“Oʻzbekgidroenergo” AJ: kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi

    “Oʻzbekgidroenergo” AJda joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish hamda gidroenergetika obyektlarini kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini taʼminlash chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi.

    Yigʻilishda Jamiyat ijro apparati va energiya ishlab chiqaruvchi korxonalar masʼul rahbar va xodimlari ishtirok etdi.

    Tadbirda Jamiyat tizimidagi energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari holati tanqidiy koʻrib chiqildi.

    Yigʻilishda joriy yilda Jamiyat tizimidagi energiya hosil qiluvchi korxonalar tomonidan respublika energiya balansiga muvofiq belgilangan reja koʻrsatkichlari ortigʻi bilan bajarilishi taʼminlanayotganligi, shu bilan birga, erishilgan natijalar bilan kifoyalanib qolmasdan, endilikda asosiy kuch va eʼtiborni joriy yil kuz-qish mavsumida uzluksiz elektr energiya yetkazib berishga qaratish lozimligi alohida taʼkidlandi.

    Joriy kuz-qish mavsumida mavjud gidroenergetik salohiyatdan kelib chiqqan holda, barcha resurslarni jalb qilish, ayniqsa, mikro GESlar quvvatlaridan maksimal darajada foydalanish talab etiladi. Sababi, ular suv kam boʻlgan davrda ham barqaror energiya ishlab chiqarishga moʻljallangan.

    Yigʻilishda Jamiyat tasarrufidagi tizim korxonalarida 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumi uchun amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlari holati birma-bir koʻrib chiqilib, mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.

    Bu borada, 2024-yil 14-avgustda “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibidagi GES va suv omborlarini 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumi davrida barqaror ishlashga tayyorlash toʻgʻrisida”gi 89-son Jamiyat buyrugʻi qabul qilingan boʻlib, unga muvofiq, Jamiyat tizim korxonalari doirasida 198 ta tadbirni amalga oshirilishi belgilangan hamda zaruriy miqdorda moliyaviy mablagʻ ajratilgan.

    Bu borada, tizimdagi GES va Kaskadlar tomonidan asosiy va yordamchi uskunalar, barcha turdagi elektr va gidromexanik jihozlar: gidroagregatlar, kuch transformatorlari, yuqori kuchlanishli oʻchirgichlar, rele-himoya va avtomatika, past va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlar, aloqa, texnik suv taʼminoti va yongʻinga qarshi tizimlarni ishonchli ishlashini taʼminlash (1); gidrotexnik inshootlar, ularni gidromexanik qurilmalari, yuk koʻtarish mexanizmlari, avtotransport vositalari, avariya zaxira materiallarini yaratish, ishlab chiqarish va maʼmuriy binolar, ularning isitish tizimlarini mavsumga tayyorlash (2); ijtimoiy masalalar yuzasidan xodimlar uchun kuz-qish mavsumida qulay mehnat sharoitini yaratish, ularni maxsus kiyim boshlar hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash (3) singari muhim amaliy vazifalarni bajarishi lozim.

    Yigʻilishda yuqorida belgilangan vazifalarni oʻz muddatlarida bajarilishi, chora-tadbirlar ijrosidagi sustkashlik va lozim darajada bajarilmasligi holatlari keskin tanqidiy ruhda koʻrib chiqildi.

    Oʻz vazifasiga masʼluyatsizlik va sustkashlik bilan qaragan rahbarlar faoliyati jiddiy tanqid qilindi. Xususan, “Oʻrta Chirchiq GESlar kaskadi” UK (A. Alimov) tomonidan xarid qilingan bir komplekt 220 kVli elegaz oʻchirgichning montaj ishlari toʻliq yakunlanmagan, GES-27 quyi bef maydoni va transformatorlar yacheykalarida gidroizolyatsiya ishlarini amalga oshirish, 6-GES binosining fasadi va xonalarini taʼmirlash ishlari shu kunga qadar boshlanmagan, 2 dona yuqori bosimli kompressor, 4 dona yuqori bosimli zadvijka xarid qilish ishlari kechiktirilgan.

    “Chirchiq GESlar kaskadi” UK (A. Shodmonov) da GES-7 va GES-8 larning tom qismini taʼmirlash ishlari hamda GES-7 dagi kuch transformatori maydonining beton qoplamasini yangilash boʻyicha ishlar boshlanmagan. Shuningdek, maxsus texnika xaridi va 2 dona yuqori bosimli zadvijka, 6 dona moy nasos xaridi kechiktirilmoqda.

    “Tuyamoʻyin GES” UK (A. Durdiyev) binosi ichida xodimlar uchun qulay mehnat sharoitini yaratish, taʼmirlash-tiklash ishlari yakuniga yetkazilmagan. Chiqindilarni ushlab qoluvchi 1 dona temir panjara may oyida tayyor boʻlgan boʻlishiga qaramasdan, oʻrnatilgan tartibda chegaradan oʻtkazish ishlari boshlanmagan.

    GESdagi 3- va 4-gidrogeneratorlarni tiristorli qoʻzgʻatish tizimi va elektrogidravlik boshqaruv tizimiga oʻz vaqtida sozlash ishlari amalga oshirilmaganligi bois tez-tez nosozliklar kuzatilmoqda.

    “Samarqand GESlar kaskadi” UK (B. Pirmuxamedov) Xishrav GES-2B 2- va 3-son, Shaudar-1da 1-son gidroagregatning avariyaviy oʻchishi bugungi kunga qadar tiklash ishlari bajarilmagan. Qurilishi yakunlangan GES-10, GES-8 va Pastdargʻom mikro GESlarini bugungi kunga qadar tarmoqqa ulash ishlari kechiktirilgan.

    “Oʻrta Chirchiq GESlar kaskadi” UK direktori A. Alimov, “Samarqand GESlar kaskadi” UK direktori B. Pirmuxamedov, Andijon suv ombori rahbari F. Mirzayevga rejaviy muhim topshiriqlar ijrosi doirasidagi sustkashlik uchun qattiq ogohlantirish berildi.

    Barcha tizim korxonalari va suv omborlari rahbarlariga joriy yilning 15-oktyabr sanasiga qadar rejada belgilangan barcha zaruriy chora-tadbirlarni yakunlash topshirigʻi berildi.

    Tizim korxonalarida mavsumga tayyorgarlik doirasida nafaqat gidroagregatlarni taʼmirlash ishlari, balki, butun tizimni doimiy shay holatga keltirish talab etiladi. Dastlabki meteorologik prognozlarga koʻra, joriy qish mavsumi erta hamda har yilgidan koʻra sovuq kelishini inobatga olib, korxonalarda tayyorgarlik ishlarini jiddiy masʼuliyat bilan yondashgan holda, amalga oshirish lozimligi qayd etildi.

    Suv omborlarini 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash chora-tadbirlari rejasiga muvofiq, suv omborlarida jami 52 ta tadbirni (Andijon suv omborida 12 ta, Ohangaron suv omborida 8ta, Sardoba suv omborida 7 ta, Hisorak suv omborida 8 ta va Toʻpolang suv omborida 17 ta) amalga oshirilishi belgilangan.

    Suv omborlarida, eng avvalo, suv kirish va chiqish inshootlaridagi gidromexanik qurilmalar, zadvijkalar, baypas quvurlar, nazorat-oʻlchash qurilmalari, drenaj nasos stansiyalarni mavsumga shay holatga keltirish, zarur material va jihozlar, yoqilgʻi-moylash mahsulotlari xaridlarini oʻz vaqtida amalga oshirish talab etiladi.

    Andijon, Ohangaron va Hisorak suv omborlaridagi 14 ta obyektda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz muddatlarida yakunlanishi boʻyicha sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan.

    Boshqaruv raisi A. Sanginov tomonidan energiya xavfsizligini taʼminlash vazifalari bugungi kunda oʻta muhim va dolzarb ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlanib, barcha masʼullarga belgilangan ishlar ijrosini jadallashtirish hamda eng asosiysi, sifatli yakunlash talabi qoʻyildi.

    Bu borada, Jamiyat oldida turgan maqsadlarga faqat mustahkam iroda, temir intizom, shaxsiy masʼuliyat va oʻz ishiga boʻlgan fidoyilik bilan vijdonan mehnat qilish orqali erishish mumkin.

    Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli masʼul rahbarlarning hisobotlari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha zaruriy topshiriqlar berildi.


    “Oʻzbekgidroenergo” AJ axborot xizmati


    Hamkorlik materiali