdan porlaganini koʻrdik. 17 yoshli Amaliyaning besh tilda ravon soʻzlay olishi, Otabekning zamonaviy musiqa sanʼati bilan shugʻullanishini namuna sifatida eʼtirof etish mumkin.

    Turli tanlovlarning gʻolibi sifatida oʻrtoqlariga oʻrnak boʻlayotgan Otabek Abdalimov “Besh tashabbus” olimpiadasining tuman bosqichida 1-oʻrinni egallab, viloyat bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Bu natijaga erishishida bolakayning noyob isteʼdodini qoʻllab-quvvatlayotgan xonadon sohiblarining ham hissasi katta.

    Xonadonning yana bir aʼzosi — Azamatjonning soʻzlarini tinglab, bolalarning samimiy istaklarini bilish uchun ular qalbiga yaqindan quloq solish kerakligini sezish qiyin boʻlmadi. Bolakay haqiqiy baxt oilada ekanini sekingina, ammo katta ishonch va qatʼiyat bilan aytdi. Darvoqe, ular tahsil olayotgan 23-maktabga borib, suhbatlashish chogʻida ham muassasa rahbariyati, psixologi, sinf rahbarlari va fan oʻqituvchilari bolalarning darslarda ham, toʻgaraklarda ham faolligini eʼtirof etishdi.

    Risoladagidek xonadonda ulgʻaygan, oilaviy muhitni koʻrgan yigit-qizlarning mustaqil hayotga tayyorgarligi boshqacha boʻladi. Ayniqsa, ular turmush qurganida ota-onasining roʻzgʻor tutumidagi oʻrnagi katta ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda mamlakatimizda ota-ona qaramogʻidan mahrum bolalarni voyaga yetkazishning yangicha usuli samara berishi shubhasiz.

    Dilbar NORMURODOVA,

    Surxondaryo viloyati oila va xotin-qizlar

    boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari