Oʻtda yonmas, suvda choʻkmas meros

    Fikr 20 Yanvar 2021 15884

    Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor oʻtmasin! Yoshlik — umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim — oʻtda yonmaydigan, suvda choʻkmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!

    Prezidentimizning ushbu soʻzlari yoshlarga qarata aytilgan boʻlsa-da, aslida har birimiz, har bir avlod uchun oʻta kerak va foydali hikmatdir. Xavfsizlik kengashining oʻtgan hafta boshidagi yigʻilishida ham aynan shu omil diqqat markazida boʻldi, desak adashmaymiz. Harbiy bilimsiz — harbiy taʼlim yoʻq, deya oʻziga xos tenglama yaratib berganining oʻziyoq davlat va millat xavfsizligini taʼminlashda ilmfanning oʻrni har qachondagidan koʻra kuchliroq va zarurroq ahamiyat kasb etayotganining tasdigʻidir, albatta.

    Chindan ham, ayniqsa, bugun biron soha roʻshnoligini ilm-fan yutuqlarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Mudofaa tizimini esa gapirmasa ham boʻladi. Negaki, ilm-fanning eng soʻnggi yutuqlari aynan shu tarmoqda tugʻilib, soʻng vaqti soati kelib ommalashishi anʼanasini hali hech kim bekor qilganicha yoʻq, qilolmaydi ham deb ishonamiz. Uzoqqa bormasdan, kompyuterlar tarmogʻining butunjahon tizimi — internet 1969-yili AQSH Mudofaa vazirligi buyurtmasiga binoan yaratilgan ARPANET ning mevasi ekanini eslashning oʻzi yetarli.

    Oʻzgacha boʻlishi mumkin ham emas. Chunki xavfsizlik, xalqchil aytganda esa tinchlik-xotirjamlik masalasi barcha zamon va xalqlar uchun doimo birinchi oʻrinda turgan. Shuning uchun ham davlat va jamiyatning eng sara, koʻp imkonlari — odam, mablagʻ, bilim, kasb-kor va boshqalar mazkur yoʻnalishga safarbar qilingan.

    Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan, faqat kuch tuzilmalari emas, balki markaziy va mahalliy hokimiyatning deyarli barcha yoʻnalishdagi idoralari, jamoat tashkilotlari qatnashuvidagi yigʻilishi anʼanaga aylandi. Bu ham bejiz emas, deb oʻylaymiz. Negaki, el-yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash bu umummilliy masaladir. Qolaversa, oʻtgan toʻrt yarim yillik vaqt Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevga Amir Temur bobomiz kabi kengashib ish koʻrish xos ekanligini namoyon etdi. Odamlarni birlashtirish, kattadan-kichikning davlat va jamiyat taqdiriga daxldor masalalarda oʻz soʻzini ayta olishida teng sharoit yaratish va millat oldida turgan azaliy muammolarni hal etishga otlantirishda mazkur fazilat tengsiz kuchga ega.

    Yangi Oʻzbekiston tarixiy bosqichiga qadam qoʻyilgan ilk kunlardan buyon milliy yetakchimiz tomonidan alohida va uzluksiz eʼtibor berilayotgan masala maʼnaviyat va maʼrifat boʻlgani holda, boy va hech kimda yoʻq tarixiy-madaniy merosimiz qadr-qimmatini oʻrniga qoʻyish, uni chuqur oʻrganish, undan taʼlim va tarbiyadek oʻta zarur va nozik sohada unumli foydalanishga alohida urgʻu berib kelinayotgani ham haqiqatdir. Kengashning bu galgi yigʻilishida esa davlatimiz rahbari hali hech kimning xayoliga kelmagan, kelganda ham yurak yutib koʻtarib chiqishi amrimahol mavzuni oʻrtaga tashladi, uning magʻzini chaqib, turmushga tatbiq qilish yoʻllarini ham koʻrsatib berdi.

    Ikki million yil burun soʻzlashishni eplay boshlagan kishilik tarixidagi paygʻambarlar orasida ismiyu jismi, naslu nasabi, avlodiyu yoʻldoshlari, kitobiyu hadislari, turmushu ishi aniq va dalil-isbotli birdan-bir sanalmish paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning turk tilini oʻrganing, chunki ularning (turkiy xalqlarning) hukmronligi uzoq davom etadi aytganlarini deb), تعلموا لسان الترك فان لهم ملكا طواال) bugun barcha ham bilavermaydi. Mazkur hadisni XI asrda yashab ijod qilgan buyuk olim Mahmud Koshgʻariy buxorolik va nishopurlik ishonchli ulamolardan eshitib yozgan. Ulugʻ tilshunosning hadis toʻgʻri boʻlmagan taqdirda ham ushbu tilni oʻrganish zarurligini aql taqozo qiladi, deya qoʻshimcha qilishidan qatʼi nazar, paygʻambarimiz zamoni va undan oldin ham turkiy omil oʻz dovrugʻini ham Sharqda, ham Gʻarbda taratib boʻlgan edi.

    Talabaligimizda forschada eshitib, yod olgan ilk maqollardan biri “zaboni arabiy moʻshkel ast, zaboni forsiy shakar ast, zaboni toʻrkiy hoʻnar ast” boʻlgan. Yaʼni arab tili qiyin, fors tili shirinu shakar, turk tili esa siyosat tili. Bizning endigi tushunchamizdagi kasb-kordan farqli oʻlaroq mazkur soʻz oʻrta asrlarda, eng avvalo, qobiliyat, ishning koʻzini bilish, ustozlik, mahorat, fazilat maʼnolariga ega boʻlgan. Yaʼni turkiy til davlat va harb boshqaruvi tilidir.

    Shu maʼnoda, Yaratgan elchisining turkiy xalqlar va tili borasidagi qarashlarida kattagina haqiqat bor, deb ayta olamiz. Negaki, soʻnggi 2000-yil ichida dunyo siyosiy, iqtisodiy, ilm-fan va madaniy turish-turmushida yetakchilik qilgan ellardan biri, maʼlum maʼnoda, asosiysi chindan ham turkiylar boʻlgan. Soʻnggi ilmiy izlanishlarga koʻra, turkiy oʻgʻizlardan boʻlmish kushoniylar mintaqamizdan tashqari hozirgi Afgʻoniston, Pokiston, Shimoliy Hindistonni boshqargan (I-IV asrlar), ulardan keyin deyarli xuddi shu kenglikda eftaliylar (IV-VI asrlar) hukmronlik qilgan boʻlsa, arab xalifaligi dunyoga kelishi arafasida (VI-VII asrlar) ashinaliylar (turk xoqonlari) Doʻn daryosidan Shimoliy Hindistongacha, Qora dengiz boʻylaridan Tinch okeanigacha yastangan ulkan kenglikni idora etgan.

    Xitoy hukmdorlari boʻyniga yiliga 100 000 parcha ipak yetkazib berish shartini qoʻygan, Eron sosoniylariga 40 000 oltin dinor oʻlpon tayinlagan, Vizantiyagacha choʻzilgan savdo-sotiq yoʻlini (Buyuk ipak yoʻli) nazorat qilgan turkiy sulolalar dovrugʻi Arab yarim oroligacha yetib bormasligi mumkin emasdi.

    Rasuli akramning bashoratlari toʻgʻri chiqqan: IX asrdan XX asr yigirmanchi yillarigacha chindan ham Oʻrta dengizdan Xitoygacha, Dunaydan Shimoliy Hindistongacha boʻlgan ulkan hududni asosan turkiy siyosiy kuchlar boshqargan. Ulardan eng mashhurlari sirasida saljuqiylar, anushteginiylar (xorazmshohlar), temuriylar, usmoniylar, shayboniylar, safaviylarni tilga olishimiz mumkin. Oltin Oʻrdada (asosan hozirgi Rossiya va Qozogʻiston yerlari), Haloku ulusida (hozirgi Eron, Afgʻoniston, Iroq, Ozarbayjon, shuningdek, Suriya va Turkiyaning bir boʻlagi) ham turkiy qatlam va til oʻta kuchli boʻlgani inobatga olinsa, soʻz ketayotgan mavzuning mohiyati yana-da oydinlashadi.

    Jahon tarixida oʻziga yarasha mashhur davlat arboblari, sarkardalar koʻplab topiladi. Ularning oʻzaro oʻxshash jihatlari ham yetarli. Biroq ular orasida arboblik, qoʻshinboshilik, saltanatchilikdagi buyukligidan tashqari boshqaruvchilik mahorati haqida bitik yaratgan yagonasi bor. U — Amir Temur va bu — “Temur tuzuklari”!

    Chindan ham bunday sharaf na Aleksandru Chingizxonga, na Kayzeru Napoleonga nasib etgan. Yana Xudo biladi-ku, biroq balki shuning uchun ham ayrimlar, “Tuzuklar”ni Amir Temur yozmagan, qabilidagi boʻhtonlarni tarqatgandir. Oʻzi, umuman olganda, nega bizning oʻtmishimiz, ulugʻ ajdodlarimizga koʻp tosh otilgan?

    Bu dunyoning ishlari chigal va ogʻir. Uning qonuni bitta: oʻzing uchun oʻzing tirish. Yaʼni yetuk nasl qoldir, urugʻingni aynitma! Kimki — xoh shaxs, xoh jamiyat — mazkur tuzukka rioya qilsa, yutgan. Boʻlmasa, raqobatga chidash berolmay, yo yoʻq, yo qaram, oyoqosti boʻlgan.

    Qarama-qarshilikda qoʻllanadigan eng taʼsirchan qurollardan biri esa mafkuraviy buzgʻunchilikdir. Qisqasi, moʻljaldagi yurt tarixi, tili, adabiyoti, sanʼati, dinini yerga urish orqali ularning egalarida shaxsiy va milliy ojizlik, tili qisiqlik, oʻziga ishonmaslik, mutelik tugʻdiriladi. Oqibati maʼlum: bunday avlod najotni begonalardan qidiradi, shu tariqa qopqonga tushadi...

    Shu maʼnoda, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar institutini tashkil etish boʻyicha tashabbusida oʻta chuqur hikmat va tarixiy adolat bor, deb sanaymiz. Negaki, yuqorida urgʻu berilgan omil — soʻng gi 2000-yil ichida Yaqin va Oʻrta Sharqni bosh qargan turkiy xonadonlarning kelib chiqishi Turon, oʻzbek davlatchiligi bilan bogʻliqligi, oʻz-oʻzidan, harb ishi borasidagi ushbu boy va ulkan bisotning egasi borligini tasdiqlaydi. Miloddan oldingi VI asrda ochiq maydonda Kurushni yer qaqshatgan Tomir xotunga omad emas, balki qattiq vatanparvarlik va harbiy mahorat qoʻl kelganini ham qoʻshib mulohaza qilsak, mazkur hikmat magʻzini chaqqan boʻlamiz. Shunday tengsiz, oʻrgansa, maqtansa va gʻururlansa arzigulik milliy boyligimiz mana endi yuzaga chiqqani esa, nihoyat tarixiy adolatning qaror topganini anglatadi, albatta.

    Ushbu institutning buguni va kelajagi porloqligi masalasida ham shubha qilmasa boʻladi. Negaki, izlanish, oʻrganish, xulosalash uchun manba va mavzularning sanogʻi yoʻq, desak ham boʻladi. Ularning ayrimlarini milliy yetakchimiz tilga olingan kengashda aytib ham berdi: Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shohrux, Bobur harbiy merosini oʻrganish.

    Keling, bir haqiqatni baralla aytib, tan olaylik: tariximiz boʻyicha bilimlarimiz haligacha ancha yuzaki. Qoyillatib oʻqimagan boʻlsak, qayerdan ham pishiq boʻlsin. Oʻqiganlarimiz ham yuzaki. Qoyillatib oʻrganmagan boʻlsak, qayerdan ham pishiq boʻlsin.

    Jaloliddin Manguberdi haqida bilganlarimiz mana bundan nari oʻtmaydi: moʻgʻullarga qarshi kurashgan, Sind daryosi boʻyida harami va bolalarini suvga choʻktirib, oʻzi ham oti bilan daryoga sakragan, Chingizxon, oʻgʻling boʻlsa, shunday boʻlsin, degan, vassalom.

    Amir Temur, Boburga oid bilimlarimiz ozroq koʻp boʻlishi mumkin, lekin bilagʻonlar gurungida uyalib qolmaydigan darajada emas. Shohruxni esa juda koʻpchiligimiz yolchitib tanimaymiz. Amir Temurning oʻgʻli, Ulugʻbekning otasi boʻlganini bilamiz, xolos.

    Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining Shohrux nomini tilga olgani tarixchilar uchun katta voqea, deb sanaymiz. Negaki, aynan Shohrux temuriylar xonadonining Amir Temurdan keyingi eng zabardast, yorqin, donishmand va bunyodkor vakili sanaladi. Sohibqirondan soʻng yemirilish yoʻliga tushgan buyuk saltanatning oʻzagini — hozirgi Oʻrta Osiyo, Gʻarbiy Xitoy, Afgʻoniston, Pokiston, Shimoliy Hindiston, Eron, Kavkaz, shuningdek, Iroq va Turkiya ning sharqiy boʻlaklarini oʻz ichiga olgan ulkan kenglikni oʻzbek davlati izmida saqlab qolgan Shohrux boʻladi. Oʻlimi yuz bergan 1447-yilga qadar, yaʼni qirq ikki yil mobaynida oqillik, donishmandlik, qatʼiyatlikka tayangan holda ichki va tashqi siyosat yuritgan.

    “Hurmatli” gʻarblik olimlar xuddi Amir Temur, temuriy-boburiylarning eng yorqin vakili Akbarni savodsizga chiqargani singari, Shohruxni ham kamsitish yoʻlini topgan: toat- ibodatga berilgan erining oʻrniga saltanatni xotini Gavharshodbegim boshqargan. Vaholanki, temuriylar davri bilan bogʻlanadigan Uygʻonish davri poydevori haqiqatan ham Amir Temur tomonidan qoʻyilgani holda, uning imoratini aynan Shohrux yaratgan, deya olamiz. Uning urinishlari bilan tugʻilgan siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, madaniy muhit oʻlaroq Ulugʻbek, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Jamshid, Lutfiy, Sakkokiy, Jomiy, Navoiy, Bobur, Behzod, Sulton Ali Mashhadiy singari ulugʻ ijodkorlar yetishib chiqqan, tabiiy va aniq fanlar, falsafa, tarix, til, adabiyot, sheʼriyat, sanʼat, meʼmorchilik, hunarmandchilik faqat Turonda emas, hozirgi Afgʻoniston, Eronga toʻgʻri keladigan oʻlkalarda ham gullab-yashnagan.

    Shohruxning oʻgʻillari Boysungʻur va Ibrohim Sultonning tarix, adabiyot, sanʼat, meʼmorchilik borasidagi isteʼdodlari hamda homiylik ishlari haqida hali koʻpchilik bexabar.

    Tilga olingan ulkan kenglikni oʻz qoʻl ostida birlashtirishga erishgan shaxs davlatimizga yetkachilik qilgan kezlari harbiy salohiyatimiz qanday boʻlganini chamalash qiyinmas, deb oʻylaymiz. Lashkarga hokimiyat tayanchi, davlat barqarorligini taʼminlovchi, chegaralar va mamlakat hududining qoʻriqchisi, dushmanlarni yenguvchi omil sifatida qaragan Shohrux 1409-yili Ulugʻbekni Movarounnahr va Turkiston mulkiga hokim etib tayinlar ekan, chegaralarga ish koʻrgan va tiriklikning achchiq-chuchugini tatigan, oqil va qoʻrqmas kishilarni tayin qilib, u yerlar qoʻrgʻonlarining mustahkamligi borasida zaruriy choralar koʻrish, sarhadlardan doimo ogoh boʻlish, ehtiyotkorlikni esdan chiqarmaslik kerakligini qattiq tayinlagani maʼlum.

    Harbiy merosimizda oʻz atamalarimiz yetarli ekani, faqat biz ularni bilmasligimizga urgʻu bergan Oliy Bosh Qoʻmondonimiz “ura” hayqirigʻi aslida gʻirt oʻzbekcha soʻz ekanini juda toʻgʻri asoslab berdi. Chindan ham bobolarimiz urush maydoniga “ur, ur” chaqirigʻi ostida kirganlar. Mazkur odat uzoq yillar Oltin Oʻrdaga qaram boʻlgan rus davlatiga ham oʻtgan (ura). Harbiy “parad” ham xuddi shu yoʻl bilan tarqagan. Bizda u koʻrik deyilgan va quyidagicha oʻtkazilgan.

    Oliy bosh qoʻmondon harbiy yurish eʼlon qilgach, tavochilar (qoʻshin toʻplovchilar) bu haqida mahalliy hokim va urugʻboshlariga yetkazgan. Ular esa ilgari oʻzlariga yuklatilgan majburiyat — buljorda koʻrsatilgan qoʻshinni shay holda buyruqda koʻrsatilgan yer va vaqtga yetkazib olib borishlari shart boʻlgan.

    Harbiy koʻrik, odatda, barcha yoki asosiy kuchlar toʻplangan payt va manzilda tashkil qilingan. Bundan maqsad, birinchidan, lashkarning aniq sonini bilish, ikkinchidan, jangda qoʻllaniladigan har qanday qurol-yarogʻ, asbobu uskunaning tayyorligiga ishonch hosil qilish, uchinchidan, oziq-ovqat va yem-xashak taʼminotini koʻzdan kechirish, toʻrtinchidan, jangovar tartibni tuzish.

    Binobarin, yosomishi atamasi bilan ham aniqlashtirilgan mazkur jarayon tavochi beklar tomonidan barcha qoʻshinni sanoqdan oʻtkazishdan boshlangan va bunga bir necha kungacha vaqt sarflangan. 1420-yili amir Qora Yusufga qarshi otlangan Shohrux hozirgi Eron hududida oʻtkazgan shunday tadbirda tavochilar ikki yuz ming otliq va yuz tumon (bir million) qora cherik (piyodalar va boshqalar) toʻplanganini aniqlagan.

    Soʻng butun harbiy kuch erta tongda katta kenglikda saf tortgan. Qoʻshin ahli sovutlarni kiyib, qalqon, qilich va nayzalarni qoʻlga olib, otlarga mingan. Bayroqlar baland koʻtarilib, nogʻoralar chalingan. Shohrux otga mingan holda lashkarni tumon-tumon, qoʻshun-qoʻshun koʻzdan kechirishni boshlagan. Har bir harbiy birikma, boʻlinmaning qizil, sariq, koʻk (havorang), binafsha rangli bayrogʻi boʻlgan. Oliy bosh qoʻmondon ular qarshisiga borganida, har birining boshliqlari va askarlari nayzalarini yelkalariga koʻtarib, bir ohangda naʼra tortib, unga oʻz sadoqatlarini bildirgan.

    Mazkur tarixiy guvohlikdagi ikki yuz ming otliqning har biri sovut kiygan holda boʻlgani hamda qalqon, qilich va nayza bilan qurollanganini diqqatdan qochirib boʻlmaydi. Bunday taʼminot har qaysi davlatning ham qoʻlidan kelavermagan. Ularni yuksak sifat darajasida yasash, tinchlik paytlarida omborlarda saqlash zarurati inobatga olinsa, bizda azaldan harbiy ishlab chiqarish anʼanasi boʻlgani ayonlashadi-qoladi.

    Milliy yetakchimiz harbiylarimiz oʻrtasida turli musobaqalar oʻtkazilishi va bunda oʻzimizning milliy tajribamizni qoʻllash zarurati haqida alohida toʻxtaldi. Temuriylar davri tarixiy manbalariga koʻra, yoshlar oʻrtasida yoydan oʻq uzish boʻyicha bellashuvlar oʻtkazib turilgan ekan. Mashhur tazkirachi Davlatshoh Samarqandiy hayit bayrami munosabati bilan uyushtirilgan shunday musobaqada Shohrux tomoshabin, uning oʻgʻli Muhammad Joʻkiy esa qatnashchi boʻlgani, u ustunga osib qoʻyilgan qovoq-nishonni birinchi urinishdayoq ikkiga ajratib yuborgani haqida yozib qoldirgan.

    Tilga olinganlar oʻzimiz bilganlarimizdan bir shingil, xolos. Bilmaganlarimizning esa chegarayu sanogʻi yoʻq. Eng muhimi, oʻzagi bilimga yoʻgʻrilgan ushbu meros oʻtda yonmaydi, suvda choʻkmaydi. Uni yuzaga chiqarish uchun nimalardan kuch olishimiz kerakligini esa Prezidentimiz doimo taʼkidlab kelmoqda: millat va yurtni sevish, izlanish va oʻrganishdan toʻxtamaslik, » Yangi Oʻzbekistonimizga sadoqatli boʻlish!

    Azamat ZIYO,

    tarix fanlari doktori, professor