Orzular roʻyobiga xizmat qilayotgan daftar

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 7-fevral sonida jurnalist Suhrob Sherovning “Orzular roʻyobiga xizmat qilayotgan daftar” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Yoshlar kamoloti hamma davrlarda oʻta dolzarb vazifa sanalgan. Mamlakatimizda ham bu masala bugun davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani bejiz emas. Eʼtiborli jihati, buning natijasida yosh avlodning imkoniyatlari kengaymoqda. Iqtidor sohiblari munosib ragʻbatlantirilyapti. Isteʼdod egalari bildirilgan ishonchga javoban yuqori natijalarni qoʻlga kiritmoqda. Bu imkoniyatlardan Buxoro viloyatida istiqomat qilayotgan 1 million 40 ming nafarga yaqin yigit-qiz samarali foydalanishga intilmoqda.

    Prezidentimizning 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hudud yoshlariga eʼtiborni yanada oshirdi. Qarorga asosan, viloyatdagi 544 ta mahalla fuqarolar yigʻinida yoshlar yetakchisi lavozimi joriy qilindi. Natijada yigit-qizlar toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, yoshlar balansi shakllantirildi.

    Qisqa vaqt oraligʻida bevosita yetakchilar tavsiyasi asosida 10 ming 500 nafardan ziyod yoshlarga amaliy yordam koʻrsatildi. Oʻtgan yili kelib tushgan murojaat, xatlov va oʻrganishlar asosida 15 mingdan ziyod yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Kasb-hunarga oʻrgatish, imtiyozli kredit, yer maydoni va subsidiyalar ajratish hamda ijtimoiymoddiy qoʻllab-quvvatlash natijasida buxorolik yigit-qizlarning 69 foizi qisqa fursatda moddiy manfaatdorligini oshirish imkoniga ega boʻldi. Bu bilan ular “Yoshlar daftari”dan ham chiqarildi.

    — Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy qilingan tizim bugun ehtiyojmand yigit-qizlarni “Yoshlar daftari”dan chiqarishning muhim yoʻnalishlarini ham belgilab berdi. Shunga asosan, 200 nafarga yaqin yigit-qiz ishga joylashtirildi. Qariyb 150 nafariga kredit ajratildi, 2 ming nafarga yaqin yoshning dehqonchilik bilan shugʻullanishi uchun imkoniyat yaratildi. Salkam 3 yarim ming nafar yoshga mehnat qurollari xaridi uchun subsidiya ajratildi, — deydi Yoshlar ishlari agentligining Buxoro viloyati boshqarmasi boshligʻi Shavkat Rahmonov. — Bu raqamlar, avvalo, layoqati bor, lekin imkoniyat topolmayotgan yigit-qizlarga davlatimizning eʼtibori va gʻamxoʻrligini amalda koʻrsatmoqda.

    Bundan tashqari, 150 nafarga yaqin yoshga ijara xarajati uchun subsidiya ajratildi, 3 yarim ming yoshga turli ijtimoiy yordam, jumladan, kontrakt toʻlovi, tibbiy xizmat, psixologik xizmat, turar joy ijarasi uchun koʻmak berildi. “Yoshlar daftari”dan chiqarilgan ertamiz egalarining qay biri bilan muloqot qilmang, ularda yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissi yanada ortganini koʻrib, quvonamiz.

    Ertamiz egalarining moddiy taʼminotini yaxshilashda “Yoshlar jamgʻarmalari” ham muhim ahamiyat kasb etyapti. Jumladan, jamgʻarma mablagʻlari hisobidan oʻtgan yili “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 8 mingdan ziyod yoshga 74,6 milliard soʻm ajratildi. 677 nafar ahvoli nisbatan ogʻir boʻlgan yigit-qizlarga 801,4 million soʻm moddiy yordam koʻrsatildi. “Yoshlar daftari”ning muhim yoʻnalishlaridan biri “Taʼlimga madad” loyihasi doirasida ham viloyatda keng qamrovli ishlar bajarilyapti.

    Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi Farangiz Tursunaliyeva ham mavjud imkoniyat tufayli 4-bosqichda oʻqishni davom ettirayotganidan mamnun.

    — Buxoro davlat tibbiyot institutida stomatologiya yoʻnalishi boʻyicha tahsil olyapman. Oilaviy sharoitimiz sabab bu yil oʻqishni davom ettira olmayman, degan xavotirda edim. Ammo mahalladagi yoshlar yetakchisi mushkulimni oson qildi. Oʻquv shartnoma pulining 50 foizi davlatimiz tomonidan toʻlab berildi. Bu yaxshilikni oqlab, kelgusida yetuk tibbiyot xodimi sifatida yurtimiz rivojiga oʻz hissamni qoʻshishni maqsad qilganman, — deydi Farangiz Tursunaliyeva.

    — Yana bir muhim jihat: 2021-2022 oʻquv yilida viloyatdagi mavjud taʼlim muassasalarini 34 ming 641 oʻquvchi va talaba tamomladi. Maktab bitiruvchilarining 11 ming 797 nafari oliy taʼlim muassasalariga, 2 ming 912 nafari professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilindi, — deydi Shavkat Rahmonov. — Oʻtgan davr mobaynida taʼlim muassasalarini tamomlagan 21,5 mingdan ziyod yoshning bandligi taʼminlandi. Bugungi kunda ishli boʻlgan barcha bitiruvchilar roʻyxati shakllantirilgan. Xalqaro imtihon tizimi boʻyicha yuqori ball olgan qariyb 800 nafar yigit-qizning 1,4 milliard soʻmlik imtihon xarajati qoplab berildi.

    “Bir million oʻzbek dasturchisi” kurslarini tugatib, sertifikat olgan yoshlarga tijorat banklari tomonidan kompyuter xaridi uchun ajratilgan isteʼmol kreditining 155,8 million soʻm miqdordagi foizi toʻliq kompensatsiya qilib berildi. Bu eʼtibor ham yoshlarga yangi kuch va shijoat bagʻishladi. Zarur uskuna va mehnat qurollari xarid qilish uchun subsidiyalar ajratish hisobidan ham viloyatdagi 3,5 mingga yaqin yigit-qiz ish oʻrniga ega boʻldi. Jumladan, Buxoro shahridagi Alisher Navoiy mahallasida yashovchi Xurshid Tohirov ham imkoniyatlar sabab usta-hunarmandlar qatoriga qoʻshilishga harakat qilmoqda.

    — Qadim hunarlardan sanalgan zargarlikni bir necha yildan buyon oʻrganib kelyapman. Ammo oʻzimda yetarli dastgohlar boʻlmagani sababli mustaqil ish boshlay olmayotgan edim. Menga subsidiya asosida zamonaviy uskunalar olib berildi. Endi milliy hunarmandchilik rivojiga hissa qoʻshish uchun menda ham imkoniyat paydo boʻldi, — deya minnatdorligini bildirdi X.Tohirov.

    Viloyatdagi keng koʻlamli islohotlar turli dastur va loyihalarning samaradorligini ham oshiryapti. Oʻtgan yil davomida Buxoroda qariyb 11 ming yoshga 259,3 milliard soʻmlik imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish orqali 10 833 ta ish oʻrni yaratilgani misolida buni koʻrsatish mumkin. Viloyatdagi drayver sohalardan biri — agrar tarmoq. Qishloqlarda yashayotgan 2 mingga yaqin ishsiz yoshga dehqonchilik bilan shugʻullanishi uchun oʻtgan yili 386,2 gektar yer ajratildi.

    Shuningdek, gʻalladan boʻshagan yerning 1 ming 144 gektari 2 ming 751 nafar yoshga takroriy ekin ekish uchun berildi va ular ham turmush sharoitini yaxshilab, oilaviy daromadini oshirish imkoniga ega boʻldi. Umuman olganda, kuch-quvvat va shijoatga toʻla yoshlarning yutuqlari, erishayotgan natijalari, koʻzlayotgan marralari salmogʻi yuqorilab bormoqda. Ertangi kunimizning farovon boʻlishi, avvalo, bugungi yosh avlodning iqtidori va isteʼdodi, bilimi, intilishi va saʼy-harakatiga bogʻliq. Barcha imkoniyat eshiklari ochilgan yurtda esa, albatta, koʻzlangan maqsadlar ortigʻi bilan roʻyobga chiqishiga shubha yoʻq.