Ishlarni qayta koʻrish jarayonida yurtdoshlarimizga qoʻllangan aksar ayblovlar hech bir isbotsiz boʻlishiga qaramay, totalitar tuzum jazo organlari tomonidan nohaq hukmlar chiqarilgani aniqlandi.
Jumladan, ilk ishda Oʻrta Osiyo Birlashgan Davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) hayʼatining 1925-yil 4-sentyabrdagi maxsus yigʻilishi qaroriga binoan Mirza Ibrohim miroxur Ismoilov rahbarligida 43 nafar shaxsga nisbatan turli siyosiy ayblovlar qoʻllanib, mol-mulklari musodara etilgan. Ular asosan Buxoro amiri Sayyid Olimxon saroyiga yaqin kishilar, kuyovi, amakisi, yirik diniy ulamolar, bilimdon qozilar, taniqli savdogarlar, hokim va beklar, turli darajadagi harbiy mulozimlardan iborat edi.
Xoʻsh, bu insonlarning shoʻro mamlakati oldidagi aybi nima boʻlgan? Ha, ularning bor-yoʻq aybi oʻz vatanini, dini va millatini sevgani, ajdodlari tomonidan asrlar davomida koʻz qorachigʻidek asrab kelingan qadriyatlarni eʼzozlagani edi. Quyida ishdagi jazoga tortilgan baʼzi millatdoshlarimiz hayoti va faoliyati haqida soʻz yuritiladi.
“Solovesk” konslageriga surgun qilingan qorovulbegi
Burhonbek Abdurahimov 1904-yil Buxoro shahrining Mirdoʻstim guzarida Abdurahim toʻqsabo xonadonida dunyoga kelgan. 1907-yil otasi vafotidan soʻng Burhonbek akasi Sodiqbek miroxoʻr Abdurahimov qaramogʻida ulgʻayadi. Dastlab, jadid maktabida, soʻng madrasada tahsil oladi. Madrasa tahsilining toʻrtinchi oyida amir saroyiga qarovulbegi unvoni bilan xizmatga olinadi. 1920-yil oxirida Burhonbek Abdurahimov amir soqchilari safida Dushanbega, undan Afgʻonistonga oʻtib ketadi. Biroq, Qobul shahrida amirning harbiy amaldorlari bilan hibsa olinib, 8 oyga qamoqqa hukm etiladi.
Oradan 3 oy oʻtib, Abdurahim Yusufzoda rahbarligidagi BXR hukumati delegatsiyasi keladi. Ular afgʻon hukumati bilan muzokara oʻtkazib, barchaga umumiy afv eʼlon qilingan degan xabarni yetkazadi. Burhonbek Abdurahimov jami 22 nafar buxorolik bilan vatanga qaytadilar.
Yoʻlda Burhonbekni CHK xodimlari aldab oʻzlariga xizmatga yollaydi. U Buxoroga kelgach, manifaktura savdosi bilan shugʻullanib, mavjud holatlar toʻgʻrisida CHKga axborot berib turadi. Bir gal Yusufzoda bilan uchrashganda oʻzining Fayzulla Xoʻjayev tavsiyasi bilan CHKga ishlayotganini aytadi. Yusufzoda uni CHK aldaganligini anglab, ularning oldiga qaytib yaqinlashmaslikni tayinlaydi va Buxoro shahar shoʻrosiga ishga yoʻllaydi. Burhonbek vaqf boʻlimida ish boshlaydi. Oradan ikki oy oʻtib, CHK tazyiqi bilan uni ishdan haydab yuborishadi. Burhonbek Abdurahimov shundan soʻng ishsiz qolib, doʻppi tikib tirikchilik oʻtkaza boshlaydi.
U 1923-yil Afgʻonistondagi akasi Sodiqbek miroxoʻr Abdurahimovdan xat oladi. U vaziyatni anglab, xatni ochmasdan toʻgʻri GPUga eltib beradi. Unda akasi Burhonbekni xiyonatda ayblab soʻkkan edi. Biroq, GPU xodimi Semeneyev bu xatga ishonmasdan, uning uyida tintuv oʻtkazadi va boshqa koʻp xatlar topadi.
Burhonbek Abdurahimov 1925-yil 15-aprel kuni qamoqqa olindi. 1925-yil 4-sentyabrda GPUga yollangani holda unga ishlamay qoʻygan deb OʻzSSR JKning 61, 67, 69 moddalari bilan 3 yilga Soloves konslageriga hukm chiqarildi.
Saidbek dodxoh
Saidbek dodhoh Qobilbek oʻgʻli 1848-yil Buxoro shahrining Doʻrmon guzarida tugʻilgan. Uning otasi Buxoro amiri Qushbegisining xizmatida boʻlgan. Saidbek 20 yoshgacha maktab va madrasa taʼlimini olib, soʻng choy savdosi bilan mashgʻul boʻladi. 1868-yilda harbiy xizmatga olinib, 7 yil davomida qorovulbegi, soʻng miroxoʻr, toʻqsabo unvonlarini oladi. Shundan keyin amir saroyiga xizmatga kirib, sakkiz yil amir Abdulahadxon, keyinchalik amir Olimxon xizmatida boʻladi. 1913-yildan Vobkentda bosh amlokdor boʻldi, 1915-yilda esa dodho unvoni berilib, Kitob viloyati hokimi lavozimiga tayinlanadi.
U 1917-yildan Buxoroda yashagan, aholi oʻrtasida katta obroʻ-eʼtiborga ega edi. 1925-yil aprelda qamoqqa olingan. Uning farzandlari Niyozbek (22 yosh) va Hasanbek (16 yosh)lar ham soʻroqqa tortiladi. Saidbek dodhoh Qobilbek oʻgʻli 1925-yil 4-sentyabr kuni 3 yilga Sibirga surgun qilinadi...
Muhammad Husayn toʻqsabo
Muhammad Husayn toʻqsabo 1858-yil Buxoro shahrida dunyoga kelgan. Besh yoshida otasi vafot etgani sababli oʻn ikki yoshigacha qarindoshlari qaramogʻida boʻlgan. 15 yoshida ustaga shogird tushadi. Keyinchalik qorovulbegi amakisining tavsiyasi bilan harbiy xizmatga olinadi. Yuzboshi, toʻqsabo, sarkardor lavozimlarida xizmat qiladi.
1920-yil qizil armiya hujumi vaqtida 200 yigitga bosh boʻlib, Buxoro darvozasi mudofaasi uning boʻlinmasiga topshiriladi. Jang oldidan har bir askarga bor-yoʻgʻi 10 tadan patron tarqatilgan edi. Birinchi hujumdayoq barcha oʻqlar sarflab tugatiladi. Shunga qaramay, yigitlar mardonavor kurash olib borib, bir kun davomida oʻq yomgʻiri va toʻplar zarbasiga chidab beradi. Keyingi kuni 50 askari bilan himoyaga oʻtadi. Qattiq hujum paytida qolgan askarlar ham halok boʻladi, ammo, hech biri maydonni tiriklay tark etmaydi. Maydonda bir oʻzi qolgan Muhammad Husayn toʻqsabo yaralangan holida uyga borib yashirinadi. 1922-yil Buxoro mudofaasida ishtirok etib tirik qolgan sobiq amir harbiylarining barchasi qamoqqa olinib, 18 kun davomida sud qilinadi. Muhammad Husayn toʻqsabo aybsiz deb topilib, ozodlikka chiqadi.
Ammo 1925-yil qamoqqa olinib, 3 yilga Sibirga surgunga hukm etiladi...
“Seshanba” guruhini boshqargan qoʻmondon
Qurbonbek toʻqsabo Shamsuddinbek biy oʻgʻli 1882-yil Buxoro shahrida tugʻilgan. Maktab va madrasa tahsilidan soʻng harbiy xizmatga olinadi. U 1900-yildan 1920-yilgacha sarkarda sifatida faoliyat olib boradi. 1918-yil Kolesov voqealari davrida Hisorda qoʻmondon boʻlib, farmon yetishi bilan yigitlarni olib Buxoroga yoʻl oladi. Kolesov qoʻshini oʻsha paytdagi zamonaviy qurollarga egaligiga qaramay buxorolik fidoyilarning qattiq qarshiligi tufayli chekinishga majbur boʻlgan edi. Biroq, shundan soʻng amirlikda jadidlarga qarshi taqib avj oldiriladi. Qurbonbek Shamsuddinbek biy oʻgʻli ham “Yosh buxoroliklar” partiyasi tarafdori sifatida bir muddat hibsda saqlanadi.
Darhaqiqat, Qurbonbek taraqqiyparvar fikrli jadidchilik qarashlariga moyil boʻlgan. Uning yaqin doʻstlari Mirzo Nazrullo Gʻofur oʻgʻli (keyinchalik Germaniyada tahsil olib qaytgan Neʼmat Nazrullayevning otasi) va Abduhakim maxzum Obid “Yosh buxoroliklar”ning yetakchilaridan edi. Soʻroq-savollardan soʻng aybsiz deb topilib qamoqdan chiqadi. Ayni paytda davlat birligi va ravnaqi yoʻlida “Yosh buxoroliklar”ga qarshi amalga oshirilgan qatʼiy choralarning ham toʻgʻri emasligini aytib oʻtgan.
Qurbonbek Shamsuddinbek biy oʻgʻli 1919-yil toʻqsabo unvonini olib, 300 askarga boshliq etib tayinlanadi. Uning guruhi “Seshanba” deb nomlanib, asosan, Eski Buxoroning Qarshi darvozasi yonida joylashgan edi. Guruhga oʻzi bilan birga yuzboshi (ofitser)lar – Ali Ahmad miroxoʻr, Abdukarim qarovulbegi, Xudoyor qorovulbegilar rahbarlik qilgan.
1920-yil avgustida qizil armiyaga qarshi jangda “Seshanba” guruhiga Qarshi darvozasidan Setorai Mohi Xosagacha boʻlgan hududni qoʻriqlash topshirilgan edi. Kogon tarafdan kelayotgan qizil askarlarga qarshi guruh tinimsiz oʻq yomgʻiri ostida bir kun mudofaani ushlab turishdi. Har jabhada magʻlub boʻlganiga qaramay, guruh askarlari ikkinchi kuni ham jang maydonini tashlab ketmadi. Qurbonbek toʻqsabo Shamsuddinbek biy oʻgʻli gʻalabaga hech qanday umid qolmaganini anglagach, Orifonga chekinishni buyuradi. Qizil askarlar bularning qarshiligini sindirish uchun oddiy qurolsiz aholini ayovsiz qirgʻin qila boshlaydi. Kech soat oʻnlarga borib Qurbonbek toʻqsabo Shamsuddinbek biy oʻgʻli askarlariga tarqalishni buyuradi.
U “Yosh buxoroliklar”ning azaliy doʻsti boʻlganligi tufayli inqilobdan soʻng BXR hukumati tomonidan ishga olinib, soliq ishlari boʻyicha Sherobodga ishga yuboriladi. Biroq, CHKning turli aralashuvlari tufayli ishdan voz kechib, oʻz xoʻjaligida dehqonchilik bilan shugʻullana boshlaydi.
Qurbonbek toʻqsabo Shamsuddinbek biy oʻgʻli 1925-yil 12-may kuni aksilinqilobiy tashkilot aʼzosi sifatida ayblab qamoqqa olinaydi. Qiynoq va tahqirlar ostida kechgan soʻroqlarda birorta ayblovni tan olmadi. Aksincha, 1925-yil 27-iyunda Toshkent shahri Moskva koʻchasidagi mahbuslar uyidan Oʻrta Osiyo GPU rahbariyatiga ariza yoʻllab, oʻziga nisbatan koʻrsatilayotgan noinsoniy, noqonuniy munosabatlarga noroziligini bayon qiladi. 1925-yil 11-iyun kuni Qurbonbek toʻqsabo Shamsuddinbek biy oʻgʻli OʻzSSR JKning 67-moddasi bilan ayblanadi. 1925-yil 4-sentyabrda 3 yilga Soloves konslageriga hukm etiladi.
Togʻoy qorovulbegi Ergash oʻgʻli otuvga hukm qilingan
Togʻoy Ergash oʻgʻli 1889-yil Karmana shahrida dunyoga kelgan. 1916-yil qorovulbegi unvonini olib, amir xizmatiga oʻtadi. Tez orada oʻzining abjirligi, jasorati bilan harbiylar orasida tanilib, amir otliq sarbozlari guruhining boshligʻi etib tayinlanadi. Shundan soʻng amir qarovulbegisi sifatida Afgʻonistonda ham xizmat qiladi. Biroq, amir afgʻon hukumatining talabi bilan yonidagi harbiylarni qisqartirishga majbur boʻladi.
U shu davrda Makkaga haj safariga ham borib keladi. 1924-yilning qishida Sodiqboy, hoji Nazar degan kimsalar uning yoniga tilmoch sifatida kelib, GPUga tutib berishadi. Togʻoy qorovulbegi Ergash 1925-yil 4-sentyabrda goʻyoki amirga axborot toʻplash maqsadida Buxoroga kelgan degan ayb bilan OʻzSSR JKning 61, 67, 69- moddalari asosida otuvga hukm qilinadi.
Denov begining aybi nima edi?
Subhonqulibek 1888-yil Hisor begi Avliyoqulibek xonadonida dunyoga kelgan. U oʻn yoshgacha Karkida maktabda oʻqidi, undan soʻng Baljuvon va Buxoro madrasalarida tahsil oladi. 25 yoshigacha otasining xizmatida boʻladi. 1913-yildan Amir Olimxon unga bek unvonini berib, Denov tumaniga bek etib tayinlaydi. 1920-yil boshida Denov begi Subhonqulibek va otasi Hisor begi Avliyoqulibeklar avval jadid taraqqiyparvarlarini qoʻllagan degan boʻhton bilan hibsga olinadi. Bu boʻhton oʻtmagach, rus harbiylari bilan aloqa bogʻlagan deb mol-mulklari musodara etiladi. Shundan soʻng Buxoroga keltirilib, shaxsan amir tomonidan tergov qilinadi va oʻzlarining aybsizligini isbotlab, qamoqdan qutiladi. Koʻp oʻtmay oʻz mansablariga tiklanadi va qizil armiya hujumi vaqtida amir sarbozlari tarkibida qahramanona kurash olib boradi.
Ota va farzand beklar amir himoyasini taʼminlab Afgʻonistonning Xonobod shahrigacha amir Olimxonning yonida boʻladilar. Amir yonidan harbiylarning chetlatilishi bilan ular Kobul, Mozori Sharif shaharlarida kun kechirdilar. BXR hukumatining xorijga chiqib ketgan vatandoshlarga nisbatan umumiy afv eʼlon qilinishi bilan Subhonqulibek Avliyoqulibek oʻgʻli Abdurahim Yusufzoda bilan vatanga qaytishga qaror qiladi. Buxoroga kelgach, Fayzulla Xoʻjayev uni Soliq ishlari boʻyicha masʼul lavozimga tayinlaydi. Bir yil davomida Koʻlob, Sharqiy Buxoro hududlarida ish olib borib, 1923-yil toʻsatdan barcha lavozimlaridan boʻshatiladi.
Subhonquli Avliyoqulibek oʻgʻli 1925-yil aprelda qamoqqa olinib, oʻta jangari, 1923-yil Mashhadda boʻlib amirni qaytarishda inglizlardan yordam soʻragan, oʻta xavfli unsur deb ayblanadi. 1925-yil 4-sentyabrda oliy jazoga hukm qilingan...
Bahrom IRZAYEV,
Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori