Oshqozon yarasi oʻz vaqtida davolanmasa, saratonga aylanishi mumkin

    Suhbat 18 Noyabr 2020 22336

    Statistik maʼlumotlarga koʻra, dunyo aholisining 14 foizdan ortigʻi oshqozon yarasi xastaligi bilan ogʻriydi. Tashvishlanarlisi, asosan 20-40 yosh atrofidagi erkaklarda uchraydigan ushbu xastalik tobora yosharib bormoqda, yaʼni koʻproq maktab oʻquvchilari, talabalar orasida aniqlanyapti.

    Xoʻsh, ushbu kasallikdan qanday saqlanish mumkin? Uni aniqlash va davolash usullari haqidagi savollarimizga tibbiyot fanlari doktori, professor Feruza Hamrabayeva javob berdi.

    — Oshqozon yarasi paydo boʻlganini qanday aniqlash mumkin?

    — Oshqozon yarasi paydo boʻlganda koʻpincha qorining yuqori qismida ogʻriq kuzatiladi. Alkogolli ichimliklar va achchiq oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilish yoki jismoniy ogʻir ishlarni bajarganda bu ogʻriq yana-da kuchayadi. Ogʻriq kuzatilgan zahotiyoq, shifokorga murojat qilish zarur. Shifokorlar esa, bemorning boshqa alomatlariga tayangan holda oshqozon yarasi borligi tashxisini qoʻyib, uni aniqlash boʻyicha zarur tekshiruvlarni oʻtkazadi.

    Bundan tashqari jigʻildon qaynashi — bemorlar eng koʻp shikoyat qiladigan belgilardan biri. U odatda ovqatlangandan bir-bir yarim soat keyin sodir boʻladi. Shuningdek, ogʻiz boʻshligʻida achchiq yoki nordon taʼmning sezilishi, qayt qilish, qorin dam boʻlishi kabilar ham kasallikning asosiy belgilaridan hisoblanadi.

    — Oshqozon yarasini qanday davolash usullari bor?

    — Ushbu kasallikni faqat bitta muyyan dori yordamida davolab boʻlmaydi. Yondashuv kompleksli boʻlishi, shuningdek, meʼda shirasining kislotaliligini kamaytirish talab etiladi, bu juda koʻp yoqimsiz alomatlarni (ayniqsa, jigʻildon qaynashi, kekirish va koʻngil aynishi) bartaraf etib, asoratlarni rivojlanishiga toʻsqinlik qiladi.

    Ayni kunda mazkur kasallikni davolashning yana bir usuli jarohlik amaliyoti boʻlib, bu — yaralarni joylashishiga, kelib chiqish sababiga va holatiga koʻra, ushbu aʼzoning maʼlum bir qismini operativ yoʻl bilan rezeksiya qilish (kesib olib tashlash)dan iborat.

    Operatsiya qilishning ikki xil yoʻli bor. Ulardan biri Palliativ vaqtinchalik jarrohlik amaliyoti boʻlib, keksa, nimjon va ahvoli ogʻir bemorlarda oʻtkaziladi. Radikal operatsiya amaliyoti esa, yara joylashgan soha sogʻlom toʻqimaga qadar kesib olinib, bemorning bu darddan butkul qutulishiga imkon yaratadi. Hozirgi paytda bunday jarrohlik uslubi yaxshi ishlab chiqilgan.

    — Kasallikdan saqlanish uchun nima qilish kerak

    — Oshqozon yarasi paydo boʻlishiga toʻgʻri ovqatlanmaslik, uzoq vaqt och yurish, inson salomatligiga zarar yetkazuvchi mahsulotlarni isteʼmol qilish hamda kuchli strest holatini boshdan oʻtkazish ham sabab boʻlishi mumkin. Shu bois sogʻliq uchun zararli mahsulotlar, hazm boʻlishi ogʻir boʻlgan oʻta yogʻli, xom pishirilgan taomlardan saqlanish kerak.

    Oshqozon yarasi bor insonlar esa, parhez qilishga qatʼiy kirishishi talab etiladi. Agar tavsiya etilmagan taomlarni isteʼmol qilsa, ularning ahvoli yana-da ogʻirlashadi. Aksincha davolanish bilan parhezni birdek olib borsa, tezroq sogʻayishi mumkin. Avvalo, bunday bemorlarga taomlarni oʻta issiq yoki sovuq holda isteʼmol qilish tavsiya etilmaydi.

    — Qanday ogʻir oqibatlarga olib keladi?

    — Kasallik vaqtida davolanmasa bemorning ahvoli kundan-kunga yomonlashib boraveradi. Masalan, yara qonab ketishi mumkin. Bunday holatda hushdan ketish, baʼzan ichakdan qon ketishi yoki qon qusish holatlari yuz beradi. Shuningdek, kerakli tibbiy muolajalar oʻtkazilmasa oshqozon yarasining oʻsmaga aylanishi, saratonni yuzaga keltirishi hamda oʻt pufagi kasalliklari, xoletsistit, pankreatit kabi xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun bunday holatlar bemor oʻz sogʻligʻiga jiddiy eʼtibor qaratishi lozim.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.