Orolboʻyi mintaqasi – ijtimoiy yoʻnaltirilgan investitsiyalarni jalb qilish makoni

    Yashil sayyora 3 May 2022 1306

    Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqiga aʼzo bir qator davlatlar delegatsiyalarining Qoraqalpogʻistonga, Orolboʻyi mintaqasiga rasmiy tashrifini tashkil qildi.

    1960-yillarga qadar dunyoda yirikligi boʻyicha koʻllar oʻrtasida toʻrtinchi oʻrinda boʻlgan Orol dengizining qurib borishi jahon miqyosidagi eng katta antropogen ekologik ofatlardan biri boʻlib, uning salbiy oqibatlari milliy va mintaqaviy chegaralardan tashqariga chiqib bormoqda. Bu ofat epitsentri Qoraqalpogʻiston Respublikasida joylashgan mintaqada yashayotgan millionlab odamlarning iqtisodiy va ijtimoiy holatiga salbiy taʼsir koʻrsatyapti.

    Orol fojiasi fonida rivojlanayotgan inqiroz bir qator salbiy oqibatlarga, jumladan yerlarning degradatsiyasi va choʻllanishi, ichimlik suvining yetishmasligi, mahalliy aholi sogʻligʻining yomonlashishiga olib keladi. Bundan tashqari, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik vaziyat salbiy taʼsirlarning kuchayishi bilan murakkablashib boryapti.

    Tashrifning birinchi kunida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining Orol dengizi tubining qurib qolgan qismiga 27 mingta daraxt ekish aksiyasi rasman boshlandi. Yevropa Ittifoqi elchilari Moʻynoq tumanida daraxtlarning birinchi partiyasini ekib, xotira lavhasini oʻrnatdi va shu bilan Yevropa Ittifoqi va unga aʼzo davlatlarning mintaqaning “yashil” kelajagiga qoʻshgan hissasini qayd etdi.

    Yevropa Ittifoqi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast jamgʻarmasi faoliyati doirasidagi ekologik va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni qoʻllab-quvvatlashda Oʻzbekistonning yaqin hamkoridir.

    Hozirgi kunda YEI tomonidan Jamgʻarmaga 5 million yevro miqdorida moliyaviy yordam koʻrsatildi. Finlyandiya va Norvegiya ham har biri 1 million yevrodan oʻz hissalarini qoʻshdi. Bundan tashqari, Yevropa investitsiya banki va Kreditanstalt für Wiederaufbau (KfW, Germaniya) tomonidan 125 million yevro va 31,5 million yevro miqdorida aralash moliyalashtirish shaklida moliyaviy resurslar ajratildi.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast jamgʻarmasi obyektlariga tashrif chogʻida ishtirokchilar mahalliy aholini ichimlik suvi, sogʻliqni saqlash xizmatlari bilan taʼminlash, shuningdek, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha loyihalarning amalga oshirilishi bilan tanishdilar, mintaqaga investitsiyalarni yanada kirib kelishining ahamiyati va Jamgʻarma faoliyatini yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini har tomonlama ragʻbatlantirishga qaratilgan qiymati 210 million dollardan ortiq boʻlgan istiqbolli dastur va loyihalar taqdim etildi. Tomonlar ushbu loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlarini muhokama qilib, ularni ilgari surish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.

    “Orol dengizining yoʻq boʻlib ketishi milliy chegaralardan tashqariga yoyilib ketayotgan fojiadir. Yevropaning rivojlanishning yashil yoʻnalishi hamda YEIning Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiyasiga muvofiq, Yevropa Ittifoqi va unga aʼzo davlatlar ekologik tanazzulning oldini olish va fojiadan zarar koʻrgan aholining barqarorligini yuksaltirish borasidagi barcha saʼy-harakatlarda Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlashga tayyor. YEI BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast jamgʻarmasiga 5 million yevrodan ortiq mablagʻ ajratdi va bu bilan tabiiy ofatning salbiy oqibatlarini yumshatish boʻyicha yuqori darajadagi sodiqligini taʼkidladi.

    Ayni paytda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Orolboʻyi mintaqasini “yashil rivojlantirish” boʻyicha qiymati 150 million yevrodan ortiq boʻlgan investitsiyaviy loyiha ishga tushirilyapti. Loyiha Orolboʻyi mintaqasida oʻrmon, suv va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilishni oʻz ichiga oladi.

    Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonga sovgʻa sifatida hamda mamlakat Hukumatining choʻllanishga uchragan yerlarni tiklash borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy yil oxirigacha YEIga aʼzo 27 davlat nomidan 27 000 ta toʻp daraxt ekish majburiyatini oʻziga oladi. Shu orqali, biz kelajakda “yashil” investitsiyalar va Orolboʻyi mintaqasida ekotizimni yaxshilash va barqaror hayotga yoʻl ochib berishga umid qilamiz”, — dedi Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian janobi oliyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi chogʻida.

    Qoraqalpogʻistonda delegatsiya aʼzolari Joʻqorgʻi Kenges raisi M.K.Kamalov, Vazirlar Kengashi, Qoraqalpogʻiston davlat universiteti rahbariyati bilan uchrashdi.

    Uchrashuvlar chogʻida oliy taʼlim tizimini rivojlantirish, Yevropa va Qoraqalpoq universitetlari oʻrtasida talabalar almashinuvi dasturlarini tashkil qilish, qishloq xoʻjaligi sohasining barqarorligini taʼminlash uslublarini yoyish, turizmni rivojlantirish va boshqa sohalarni oʻz ichiga olgan investitsiyaviy hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.

    Taxtakoʻpir tumani oʻrmon xoʻjaligidagi loyiha hududiga delegatsiyaning tashrifi ham tashkil etildi. U yerda Yevropa tomoniga Trast jamgʻarmasi hisobidan amalga oshirilgan loyihalar natijalari taqdim etildi.

    Xususan, loyihalar doirasida quyidagi ishlar amalga oshirilganligi taʼkidlandi:

    1. Nukus shahri, Beruniy va Qoʻngʻirot tumanlari perinatal markazlari zamonaviylashtirildi. Natijada atrofdagi 5 tumanda yashovchi 11,5 ming kishi ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan qamrab olindi. Hozirgi kunda 27 ta tibbiyot muassasasi laboratoriya va 35 tasi telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlanyapti.

    2. Moʻynoq, Qoʻngʻirot va Boʻzatov tumanlaridagi 20 ta tibbiyot muassasasi va 15 ta maktabda suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi. 2 ta maktabda zamonaviy AKT darslari tashkil etilyapti.

    3. Taxtakoʻpir tumanidagi 5 ta (Beltov, Tazakonis, Mulik, Marjankoʻl va Janadaryo) qishloq fuqarolar yigʻinida 3,5 ming aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi.

    4. “Temir” va “ayollar” daftarlariga kiritilgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 13 ta kichik korxonaga yordam berildi. 3 ta agrosanoat kooperativida zamonaviy resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, shuningdek, junni qayta ishlash va ishlab chiqarish sexini tashkil etish ishlari olib borilyapti.

    7ta xonadonga bogʻdorchilik, parrandachilik, asalarichilik uchun yangi uskunalar yetkazib berish rejalashtirilgan. Natijada Moʻynoq, Qoʻngʻirot va Boʻzatov tumanlarida 200ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

    5. Taxtakoʻpir oʻrmon xoʻjaligida pitomniklar maydoni 12 gektardan 50 gektargacha, oʻrmon ekish hajmi – 2 200 gektardan 5 000 gektargacha, choʻl oʻsimliklari koʻchatlarini yigʻib olish yiliga 8 tonnadan 65 tonnagacha oshirildi. Orolboʻyi Xalqaro innovatsiya markazida suvni tejaydigan texnologiyalarni namoyish etish uchun maydon yaratilyapti.

    6. Moʻynoq, Qoʻngʻirot va Boʻzatov tumanlarida 40ta innovatsion loyihani qoʻllab-quvvatlash, 26 ming nafar bolani degelmintizatsiya qilish, 10 ming nafar qizda kamqonlikning oldini olish, 1 500 oilani sogʻlom turmush tarziga oʻrgatish, 400 nafar yoshni ijtimoiy tadbirkorlikka jalb etish boʻyicha ishlar olib borilyapti.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrif davomida delegatsiya aʼzolari hududning boy madaniy merosi va tabiiy obyektlari bilan ham tanishdilar.

    Tashrif natijasida Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan loyihaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.