Biroq shamollash bilan bogʻliq bu xastaliklar belgilari aksariyat hollarda “omikron” shtammi alomatlari bilan deyarli bir xil namoyon boʻlyapti. Xoʻsh, tibbiy tahlillarsiz ushbu kasalliklarni bir-biridan qanday farqlash mumkin?
— Koronavirus kasalligiga xos ayrim belgilar shamollash va gripp simptomlariga juda oʻxshash, — deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori oʻrinbosari Hilola Alimova. — Tana harorati koʻtarilishi, umumiy holsizlik, ishtaha yoʻqolishi, bosh, tomoq va mushaklardagi ogʻriqlar shular jumlasidan.
Shunga qaramay, ularni oʻzaro ajratib turuvchi holatlar bor. Xususan, gripp virusining inkubatsiya davri ancha qisqa — 1-2 kunni tashkil etadi. “Omikron”ning yashirin muddati esa uzoqroq — 4-6 kun davom etadi.
Demak, grippga chalingan bemor bilan muloqotdan bir kun oʻtib, betob boʻlib qolsangiz, sizga ham mazkur infeksiya yuqqani ehtimoli yuqori. Qolaversa, odatiy gripp koʻpincha mushak, boʻgʻim va suyaklar hamda bosh ogʻrigʻini keltirib chiqaradi.
Burun oqishi va 37 daraja atrofidagi isitma esa boshqa oʻtkir respirator virusli infeksiyalarga xos. Koronavirus natijasida ovqat hazm qilish tizimi faoliyati buzilishi mumkin. OʻRVI da esa bunday holat kam kuzatiladi.
SOVID-19 ning oʻrta va ogʻir bosqichlarida kasallikning beshinchi-yettinchi kunlariga kelib, tana harorati 38-39 darajadan oshishi, nafas yetishmovchiligi, hansirash paydo boʻlishi mumkin. Oddiy shamollash va grippda esa — aksincha xastalik boshlangandan 3-4 kun oʻtgach, bemor ahvoli yaxshilana boradi.
Yuqoridagi holatlar kuzatilgan bemorlar, albatta, shifokor qabuliga borishlari shart. Aniq tashxis qoʻyish uchun epidemiologik anamnez, PZR-test va boshqa tibbiy tahlillar natijalari talab etiladi. Shunga koʻra, mutaxassis tomonidan tegishli muolajalar buyuriladi.
Eng samarali profilaktik chora sifatida esa koronavirusga qarshi oʻz vaqtida, toʻliq bosqichda va buster dozada emlanishdir.