Yod tanqisligi kasalliklari patologik holat boʻlib, qalqonsimon bezning disfunksiyasi bilan bogʻliq holda organizmda yodning yetarli darajada isteʼmol qilinmasligi bilan bogʻliq jarayon hisoblanadi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) yod tanqisligini oʻtkir global tibbiy-ijtimoiy va demografik muammo deb hisoblaydi. Chunki, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududini oʻz ichiga olgan endemik hududlarning (130 dan ortiq mamlakatlarda) barcha aholisi YTK rivojlanish xavfi ostida yashaydi.
Mazkur tashkilotning xulosasiga koʻra, dunyo aholisining 1/3 qismidan koʻprogʻida YTK rivojlanish xavfi yuqori. Shu bilan birga 740 million aholida YTK (boʻqoq) koʻrinishlari mavjud boʻlsa, 50 million aholi miya disfunksiyasi va aqliy zaiflikka ega.
Biroq, yod tanqisligiga qarshi koʻp yillik kurash olib borilayotganiga qaramasdan, hanuzgacha dunyoning koʻplab mamlakatlarida, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham yod tanqisligi muammosi toʻliq hal etilmagan. Hozirga kelib, Oʻzbekiston sharoitida aholisi yod tanqisligi bilan bogʻliq kasalliklarga chalinish xavfi boʻlmagan hudud yoʻq. Negaki respublikaning shu kungacha oʻrganilgan barcha hududlarida aholi ratsionida yod tanqisligi mavjudligi kuzatilgan.
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan hududlarda olib borilgan tadqiqotlarga koʻra, fuqarolar tomonidan kunlik oʻrtacha yod isteʼmoli sezilarli darajada kamaygan boʻlib, bor-yoʻgʻi 32-64 mkg ni tashkil etadi. Zarur boʻlgan minimal miqdori esa – 150-200 mkg ga tengdir.
JSST fikriga koʻra endemik boʻqoqning sporadik shakllari 5%ga kamayishiga erishilsa, u holda YTK toʻliq bartaraf qilingan hisoblansada, Oʻzbekiston Respublikasida bugungi kunda yod tanqisligi ogʻir hudud boʻlib qolmoqda.
Yod tanqisligi tugʻma gipotireoz bilan kasallanish darajasini oshiradi, homila va yangi tugʻilgan chaqaloqlarda miyaning qaytarilmas shikastlanishiga, aqliy zaiflikka olib keladi. JSST ekspertlarining fikricha, yod tanqisligi aqliy zaiflikning eng keng tarqalgan sababi boʻlib, faqat oqilona yondashish orqali uning oldini olish mumkin.
Jahonda yod tanqisligini bartaraf etish bilan shugʻullanadigan nodavlat, notijorat tashkiloti maʼlumotiga koʻra, dunyoning 96 dan ortiq mamlakatlarida tuzni majburiy yodlash strategiyasi mavjudligi va uning qonunchilikda belgilab qoʻyilgani, hozirgi paytda ushbu muammoni hal qilish yoʻllaridan biri boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining “Yod tanqisligi kasalliklarining profilaktikasi toʻgʻrisida”gi 2007-yilda qabul qilingan qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-yanvardagi “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlarining ijrosini taʼminlash borasida Sanepidxizmati tomonidan qator chora tadbirlar amalga oshirilib kelmoqda.
Respublika boʻyicha bugungi kunga 102 ta yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish va qadoqlash korxona, sexlari faoliyat yuritmoqda. Ushbu korxonalarda vakolatli organni xabardor qilgan xolda oʻtkazilgan tekshirishlar davomida laboratoriya tekshiruvlari uchun olingan osh tuzi namunalaridan ular tarkibida yodlanganlik darajasi belgilangan meʼyorlarga javob bermagan holatlarda ularni qayta yodlash uchun xududiy sanepidxizmatlarining taqiqlash toʻgʻrisidagi qarori bilan ularning realizatsiyasi toʻxtatildi.
Jumladan, Andijon tumanidagi “CAMARA SALT GROUP” OKdan 4,8 tonna, Margʻilon shahar “Margʻilon Elit tuz” MCHJdan 2,0 tonna, Zangiota tumani “Pokiza Tuz Savdo” MCHJdan 2,0 tonna va boshqa korxonalarda sifatsiz mahsulotlar realizatsiyasi taqiqlanib, jaʼmi 70,0 tonna tuzni qayta yodlash boʻyicha korxona rahbarlariga tegishli koʻrsatmalar berildi.