Bolalarga isitma tushiruvchi dorilarni qachon berish mumkin?

    Salomatlik 19 Oktabr 2022 5052

    Mana, sovuq kunlar boshlanyapti. Mavsumiy xastaliklar yanada avj oladigan palla hozir. Buyogʻiga bolalar oʻrtasida oʻtkir respirator virusli kasalliklar(OʻRVI)ga chalinish holatlari koʻpayishi mumkin.

    Shunday ekan, ehtiyotkorlik — muhim shart. Qolaversa, bemor bolalar muolajasi, parvarishi ham oʻta masʼuliyatli jarayon hisoblanadi. Xoʻsh, bunday vaziyatda ota-onalar qanday yoʻl tutishlari kerak?

    Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim boshligʻi, tibbiyot fanlari nomzodi Dinara Doʻstmuhammedova bu boradagi tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.

    — Isitma, burun bitishi va oqishi, aksirish OʻRVIning ilk alomatlaridir, — deydi shifokor. — Odatda, bu holat ikki kun davom etadi. Uchinchi kundan ovoz boʻgʻilishi, yoʻtal, mushaklar va boʻgʻimlarda ogʻriqlar paydo boʻlishi mumkin.

    Kasallik paytida ishtaha pasayadi, harorat oshganda esa qayt qilish kuzatilishi ehtimoli bor. Bunday vaziyatda uyda bemor bolalarni alohida xonaga yotqizish va xonani tez-tez shamollatib turish lozim.

    OʻRVIga chalingan oʻgʻil-qizlarga oz-ozdan, biroq tez-tez suyuqlik ichirish tavsiya etiladi. Oddiy qaynagan suv yoki uyda tayyorlangan meva sharbatlari tomoqdagi yoʻtal va ogʻriqni yumshatib, tanadan viruslarning tezroq chiqib ketishini taʼminlaydi. Burun va tomoqni tuzli suv bilan chayish ham juda zarur muolaja usulidir.

    Lekin baʼzi ota-onalar farzandlarida shamollashning ilk belgilari, masalan, burun oqishi, yengil yoʻtal, harorat koʻtarilishi kuzatilsa, zudlik bilan “Tez yordam”ga murojaat qiladi.

    Vaholanki, bolalarda yuqori nafas yoʻllarining yalligʻlanishi kuzatilsa, uy sharoitida ham davolansa boʻladi. Biroq bu holatga “vaqt oʻtib sogʻayib ketadi” deya befarq munosabatda boʻlmaslik ham kerak.

    Bola tana harorati 38,5 darajadan oshsa, ovqat yemay qoʻysa, kuchli hansirash kuzatilsa, nafas qisishi alomatlari paydo boʻlsa, tinmay yoki koʻp uxlasa, darhol shifokorga murojaat qilish zarur.

    Aslida, tana harorati 38,5 darajagacha koʻtarilishi organizmning kasallikka qarshi kurashayotganidan dalolat beradi. Yaʼni, organizmga infeksiya tushganida isitma koʻtarilishi normal holatdir.

    Agar bir yoshgacha boʻlgan bolalarda tana harorati 38,0, bir yoshdan katta oʻgʻil-qizlarda 38,5 darajadan oshsa, ularga paratsetamol yoki ibuprofen berish tavsiya etiladi. Bu dorini 3 kun qoʻllash mumkin. Agar shu vaqt ichida bolaning umumiy ahvolida ijobiy oʻzgarish boʻlmasa, darhol oilaviy shifokorga murojaat qilish zarur.

    Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.