Terminal ishlamayapti degan bahonalar ketmaydi!

    Soliq qoidabuzarligi haqida murojaat qilgan iste'molchi 20 foiz mukofot puliga ega bo'ladi.

    Yaqinda kichik savdo shahobchasidan xarid qilganimda, sotuvchi to'lov terminali ishlamayotganini aytib, naqd pul berishim yoki to'lovni kartadan kartaga o'tkazishimni so'radi. Men o'tkazmani amalga oshirdim va summa jismoniy shaxs nomidagi kartaga tushdi. Qizig'i, bu holat kelasi safar ham takrorlandi. Jarayonda o'tkazmadan olinadigan foiz summasi mening zimmamga tushayotgani kamday, sotuvchi xarid chekini ham bermadi, buni ustiga xarid summasidan 1 foizni ham qaytarib ololmayman. Iste'molchi sifatida chekni talab qilganimda, biror norozilik bo'lsa, o'tkazma tarixining o'zi kifoya qilishini aytdi.

    So'nggi vaqtlarda shunday holatlar ko'p uchramoqda. Ayniqsa, shahardan tashqari joylarda savdo va xizmat ko'rsatuvchi tadbirkorlar tomonidan xaridorlarga batareya quvvati yo'qligi yoki boshqa sabablarga ko'ra to'lov terminali ishlamayotgani, plastik kartada to'lashning iloji yo'qligi bahona qilinib, naqd pulda savdo qilishga undash ko'paygan. Qolaversa, xarid chekini bermaslik, karta turiga qarab savdo qilish, elektron to'lovdan bosh tortish holatlari ham uchrab turadi.

    Vaholanki, axborot texnologiyalari tobora rivojlanib borayotan hozirgi sharoitda aholi orasida plastik karta va elektron to'lov usullaridan foydalanuvchilar soni ortib boryapti. Ko'plab insonlar, hatto, hamyonida naqd pul olib yurmaydigan bo'lgan. Shunday sharoitda odamlarni naqd pulda savdo qilishga undash yoki zamonaviy to'lov turlaridan foydalanmaslik qanchalik to'g'ri? Odamlar buni tadbirkorning soliq to'lovlaridan qochishi, deb tushunadi, aslida ham shundaymi? Bunday tadbirkorlik subyektlariga qonunchilikda qanday choralar nazarda tutilgan? Mavzuga doir dolzarb savollar bilan Soliq qo'mitasi boshqarma boshlig'i Dildora HOSHIMOVAga yuzlandik.

    — Avvalo, bunday harakatlar yashirin iqtisodiyotning bir ko'rinishi hisoblanadi. Xo'sh, bu nima degani? Gap shundaki, yashirin iqtisodiyot — bunorasmiy bandlik, noqonuniy ish haqi, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati yoki tovar va xizmatlar noqonuniy savdosi. Davlatdan daromadlarini yashirish va soliq to'lashdan bo'yin tovlashga olib keladigan harakatlar yashirin iqtisodiy faoliyat sanaladi. Va bunday harakatlarga qonunchilikda tegishli choralar belgilangan.

    Xuddi shunday, savdo yoki xizmat ko'rsatish jarayonida plastik kartani rad etganlik ham javobgarlik belgilangan. Chunki, hozirgi kunda yurtimizda savdo yoki xizmat ko'rsatishda nafaqat naqd ko'rinishda, balki naqdsiz to'lov (elektron to'lov) uchun ham barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Qolaversa, fuqarolarning ko'pi bu amaliyotni mobil ilovalar va boshqa usullar orqali amalga oshirishga ham odatlanib ulgurdi. Bu ancha tezkor va qulay usul bo'lgani holda, savdo hisoboti yuritilishida ham afzalliklarga ega. CHunki pullarning kirim jarayoni elektron qayd etib boriladi. Hatto, savdoni amaliyotda kartadan kartaga o'tkazish ham mumkin, faqat yuridik shaxsga tegishli plastik kartalar yoki elektron to'lov orqali tadbirkorlik sub'ektining hisob raqamiga o'tkazilganida, bu qoidabuzarlik sanalmaydi. Agar to'lov jismoniy shaxsning kartasiga tushsa, tushumning nazorati yo'q va bu tushumni yashirish orqali tadbirkor soliqdan qochgan hisoblanadi. Buning qoidaga zid ekanini xaridorga xarid cheki berilmasligidan ham bilish mumkin. Vaholanki, hukumatning tegishli qarori bilan tadbirkorlik sub'ekti har qanday savdo qilinganida va xizmat ko'rsatganida xaridorga xarid chekini berishi belgilab qo'yilgan.

    Tadbirkorlik sub'ekti xarid cheki bermasdan, savdo yoki xizmat ko'rsatilganida tushum pulini kirim qilmadimi, demak, u soliqdan bo'yin tovlayapti. Soliq kodeksining 22-moddasida tovar va xizmatlar realizatsiya qilinganida unga chek berish soliq to'lovchining majburiyati etib belgilangan. Soliq huquqbuzarligi sodir etilgan bo'ladi va 221-moddaga asosan nazorat-kassa texnikasining yoki hisob-kitob terminallarining qo'llanilishi majburiy bo'lgani holda, ularni qo'llamasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar ko'rsatganlik, shuningdek, hisob-kitob terminallari orqali to'lovlarni qabul qilishni rad etganlik, deb baholanadi. Bunday holatda tadbirkorlik sub'ektiga 5 million so'm, huquqbuzarlik yil davomida qayta takrorlanganida esa 10 million so'm miqdorida jarima solinishiga sabab bo'ladi. Ma'lumot uchun, joriy yilda xuddi shunday holat bo'yicha soliq organi xodimlari tomonidan 3 mingtadan ziyod sayyor soliq tekshiruvlari o'tkazilgan.

    — Demak, savdo va xizmat ko'rsatuvchi tadbirkorlik sub'ektlari to'lov terminallaridan foydalanish hamda xaridorga chek berishga majbur?

    — Albatta, savdo va xizmat ko'rsatish shahobchalarida hisob-kitob terminallari ishlatilishi kerak. Chunki hozirgi kun talabi shunday. Aholi istasa naqd, istasa plastik karta, istasa elektron to'lov orqali xarid qiladi. Tadbirkorlik sub'ekti esa to'lovning har qanday turini qabul qilishni ta'minlashi kerak. Ammo xarid cheki terminal orqali berilmaydi. Ko'pchilik shu masalada xato o'ylaydi. Gap shundaki, terminal — bu to'lov qabul qilish apparati hisoblanadi. Undan chiqqan “qog'oz” xaridorning pul ko'chirib berganini tasdiqlaydi. Xarid cheki esa onlayn nazorat kassasi orqali beriladi.

    Ana shu onlayn nazorat kassasi har bir savdo va xizmat ko'rsatish shahobchasida bo'lishi majburiy. Bu apparat kirimni qayd etib boradi, fiskalizatsiya qiladi va elektron hisobni yuritadi. Soliq organlari tomonidan har bitta ro'yxatdan o'tgan aholi bilan naqd pulda ishlaydigan tadbirkorlik sub'ektiga onlayn nazorat kassa mashinasini olish talabi qo'yilgan. Barcha mahallada soliq inspektorlari bor, ular tomonidan bu nazoratga olinadi. Ayni paytda yurtimiz bo'yicha 180 mingga yaqin tadbirkorlik sub'ektlarida 225 mingga onlayn nazorat kassa mashinalari ro'yxatga olingan va faoliyat yuritib kelmoqda. Shu yilning 1 oktyabr` holatiga ko'ra, ushbu onlayn nazorat kassa terminallaridan 792 millionta chek chiqarilib, ular bo'yicha aylanma 193,1 trillion so'mni tashkil etdi. Bu borada hududlar kesimida Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlari etakchilik qilmoqda.

    Elektron qurilmalarning yana bir afzalligi, tadbirkorlik sub'ektlari faoliyati, kirim-chiqimi tekshiruvini osonlashtirganida ham ko'rinadi. Avvallari, soliq inspektorlari tekshiruv uchun joyiga borib, soatlab, hatto, kun davomida savdo qaydlari yozilgan jurnallarni tekshirib, har birini solishtirishiga to'g'ri kelgan. Hozir bularning bari soddalashtirilib, onlayn tizimga o'tkazilgan, tadbirkorlar uchun ham qulay bo'ldi. Qulaylik tarafi tadbirkor o'zida qancha savdo bo'lgani, qaysi tovarlariga ehtiyoj ortgani (tugagani) va biznesidagi boshqa jarayonlarni onlayn kuzatib borib rejalashtirish imkoniyati bo'ladi. Bugungi kunda har bir onlayn nazorat kassa texnikasi maxsus onlayn NKT axborot tizimi orqali real vaqt rejimida kuzatib boriladi. Qurilmalar ishlatilmagan taqdirda sabablari o'rganilib, qonunbuzilish holatlari aniqlanganida tegishli choralar ko'riladi.

    Hozirgi zamonaviy onlayn nazorat kassalari barcha turdagi kartalarni qabul qilish imkoniyatiga ega. Aslida, kassalardan tanlov asosida (narxi, imkoniyati, qulayliklari) foydalanish tadbirkorlik sub'ektining ixtiyorida, ammo bu iste'molchining noroziligi va xarid chekini bermaslikka sabab bo'lmasligi lozim. Agar qurilmani ishlatmaslikka chindan ham elektr toki yo'qligi, apparatning buzilib qolgani kabi holatlar sabab bo'lsa, bunday vaziyatlar qonunchilikda inobatga olingan. Ya'ni, bu kabi holatlarda tadbirkorlik sub'ekti darhol soliq organlariga va texnik xizmat ko'rsatuvchiga (tuzatish yoki vaqtincha almashtirish) murojaat qilishi va buni tegishli tartibda rasmiylashtirib qo'yishi kerak. Tadbirkorning talabiga ko'ra, onlayn nazorat kassa texnikasi ishlaguniga qadar xaridorlarga qog'oz ko'rinishida kvitantsiya berishga ruxsat etiladi. Elektron qurilma ishlamagan vaqtda tadbirkorlik sub'ektining faoliyat yuritmaslikka haqqi bor. Agar hisob-kitob terminali ham ishlamayapgan bo'lsa va xaridorlarga to'lovi uchun chek berishning mutlaqo iloji bo'lmasa, o'z-o'zidan, aholiga xizmat ko'rsatishga ruxsat berilmaydi. Ya'ni, har qanday holatda ham xaridorlarga xarid cheki qog'oz yoki elektron ko'rinishda berilishi shart.

    — Xarid chekini so'rab olmagan yoki talab qilmagan xaridorlarning o'zi ham qoidabuzar hisoblanadimi?

    — Yo'q, qonunchilikda bu nazarda tutilmagan. CHekni olmaganlik uchun xaridorni ayblash noto'g'ri bo'ladi. Chunki iste'molchi xarid chekini so'raydimi yoki yo'q uni berish tadbirkorlik sub'ektining vazifasi. Chekni olish-olmaslik, yoki olsa ham tashlab yuborish esa xaridorning o'z ixtiyorida. Lekin tovar sotilganda yoki xizmat ko'rsatilganida har qanday shakldagi xarid chekini, albatta, iste'molchiga berishi kerak, aks holda, bu qoidabuzarlik sanaladi. Tasavvur qiling, siz chekni chiqarib berishingiz uchun qancha vaqt ketadi? Bu vaqtda xaridor g'oyib bo'lib qolishi yoki qochib ketishi imkonsiz. Shunday bo'lgan taqdirda ham savdo yoki xizmat ko'rsatuvchi xaridni onlayn nazorat kassaga kirim qilib, chekni chiqarib qo'yishi kerak. elektron tizim chek chiqarilganini qayd etadi va bu qonun doirasidagi harakat sanaladi.

    Hozir odamlarda xarid madaniyati ancha shakllanib boryapti. Aholining o'zi xarid chekini so'rab olayotgani ijobiy ko'rsatkich. Bunga ularni xariddan qaytariladigan “keshbek”larni to'plash ishtiyoqi ham rag'batlantirayotgani rost. Birgina joriy yilning sakkiz oyida jismoniy shaxslarga xarid qiymatidan 631 milliard so'mga yaqin mablag' 1 foiz keshbek sifatida qaytarildi. Bundan tashqari, chakana savdo va xizmat ko'rsatish sohasida elektron tijorat, ya'ni marketpleyslarning ma'lumotlar bazasi soliq organlari axborot tizimi bilan integratsiya qilinib, xaridorlarga bu yil umumiy qiymati 66,2 trillion so'mlik 1,4 milliard dona elektron chek taqdim etildi. Buning natijasida avtomatik tarzda 386,1 mlillion dona elektron chek uchun 175,1 milliard so'm keshbek hisoblandi.

    Yana bir tomoni, yuqorida turli bahonalar bilan plastik kartalarni qabul qilmaslik, naqd pulda savdo qilishga undash, xarid chekini taqdim etmaslik kabi qoidabuzarliklar haqida gapirdik. Bunday vaziyatlarda asosan iste'molchilar haq bo'ladi. Va ularda shu kabi holatlarda soliq organlariga murojaat qilish, bu orqali, hatto, mukofot puliga ega bo'lish imkoniyati ham mavjud. YA'ni, xaridor soliqqa oid huquqbuzarlikka duch kelsa, bu haqida “Soliq” mobil ilovasining “Soliq hamkor” bo'limi orqali shaxsini tasdiqlovchi ro'yxatdan o'tgan holda yozma, yoki o'ziga yaqin bo'lgan hududdagi soliq inspektsiyasiga bevosita borib, yoxud tegishli ishonch telefoni orqali og'zaki murojaat qoldirishi mumkin. Mobil ilovadan foydalanish davomida “Murojaatingiz uchun mukofot olishni xohlaysizmi?” degan savolga ha yoki yo'q tarzida javob beradi. Agar fuqaro mukofot olishni istasa va yo'llangan murojaat o'z tasdig'ini topsa, tadbirkorga qo'llanilgan jarimaning 20 foizi murojaatchiga beriladi. Hozirgacha ushbu yo'nalishda to'langan mukofotlar summasi 25 milliard so'mdan oshdi.

    Kelib tushgan murojaatlar soni esa joriy yil 1-oktyabr holatiga 70 mingdan ziyodni ko'rsatyapti. Ana shu murojaatlar asosida jami 26 400 ta tadbirkorlik sub'ektida sayyor soliq tekshiruvi o'tkazilib, ularga nisbatan 85 milliard so'mdan ortiq moliyaviy jarima qo'llanilgan. Murojaatlarning 99,1 foizida huquqbuzarlik o'z tasdig'ini topgan. Har bir murojaat, albatta, o'rganiladi va huquqbuzarlik aniqlanmagan taqdirda, tadbirkorga chora ko'rilmaydi. Ya'ni, murojaatlarni shunchaki pul uchun qilinayotgan harakat sifatida baholash noto'g'ri. Aksincha, bu fuqarolik nazoratining ko'rinishlaridan biri bo'lib, odamlar huquqbuzarliklarga befarq emasligi, o'z haqqini tanib borayotganidan dalolat.

    — Ammo ko'chada savdo qilayotgan dehqon yoki savdogarda onlayn kassa nazorat terminali bo'lmaydi va hech kim ulardan chek ham so'ramaydi. Buning talabi va tartibi qanday? Kimlar onlayn nazorat kassa apparatisiz savdo qilishi va xizmat ko'rsatishi mumkin?

    — Qonunchilikda o'zini o'zi band qilgan fuqarolar mavjud bo'lib, ularga qator imtiyozlar taqdim etilgan. Xususan, bunday shaxslar belgilangan 101 faoliyat turi bilan shug'ullanishi va ularning aylanmalari 100 mln so'mgacha bo'lganida daromad solig'idan ozod qilingan. Demak, o'zini o'zi band qilgan shaxslar onlayn nazorat kassadan foydalanishga majburiyati yo'q. Lekin savdogarlar bundan mustasno, ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro'yxatdan o'tib kassa ishlatishga majburlar va chek ham berishlari shart. Xaridorlarga qulaylik yaratish maqsadida to'lov terminali va elektron to'lov turlarini qo'llashi mumkin, biroq ixtiyoriy.

    Hozirgi kunda o'zini o'zi band qilgan fuqaro sifatida ro'yxatdan o'tish mumkin bo'lgan yuzdan ortiq faoliyat turi mavjud. Masalan, xonadonida tikuvchilik qilishdan tortib, sartaroshlik, bola parvarishi, repetitorlik, tomorqachilik va hokazo. Qishloq xo'jalik mahsulotlarini etishtirsh va sotish ham shunday faoliyat turlari sirasiga kiradi. Ularning bozor hududida soliq to'lamasdan savdo qilishi uchun tegishli tartibda o'zini o'zi band qilgan fuqaro sifatida ro'yxatdan o'tishi kerak. Bunda fuqaroga Soliq organlari xodimlari yordam beradi. Ro'yxatdan o'tish amaliyoti qisqa vaqtda onlayn tartibda Soliq mobil ilovasi orqali qisqa muddatda (bir necha soniyada) amalga oshiriladi. Fuqarodan ortiqcha harakat, yugur-yugur talab etilmaydi. Ro'yxatdan o'tgach, o'zini o'zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatini davom ettiraveradi.Ular uchun bu ijtimoiy himoya, kredit olish uchun rasmiy daromadga egaligi va kelajakda yaxshi pensiya uchun manba bo'ladi. O'z o'rnida davlat uchun qancha fuqarosi rasmiy bandligi va daromadga ega ekanini bilish uchun ham muhim.

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    Iroda TOSHMATOVA suhbatlashdi.

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 30.10.24-yil, 220-sonida e'lon qilindi)