Parlamentga taklif: zugʻumkor qaynonalar uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish darkor

    Ijtimoiy hayot 9 Noyabr 2023 952

    Yurtimizda oilaviy ajrimlar soni yildan yilga ortib boryapti.

    Bu masala, aytish mumkinki, millatimizning maʼnaviy fojiasiga aylanib ulgurdi. Masalan, 2021-yili 39 ming oila ajrashgan boʻlsa, 2022-yili esa ularning soni 48 mingtani tashkil etdi. Joriy yilning birinchi olti oyida respublikamizda 25 mingga yaqin oilaviy ajrim qayd etildi.

    2016-yili “Аргументи и факты” gazetasida eʼlon qilingan bir maʼluotni oʻqib qoldim. Taʼkidlanishicha, Hindistonda 1990-yilgacha oilaviy ajrimlar soni keskin ortib ketadi. Mutaxassislarning oʻrganish natijalariga koʻra, buning asosiy sabablaridan biri erlarning onasi, yaʼni kelinlar qaynonasi boʻlib chiqadi. Yaʼni, ayrim qaynonalarning kelinga nisbatan qilgan ruhiy tazyiqi, zugʻumi oilalarning tinch yashashiga moneʼlik qilarkan.

    Shundan soʻng, Hindiston parlamenti aholining takliflarini inobatga olib, jinoyat kodeksiga kelinga zugʻum oʻtkazadigan qaynonalar uchun jinoiy javobgarlikni keskin kuchaytiradi. Hindistondagi 25 ta shtatga zolim qaynonalar uchun alohida qamohxonalar tashkil etildi. Yarashuv komissiyalarining shikoyatiga binoan keliniga zugʻum oʻtkazuvchi qaynonalar uchun jinoiy ishlar qoʻzgʻatildi. Ushbu kuchaytirilgan qonun oʻz samarasini berib, mamlakatda oilaviy ajrimlar soni sezilarli kamaydi.

    Yurtimizda ham oilaviy ajrimlarning aksariyatiga qanonalar sabab boʻladi. Shuningdek, ular oilalar yarashuviga ham toʻsqinlik qilarkan. Shu bois, Hindiston tajribasi oʻzimizda ham tadbiq etilsa, oilaviy ajrimlar keskin kamayishiga shaxsan ishonaman.

    Bu xususda 2021-yilda qonunchilik palatasiga 3 marotaba taklif yuborganman. Adliya vazirligidan ijobiy mazmunda javob xati olganman. Afsuski, bu taklifim haligacha amaliyotga joriy qilingani yoʻq.

    Toshpoʻlat ASHUROV,

    Kogon shahar Ziyokor MFY faoli, erkin ijodkor.

    Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.