Suv xoʻjaligi vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, tashrif doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi (OQXJ) Boshqaruvining yigʻilishi hamda Orol dengizi havzasida loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan Jamgʻarma Ijroiya qoʻmitasi va rivojlanish boʻyicha hamkorlarning Muvofiqlashtiruvchi uchrashuvida qatnashdi.
Tadbirda Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston va Tojikiston davlatlari delegatsiyalari ham ishtirok etishdi.
Dastlab davlatlar dellegatsiya rahbarlarini va Jamgʻarma Ijroiya qoʻmitasi raisini Qozogʻiston Bosh vaziri O.Bektenov qabul qildi. Uchrashuvda bosh vazir mintaqadagi mavjud suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish borasida mintaqa davlatlari tomonidan olib borilayotgan hamkorlikning samaradorligi, OQXJning keyingi yillarda erishgan natijalari toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi.
Qozogʻiston Bosh vaziri Oʻzbekiston Prezidentining suv resurslaridan samarali foydalanish borasida mamlakatlararo manfaatli aloqalar, oʻzaro qoʻshnichilik va hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha tashabbuslarini yuksak baholadi.
OQXJ Boshqaruvining yigʻilishi kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan hisobotlar eshitildi.
Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam koʻrsatish boʻyicha harakatlar dasturi, Jamgʻarma tashkiliy tuzilmasi va huquqiy asoslarini takomillashtirish, mintaqa davlatlari gidrometeorologiya xizmatlarini modernizatsiya qilish loyihasining ikkinchi bosqichini tayyorlash kabi masalalar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Joriy yil oxirida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan “Yagona suv” sammitiga tayyorgarlik koʻrib chiqildi.
Jamgʻarma Boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston va Qozogʻiston delegatsiyalarining ikki tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida suv va energetika sohalarida ikki hamda koʻp tomonlama ahamiyatga ega boʻlgan munosabatlarning joriy holati va kelgusida ushbu yoʻnalishda oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlatlari Orolboʻyi havzasi mamlakatlari orasida geografik jihatdan oʻxshashligi, shu bois mintaqadagi daryolarning bosh qismi hududlarida joylashgan suv omborlarni qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikda ishlatish, shuningdek, elektr energiya masalalarida ham kelgusida ishlarni muvofiqlashtirib borish toʻgʻrisida kelishib oldilar.
Koʻp tomonlama uchrashuvda Tojikiston Bosh vazirining oʻrinbosari S.Ziyozoda, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari T.Ataxallыyev bilan mintaqa kun tartibida dolzarb boʻlib turgan suv, ekologiya va qishloq xoʻjaligiga oid masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, 19-sentyabr kuni Ostona shahrida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi suv xoʻjaligi rahbarlari boshchiligida qoʻshma ishchi guruhining navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi.
Yigʻilishda sohaga oid ikki tomonlama munosabatlarning joriy holati muhokama qilinib, mavjud masalalarning yechimi yuzasidan aniq fikrlar almashildi.
Xususan, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi Hukumatlararo Bitim loyihasi, Markaziy Osiyoda transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanish toʻgʻrisidagi Mintaqaviy strategiya loyihasini mintaqaning boshqa davlatlari bilan kelishish muhokama qilindi. Davlatlararo ahamiyatga ega boʻlgan gidropostlarda suvning hisobi va monitoringini yuritish maqsadida ularda avtomatik qurilmalarni joriy qilishga kelishib olindi.
Shu bilan birga, Orolboʻyi mintaqasida suv, ekologik va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan umumiy qiymati 25,3 mln AQSH dollari boʻlgan loyihalarni amalga oshirish muhokama qilindi. Jumladan, qoʻyidagi loyihalar koʻrib chiqildi:
Amudaryo va Sirdaryo deltalarida kichik suv omborlarni tashkil etish;
- Orolboʻyi mintaqasida ekotizimlarni tiklash va saqlash;
- Orol dengizining qurigan tubida oʻrmonzorlar barpo etish;
- Orol havzasi aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash va sanitar vaziyatni yaxshilash.
Uchrashuvlar ochiq, doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtdi.