Oʻzgarayotgan huquqiy tafakkur hodisasi mamlakat taraqqiyoti, inson qadrini ulugʻlashda oʻqildizdir

    Suhbat 28 Avgust 2024 1187

    Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri Akbar TOSHQULOVning “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharririga bergan intervyusi

    Mamlakatimizda kechayotgan keng koʻlamli yangilanishlar jarayonining amaliy natijasi oʻlaroq, bugungi kunda aholi farovonligi va yurtimiz taraqqiyotida katta oʻzgarishlar sodir boʻlmoqda. Oʻz navbatida, Oʻzbekistonni yanada yuksaltirish yoʻlida barcha tizim va yoʻnalishlardagi islohotlarni chuqurlashtirish, samaradorligini kuchaytirish borasida ham tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilyapti.

    Mana shunday oʻzgarishlar jarayonini toʻgʻri va xolisona yoritish, islohotlar mohiyatini yurtdoshlarimizga oʻz vaqtida yetkazish ommaviy axborot vositalari zimmasidagi masʼuliyatli vazifadir.

    “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati mamlakatimizdagi vazirlik va idoralar rahbarlari bilan intervyular tashkil etib kelmoqda. Ushbu anʼanani davom ettirgan holda bu galgi suhbatdoshimiz adliya vaziri Akbar TOSHQULOV boʻldi.

    — Avvalo, bizga intervyu berishga rozilik bildirganingiz uchun minnatdorlik izhor etamiz. Suhbatimizni yangi Oʻzbekistondagi eng katta islohotlardan biri, milliy taraqqiyotimizning muhim kafolati — xalq bilan muloqot tizimidagi oʻzgarishlardan boshlasak.

    Bu borada barcha tizim rahbarlari oldiga juda katta vazifalar qoʻyilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning joriy yil 24-maydagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida”gi farmonida ham Adliya vazirligi zimmasiga bir qator muhim vazifalar yuklandi. Aholi muammolarini uyma-uy yurib oʻrganish va hal etish yuzasidan qoʻshimcha vazifalar shular jumlasidan.

    Ushbu masʼuliyatli vazifani sifatli bajarish uchun vazirlik tomondan qanday choralar koʻrilmoqda? Aniq natijalar nimalarda koʻzga tashlanadi?

    — Davlat tashkilotlari oʻzining eng asosiy vazifasi sifatida xalqning ogʻirini yengil qilishga kirishgan, yaʼni aholi bilan muloqot qilib, ularning muammolarini aniqlash va hal etish ustuvor vazifaga aylandi. Mana shu jabhada vazirligimizga ham muhim vazifalar yuklatilmoqda. Jumladan, yuqorida aytilgan farmon bilan Adliya vazirligi yangicha ishlash tizimiga oʻtdi. Bunda aholining huquqiy muammolarini mahallalarda hal etish asosiy vazifa sifatida belgilandi.

    Farmon qabul qilinishidan oldin joylarda muammolarni aniqladik. Ularni oʻrganish jarayonida hududlarda ushbu farmonning ahamiyati va muhimligiga amin boʻldik. Juda koʻp aholi shaxsiy, uy-joy hujjatlari yoki meros masalalari bilan bogʻliq huquqiy muammolarga duch kelardi. Endi ularni xalqning ichiga kirib hal qilishga oʻtganmiz. Farmon qabul qilingandan soʻng qisqa fursat ichida “mahalla yettiligi” bilan uyma-uy yurib oʻrganish natijasida 26 mingta mana shunday huquqiy muammo aniqlandi.

    Bugungi kunda biz ularning deyarli 80 foizini hal qildik. Huquqiy muammolar hal boʻlganidan soʻng fuqarolarning yoʻli ochiladi. Yaʼni imtiyozlar, davlat ijtimoiy himoya tizimidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu jarayonni raqamlashtirish orqali yana ham tezlashtirish niyatidamiz. Buning uchun xodimlarimiz tomonidan ikkita maxsus dastur ishlab chiqildi. Joylarda huquqiy muammolar bevosita elektron tizimda qayd qilinadi. Har bir muammo yechilgandan soʻng nazoratdan olinadi.

    Bundan tashqari, onlayn mahalla tizimi orqali bevosita fuqarolarning oʻzi yoki “mahalla yettiligi” har qanday muammoni qaysidir idoraga kelmasdan turib ham tizim orqali bizga yetkaza oladi.

    Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami vakillarida aliment undirish yoki sudlarga daʼvo kiritish masalasida juda koʻp muammolar yuzaga keladi. Yuridik xizmatlar ancha qimmatligi bois, ularning imkoni cheklangan, shu sababli tekin yuridik yordam tizimini shakllantirganmiz. “Madad” nodavlat tashkiloti hamma tumanlarda ochilib, yurtdoshlarimizga sudlar yoki boshqa idoralarga hujjatni bepul tayyorlab berish tizimi yaratildi. Uch oyda uch mingdan ortiq fuqarolarimizga aliment, meros, ajrashish, oilaviy yoki mehnat nizosi bilan bogʻliq hujjatlarni bepul tayyorlab berdik.

    Umuman olganda, yuridik yordam tizimini rivojlantirish aholining huquqiy muammolari kamayishiga olib keladi. Yurtdoshlarimizning muammoli masalalari bu tarzda hal etilishi ularda bugungi yuritilayotgan siyosatdan rozilik hissini paydo qiladi, ertangi kunga ishonchini mustahkamlaydi, yurt taqdiriga daxldorligini oshiradi.

    — Shu yil 16-avgustda Prezidentimizning ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirishga doir farmoni qabul qilindi. Hujjatda asosiy vazifalar Adliya vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Ushbu farmonning qabul qilinish zarurati, undagi vazifalarni amaliyotga tatbiq etishning ahamiyati, umuman, kutilayotgan oʻzgarish va qulayliklarga toʻxtalib oʻtsangiz.

    — Oxirgi yillarda juda koʻp islohotlar kechyapti. Bularning hammasi qabul qilinayotgan qonun hujjatlari asosida boʻlayotir. Hujjatlar qabul qilish jarayonida puxta ishlanadigan boʻlsa, mamlakat taraqqiyoti, aholi farovonligiga xizmat qiladi. Puxta ishlash uchun, albatta, texnologiyalar va rivojlangan davlatlar qoʻllaydigan har xil usullar bor.

    Bu tizimni aqlli tartibga solishni oʻylashimiz kerak. Eng avvalo, hujjat qabul qilishdan oldin aholi turmush tarziga qanday taʼsir qilishini bilsak, islohotlar samaradorligi yanada yuqori boʻladi. Shu nuqtayi nazardan, uch yildan ortiqroq vaqt davomida Adliya vazirligi tartibga solish taʼsirini baholash mexanizmidan foydalanmoqda.

    Ushbu tizim aholi hayoti, tadbirkorlikka, mamlakat taraqqiyotiga qanchalik taʼsir qilishi yoki yana qanday muvaffaqiyatli mexanizmlar borligini oldindan aniqlash imkonini beradi.

    Tartibga solish taʼsirini baholash mexanizmlarini qoʻllash davomida byudjet va tadbirkorlarga ortiqcha xarajat olib kelishi mumkin boʻlgan holatlar aniqlandi. Misol uchun, tartibga solish taʼsirini baholash orqali 8 trillion soʻmlik xarajatning oldi olindi. Bu tizim ishlashi uchun ilmiy masalalar bilan birga chuqur tahlillar boʻlishi kerak. Shu sababli vazirlik huzurida tartibga solish taʼsirini baholash va qonunchilikni tizimlashtirish boʻyicha maxsus institut ochildi. Bu institut mana shu tizimni rivojlantirish ustida ishlaydi.

    Farmon bilan yana bir muhim yoʻnalish — tartibga solish taʼsirini baholash ikki bosqichga boʻlindi. Birinchisi, hujjat ishlab chiqishdan oldin uni konseptual jihatdan tezlashtirilgan tartibda koʻrish. Ikkinchi bosqichda tezlashtirilgan holatda koʻrib chiqilib, hujjat mamlakat taraqqiyoti uchun juda ham kerak, degan baholashdan soʻng uni ilmiy jihatdan chuqurroq oʻrganishga oʻtiladi. Bu orqali qonun chiqaruvchilarning vaqti behuda sarflanmaydi.

    Rivojlangan davlatlar tajribasi hamda oʻzimizdagi huquqni rivojlantirish tendensiyalaridan kelib chiqib, har bir qonun amalda qanday ishlayotgani, qanchalik samara berayotganini baholash mexanizmlari ustida ishlayapmiz. Agar qonun samara bermayotgan boʻlsa, bu mexanizm orqali hujjat yoki ijrodagi muammolar oʻrganiladi. Qonunning oʻzida muammo boʻlsa, uni toʻliq qayta koʻrib chiqish kerak. Mana shu aqlli usullar orqali qonunchiligimizni rivojlantiramiz hamda hayotimizga taʼsir qiladigan muhim qonunlar qanchalik samara berganini baholab chiqamiz.

    — Akbar Joʻraboyevich, koʻpchilikni qiziqtirayotgan masalalardan biri “E-qaror” elektron platformasidagi qarorlar ­bilan bogʻliq. Hozir mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan “E-qaror” elektron platformasi orqali ayrim qarorlarni yashirin ravishda qabul qilish holatlari jamoatchilik eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Ayting-chi, bu borada vazirlik tomonidan qanday chora-tadbirlar koʻrilmoqda?

    — “E-qaror” tizimi joriy qilinishi mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida ochiqlikni taʼminlash borasida muhim qadam boʻldi. Chunki bu orqali aholi, OAV va boshqalarda mahalliy davlat hokimiyati qabul qilayotgan qarorlar bilan tanishish imkoniyati paydo boʻldi.

    Shu oʻrinda “E-qaror” tizimida ochiq eʼlon qilinadigan va yopiq tarzda qabul qilinadigan qarorlar toifasi borligini eslatib oʻtish joiz. Boshqacha aytganda, hamma qarorlar ham ochiq eʼlon qilinmaydi. Xoʻsh, nega? Bunga javobni qabul qilinayotgan qarorlarga doir maʼlumotdan boshlasak. Olti oy ichida mahalliy davlat hokimiyati organlari, yaʼni hokimlar va mahalliy kengashlar tomonidan 83 mingdan ortiq qaror qabul qilingan. Ularning 65 foizi ochiq, 35 foizi yopiq qarordir.

    Mahalliy hokimliklar koʻproq oʻz hududi doirasidagi masalalar haqida qaror qabul qiladi. Shuningdek, fuqarolarga doir hujjatlarni ham qabul qilib turadi. Bular fuqarolarning mulki, shaxsi yoki ularga moddiy yordam berish bilan bogʻliq. Shu bilan birga, oʻzining tizimidagi xodimlarni ishga tayinlash, ularni ishdan boʻshatish, taʼsir chorasi koʻrish bilan bogʻliq hujjatlar ham bor.

    Masalan, kam taʼminlangan aholi qatlamiga yordam berish boʻyicha qaror boʻlishi mumkin. Bu maʼlumotlarni hammaga oshkor qilishimiz qonunchilik nuqtayi nazaridan notoʻgʻri. Chunki qabul qilinayotgan qaror fuqaroning bevosita shaxsi bilan bogʻliq. Bunday vaziyatda uni eʼlon qilish yoki muhokamaga qoʻyish uchun oʻsha fuqarolarning roziligi kerak boʻladi. Shuning uchun biz bunday qarorlarni yopiq belgilaganmiz.

    “E-qaror” tizimini tuman, viloyat, vazirlik doirasida doimiy kuzatib boramiz. Har bitta qaror qabul qilindimi, u Adliya vazirligi koʻrigidan oʻtadi. Agar hujjat ochiq eʼlon qilinishi kerak boʻlsa-yu, hokimlik yopiq tarzda amalga oshirgan boʻlsa, biz uni oʻzimiz ochishga haqlimiz. Yoki aksincha, yopiq boʻlishi kerak boʻlgan, yaʼni shaxsga doir maʼlumotlarni oshkor qilish darajasiga olib keladigan boʻlsa, biz uni yopishga imkoniyatimiz bor.

    Masalan, oʻtgan 6 oy davomida shaxsga doir maʼlumotlar ochiq tarzda qabul qilingani uchun 800 ga yaqin qarorni yopganmiz. Aksincha, 500 ta qarorni ular yopib qoʻygani uchun ochganmiz. Umuman, qarorning yopiq yoki ochiqligi qonun bilan belgilanadi. Bu yerda yashirin hamda kelishish asosida biror ish qilish mumkin emas.

    Qonunchiligimizda yana bir muammo bor edi: qaysi maʼlumot davlat siriga kiradi? Hozir bu toʻgʻrilanib, parlamentda koʻrib chiqilmoqda. Bu ham tasdiqlanganidan soʻng hech bir savolga oʻrin boʻlmaydi. Bundan tashqari, biz “aqlli” boshqarish tizimini yoʻlga qoʻymoqdamiz. Inson omili endi vasiylik va homiylik bilan bogʻliq qarorni ochiq qilaman, desa ham qilolmaydi. Yoki ochiq, misol uchun, byudjetga doir qarorlarni yopiq qilolmaydi.

    — Yuqoridagi savolning mantiqiy davomi bor. Viloyat, tuman va shahar hokimlarining qarorlari bekor qilinganiga doir xabarlarni tez-tez oʻqib turamiz. Bekor qilinish, yaʼni qonunchilik talablariga mos kelmaydigan saviyasiz hujjatlarning koʻpligi nima bilan bogʻliq?

    — Bu holat bugun nisbatan kamaygan. Tartibga solish taʼsirini baholash mexanizmlari ishga tushirilmasdan oldin bu borada muammolar bor edi. Oldinlari eski sanalar bilan qaror qabul qilish holatlari boʻlgan. Oxirgi vaqtlardagi ochiqlik hokimliklar tizimini ham ancha tartibga solyapti. Masalan, yer bilan bogʻliq qandaydir hujjat qabul qilinsa, ertasi kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda. Bu yerda jamoatchilik nazoratining oʻrni beqiyos. Umuman, tizimning maqsadi ham jamoatchilik uchun platforma yaratish edi. Menimcha, bu maqsadga erishildi.

    Hozir bunday holatlar uchrab turishiga sabab bor: davlat xizmatidagi hamma xodimlarning ham malakasi yetarli, deb ayta olmaymiz. Misol uchun, 6 oyda, yuqorida aytganimizdek, 83 mingdan ortiq hujjat qabul qilingan boʻlsa, biz 1800 tasini noqonuniy, deya bekor qildik. Bu yerda hokimliklarning yuridik xizmatida ham muammo boʻlishi bilan birga malakali kadrlar yetishmovchiligi hali-hamon kuzatilyapti. Bugungi kunda bu muammolar ustida ishlayapmiz.

    Xususan, xodimlar malakasini oshirish, qarorlarning qonuniyligini taʼminlash boʻyicha huquqiy texnologiyalar, yaʼni matnlardan namunalar asosida abzas-abzas qilib ularga yetkazib beradigan mexanizm yaratganmiz. Baribir shaxs bilan bogʻliq boʻlgani uchun mana shunday muammolar uchrab turadi. Tuman yoki viloyat adliya xodimini har kuni ularga masʼul xodimimiz oʻz kabineti orqali koʻrib turadi. Xatosi boʻlsa, talabnoma kiritib, ularni bekor qilish choralarini koʻryapmiz.

    — Akbar Joʻraboyevich, Adliya vazirligi faoliyatini kuzatib boramiz, juda katta va keng koʻlamli ishlar qilinyapti. Xususan, jamoatchilik nazorati, yurtdoshlarimiz fikr-mulohazalari, huquqiy ong va huquqiy madaniyat bilan bogʻliq yoʻnalishlarda bugungi kunda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

    — Albatta, aholining huquqiy ongini oshirish muhim yoʻnalishdir. Chunki davlat tashkilotlarining qanchalik qonuniy ishlashi aholining huquqiy ongiga bogʻliq. Agar har bir inson haq-huquqini talab qilsa, davlat idoralari xodimlari ham oʻz ustida ishlashga majbur boʻladi. Shuning uchun Adliya vazirligi bunga masʼul idora hamda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi idora sifatida faoliyat yuritadi.

    Asosiy vazifamiz hujjat qabul qilingandan soʻng tezlik bilan elektron tizimlar orqali aholiga yetkazish. Agar davlat organlari toʻgʻri ishlasa, huquq buzilishlari kamayadi. Shuning uchun biz davlat organlarining yoʻnalishi boʻyicha huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar oʻtkazamiz. Yaʼni ularga qonunlarni qanday ijro qilish boʻyicha yordam beramiz.

    Keyingi vazifamiz aholining bevosita huquqiy ongini oshirish. Buning uchun oxirgi yillarda qabul qilinayotgan hujjatlarning manzilli targʻibotini oʻtkazyapmiz. Masalan, aholining qaysidir qatlami uchun yangi hujjat qabul qilindi. Endi bu hujjatni elektron tizimlar orqali yetkazishga harakat qilamiz. Bu boʻyicha maxsus platforma yaratganmiz. Misol uchun, Advice.uz platformasida fuqaro oʻzini qiziqtirgan masala boʻyicha oddiy tushuntirilgan xizmatdan foydalanishi mumkin. Masalan, nogironligi boʻlgan shaxsning qanday huquqi bor? Oʻsha huquqni amalga oshirish uchun kimga murojaat qilish kerak? Bu kabi savollarning hammasiga elektron tizimda javob berilgan. Oʻsha joyning oʻzida arizani joʻnatish imkoniyati ham bor.

    Aholining huquqiy ongini oshirish uchun yoshlikdan — bogʻcha va maktabdan huquqiy koʻnikmalarni oshirishni boshlashimiz kerak. Qonun asosida yashash, degan xulosani ongiga singdirishimiz lozim. Faqat bilim boʻlgani bilan uni qoʻllamaydigan boʻlsak, qonun va huquqlar amalda ishlamaydi. Shuning uchun bu koʻnikmalarni yoshlikdan singdirish maqsadga muvofiq.

    Buning uchun bevosita mazkur masala bilan shugʻullanadigan tarbiyachilarimiz va maktabda huquq fani oʻqituvchilari bor. Vazirlik ular bilan ishlab, oʻqitish metodikalari bilan taʼminlayapti. Videodarsliklar beryapmiz. Sudga murojaat qilish jarayoni qanday kechadi yoki biror jinoyatga guvoh boʻlsa, qanday munosabat bildirish kerak, uning ham mexanizmlarini oʻqituvchilarga metodik qoʻllanmalar berish orqali amalga oshiryapmiz.

    Prezidentimiz raisligida yil boshida yoshlar va vatanparvarlik bilan bogʻliq katta yigʻilish oʻtkazildi. Adliya vazirligi 500 mingga yaqin yoshni mana shu masalada otaliqqa olgan. Har bir xodimimiz tarbiyasi qiyin yoki qaysidir masalada muammoga duch kelgan yoshlar bilan ishlaydi. Ularning qonuniy huquqlarini amalga oshirishga yordam beryapmiz.

    Masalan, ishga joylashish kerak, qaysidir idora uni noqonuniy rad qildi. Shu vaqtda biz unga yordam berish orqali muammoni yechamiz. Mahallalar boʻyicha ishlayapmiz. Aksariyat yurtdoshlarimiz moddiy yordam va nafaqa puli olishnigina biladi. Vaholanki, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qonunlarimizda 30 dan ortiq turli imtiyoz bor. Biz ularga qonunlardan foydalanishni oʻrgatyapmiz.

    Yana bir muhim masala, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlardagi tendensiya oʻzgarib boryapti. Yurtdoshlarimizning huquq sohasidagi bilimini mustaqil boyitib borish uchun YouTube kanalida huquqiy maktab ochdik. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda videokontentning oʻrni va taʼsiri oshib bormoqda. Shuning uchun vazirligimiz tizimidagi muassasalar ham koʻproq videokontent bilan hayotiy misollar orqali koʻrsatib berishga harakat qilyapti. Oxirgi vaqtda sunʼiy intellekt yordamida bir necha multfilm yaratdik.

    Umuman, aholining huquqiy ongini oshirish vazirligimizning muhim vazifalaridan biri. Buning uchun nafaqat adliya sohasi, balki butun jamoatchilik birgalikda ishlashimiz kerak. Chunki huquqni oʻrganib, uni amalda qoʻllamaslik jamiyat rivoji uchun juda katta toʻsiq boʻladi.

    — Yaqinda Prezidentimiz millionlab yurtdoshlarimiz hayotiga mazmun bagʻishlovchi hujjatga imzo chekdi. Bu “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonun boʻlib, uni xalqimiz katta xursandchilik bilan kutib oldi. Oʻz navbatida, aholi oʻrtasida “Men oʻz uyimga qachon egalik huquqini qoʻlga kiritaman yoki kimga murojaat qilishim kerak, qachon, qayerga borishim kerak?” degan savollar ham koʻpaymoqda.

    Keling, bugungi suhbatimizda ushbu qonunni qabul qilishning tarixiy zaruratiga, oʻz navbatida, aholini qiziqtirayotgan va shoshiltirayotgan savollarga ham oydinlik kiritib ketsak.

    — Haqiqatan, juda muhim qonun. Boisi, eski kolxoz yoki sovxoz davrida aholiga mahalla tomonidan yer ajratilgan, lekin hujjat ishlari oxirigacha yetmagan. Natijada uy-joy yoki boshqa koʻchmas mulklar bilan bogʻliq hujjatlarda, xususan, uyning oldi-sotdisi, propiskada muammolar boʻlgan. Yaʼni amalda oʻziniki boʻlgan mulkni tasarruf qilolmagan.

    Bu jihat uy-joylar hisobini yuritishda davlat uchun ham qiyinchiliklar tugʻdirardi. Koʻchmas mulk — eng katta kapital. 8 millionga yaqin koʻchmas mulk roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, 3 million 600 mingga yaqin muammoli turar joy va boshqa inshootlar mavjud edi.

    Endi shunday mexanizm qonunda shakllandiki, fuqaro bu yerda ovoragarchilikka duch kelmaydi. Masʼul davlat idoralari maxsus kosmik tasvirlar orqali joylardagi koʻchmas mulklarni aniqlaydi. Ularning hujjati tegishli idoralar tomonidan tayyorlanadi. Hujjatlar tayyor boʻlganidan soʻng u yerda nizo bor-yoʻqligi aniqlanadi. Hech qanday muammo boʻlmasa, fuqaroga hujjati tayyorligi toʻgʻrisida xabar yuboriladi.

    Qonun uch oydan keyin kuchga kirishi belgilangan, hozir tayyorgarlik jarayoni ketyapti. Bu jarayonda murakkab holatlar ham yoʻq emas. Uzoq yillardan beri avlodlar almashinishi jarayonida meros va yoki shunga oʻxshash boshqa masalalarda muammolar boʻladi. Bu judayam koʻp yuridik jihatlar bilan bogʻliq. Shuning uchun Adliya vazirligi har bir hujjatning qonuniyligini ekspertizadan oʻtkazadi. Shundan soʻng fuqaroga hujjat beriladi.

    — Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilganda bu tizimni yurtdoshlarimiz juda katta mamnuniyat bilan qabul qilgandi. Bugungi kunda aholining eng koʻp murojaat qiladigan joyi ham shu markazlar boʻlib qoldi. Mamlakatimizda shiddat bilan amalga oshirilayotgan islohotlar bu tizimdagi ishlarni ham takomillashtirishni talab etadi. Boisi, yildan yilga xizmat turlari koʻpayib bormoqda. Endi bu borada qanday ishlar amalga oshirilyapti va qanday yangi xizmat turlari joriy qilinishi rejalashtirilmoqda?

    — Bir kunda Davlat xizmatlari markazlariga yuz minggacha odam keladi. Oldinlari yigirmata odam kelsa, tartibsizlik boshlanib ketardi. Davlat xizmatlari bu jarayonning oldini olishda juda katta samara berdi. Avvallari idorama-idora qatnash holatlari juda koʻp edi. Bitta idoraga borsangiz, ikkinchisiga joʻnatardi.

    Bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlari fuqarolarga 368 ta xizmatni taqdim qilmoqda. Shu bilan birga, xizmat jarayonini soddalashtirish ustida doimiy ishlayapmiz. Bunda, eng avvalo, xizmatdan foydalanish jarayonida talab qilinadigan hujjatlar sonini kamaytirish, avtomatik tarzda shakllantirish borasida ishlar amalga oshirilmoqda. 6 oyda yuzga yaqin hujjatni soddalashtirdik. Misol uchun, oldin operatorlarimiz bitta hujjatni olish uchun besh daqiqa vaqt sarflagan boʻlsa, hozir uni ikki daqiqaga tushirgan holatlarimiz bor. Bu xodimlarimiz uchun ham, fuqarolar uchun ham yaxshi.

    Hozir fuqaroning davlat xizmatidan navbat olib, chiqib ketgungacha vaqti 17-18 daqiqa, maqsad bu raqamni yana ham qisqartirish. Bu borada ham tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Joriy yilning oʻtgan olti oyida Davlat xizmatlari markazlari tomonidan besh millionga yaqin xizmat koʻrsatildi. Yana bir yutuqli tomoni — xizmatlar soddalashtirilishi natijasida fuqarolar onlayn xizmatga oʻtmoqda. 2023-yil yakuni boʻyicha onlayn xizmatlar 24 foizni tashkil qilgan boʻlsa, bu yilgi yarim yillikda 39 foizga yetdi. Bu jarayon, birinchidan, aholining axborot texnologiyalari sohasidagi bilimi rivojiga taʼsir qilsa, ikkinchidan, mana shu xizmatlarning osonligi ularga har tomonlama qulaylik yaratmoqda.

    Davlat xizmatini mahalla darajasiga tushirish boʻyicha topshiriq berilgandi. Hozirgi kunda 57 ta xizmat mahalla idorasida joylashgan infokioskalar orqali amalga oshirilmoqda. Bu yoʻnalishda fuqarolarimizga 200 mingdan ortiq xizmat koʻrsatildi. Bundan tashqari, vazirlik xodimlari tomonidan maxsus transportlar orqali 2700 dan ziyod uzoq mahallaga sayyor xizmatlar koʻrsatilmoqda.

    Fuqaro davlatga emas, davlat fuqaroga xizmat qiladi. Masalan, elektr yoki suv oʻlchash asbob-uskunalarini qiyoslashdan oʻtkazish muddati keldi, bunda fuqaro ariza berishi emas, davlat xodimi kelib, shu xizmatni unga koʻrsatish boʻyicha proaktiv xizmatlarni amalga oshirishi yoʻlga qoʻyiladi.

    Kompozit, yaʼni yaxlit xizmatlar — bola tugʻilishi zahoti unga guvohnoma rasmiylashtirish bilan birga bogʻchaga navbatga qoʻyish kabi masalalarni hal qilyapmiz. Bu aholiga yengillik yaratmoqda. Xizmatlarni raqamlashtirish hozirgi kunda juda muhim masala. Bu borada davlat organlari bilan doimiy ishlaymiz. Umuman olganda, davlat xizmatlari xalq bilan bevosita ishlash boʻyicha namuna boʻldi.

    — Suhbatimiz soʻngida vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, yangi yoʻnalishdagi chora-tadbirlar haqida ham maʼlumot berib oʻtsangiz. Xususan, shu kunlarda Adliya vazirligi tomonidan maʼmuriy shikoyatlarni sudga qadar koʻrib chiqishning yangi tizimini amaliyotga joriy etish boʻyicha loyiha, huquqiy ekspertiza yoʻnalishidagi yangiliklarni eshityapmiz. Ularning mazmun-mohiyati haqida aytsangiz.

    — Maʼmuriy ishlarni sudga qadar koʻrib chiqishning dunyo boʻyicha juda koʻp usullari bor. Misol uchun, yuqorida qayd etilgan farmonda Adliya vazirligi davlat organlari qarorlarining qonuniyligini apellyatsiya kengashida koʻrib chiqishi belgilandi. Biz ungacha vazirliklar huzurida bir necha apellyatsiya kengashini tuzdik. Ammo vazirlikning ichki tizimi boʻlgani uchun xolislik prinsipi unchalik samara bermadi.

    Hozirgi kunda rivojlangan davlatlar tajribasi asosida Adliya vazirligida davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida eksperimental tarzda Toshkent shahrida davlat xizmatlarini rad etish holatlarining qonuniyligini apellyatsiya kengashida koʻrib chiqish tizimi joriy qilinmoqda. Bu kengash fuqaro sudga yoki boshqa organlarga shikoyat qilib ovora boʻlishining oldini oladi.

    Apellyatsiya kengashi tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Adliya vazirligi va boshqa idoralardan nufuzli yuristlar va olimlar har bir holatga huquqiy baho beradi. Agar qonun buzilishiga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, qarorni oʻzgartiradi.

    Endilikda bevosita davlat organining oʻzi boshqa bir davlat organining xatosini toʻgʻrilaydigan tizim yaratilmoqda. Bugungi kunda bizda mediatsiya instituti rivojlanyapti. Hozir 2700 dan ortiq mediator ishlamoqda, tomonlar ertaga sudda nizolashib, iqtisodiy yoki oilaviy munosabatlar buzilmasligi uchun mediator vositachiligida oʻzaro kelishib oladi. Bundan tashqari, arbitraj soha ham rivojlanib boryapti. Bu borada qonunchilikni takomillashtirish choralari koʻrilyapti. Yildan yilga nizolar soni oshib borayotgani uchun sudning ishini kamaytirish, koʻproq davlat organining oʻzida hal qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Salim DONIYOROV suhbatlashdi.