Garchi Xalqaro mehnat tashkilotining Majburiy mehnat toʻgʻrisidagi 29- konvensiyasi 1930-yilda, uning qoʻshimcha bayonnomasi 2014-yilda tasdiqlangan boʻlsa-da, majburiy mehnatni yoʻqotish hamon xalqaro xamjamiyat oldidagi eng muhim muammolardan biri boʻlib turibdi.
Uzoqqa bormay, bundan bir necha yil oldin mamlakatimizdagi majburiy mehnat bilan bogʻliq vaziyatni esga olaylik. Yaqin yillargacha oʻqituvchilar, shifokorlar, umuman, ijtimoiy soha xodimlari, harbiylar, talabalar, eng ayanchlisi, maktab oʻquvchilarining majburiy mehnatga, ayniqsa, paxta yigʻim-terimiga jalb etilishi oddiy hol edi.
Aynan shuning uchun uzoq yillar oq paxtamiz jahon hamjamiyati oldida biz uchun “qora dogʻ” boʻlib keldi. Vaziyat shu darajaga yetib bordiki, mamlakatimizdagi va xorijdagi inson huquqlari faollari Oʻzbekistonda paxta yetishtirishda majburiy mehnat, ayniqsa, bolalar mehnatidan foydalanilgani sababli oʻzbek paxtasiga boykot eʼlon qilish boʻyicha petitsiyaga imzo chekdi.
Ushbu petitsiya BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi, Xalqaro mehnat tashkiloti, YUNISEF, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi va paxta eksporti hamda toʻqimachilik sohasida faoliyat koʻrsatayotgan yirik kompaniyalarga taqdim etildi. Natijada 2010-yildan boshlab “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi oʻzbek paxatasiga boykot eʼlon qilib, uni sotib olishdan voz kechdi.
Haqli savol tugʻiladi: pedagog, tibbiy xodimlar, talaba va oʻquvchilarni paxta terish yoki boshqa qishloq xoʻjaligi, obodonlashtirish ishlariga, navbatchilikka majburiy jalb etish orqali biz nimaga erishdik? Hech narsaga. Faqat yoʻqotdik, xolos. Oʻquvchi va talabalarni savodsiz qildik. Jamiyat taraqqiyotiga maʼsul oʻqituvchilarni, aholi salomatligiga va millat genofondiga masʼul sogʻliqni saqlash xodimlarini barchaga hasharchi qildik.
Bu nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy ahvolimizga, balki millatning rivojlanishidagi uzoq muddatli yoʻqotishlariga sabab boʻldi. Nihoyat, yangi Oʻzbekiston sharoitida majburiy mehnatni batamom tugatish davlat siyosatining eng ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi.
Bolalar oʻqishda, shifokor va oʻqituvchilar ishda boʻlishi toʻgʻri siyosiy qaror edi. Majburiy mehnatga chek qoʻyilishi har bir oʻzbekistonlikning kundalik hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, iqtisodiyot va ijtimoiy soha rivojlanishi natijasida hayot sifati oshadi.
Uzoq yillik mashaqqatli mehnat, maqsad sari sobitqadamlik bilan olgʻa borish, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining saʼy-harakati, qishloq xoʻjaligi sohasida inqilobiy islohotlar oʻtkazilishi, mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash uchun Maʼmuriy javobgarlik va Jinoyat kodeksida javobgarlikning kuchaytirilishi va boshqa chora-tadbirlarni tizimli tashkil etish oʻz samarasini berdi. 2022-yil 10-mart kuni “Cotton Campaign” koalitsiyasi Oʻzbekistonga nisbatan joriy etilgan 12 yillik boykotni bekor qildi.
Majburiy va bolalar mehnatining taqiqlanishi Konstitutsiyada belgilab qoʻyilishi ushbu siyosiy qaror abadiy ekanini koʻrsatadi. Bu borada, ayniqsa, barkamol avlod rivojiga salbiy taʼsir qiladigan har qanday bolalar mehnati taqiqlanishi yangi tahrirdagi Bosh qonunimizda toʻgʻridan-toʻgʻri yozib qoʻyilmoqda.
Yangi tahrirda taklif etilayotgan Konstitutsiyamizga kiritilayotgan muhim oʻzgarishlardan biri aynan majburiy mehnat, xususan, bolalar majburiy mehnatiga toʻliq barham berilishi bilan bogʻliq boʻlmoqda. 44-moddaga koʻra, “Sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.
Bolalar mehnatining bolaning sogʻligʻiga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi”.
Albatta, bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy taʼsir qiladigan majburiy mehnatning taqiqlanishi Bosh qonunimizda toʻgʻridan-toʻgʻri yozib qoʻyilishi koʻrsatilgan siyosiy qatʼiyatdan ortga qaytilmaslikni ifodalab, ushbu sohada erishilgan yutuqlarni yanada mustahkamlaydi, Oʻzbekistonning eng katta boyligi - farzandlarimiz sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishishi uchun muhim huquqiy kafolat boʻlib xizmat qiladi.
Ushbu konstitutsiyaviy norma bolalarning sogʻligʻi, xavfsizligi, toʻliq jismoniy, aqliy va maʼnaviy rivojlanishiga tahdid solmaydigan, taʼlim olish jarayonini buzmaydigan tarzda mehnat qilishiga toʻsqinlik qilmaydi. Maktabdan keyin yoki taʼtil davrida bolaning uy, oilaviy hamda qishloq xoʻjaligi ishlarida ota-onasiga yordam berishi imkoniyati saqlab qolinadi.
Joriy yilning aprel oyidan kuchga kiradigan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga muvofiq, mehnatga tayyorlash uchun umumtaʼlim maktablari, oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlarining oʻquvchilarini ularning sogʻligʻi, xavfsizligi, toʻliq jismoniy, aqliy va maʼnaviy rivojlanishiga tahdid solmaydigan, taʼlim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni oʻqishdan boʻsh vaqtida bajarishi uchun ular oʻn besh yoshga toʻlganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yoʻl qoʻyiladi.
Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning har bir normasi barcha aholi qatlamlari manfaatlarini inobatga olgan, jamiyatimizni yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida birlashtiridigan, mamlakatimiz taraqqiyotiga koʻp yillar xizmat qiladigan mukammal xuquqiy asos boʻladi, deb ayta olamiz.
Nodir TILAVOLDIYEV,
Oliy Majlis
Qonunchilik palatasi deputati