O'zbekiston — iqtidorlilar mamlakati. Buni biz emas, jahon aytyapti. O'zbekistonlik yosh olimlarning ijodiy, intellektual, innovatsion g'oya, loyiha va texnologiyalari bugun dunyo ahlining e'tirofiga sabab bo'lmoqda. Jumladan, yaqinda Yangi O'zbekiston universiteti prorektori elyorjon Jumaevning nanotexnologiyalar yo'nalishida nikel` asosli superqotishma ixtirosi uchun xalqaro patent berilgani olamshumul voqea bo'ldi. Yosh olim bilan suhbatimiz ixtironing ahamiyati va patentlashtirish jarayoni haqida kechdi.
— Yangilikning ahamiyati shundaki, u asosan nanotexnologiyalar, mashinasozlik, aerokosmik kemalar, umuman, uchuvchi jismlarni yasashda qo'llanadigan o'ta mustahkam, engil, shu bilan birga, yuqori haroratga chidamli superqotishma hisoblanadi. Bu ilmiy kashfiyot ustida to'rt yilga yaqin ishladim. Izlanishlarim besamar ketmadi. Ixtiro dunyoning etakchi olimlari e'tiboridan chetda qolmadi va kuni kecha xalqaro patent berilgani haqida xabar keldi. Bu juda ham noyob material xorijda olib borgan izlanishlarimga bevosita bog'liq. AQSHda ishlaganimda ushbu materialning xususiyati, xossalari o'rganilgan va boshqa murakkab kimyoviy tekshiruv jarayoni o'tkazilgan edi. Ushbu superqotishmaga nanotexnologiyalarda keng foydalaniladigan, mustahkamligi juda yuqori, mukammal material sifatida qaraladi. Qotishma metall oilasiga mansub materiallardan ko'ra 30-35 foiz mustahkamligi, yuqori egiluvchanligi bilan farq qiladi.
Patentlashtirish jarayoni ancha vaqt davom etdi. Janubiy Koreya patent agentligi tomonidan tekshiruvlar olib borildi. Kimyoviy reaktsiyalar va ishlab chiqarish jarayoni o'rganildi. Laboratoriyalar faoliyati, vakuumda ishlab chiqarish jarayoni to'liq o'rganib chiqildi, buni patentlashtirish agentligi vakillariga ham ko'rsatib berdik. Shundan keyin AQSHdagi xalqaro patentlashtirish agentligida xuddi shunday, ammo biroz murakkab tekshiruv jarayoni o'tkazildi. Xalqaro patent agentligida tekshiruv ishlari ancha yuqori saviyada tashkil etildi. Yangilikning eng kichik jihatlariga, ichki tuzilishiga alohida e'tibor qaratildi.
Bu kimyoviy material hozir ichki yonuv dvigatellari va aerokosmik kemalarda juda samarali hisoblanadi. Ayni paytda yangilikni ishlab chiqarishga tatbiq etish bo'yicha ko'plab takliflar olyapman. Har xil turdagi nano materiallarning ko'pi oksidlanish darajasi yuqoriligi yoki korroziyaga uchrashi sabab turli noqulaylikka olib kelishi mumkin. Nikel` asosli qotishmalar emirilishga bardoshli va mustahkamligi yuqori bo'lgani uchun aynan ichki yonuv dvigatellari, umumiy avtomobilsozlik, kemasozlik va aerokosmos sohalarida qo'llash uchun tayyor.
— Ilmiy yangilikdan qanday natija kutilyapti va bu mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga qanchalik xizmat qiladi?
— Ishlab chiqarishga kengroq joriy qilsak, bu yangilik katta samara beradi, deb bemalol ayta olamiz. Chunki qotishma har xil muhitda sinab ko'rilgan. Agar uni boshqa davlatlarga eksport qilishga erishsak, natijasi yuqori bo'ladi. Lekin ishlab chiqarishga kelsak, bu biroz murakkab jarayon. Sababi, ishlab chiqarish asnosida ba'zi nozik jihatlar bor. Bir-ikki daqiqalik yanglishish ham materialning xususiyatiga ta'sir qilib, kutilgan natijani bermasligi mumkin. Agar mamlakatimizda ishlab chiqarishga joriy qiladigan bo'lsak, laboratoriya yoki zavod ko'rinishidagi korxona kerak.
— Ayni paytda qalbingizda qanday kechinmalar kechyapti?
— Patent olganimni eshitganimdan keyin AQSHdagi patent agentligi va avval o'zim faoliyat yuritgan kompaniya rahbarlari alohida qo'ng'iroq qilib, tabriklaganida mehnatlarim o'z mevasini berganini his qildim. Ixtirom jamiyatga foydasi tegishidan quvondim. Holatimni so'z bilan tasvirlab berishim qiyin. Bu rag'bat bundan ham yaxshiroq kashfiyotlarga undaydi. Kashfiyotim xalqimizning ham yutug'i. Chunki men O'zbekiston farzandiman. Ixtirom ham O'zbekistonda xalqaro jamoatchilik e'tiboriga havola etildi. Men bundan faxrlanaman.
— Dunyoning nufuzli oliy ta'lim muassasalari, ilmiy laboratoriyalari va kompaniyalarida, xususan, NASA laboratoriyalarida ilmiy izlanishlar qilgansiz. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Yangi O'zbekiston universitetiga ishga taklif etilganingizda hech ikkilanmay, yurtimizda ishlash istagini bildirdingiz. Nima sababdan faoliyatingizni chet elda emas, O'zbekistonda davom ettirishga qaror qildingiz?
— Yangi O'zbekiston universitetiga taklif etilganimda juda xursand bo'ldim. Chunki dunyoning qaysi nuqtasida faoliyat yuritmay, O'zbekiston farzandi bo'lib qolaveraman. Mamlakatimizning har bir yutug'i va yuksalishidan ko'ksim tog'dek o'sadi. Prezidentimizning yoshlarga, ilm-fan ahliga katta e'tibor qaratayotganidan xabarim bor edi. Shu bois, Yangi O'zbekiston universitetida ishlab, yoshlarni yurtga kerakli, salohiyatli kadrlar etib etishtirishga hissa qo'shishim mumkinligini angladim. Universitetning dunyoda yuqori o'rinda turuvchi oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorligi, o'quv dasturlarining birgalikda tuzilgani, o'quv jarayoni bevosita amaliyot bilan bog'liqligi xorijdagi etakchi oliy o'quv yurtlari professor olimlarining e'tiborini torta oladi. Shu sabab bu taklif meni befarq qoldirmadi. Boshqa davlatlarda olib borgan ilmiy ishlarim va kashfiyotlarimni O'zbekistonda, o'z yurtimizda yoshlar bilan birga amalga oshirishni niyat qildim. Hozirgi talabalarning ko'zida yonib turgan ilmfanga tashnalik va yangilikka intiluvchanlik, o'ylaymanki, qarorim noto'g'ri emasligini isbotladi.
— Bugun universitetda qaysi xorijiy oliy o'quv yurtlarining ilg'or metodikalari qo'llanmoqda?
— Yangi O'zbekiston universiteti o'z yo'nalishida “Dunyoning eng yaxshi 1000 universiteti” reytingida 1-o'rinda turadigan Massachusets texnologiya instituti va Germaniyaning Myunxen texnika universiteti bilan hamkor. Universitetga mahalliy mutaxassislar bilan birga xorijiy pedagoglar ham jalb etilgan. Oliygohdagi barcha fundamental fanlar bo'yicha ilmiy dasturlarni ishlab chiqish va o'quv jarayoniga tatbiq qilish uchun TUM International va MIT J-Well bilan hamkorlik qilindi.
Yangi O'zbekiston universitetida o'quv dasturi xalqaro standartlarga mos tarzda tuzilgan. Barcha fanning asosi malakali kadrlarni etishtirishga qaratilgan. Shuningdek, Evropa va AQSH tajribasi asosida platforma ishlab chiqilib, talabalarga taqdim etilmoqda.
Bir-biriga mutanosib, fundamental fanlar bilan birga amaliy jarayonlar talabalarga 1-kursdan boshlab o'rgatilmoqda. Etakchi professor-o'qituvchilar amaliy va nazariy bilimlarni uyg'unlashtirgan holda faoliyat yuritmoqda. Asosan, fundamental bilimlarni shakllantirishda animatsiya va prezentatsiyalarga tayanib, talabalarga fanni hayotiy misollar orqali tushuntirishga harakat qilishadi. Boshqacha aytganda, ta'lim oluvchilarning zamonaviy fanlarni 3D shaklda tushunishiga zamin yaratmoqdamiz. Bundan tashqari, talabalarni muntazam ravishda fandagi kashfiyot va yangiliklardan xabardor qilib boramiz. Kelgusida bu o'zining samarasini beradi.
— O'zbekistonda kimyo muhandisligi sohasi istiqbolini qanday tasavvur qilasiz?
— Bugun ko'plab istiqbolli kashfiyotlar aynan kimyo muhandisligi sohasida qilinmoqda. Kimyo muhandisligi muhandislikning kimyo zavodlari ishlashi va konstruksiyasi, shuningdek, ishlab chiqarishni takomillashtirish usullarini o'rganadigan turi sanaladi. Kimyo muhandislari xomashyoni foydali mahsulotga aylantirish uchun iqtisodiy-tijoriy jarayonni ishlab chiqadi. Shuningdek, energiya va materiallardan samarali foydalanish, ishlab chiqarish, loyihalash, tashish va o'zgartirish uchun kimyo, fizika, matematika, biologiya va iqtisodiyot tamoyillaridan foydalanadi. Mazkur soha muhandislari faoliyati laboratoriyada nanotexnologiya va nanomateriallarni ishlatishdan tortib, kimyoviy, xomashyo, tirik hujayra, mikroorganizm va energiyani foydali shakl hamda mahsulotlarga aylantiradigan yirik sanoat jarayoniga qadar qaratilishi mumkin.
Kimyo juda keng soha. Mamlakatimiz tabiiy resurslarga boy. Yurtimizda barcha turdagi noyob tabiiy boyliklar etarli. Axir, mahsulot yoki tabiiy boyliklarni faqat qazib olish va eksport qilish emas, balki uni qayta ishlab, foydalilik darajasini oshirish mumkin. Shuning uchun bu jarayonda yangi kashfiyot, yangi ilmiy ishlanmalar muhim rol` o'ynaydi. Hozir kimyo muhandisligiga ixtisoslashgan ko'plab sanoat korxonalari yoki zavodlar tabiiy boylikni xomashyoligicha sotish yoki eksport qilishga ko'proq e'tibor beryapti. Agar u qayta ishlanib yoki boyitilgan holda eksport qilinsa, narxi to'rt-besh barobargacha oshadi.
Yaqinda foydalanishga topshirilgan “GTL-Uzbekistan” zavodi dunyodagi eng katta va noyob besh loyihadan biridir. Bunday sanoat korxonasi dunyo bo'yicha to'rtta edi, beshinchisi O'zbekistonda barpo etildi. O'ylaymanki, bu korxona yurtimiz rivojiga o'zgacha hissa qo'shadi. Biz talabalarni etuk kadr sifatida shu kabi gigant korxonalarga kimyo muhandisligi bo'yicha tayyorlab berishni niyat qilganmiz. O'qish davrida talabalarning shunday korxonalarda amaliyotini tashkil qilish orqali ishlab chiqarishga moslashtirib, malakali kadr sifatida etkazib beramiz.
— Kimyo muhandisligi qanchalik jozibador bo'lmasin, o'ziga yarasha murakkabliklari ham bor. Bu sohada o'qishni istagan yoshlarni ayni shu murakkabliklar biroz cho'chitishi mumkin. Ularga qanday maslahat bergan bo'lardingiz?
— Kimyo sohasi har xil element, moddalarni o'zida jamlagan. Radioaktiv yoki har xil xavfli elementlar bilan ishlash zarurati borligi uchun ko'pchilik bu sohani murakkab deb o'ylaydi. Aslida oson ishning o'zi yo'q. Bu borada inson o'ziga xos yo'lni bosib o'tadi. Kimyo muhandisligi ham juda qiziqarli, ham o'ta mas'uliyat talab etadigan sohadir. U keng tarmoqli bo'lgani uchun sohaga tegishli oliy o'quv yurtini muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar yirik kompaniyalarda ishlashi tabiiy.
Mamlakatimizda kimyo muhandisligi sohasida ko'plab ishlab chiqarish korxonalari va kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Tabiiyki, nufuzli kompaniyalar etuk kadrlarni ishga olishni maqsad qiladi. Yangi O'zbekiston universiteti ham xalqaro andozalarga tayangan holda etuk kadrlar tayyorlashni maqsad qilgan. Menimcha, kimyo fanining to'liq imkoniyatlari va unda erishiladigan yutuqlar aniqtiniq tushuntirilsa, yoshlarning bu fanga qiziqishi ortadi. Bu, o'z o'rnida, bir qancha ilmiy muammolarning echimiga xizmat qilishi barobarida dunyo tan olgan kashfiyotlar, ixtirolarga sabab bo'ladi.
Risolat MADIEVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri