Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkillashtirilgan tadbirda vazir Ozodbek Nazarbekov oʻtgan yil davomidagi faoliyati yuzasidan jamoatchilikka hisobot berdi.
Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan respublikamizda 12 ta xalqaro festival va konferensiya tashkil etilib, xorijiy davlatlarda 35 ta ijodiy gastrol safarlari amalga oshirilgan, respublika boʻyicha oʻtkazilgan 17 202 ta konsert-tomosha tadbirlarida 9 mln 687 ming, teatrlarda uyushtirilgan 10 586 ta spektakl seanslari orqali 3 mln 203 ming nafar tomoshabin, “Oʻzbeksirk” davlat muassasasidaning 604 ta sirk tomoshalari natijasida 42 ming nafar tomoshabin qamrab olingan.
2023-yilning oʻtgan davrida toʻliq jonli ijro asosida 110 ta konsert-tomosha tadbiri oʻtkazildi, mazkur koʻrsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga koʻproqdir. Shuningdek, respublikamizning 7 ta hududida, xususan, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Fargʻona, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Madaniyat karvoni” tadbirlari yuqori saviyada tashkil qilinib, taniqli sanʼatkorlar tomonidan aholiga konsert dasturi taqdim etib kelinmoqda.
Ortda qolgan yilda Navoiy, Namangan hamda Qashqadaryo viloyat qoʻgʻirchoq teatrlari uchun yangi bino qurilgan boʻlsa, 7 ta madaniyat markazi taʼmirlanib foydalanishga topshirildi.
Prezidentimizning 2022-yil 2-fevraldagi “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2022-2024-yillarda tuman (shahar) madaniyat va turizm boʻlimlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan maxsus avtotransport vositasi bilan taʼminlanishi belgilangan edi. Shu munosabat bilan joylardagi madaniyat boʻlimlariga 110 ta “Damas”, bundan tashqari, davlat teatrlariga 15 ta “Isuzu” rusumli yuk transport vositalari taqdim etildi. Shu bilan birga, yuqoridagi qarorda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida madaniyat markazlari hamda bolalar musiqa va sanʼat maktablari uchun 6 mingdan ortiq milliy musiqa cholgʻu asbobi, 10 mingdan ortiq oʻquv-uslubiy qoʻllanma va tavsiyanoma taqdim etildi.
Kinematografiya sohasida ham qator amaliy ishlar amalga oshirildi, jumladan, 149 ta kinomahsulot – shundan 21 ta badiiy film, 73 ta hujjatli film, 10 ta multfilm, 9 ta serial, 36 ta qisqa-metrajli filmlar yaratildi.
5 ta xorijiy davlat bilan Anglashuv memorandumlari va hamkorlik dasturlari imzolanib, 4 ta davlatda “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” hamda Oʻzbekistonda 4 ta xorijiy davlatning “Madaniyat kunlari” tashkil etildi.
“Madaniyat va maʼrifat kanali” tomonidan hozirgi kunga qadar 9 ta opera va balet spektakllari “Oltin fondi”ga yozib olindi. Bugungi kunda Madaniyat vazirligi tizimida jami 368 ta taʼlim muassasalari faoliyat olib bormoqda. Jumladan, 324 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabi, 30 ta ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktabi, maktab-internatlari, 2 ta kollej va 1 ta texnikum, 5 ta oliy taʼlim muassasasi va ularning 4 ta filiali hamda 2 ta malaka oshirish markazlari mavjud. Mazkur taʼlim muassasalarida 110 ming 285 nafar oʻquvchi-talabalarga 20 ming professor-oʻqituvchilar taʼlim berib kelmoqda. Shuningdek, 837 ta madaniyat markazlarida faoliyat olib borayotgan toʻgaraklar soni 5 250 taga yetkazilib, ularning qamrovi 52 ming nafarga oshirildi.
Madaniyat sohasidagi taʼlim muassasalariga mamalakatimizdagi istiqomat qilayotgan aholining barcha qatlamidagi yoshlarni qamrab olishga eʼtibor qaratilgan. Respublikadagi barcha viloyat va ularning tumanlarida Madaniyat vazirligi tasarrufidagi taʼlim muassasalari faoliyat yuritadi. Bu esa eng chekka hududdagi iqtidor egalarining isteʼdodini roʻyobga chiqarish, ularni oʻqitish, isteʼdodlarini yanada rivojlantirishga koʻmak bermoqda.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, butun dunyoga madaniyatimizni tarannum etishda uni rivojlantirishda albatta hukumat darajasida qabul qilingan Farmon va qarorlarning oʻrni muhim. Prezidentimizning “Respublikada milliy askiya va qiziqchilik sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish va soha vakillari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida”gi qarorlari qabul qilinganidan keyin:
Margʻilon shahrida vazirlik tizimida davlat muassasasi shaklida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik sanʼati markazi tashkil etildi.
Andijon, Fargʻona viloyati hamda Toshkent shahrida 28 ta askiya toʻgaragi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, hajviy asarlarni sahnalashtirish uchun 5 ta asarga davlat buyurtmasi eʼlon qilindi. Qolaversa, askiya va qiziqchilik sanʼati sohasida taniqli 11 nafar ijodkorlarning mahorat maktablari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Askiya va qiziqchilik sanʼatini rivojlantirish hamda isteʼdodli soʻz ustalarining ijod fondini va maxsus adabiyotlarni yaratish maqsadida 4 nomdagi kitob yaratildi, askiya va milliy qiziqchilik sanʼatimizni jahon miqyosida targʻib qilish maqsadida har yili ikki marta “Tabassum” xalqaro kulgi festivalini oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, anjumanda vazirlik rahbariyati tomonidan 2024-yildagi rejalar ochiqlandi. Matbuot anjumani yakunida mavzu yuzasidan OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berildi.