O‘quvchi sumkasi og‘irligi bola vazniga mutanosibmi?

    O‘quvchi sumkasining og‘irligi darajasi qaysi me’yorlar bilan belgilanadi? Bola rivojlanishining eng muhim bosqichlaridan biri bo‘lgan maktab davrida og‘ir sumka uning sog‘lig‘iga qay darajada zarar yetkazishi mumkin. Sumka tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?

    Maktab o‘quvchisini darsliklar va boshqa o‘quv anjomlari joy olgan sumkasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Hozirgi paytda orqaga taqiladigan va yuk og‘irligini asosan, bolaning yelkasi va orqa mushaklari o‘rtasida mutanosib ravishda taqsimlashga yordam beradigan ikki bog‘lamli ryukzak, portfellar keng urfda. Bu, albatta, qulay va chiroyli. Biroq kattalar ko‘pincha sumkaning shakliga e’tibor qaratadi, farzandi har kuni maktabga ko‘tarib boradigan darslik va boshqa anjomlar og‘irligini ham hisobga olish kerakligini unutadi.

    Shu bois, aksariyat hollarda o‘quvchilar katta hajmli va og‘ir maktab sumkasi ko‘tarib yurgani guvohi bo‘lamiz. Ayniqsa, ko‘p qavatli maktablarda zinadan ko‘tarilayotgan bolalarning yuz ifodasidan sumka juda og‘irligini his qilish, yurish paytidagi nomutanosiblikni kuzatish qiyin emas. Muntazam og‘ir sumka taqqan bolalar ko‘pincha umurtqa pog‘onasi bilan bog‘liq muammolarga duch keladi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, maktab sumkasi o‘quvchilarda bel og‘rig‘ining keng tarqalishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, umurtqa pog‘onasi va tizzalariga zarar yetkazishi, bo‘yin, yelka va orqa mushaklari zo‘riqishiga olib kelishi mumkin.

    Maktab sumkasining ideal vazni mavjud

    Maktab sumkasining maksimal og‘irligini aniq ko‘rsatadigan ishonchli tadqiqot yo‘q. Ammo ayrim omillar bunda muhim ahamiyatga ega. Masalan, bolaning vazni, jismoniy tayyorgarligi, yuk tashish vaqti va masofasi, sumka sifati.

    Xo‘sh, o‘quvchi sumkasining og‘irligi darajasi qaysi me’yorlar bilan belgilanadi? Bola rivojlanishining eng muhim bosqichlaridan biri bo‘lgan maktab davrida og‘ir sumka uning sog‘lig‘iga qay darajada zarar yetkazishi mumkin. Sumka tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?

    — Umumta’lim maktablarida o‘qish jarayoni, dars jadvallari, tanaffus vaqtlari, umuman, o‘quv yuklamasi, hatto o‘sha o‘quv darsliklarining og‘irligi ham amaldagi sanitariya qoida va me’yorlari asosida tartibga solinadi, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi Bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘limi mudirasi Dilfuza Hikmatova. — Unga ko‘ra, darslik va yozuv materiallarining kunlik to‘plami vazni 1-2-sinf o‘quvchilari uchun 1,5 kilodan oshmasligi kerak. 3-4-sinflarda esa 2, 5-6-sinflarda 2,5, 7-8-sinflarda 3,5 va 9-sinflarda 4 kilodan oshmasligi talab etiladi.

    Ko‘pgina ko‘rsatmalarga ko‘ra, sumka yuki bola vaznining 10-15 foizidan, boshqacha aytganda, masalan, bola vazni 40 kilo bo‘lsa, sumkasi 4-6 kilodan oshmasligi kerak.

    Ota-onalar nima deydi?

    Ota-onalarning maktab sumkalari og‘irligi haqidagi e’tirozlarini ko‘p eshitamiz.

    — Katta farzandlarim 8-9-sinflarda, eng kichigi 1-sinfda o‘qiydi. Ularga daftar yoki ruchka tanlashga shunchaki yondashmayman, — deydi toshkentlik Saodat To‘raboyeva. — Bir muammo meni qiynaydi: maktab sumkasining og‘irligi. Ayniqsa, boshlang‘ich sinf yoshidagi bolalar sumkasi chindan ham og‘ir.

    Bu borada sinf rahbariga ham taklifimni aytdim: farzandlarim o‘z partadoshi bilan bitta darslikdan foydalansin, ya’ni mening farzandim ona tili kitobini olib kelsa, hamrohi matematika kitobini. Biroq o‘qituvchi ruxsat bermadi. U ham nima qilsin, axir tartib shunday-da.

    Kitob va mashq daftarlari, jismoniy tarbiya fani o‘tiladigan kuni sport formasi... Maktab oshxonasidagi ovqatlar sifatiga ishonch yo‘qligi uchun ovqat va suv ham berib yuboramiz. Kitoblar sifatli qog‘ozdan ishlangani bilan bolalarga og‘irlik qiladi. Ularning sumkasini qo‘limga olishga bezillayman, bolalarga achinaman. O‘tgan yili farzandlarimga ortoped tashxis qo‘ydi. Sodda tushuntirsam, birining umurtqasi ichkariga, boshqasiniki tashqariga qiyshaygan. Bir savol o‘ylantiradi: sifatli qog‘ozdan ishlangan kitob (sifatli darslik emas!) o‘qitamiz deb, ertaga mayib-majruh avlodni yetishtirib qo‘ymaymizmi? Tushungan yoki vaqti bor ota-ona vitaminlar, korsetlar, jismoniy mashqlar yoki farzandi sumkasi ichidagi ashyolarni kamaytirish, juda bo‘lmasa, sumkani o‘zi ko‘tarib yurish orqali muammoni hal qilar... Boshqa bolalar-chi? Men tegishli davlat tashkilotlarining bu muammoga jo‘yali yechim topa olishidan umidvorman.

    Bunday e’tirozlar bot-bot quloqqa chalinadi. Yana bir jihat: shahar sharoitida o‘quvchilarni ota-onasi maktabga olib borib kelishi mumkin. Og‘ir sumkani ham ko‘tarishadi. Lekin qishloqlarda bola birinchi sinfdayoq maktabga o‘zi qatnaydi. Boisi, ko‘cha-ko‘y, mahalla tanish. Qolaversa, qishloq joylarda maktabga transportda borilmaydi. Har kuni zil-zambil sumkani ko‘tarib, maktabga yayov qatnayvergach, darslarni kerak-nokerakka ajratib, unchalik zarur deb bilmagan darsligini tashlab ketishga harakat qiladi. O‘z o‘rnida loqaydlik, darslarga beparvolik shakllanishiga guvoh bo‘lganmiz.

    — Bola odatda tez tushunadigan fanidan yaxshi baho olishga intiladi, — deydi O‘zMU magistranti Nafisa Salimova. — Ammo o‘zlashtirilishi qiyin bo‘lgan fanlar ham bor. Universitetda bakalavr bosqichini tamomlagach, bir muddat Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi 17-maktabda ishladim. O‘quvchilar bilan ko‘p suhbatda bo‘lib, ularni kuzatardim.

    E’tibor bersangiz, kimyo, fizika, geografiya, geometriya kabi fanlarni mukammal o‘rganishga intiladigan o‘quvchilar soni kam bo‘ladi. Sumkasini yengillatmoqchi bo‘lgan o‘quvchilar mana shu darsliklarni uyda qoldirib keladi. Endi o‘ylab ko‘ring, bu vaziyatda bolani o‘zlashtirilishi qiyin bo‘lgan fanga qiziqtirish, yaqinlashtirish o‘rniga uni yanada uzoqlashtirgan bo‘lamiz.

    Og‘ir yukni ko‘tarishdan qochib, darsliklarni muhim yoki muhim emas, degan toifaga ajratdi degani, darsga va uni o‘tadigan o‘qituvchiga ham munosabat shunday shakllandi degani. Bola sumkasi og‘irligi masalasi o‘rtaga tashlanganda mana shu jihatlarni ham inobatga olish kerak.

    Mutaxassislar ta’kidlashicha, sumkalarning har xil qo‘shimcha g‘ildirak yoki qandaydir temir konstruksiyalar bilan jihozlanishi, darsliklardan tashqari anjomlar bilan boyitilishi, uning og‘irligi yanada ortishiga sabab bo‘ladi.

    Ba’zan oyoq kiyimini almashtirish uchun poyabzal solib qo‘yish holatlarini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Yoki ota-onalar katta-katta konteynerlarda ovqat, suv berib yuboradi. Bola qo‘shimcha repetitorga borishi, darsdan tashqari mashg‘ulotlarga jalb qilingan bo‘lishi mumkin.

    Bularning barchasi uchun zarur bo‘ladigan yuklamalar sumkaning og‘irligini yanada oshiradi.

    Shuning uchun har kuni ota-onalarga e’tiborli bo‘lish, vaqti-vaqti bilan sumka og‘irligini tekshirib turish, o‘quv jamlamalarini joylash jarayonida zarurlarinigina solishi talab etiladi. Zarur bo‘lmagan kitob, darsliklarni olib qolishi, qo‘shimcha mashg‘ulotlarga jalb qilingan o‘quvchilarning sumkasini alohida qilishi kerak bo‘ladi. Albatta, bu farzandlarimizning sog‘lom voyaga yetishi, qomati chiroyli o‘sishida ijobiy natijaga olib keladi.

    Og‘ir yukning bola ruhiyatiga ta’siri

    Shaxsning yetuklik davridagi holati uning bolalikda ko‘rgan-kechirganlari, ruhiy ta’sirlanishlariga yuqori darajada bog‘liq bo‘ladi. Maktab yoshidagi bolaning ichki olami, shaxsiyati, xarakteri, qarashlari hali to‘la shakllanmagani bois, yuz berayotgan har qanday voqea-hodisa uning ruhiyatida iz qoldirishi mumkin. Jumladan, bola og‘ir yuk tufayli yuzaga keladigan nomutanosiblik, noqulay vaziyatga tushib qolish, salomatligidagi uammolar o‘ziga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi.

    — Maktab ta’lim tizimi o‘quvchining salohiyatiga ishonishi kerak, — deydi bolalar ruhshunosi Muqaddam Yangiyeva. — Bolalar tabiiy o‘rganuvchilardir. Ular stressiz va qulay o‘quv muhitida bo‘lganida ko‘proq narsa o‘rganadi. Bosim ostida o‘rganish qiziqishni yo‘qotadi.

    Maktabda o‘quvchilarning har bir bosqichda asosiy talab qilinadigan fanlarni olib kelishiga sharoit yaratish kerak. Ayniqsa, boshlang‘ich sinflarda darslik va boshqa o‘quv anjomlariga to‘la og‘ir sumkani ko‘tarib yurish bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Maktab tizimi darsliklar ustuvorlik qiladigan madaniyatdan o‘quvchilarga qaratilgan kompetensiyaga asoslangan madaniyatga o‘tganidan so‘ng og‘ir sumkalar muammosi o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi.

    Ortopedik muammolar kelib chiqishi mumkin

    Do‘kon va bozor rastalarida maktab sumkalarining rangi, matosi, uslubi turli xilini uchratasiz. Bugungi kunda bolalar uchun sumkalar har qanday didga mos ravishda tayyorlanmoqda. Biroq tashqi qobiq har doim aldamchi bo‘lib, maktab sumkasini sotib olayotganda, u bolaning salomatligiga qanchalik ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligiga ahamiyat qaratish kerak, nazarimizda.

    — Bolalarning o‘smirligi aynan maktab davriga to‘g‘ri keladi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi travmatolog-ortopedi, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori Suhrob Soliyev. — Bu davr tananing skelet qismi, suyak, bo‘g‘im va tog‘ay, umurtqa pog‘onasi tizimlari ayni rivojlanadigan payt.

    Albatta, ichki omillardan tashqari tashqi omillar ta’siri tufayli ham ma’lum bir ortopedik muammolar kelib chiqishi mumkin. Bunda birinchi sinfdan uchinchi sinfgacha boshlang‘ich davr muhim hisoblanadi. Olimlar bu davrga oid juda ko‘p izlanishlar olib borgan. Qariyb 30 yil davomida olib borilgan 23 ta xalqaro tadqiqot natijalari o‘rganilganda 1-3-sinflarda maktab o‘quvchilari sumkasi og‘irligi tana vaznining 10 oizini tashkil qilsagina keyingi 10-15 yilda kuzatilishi mumkin bo‘lgan asoratlarning oldi olinadi, degan to‘xtamga kelingan.

    Sumkaga anjomlarni joylashtirish ham ahamiyatga ega. Dastlab og‘irroq, asta-sekin yengilroq narsalarni solish kerak bo‘ladi. O‘shanda buyumlar xuddi piramidaga o‘xshab joylashadi. Ikkilamchi qiyshayishlar bo‘lmaydi. Maktab o‘quvchilari, ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ikkita bog‘lamlik sumka tavsiya qilinadi. Ensiz tasmali ryukzaklar og‘ir bo‘lganda yelkaga botadi va og‘riq paydo qilishi mumkin. Yelkaga osiladigan tasmalari keng bo‘lishi, hajmi belning pastki qismidan ensiz, ko‘krak aylanasidan enliroq bo‘lmasligi shart. Bitta tasmali sumkalar ikkilamchi o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.

    Shifokorlar ta’kidlashicha, o‘quvchilar doimiy ravishda og‘ir yuk ko‘tarib yurishi oqibatida nafaqat og‘irlikning umurtqa pog‘onasi yoki bo‘g‘imlarga ta’siri, balki qadam tashlashining ko‘payishi, buning natijasida ko‘p energiya sarflagani uchun ko‘proq, tezroq nafas olishi, oqibatda ma’lum bir masofaga borgunicha tez charchashiga olib keladi. Bu ham mushak, ham psixoemosional holatda charchoqlik, bo‘g‘imlar og‘rig‘iga sabab bo‘ladi. Bola o‘zi maktabda shundoq ham juda ko‘p harakat qiladi, og‘ir yuk esa charchoqni kuchaytiradi. Shuning uchun tavsiyalarga amal qilinsa, o‘z-o‘zidan bu asoratlarning oldi olinadi. Me’yor va ko‘rsatmalarga barcha jabhalarda rioya etilishini nazorat qilish uchun yanada qattiqroq mexanizm bo‘lishi kerak.

    Maktablarda maxsus qulflanadigan, har bir bola uchun alohida mo‘ljallangan javonlar tashkil qilinishi foydadan xoli emas. Bola har kuni kerak-nokerak narsalarni ko‘tarib yurmaydi, asosiy yukini ana shu javonda qoldiradi. Kerak bo‘lgan paytda foydalanishi mumkin.

    * * *

    Mana, qadrli gazetxon, maktab sumkasining og‘irlik darajasi, uning bola rivojlanishi, salomatligiga nechog‘liq ta’siri haqida fikr yuritdik. Bu borada yana qanday taklif va tavsiyalaringiz bor? Nima qilsak, bolalar sumkasi og‘irligini bartaraf etish, farzandlarimiz salomatligiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararning oldini olish mumkin? Taklif va tavsiyalaringiz muhim.

    Risolat MADIYEVA,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri