Oʻzbekiston – mustaqil taraqqiyot yoʻlida

    Fikr 28 Noyabr 2024 85

    Jamiyatda milliy ong, milliy tafakkur, masʼuliyat, vatanparvarlik, millatparvarlik, halollik, poklik singari xislat va tushunchalar mustahkam boʻlgan mamlakatning mustaqilligi ham barqaror boʻladi.

    Yangi Oʻzbekistonda islohotlarning yangi davri boshlanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahrirda qabul qilinishi taraqqiyotimizning siyosiy, huquqiy yoʻli boʻldi.

    Oʻzbekistonning mustaqil taraqqiyoti deganimizda demokratiya va insonparvarlik gʻoyalariga toʻla rioya qilingan holda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlarni tubdan oʻzgartirish, xalqimizning boy tarixiy tajribasini, boshqa ilgʻor davlatlarda qoʻlga kiritilgan yutuqlarni oʻrganish, uni respublika sharoitida va imkoniyatlarni hisobga olgan holda hayotga tatbiq etish orqali amalga oshadi.

    Mustaqil taraqqiyot yoʻlini tezlatish, deganda biz shu maqsadni amalga oshirishga keng xalq ommasini jalb etish uchun ijtimoiy, milliy sohadagi tanazzul, biryoqlamalikka uzil-kesil bardam bermoq kerakligini tushunmoq kerak. Jamiyatda milliy ong, milliy tafakkur, masʼuliyat, vatanparvarlik, millatparvarlik, halollik, poklik singari xislat va tushunchalar mustahkam boʻlgan mamlakatning mustaqilligi ham barqaror boʻladi.

    Xalqning yetuk milliy ongi, yuksak maʼnaviyati har qanday taraqqiyotning bosh omili hisoblanadi. Insoniyatning tarixiy taraqqiyoti oʻzining har bosqichida bu haqiqatni isbotlab keldi. Masalan, mulkchilikning turli shakllari saqlangan holda ishbilarmonlikka, moddiy manfaatdorlikka yoʻl ochish ham mustaqil taraqqiyotning jahon tajribasiga tayangan holda amalga oshirilayotgan muhim jihatlardan biridir.

    Haqiqatdan ham ishbilarmonlik, mehnatsevarlik oʻzbek xalqining tarixan shakllangan milliy qadriyatlaridan desak adashmaymiz. Ishbilarmonlik faqat tijorat, yaʼni oldi-sotdidangina iborat emas. Agar hamma ishbilarmonlik, deb tijoratni tushunsa, faqat olib-sotarlik yoʻliga oʻtib olsa, u holda mamlakat rivojlanmaydi, tashqi davlatlarga qaramlik holati tobora chuqurroq tomir otib boraveradi.

    Mustaqillikning muhim omillaridan biri – iqtisodiy mustaqillikdir. Shu jihatdan qaraganda ishbilarmonlik, birinchi navbatda mamlakat uchun, xalq ehtiyojlarini qondirish va boshqa davlatlar bilan teng huquqli aloqalarni rivojlantirish maqsadida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni jahon bozoriga olib chiqishga intilishdir.

    Rivojlangan mamlakatlarda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari uchun savdo bozoriga aylanish mustamlakachilik zanjirlariga bogʻlanib qolishga va qoloqlikka olib keladi.

    Ishbilarmonlik bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatda har bir shaxsning vaqtinchalik manfaatlari, boylik orttirishga intilishi nuqtayi nazaridan emas, balki mustaqillik, taraqqiyot, kelajak, milliy manfaatlarni hisobga olgan holda yondashmoq kerak. Aks holda shaxsiy xudbinlik umummilliy manfaatlar bilan bogʻliq boʻlgan taraqqiyot yoʻlini cheklab qoʻyadi.

    Oʻzbekistonning har bir fuqarosi oʻzi koʻzlagan maqsadga yakka holda emas, balki boshqalar bilan hamkorlikda, milliy birdamlik, totuvlik, hamma joyda osoyishtalikni taʼminlash orqaligina erishishimiz mumkin.

    Bu haqiqat har bir fuqaroning, ishbilarmon kishining miyasidagina emas, balki qalbida, eʼtiqodida ham chuqur oʻrin olmogʻi kerak, deb oʻylaymiz.

    Oʻzbek xalqining tarixida ishbilarmonlik va tijorat hamma vaqt ham yuksak insoniy fazilatlar bilan bogʻliq boʻlib kelgan. Mulkchilikning yangi shakllariga, ishlab chiqarilgan mahsulotga nisbatan yangicha munosabatlarning qaror topishi, tobora chuqurroq tomir ortishi ana shunday yuksak insoniy, maʼnaviy qadriyatlarni ham tiklashni va ularga amal qilishini xalqimiz juda yaxshi bilib kelgan.

    Oʻzbeklar mirishkor dehqon, boy madaniy merosning sohibigina emas, balki qoʻli gul hunarmandlar, savdo-sotiq ishining mohir, halol ustalari, ilm ahli, donishmand, odamoxun, mehmondoʻst xalq sifatida azaldan jahonga tanilgan. Yaqin tariximizdagi qatagʻon siyosati, umumiy qirgʻinlar yuz minglab vatandoshlarimizning xorijga ketib qolishiga sabab boʻldi. Lekin musofirlikda yashagan vatandoshlarimiz oʻzining mehnatsevarligi, halolligi, qoʻlida guldek hunari borligi, savdo-sotiq ishining mohir ustasi boʻlishi tufayli biror yerda xor-u sargardon boʻlgan emaslar. Biror mamlakatda oʻzbeklar tekintomoq, ishyoqmaslar, oʻgʻri va muttahamlar deb tahqirlanmagan.

    Oʻz ona yurtimizda barcha mulk davlat tasarrufiga oʻtishi natijasida ishbilarmonlik va moddiy manfaatdorlik, xalqning uzoq asrlar davomida shakllangan ishlab chiqarish malakalari, mehnatsevarlik, halollik, poklik borasidagi qadriyatlari oyoq osti qilindi. 74-yil sovet tuzumida koʻpchilikda, davlat mulki mening ham mulkim, degan tushuncha shakllanmadi. Aksincha ishlab chiqarish qurollariga, yer va suvga, atrof-muhitga, yetishtirilayotgan mahsulotlarning sifatiga nisbatan befarq qarash tobora kengroq tarqala boshladi.

    Ayniqsa yoshlar ishbilarmonlik, mehnatsevarlik, halollik, poklik, insonparvarlik singari yuksak maʼnaviy va maʼrifiy fazilatlardan mahrum boʻlay, deb qoldi. Mehnat maʼlum maqsad, manfaat zaminida bajariladigan jarayondan yuqoridan berilgan maʼmuriy topshiriq asosida amalga oshiriladigan faoliyatga aylandi. Mehnat kishilarning ongli faoliyatidir, deganga oʻxshash fikrlar shior qilindi. Lekin tekintomoqlik, mehnatni mensimaslik, ishlamasdan chiroyli yashashga, kiyinishga intilish kayfiyati kuchaydi.

    Milliy maʼnaviyat va maʼrifat qadriyatlar barbod etilishi odamlar oʻrtasida xudbinlik, halol bilan haromning farqiga bormaslik, adolat talablariga rioya qilmaslik, halol muhitni mensimaslik singari illatlar kuchayishiga olib keldi. Bular totalitar buyruqbozlik tuzumi keltirib chiqargan maʼnaviy illatlarning eng xavflisi desak ham boʻladi.

    Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, davlat qabul qilgan qonunlarga ham toʻliq rioya qilmoq darkor. Huquqiy davlat barcha qonunlari mavjud boʻlgan jamiyatda emas, balki bu qonunlar ommaning ongiga chuqur singib borgan, hamma yerda ularga toʻla asoslangan holda ish yuritilayotgan mamlakatdagina qaror topadi. Huquqiy davlatdagi kishilar oʻrtasidagi munosabatlarda vijdon, iymon, insoniylik singari qonun bilan iroda etib boʻlmaydigan yuksak maʼnaviy xislatlar ham barqaror boʻlmogʻi zarur.

    Mustaqil taraqqiyotimiz, bozor munosabatlari asosida qurilgan ekan. Bu jarayon uchun iqtisodiy imkoniyatlardan tashqari, maʼnaviy poklanish, halollik, insonparvarlik, saxiylik, ochiq koʻngillikka, mehr-muruvvat, saxovat, vijdon va iymon bilan bogʻliq boʻlgan milliy qadriyatlarga tayanib ish koʻrmoq kerak. Halollik va odamgarchilik muvaffaqiyat va yutuqlar kalitidir.

    Har bir fuqaroning faoliyati oʻz shaxsiy ehtiyojigagina emas, balki ona vatanimiz ravnaqi, uning umrboqiy mustaqillik manfaatlariga ham sidqidildan xizmat qilmogʻi lozim.

    Mardiqul Siddiqov,

    faxriy jurnalist