“O'zbekenergota'mir” AJ aholiga elektr energiyasi yetkazishda qanday o'rin tutadi?

    Asosan chetdan keltiriladigan ehtiyot qismlarini mamlakat hududida ishlab chiqarish o'zlashtirila boshlandi.

    O'zbekiston energetikasi tarixi haqida gap ketganda, dastlab o'tgan asrning 20-yillarida Bo'zsuv kanalida bor yo'g'i 1000 kVt quvvatga ega bo'lgan birinchi gidroelekrstantsiya qurilishini eslaymiz. Shundan beri o'tgan bir asrdan ortiq vaqt xalqimiz bosib o'tgan, uzoq kechmishga borib taqaluvchi tarix oldida arzimasdek balki, lekin shu qisqa vaqt oralig'ida keskin darajada o'zgarishlar sodir bo'ldiki, bugun ota-bobolarimiz qachonlardir o'z xonadonlarini qanday qilib shamlaru qora chiroqlar bilan yoritib o'tirganlarini tasavvurimizga sig'dira olmaymiz.

    Ammo xalq xo'jaligining taraqqiy etishi albatta energetika taraqqiyoti bilan uzviy bog'liq. Shuning uchun malakatimizda 1933-yildan to 1946-yilgacha jami sakkizta 9 MVt dan 42 MVtgacha quvvatli GeS lar qurib foydalanishga topshirilgan. Ularning bazasida katta tajribaga ega muhandis-texnik mutaxassislarning butun bir avlodi tarbiyalanib kamolga etgan. Yuqori malakali ishchi kadrlar jamoasi tashkil topib, elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish bo'yicha boy tajriba to'plangan. Lekin bu taraqqiyot o'ziga yarasha muammolarni ham keltirib chiqarganki, ularni hal etmay turib soha bir joyda depsinib qolishi tabiiy hol edi.

    Zero tobora ishlab chiqarish quvvati ortib borayotgan stantsiyalarning ulkan qozon, turbina, agregat va transformatorlarini joriy va kapital ta'mirlashni chuqur bilim va tajribasiz hal etish mushkul edi. Shuning uchun ham ta'mirlash ishlariga ularni ishlab chiqargan zavodlarning mutaxassislarini maslahatchi sifatida taklif etishga to'g'ri kelardi. Bu esa o'z-o'zidan ta'mir ishlari bilan maxsus shug'ullanuvchi korxonaning yuzaga kelishiga asos yaratdi. O'zbekistonda ham energota'mirlash uskunalari bo'yicha mutaxassislar etishib chiqa boshladi.

    Soha davr talabidan kelib chiqib, ta'mirning sifati va tannarxi bilan bog'liq butkul yangicha yondashuvni talab etdi. Ana shu ehtiyojdan kelib chiqqan holda 1966-yilda Toshkent shahrida “O'zbekenergoremont” ixtisoslashgan korxonasi tashkil etilgan.

    Albatta, mukammal bir tuzilmani yaratish bir-ikki yillik ish emas. Bunga erishish uchun vaqt, kuch, harakat va o'ziga yarasha mablag' talab etilar edi. Korxona 1968–1970-yillarda o'z boshqaruv tuzilmasini takomillashtirdi, yangi tsexlar, uchastkalar, bo'limlar, byurolar va tajribaxonalar tashkil etildi. 1967-yil 1-yanvar holatiga ko'ra korxonada 84 nafar payvandchilar bor edi. Ularning 18 nafari yuqori malakali bo'lib, eng mas'uliyatli payvandlash ishlari ularga topshirilar edi. Yil oxiriga kelib esa jami payvandchilarning soni 136 nafarga etkazildi. Yuqori malakali payvandchilar soni esa 20 nafarga yetdi.

    1977–1979-yillar oralig'ida esa korxonada yana bir muhim ish amalga oshirildi, IESlar ehtiyojini qoplovchi ehtiyot qismlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. 1979-yilning o'zida korxona tomonidan 26 xil turdagi ehtiyot qismlar yetkazib berila boshlagan. Ishlab chiqarishning eng muhim tarkibiy qismi bo'lgan brigadalarga katta e'tibor qaratila boshlandi. Ularni ixtisoslashtirish boshlandi. Bunday brigadalarda ish samaradorligi, ta'mir sifati yuqori darajaga ko'tarildi. Natijada O'zbekistonning o'zida energota'mir ishlarini bemalol, yuqori sifat bilan, arzon narhlarda bajarishga qodir bo'lgan birlashma barpo bo'ldi. endilikda energota'mir ishlari uchun boshqa mamlakatlardan mutaxassislar taklif etishga hojat qolmagan edi.

    Mustaqillik yillarida...

    Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin, energotizim zimmasiga ta'mirlovchi korxonalar tomonidan bajariladigan ishlar turini kengaytirish va ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan, import o'rnini bosuvchi mahsulot turlarini ko'paytirish eng muhim vazifa sifatida belgilandi. energetik uskunalarning ishonchli ishlashiga bo'lgan yuksak talablarni hisobga olib, korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlarning barcha standartlarga to'la mos kelishiga alohida ahamiyat berila boshlandi. Bu bilan korxonada bajariladigan ishlar sifati talabchan buyurtmachilar tomonidan tan olinishiga erishildi. Korxona mutaxassislarining sidqidildan izlanishlari tufayli 1995-yilga kelib, quvurlarni uchma-uch payvandlash ishlari yo'lga qo'yildi. Payvandlashning ushbu turi tezkor va yuqori texnologiyaga asoslangan bo'lib, malakali ish sifatini kafolatladi. 1997-yilda regenerativ havo isitgichning issiq qatlamiga qo'yiladigan paketlarni yasaydigan texnologik liniya yaratildi. Natijada butun O'zbekiston energotizimining ushbu mahsulotga bo'lgan ehtiyojini to'la qondirish imkonini berdi. Lekin bu yutuqlar malakatimizda energetikaga bo'lgan ehtiyoj hamda jahon miqyosida sohada yuz berayotgan yuksalishlar darajasida emas edi.

    2001-yilda O'zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining “energetika sohasidagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish to'g'risida”gi Farmoniga ko'ra korxona davlat tasarrufidan chiqarilib, ochiq aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Vaqt o'tib ta'mir va ishlab chiqarish ishlari hajmining orta borishi asosida korxonaning ishlab chiqarish maydoni orttirilishi yangi-yangi imkoniyatlar uchun eshik ochdi. U bugungi kunda Toshkent viloyatining Qibray tumanida ishlab chiqarish bazasiga va respublikamizdagi barcha issiqlik elektr stantsiyalari va markazlarida ta'mirlash ishlarini olib boruvchi ishlab chiqarish uchastkalariga ega bo'ldi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida asosan chetdan keltiriladigan ehtiyot qismlarini mamlakat hududida ishlab chiqarish o'zlashtirila boshlandi va joriy yilning o'zida 14 ta turdagi jami 14,174 mlrd. so'mlik ehtiyot qismlar mahalliy ishlab chiqarish rejalashtirildi. Yil oxirigacha bu ko'rsatkichni 50 taga etkazish imkoniyatlari o'rganilmoqda. Buning uchun dastlabki bosqichda 7 xil turdagi ta'mirlash dastgohlarini Angliya, Xitoy, Koreya va Rossiya kabi davlatlardan harid qilib olish rejelashtirilgan.

    SHu yilda korxonaning 2022 – 2023-yillarga mo'ljallangan rivojlanish strategiyasi ishlab chiqildi va unga asosan “Yo'l xaritasi” tuzilib, bu asosida ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

    — “O’zbekenergota’mir” AJ joriy yilning 25 – 27 – aprel sanasida Rossiyaning “Innoprom” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Toshkent shahridagi ekspo Markaz ko'rgazmalar zalida o'tkazilgan xalqaro sanoat ko'rgazmasida korxona Rossiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Belorussiya kabi davlatlarning kompaniyalari bilan bir qatorda ishtirok etdi va bir nechta kompaniya va korxonalar bilan birga ishlash uchun muzokaralar olib bordi, shuningdek memorandumlar o'tkazib, shartnomalar tuzishga erishdi — deydi aktsionerlik jamiyatining bosh direktorining yordamchisi Ulug'bek Nig'monov. — Bu bizga faoliyatimizni yanada takomillashtirishning yangi imkoniyatlarini yaratdi. Mana o'tgan 2021-yilda 89 milliard 62 million so'mlik ta'mirlash ishlarini bajarganmiz. Yangi ochilayotgan imkoniyatlarimiz yordamida esa hozirgi kunda buyurtmachilar bilan tuzilgan shartnoma qiymati 132 mlrd. so'mdan oshdi. YAngi davr xizmatga yangicha yondoshuvni talab etadi, albatta. Biz ham 2026 yilgacha bu ko'rsatkichlarni ichki bozorning o'zida 444,8 million so'mgacha ko'tarish niyatidamiz. Bundan tashqari, elektr dvigatellari va nasoslarni ta'mirlash bo'yicha Tojikiston va Qirg'iziston respublikalari bilan hukumatimiz darajasida hamkorlik memarandumlari imzolangan.

    Ishlab chiqarish sohasidagi mutahassislarni qo'shimcha yo'latishlar bo'yicha o'qitish ishlari ham yo'lga qo'yilgan. Buning uchun “SMS SYCTEMS” konsalting firmasi bilan shartnoma tuzilgan bo'lib, har bir qo'shimcha mutaxassislik olish istagini bildirgan hodimlar o'qishini tashkil etish uchun korxona tomonidan yillik reja asosida mashg'ulotlar tashkil etilmoq. O'qish so'ngida esa imtihon olinib, ma'lum mutaxassislik bo'yicha sertifat olishga erishgan xodim, albatta, qo'shimcha mutaxassislikka ega bo'lgan yuqori malakali xodim sifatida mehnatiga yarasha yuqori maosh oladi. Bundan tashqari ishlab chiqarishdagi va ta'mir ishlaridagi sifat ko'rsatkichlari ham ortadi. Hozirgi vaqtda xotin-qizlarni boshqaruvga jalb qilish, atrof-muhit muhofazasi, salomatlikni saqlash va sifat menejmenti bo'yicha o'qishlar yo'lga qo'yilgan.

    Ishchi hodimlar hamisha munosib taqdirlab boriladi. SHuning uchun ham korxonada etuk mutaxassislar ko'p yillar mobaynida mehnat qiladilar.

    — Korxonamiz zamon talablari bilan qadamba-qadam odimlash bilan birga jamoatchilik ishlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Bu yil Prezidentimiz tashabbusi bilan ko'tarilgan “Yashil makon” dasturi bo'yicha jamoamiz hodimlari bilan tumanimizning “Oq oltin” MFY hududi o'zlashtirilib chiqindilardan tozalandi va u erga 12 235 tup mevali va manzarali darxtlar ekildi — deb so'zini yakunladi Ulug'bek Nig'monov.

    Bir so'z bilan aytganda “O'zbekenergota'mir” AJ mehnatkashlari bir jamoa bo'lib korxonaning xalqimizga elektr enargiyasini uzluksiz yetkazib berilishi va xalqaro miqyosda yuqori sifat samaradorligiga ega bo'lishi uchun birgalikda, bir maslak yo'lida aniq maqsad va rejalar bilan mehnat qilmoqdalar.

    Maxluba QOSIMOVA,

    jurnalist