Ona va bola salomatligi markazining 50-yilligiga bagʻishlangan konferensiya

    Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (“RIOvaBSIATM” DM) oʻzining 50-yilligi qizgʻin nishonlandi.

    Joriy yil 17-19-oktyabrda Toshkent shahrida mazkur sanaga bagʻishlangan Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

    Konferensiyaning ochilishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi markazi kollektiviga yubiley bilan tabrigi oʻqib eshittirildi.

    Davlat rahbarining Farmoni bilan bir qator xodimlar mamlakatimizning yuqori mukofotlari bilan taqdirlandi. Konferensiyada mukofotlarni xodimlarga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva topshirdi.

    Konferensiya ochilishida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazir vazifasini vaqtincha bajaruvchi Asilbek Xudayarov shunday dedi: “Ona va bola salomatligi haqida qaygʻurish Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanaladi, va ushbu konferensiya onalar va bolalarga koʻrsatiladigan malakali tibbiy yordam sifatini oshirishga, mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashinuvini, amaliyotga xalqaro tajribaga asoslangan zamonaviy, ilmiy-asoslangan va eng yaxshi klinik tavsiyalarni joriy etishga yoʻnaltirilgan”.

    Ona va bola salomatligi markazi Oʻzbekiston Respublikasi ona va bola salomatligini muhofaza etish xizmatining bosh muassasasi sanaladi. Ushbu respublika miqyosidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasi ilmiy-amaliy tibbiyot majmuasi sanaladi. Markaz oʻz tarkibida ilmiy, davolash-tashxislash, maʼrifiy, maʼmuriy-xoʻjalik va boshqa boʻlinmalarga ega.

    Markazning tarixi 1974-yil oktyabr oyidan Toshkent shahrida tugʻruqxona bazasida 2-sonli Akusherlik va ginekologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilishi bilan boshlanadi. Mazkur institut homilador ayollarga va yangi tugʻilgan chaqaloqlarga tibbiy yordam koʻrsatishga, shuningdek, akusherlik va ginekologiya, perinatologiya va anesteziologiya-reanimatologiya sohalarida yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga moʻljallangan Oʻzbekistondagi dastlabki tugʻruqqa koʻmak va shu bilan birga ilmiy-maʼrifiy muassasa sanaladi.

    Markaz 2022-yilda sogʻliqni saqlash sifati boʻyicha xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtib, Xalqaro sifat sertifikatini olgan Oʻzbekistondagi birinchi davlat tibbiyot muassasasidir.

    Markaz va uning mamlakatimizning barcha hududlaridagi 14 ta filiallari Oʻzbekiston Respublikasi tugʻruqqa koʻmak tibbiyot muassasalarining faoliyati metodik boshqaruvini amalga oshirib keladi.

    Markaz oldida yuqori texnologiyali moddiy va ilmiy bazani, shuningdek, yuqori sifat darajasidagi hamda xalqaro standart talablariga javob bera oladigan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishga qodir akusherlik va ginekologiya maktabini shakllantirish vazifalari turibdi.

    Mutaxassislar darajasini oshirish muntazam ravishda eng yaxshi xalqaro ekspertlar ishtirokida oʻquv seminarlar, treninglar, shuningdek, forum va konferensiyalarda tajriba va ilgʻor texnologiyalar almashinuvi tashkil etiladi.

    Yubiley sanaga bagʻishlab “Akusherlik va ginekologiyaning dolzarb masalalari” mavzusida oʻtkazilayotgan hozirgi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya 12 ta xorijiy davlatlardan soha ekspertlarini va Oʻzbekistonning barcha hududlaridan mutaxassislarni jamladi.

    Tibbiyot forum ishtirokchilariga murojaat qila turib, “Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi” DM direktori Natalya Nadыrxanova shuni taʼkidladiki, bugun mamlakatimizda ona va bola salomatligini muhofaza etish, aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash boʻyicha muntazam ravishda keng miqyosli va kompleks tadbirlar amalga oshirib kelinyapti.

    Konferensiya doirasida plenar va seksiyali yigʻilishlar, ilmiy-amaliy seminarlar, master-klasslar koʻzda tutilgan. Ularda mamlakatimiz mutaxassislari, maʼruzachilari, spiker va moderatorlari bilan birgalikda Belarus (Minsk), Germaniya (Berlin), Litva (Vilnyus), Italiya (Perudja), Qozogʻiston (Astana, Olma-Ota va Shimkent shaharlari), Xitoy (Guanchjou), Qirgʻiziston (Bishkek), BAA (Dubay, Abu-Dabi shaharlari), Koreya Respublikasi (Seul), Ukraina (Kiyev), Rossiya (6ta shahar), turkiya (Anqara, Konya shaharlari)ning yetakchi tibbiyot muassasalari vakillari soʻzga chiqyaptilar.

    Toshkent konferensiyasida eng keng taqdim etilgan Rossiya ilmiy maktabi boʻldi. Akusherlik va ginekologiya sohasida zamonaviy texnologiyalar bilan Rossiyaning — Sankt-Peterburgdagi RXDU tibbiyot instituti, “D.O.Otta nomidagi Ilmiy-tadqiqot instituti” FDBIM, “V.A.Almazov nomidagi Milliy tibbiyot tadqiqot markazi” FBDM, OT FDTBM “Akademik I.P.Pavlov nomidagi Birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti”, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Kazan, Astraxan, Yekaterinburg, Kaliningrad shaharlari mutaxassislari oʻrtoqlashdilar.

    Konferensiya doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan Rossiyaning ikkita muassasasi — “Akademik V,I. Krasnopolskiy nomidagi akusherlik va ginekologiya ilmiy-tadqiqot instituti” MO SSDBM, hamda “Hududiy perinatal markazi” Kaliningrad DBM bilan Bitim imzolandi.

    Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.