“Oʻzbekgidroenergo” AJ mamlakatimiz kompaniya va korxonalari orasida birinchi boʻlib xalqaro ESG reytingini olishga muvaffaq boʻldi

    Energetika 25 Dekabr 2023 698

    “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati toʻrt yildan buyon jahonda yetakchi top “uchlik” reyting agentliklaridan biri hisoblangan “Fitch Reytings” xalqaro reyting agentligining “BB-” xalqaro kredit reytingini barqaror darajada saqlab kelmoqda.

    Gidroenergetikani rivojlantirish aholini nafaqat barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlashda, balki atrof-tabiiy muhit, ekologiyani asrashda ham muhim ahamiyatga ega. Keyingi davrda gidroenergetikani isloh qilish boʻyicha Prezidentimizning 1 ta farmoni, 7 ta qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2 ta qarori qabul qilinganligi ham unga boʻlgan eʼtiborni yaqqol namoyon etib turibdi.

    Maʼlumki, davlatimiz rahbarining “Oʻzbekgidroenergo” AJ 2017-yil 18-maydagi farmoniga asosan, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tashkil etilgan edi. Mana shundan buyon olti yarim yildan ortiq vaqt oʻtdi. Qolaversa, 2023-yilni yakunlash va sarhisob qilish pallasida turibmiz. Shunday ekan, tabiiy ravishda “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, senator Abdugʻani SANGINOV bilan suhbatimiz oʻtgan vaqt mobaynida amalga oshirilgan ishlarga nazar tashlashdan boshlandi.

    — Suv — tabiatning ulugʻ inʼomi va ona zaminimizning eng qadrli neʼmati. Uning har qatrasi qadrlanishi va samarali foydalanilishi kerak. Bu bevosita gidroenergetika tizimining faoliyati bilan chambarchas bogʻliq, — deydi Abdugʻani Sanginov. — 2017-yilda mamlakatimizda daryo va suv omborlari yonida 36 ta kattayu kichik gidroelektr stansiya faoliyat koʻrsatardi. Eng achinarlisi, ularning ayrimlari bundan qariyb yuz yil oldin, qurilgan boʻlsa, aksariyati oʻtgan asrning 50 — 60-yillarida barpo etilgan, texnik jihatdan va maʼnan eskirgan edi.

    Ana shunday murakkab bir paytda, 2017-yilning may oyida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilib, uning zimmasiga respublikamizda suv-energetika resurslarini boshqarishni yagona tizimini shakllantirish, yangi ekologik toza energiya hosil qiluvchi quvvatlarni tashkil etish, mavjud GESlarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, gidroenergetikani rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va shu asosda sanoat va aholining elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini yanada toʻlaroq qondirish vazifasi yuklandi

    Eng avvalo, tizim tarkibidagi barcha inshoot va tashkilotlarlar xatlovdan oʻtkazildi. Ilmiy va amaliy tahlillar yangi GESlarni qurishda ham, mavjudlarini modernizatsiya qilishda ham nainki mintaqaga, balki jahon andozalariga mos texnologiyalardan foydalanish samarali ekanligini koʻrsatdi. Yana bir muhim jihati, ushbu ishlarga xalqaro moliyaviy muassasalarning uzoq muddatli imtiyozli mablagʻlarini jalb etishga ham alohida ahamiyat qaratildi.

    Oʻtgan davr mobaynida “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan olib borilgan faol islohotlar natijasida jami 36 ta loyiha, shu jumladan, 23 ta yangi GES qurilib, foydalanishga topshirildi mavjud 13 ta GES zamonaviy andozalar asosida modernizatsiya qilindi.

    Soʻnggi olti yarim yil ichida mamlakatimizda GESlarning umumiy soni 2017-yildagi 37 tadan 58 taga hamda ularning ishlab chiqarish hajmi esa 1 856 MVtdan 2 233 MVtga yetkazildi, qoʻshimcha ravishda qariyb 400 MVt quvvati yaratildi. Eʼtiborli tomoni, bu raqamlar soʻnggi yillarda MDH davlatlaridagi eng katta koʻrsatkichlardan biri hisoblanadi.

    Hozirgi kunda Investitsiya dasturiga muvofiq, jami quvvati 749 MVtga teng boʻlgan 13 ta loyiha doirasida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

    2023-yilda amalga oshirilgan ishlarga kelganda, Toshkent, Andijon, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 190 MVtga teng 8 ta GES, shu jumladan, 3 ta yirik va 5 ta mikroGES ishga tushirildi. Xususan, Toshkent viloyatida Ispaysoy, Andijonda Zavroq, Xonobod mikroGESlari, Samarqandda Shaudar va PK 102+00 GES, Surxondaryoda Toʻpolang GES va “Isfara mikroGES-1” loyihalari ana shular jumlasiga kiradi.

    Xabaringiz bor, joriy yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizdagi eng yirik Chorvoq GESdan keyingi oʻrinda turuvchi – modernizatsiyadan soʻng quvvatlari yangilangan “Toʻpalang GES” foydalanishga topshirildi. Uning boshqaruvi toʻliq avtomatlashtirilgan va inson omilisiz “aqlli” tizimda ishlaydi.

    Mahalliylashtirish doirasida Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida “Isfara mikro GES-1” quvvat bera boshladi. Uning ahamiyatli tomoni shundaki, gidroenergetikamizdagi dastlabki “milliy” GES hisoblanadi. Sababi Oʻzbekistonda ilk bor mazkur gidroinshoot doirasidagi barcha ishlar, shu jumladan, loyihalashdan tortib, unga oʻrnatilgan asbob-uskunalargacha toʻliq mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan bajarildi. Jamiyat tarkibidagi “Suvsanoatmash” AJ negizida ushbu inshoot uchun zarur boʻlgan jihozlar ishlab chiqarildi.

    Mintaqamizda soʻnggi yillarda suv kam boʻlgan mavsumlar tez-tez takrorlanmoqda. Shunday boʻlsa-da, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari natijasida yaratilgan qoʻshimcha quvvatlar evaziga soha salohiyatini nafaqat bir maromda saqlash, balki yildan-yilga mavjud quvvatlarni oshirib borishga ham erishilmoqda.

    Joriy yilda jamiyat tasarrufidagi quvvat hosil qiluvchi korxonalar tomonidan 7 milliard kVt.soatga yaqin elektr energiyasi milliy elektr tarmoqlariga yetkazib berilishi moʻljallangan. Bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichga nisbatan 8 foizga koʻp degani.

    — ESG atamasi Oʻzbekistonda hali unchalik ommalashgan emas. Bu tamoilni joriy etish boʻyicha yirik kompaniya va jamiyatlar dastlabki qadamlarni qoʻyayapti, uning talablarini oʻrganish ustida ish olib boryapti. Shunday bir kezda “Oʻzbekgidroenergo” AJ mamlakatimizda birinchi boʻlib xalqaro ESG reytingini olishga muvaffaq boʻldi.

    — Prezidentimizning shu yil 28-fevraldagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmonida 2023 — 2026-yillarda ustav kapitalida davlat ulushi mavjud transformatsiya qilinadigan aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga xalqaro ESG (Environment, Social, Governance)tizimini joriy etish, bunda atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv omillari, shuningdek, barqaror rivojlanish bilan bogʻliq jihatlarni hisobga olish masalalarini jamiyatlar boshqaruv organlarida koʻrib chiqilish vazifasi qoʻyilgan edi. Binobarin, davlatimiz rahbarining joriy yil 30-martdagi “Gidroenergetika sohasini yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 8-bandida ham jamiyatimiz zimmasigaga ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish va 2025-yilga qadar bu reytingini olish topshirigʻi berilgan. Biz bu topshirqni muddatidan oldin bajarib, shu yilning oʻzida mazkur reytingni olishga erishdik.

    — Shu oʻrinda ESG nima, nima uchun ushbu reytingga ega boʻlish yirik kompaniyalar uchun juda muhim hisoblanishiga izoh berib oʻtsangiz?

    — ESG tamoyilidagi har bir harf aniq bir yoʻnalishni ifodalaydi. Ye — inglizcha “environmenta” mezoni kompaniyaning atrof-muhitga qanchalik qaygʻurishini anglatadi. Bu issiqxona gazlari tashlanmalari, atrof-muhitning ifloslanishi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik qonunlariga rioya qilish kabi masalalarni oʻz ichiga qamrab oladi.

    S — (social) korxona yoki jamiyatning oʻz xodimlariga, yetkazib beruvchilariga, mijozlarga va boshqa hamkorlariga boʻlgan munosabatini aks ettiradi. Shuningdek, xodimlarning sogʻligʻi va xavfsizligi, ularning kasbiy rivojlanishi, xavfli mehnat sharoitlari, inson huquqlarini hurmat qilish, tovarlar sifati uchun mijozlar oldidagi masʼuliyat va ijtimoiy tashabbuslarda ishtirok etish mezonlarini ifoda etadi.

    G — (governance) boshqaruv samaradorligi, aksiyadorlar huquqlari, audit va korrupsiyaga qarshi kurash, har xil xatar (risk)larni boshqarishni oʻz ichiga olgan korporativ boshqaruv qoidalaridan iboratdir.

    Ushbu tushunchalarning asosiy mohiyati shundan iboratki, ular yirik kompaniyalarning jamiyat rivojiga hissa qoʻshish, jumladan, xayriya ishlarini bajarish, oʻz xodimlarining haq-huquqlarini taʼminlash, ijtimoiy muammolarni bartaraf etishda koʻmaklashish kabi masʼuliyatli vazifalarni ham zimmalariga olganligini namoyon etadi.

    — “Oʻzbekgidroenergo” AJ ESG tamoyillarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun qanday ishlarni amalga oshirdi va reyting tufayli qanday afzalliklarga ega boʻladi?

    — ESG tamoyillarini amalga oshirish uchun jamiyatimiz bu yoʻnalishlar boʻyicha xalqaro standartlar va talablarni oʻrganib chiqdi. Avvalo, biz barcha zarur maʼlumotlarni toʻplagan holda, keng qamrovli tahlilni oʻtkazdik. Keyin esa, ularni veb-saytimizda xalqaro standartlarga muvofiq ingliz tilida eʼlon qildik. Bundan tashqari, jamiyatimiz tomonidan 2022-yil uchun birinchi “Barqaror rivojlanish hisoboti”ni ishlab chiqqanimiz buning poydevori boʻldi. Ushbu hujjatda biz ekologik, ijtimoiy rivojlanish va korporativ boshqaruv sohalarida bajarilgan ishlarni ochiq-oshkora taqdim etdik. Chunki, oʻz faoliyatiga doir maʼlumotlarni ommaga havola etadigan kompaniyalar sarmoyadorlar eʼtiboriga tezroq tushadi.

    Maʼlumki, investorlar ESG reytinglarini kompaniyalarning ESG koʻrsatkichlari boʻyicha faoliyatini baholashda muhim maʼlumot manbai deb biladi va ularning ijobiy tomonlariga qarab hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni kiritadi. Biz investorlar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, dunyoda yetakchilar safida turgan va katta nufuzga ega boʻlgan “Sustainable Fitch” reyting agentligidan Oʻzbekistonda birinchi boʻlib ESG reytingini olishga muvaffaq boʻlgan edik.

    Ijobiy baholash uchun asosiy omillardan biri sifatida jamiyatning atrof-muhitni muhofaza qilish faoliyatiga masʼul boʻlgan “Atrof-muhitni muhofaza qilish va kadastr xizmati” boʻlimining mavjudligini keltirish mumkin. Ushbu boʻlim oqava suv sarfini kamaytirish, havo ifloslanishini minimallashtirish va chiqindilarni utilizatsiya qilish jarayonlarini yaxshilash boʻyicha faol ish olib bormoqda.

    Qolaversa, atrof-muhitni boshqarish tizimiga ISO 14001:2015 talablari joriy etilgan. Bu, oʻz navbatida, ekologik noxush hodisalarning oldini olishda muhim oʻrin tutyapti.

    Jamiyatimizning ekologik talablarga, ayniqsa obodonlashtirish sohasidagi saʼy-harakatlari ESG balida ham ijobiy baholangan. Bunda inson huquqlarini taʼminlash boʻyicha amalga oshirayotgan tadbirlarimiz va odob-axloq kodeksini hayotga tatbiq etganimiz ham bosh aomillar sirasiga kiradi. Ular Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini va BMTning Inson huquqlari, mehnat, korrupsiyaga qarshi kurash va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha global shartnomalariga toʻla-toʻkis mos keladi.

    Shu bilan birga, jamiyatda azaldan xayriya tadbirlari va homiylik orqali mahalliy idoralar va fuqarolar bilan oʻzaro hamkorlikka alohida eʼtibor qaratib kelinadi. Bu kabi xayrli ishlar ham “Oʻzbekgidroenergo”ning umumiy barqaror yondashuvining muhim tarkibiy qismiga aylandi va xalqaro ESG reytingini olishga hissa qoʻshdi.

    Korporativ boshqaruvga kelganda, bu boradagi katta hajmdagi maʼlumotlar jamiyatimiz veb-saytida ingliz tilida eʼlon qilinishi yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, “Komplayens-nazorat” va korrupsiyaga qarshi kurashish” boʻlimi ham oʻz ishini takomillashtirib boryapti.

    Investorlar ESG reytinglarini kompaniyalarning bu boradagi koʻrsatkichlari haqida muhim maʼlumot manbai deb biladi va baʼzi reytinglarga afzallik beriladi. Xalqaro investitsiya va moliya institutlari bilan ishlashda yuqori jozibadorlik kasb etadi, ijobiy imidjimizni oshiradi.

    — Davlatimiz rahbarining qarorida belgilab berilgan vazifa muddatidan ikki yil ilgari bajarildi. Edilikda ESG reytingi boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarni yanada mustahkamlash yoʻlida qanday ishlar oldinda turibdi, deb oʻylaysiz?

    — Dunyo yangi bir bosqichga qadam qoʻymoqda. Bu bosqich global muammolari, umuminsoniy qadriyatlari, oʻzgacha talablari, injiqliklari, taʼsirchanligi bilan ajralib turadi. Axborot aylanish koʻlami va tezlik nuqtayi nazaridan bagʻoyat kengayib boryapti. Bunday sharoitda ishonch eng asosiy investitsiyaga aylanadi. Zamonning oʻzgarishlari, global trendlarni doimiy kuzatib borish va ularga moslashish esa bugungi biznesning asosiy shartlaridan biri sanaladi. ESG ana shu ishonch va moslashuvchanlik poydevori ustida barpo etilayotgan yangi munosabatlar tizimidir. Usiz hech qaysi kompaniya global marralarni koʻzlashiga imkoni yoʻq, degan fikrdaman.

    Kelajakda ESG strategiyamizni mustahkamlash va rivojlantirish uchun biz bir qator asosiy chora-tadbirlarni amalga oshiryapmiz. Birinchi navbatda, jamiyatning tashkiliy tuzilmasida jiddiy oʻzgarishlar qildik. Biz ESGni amalga oshirish boʻyicha maxsus boʻlim tashkil etdik, u hozirda barcha yoʻnalishdagi tashkilot va boshqarmalar bilan yaqin hamkorlik qiladi. Ekologiya sohasidagi tashabbuslarni chuqurroq tahlil qilish va muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida unga mutassaddi boʻlgan boʻlimning xodimlari soni koʻpaytirildi. Ular oʻz bilim saviyasi va malakasi yuqorilgi bilan xalqaro hamkorlik sohasida, chet el investitsiyasini jalb qilish, davlat-xususiy tashkilotlari bilan ishlashda ibrat koʻrsatishi va namuna boʻlishi talab etiladi.

    Bundan tashqari, jamiyatda gender tengligini taʼminlash boʻyicha faol ish olib borilyapti va tez orada xalqaro mutaxassisni mustaqil aʼzo sifatida kuzatuv kengashimizga jalb qilishni rejalashtirganmiz.

    “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati toʻrt yildan buyon jahonda yetakchi top “uchlik” reyting agentliklaridan biri hisoblangan “Fitch Reytings” xalqaro reyting agentligining “BB-” xalqaro kredit reytingini barqaror darajada saqlab kelmoqda. Bundan tashqari, jamiyat 2023-yilda mustaqil kredit reytingini bir pogʻonaga oshirib, uzoq muddatli emitent reytingini “B+” darajaga koʻtarishga erishdi.

    Shuningdek, oshkoralikni taʼminlash maqsadida 2022 va 2023-yillar uchun xarid jarayonlarini auditdan oʻtkazib, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlari samaradorligini oshirish (“forenzik”) boʻyicha dunyoda auditorlik va konsalting xizmatlari koʻrsatuvchi “katta toʻrtlik” tomonidan jamiyat xarid tizimi boʻyicha ijobiy audit xulosasi olingan.

    Jamiyatning yana bir katta yutugʻi, bu uning tasarrufidagi energiya hosil qiluvchi korxonalarda Markaziy Osiyoda ilk bor “Yashil energiya” sertifikati joriy etilganidir. Xususan, Prezidentimizning 2023-yil 12-maydagi “Yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, energiya hosil qiluvchi korxonalarda ishlab chiqarilgan quvvatlar uchun birinchi marta “Yashil energiya” sertifikati tizimi tatbiq etildi. Hozirda bu boradagi amaliy chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.

    Taʼkidlash joizki, I-REC sertifikatlari (“yashil energiya” sertifikatlari)ni birja orqali sotish mamlakatga ekologik masʼuliyat va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishga sodiqligini namoyish etish imkonini beradi hamda tabiiy ravishda Oʻzbekistonning xalqaro darajadagi ekologik reytingini oshiradi. Ayni kezda bu yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar sohaga xorijiy investitsiyalarni yanada kengroq jalb etishda oʻziga xos kafolat vazifasini oʻtaydi.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Abdurauf QORJOVOV suhbatlashdi