Qishloq xoʻjaligi vazirligi xabariga koʻra, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani, Yangiariq qishlogʻidagi aholi xonadonlaridan birida aprel oyining oʻninchi sanasida gilos pishgan.
Albatta, xonadon bogʻboni bundan xuddi yaponiyalik hamkasbi kabi har qancha faxrlansa arziydi. Agar poytaxt bozoriga chiqarsa, kilosini 50-70 ming soʻmdan sotishi mumkin. Buni AQSH puliga chaqadigan boʻlsak, oʻrtacha 6 dollar atrofida turadi.
Yaponiyaning Yamagata prefekturasi sohibkorlari esa, birinchi savdolarni bir quti gilos (500 gramm) bir million iyena (9,8 ming AQSH dollari) narxida sotishdan boshlar ekan. Kimoshdi savdolaridagi bunday qimmat lotda eng ertapishar “Satonisiki” navi mevalari xarid qilinadi. Gilosning pul daraxti, deb eʼzozlanishi ham ana shundan boʻlsa kerak.
Mutaxassislarning fikricha, gilosning nega buncha qimmatligi uni yetishtirish texnologiyasi bilan bogʻliq. Ular maxsus tuvaklarda oʻstiriladi. Iyundan to oktyabr oyi boshigacha maxsus sovutkichlarda saqlangan gilos daraxtlari, keyin issiqxonaga koʻchiriladi. Bu yerda kunduzi 25 daraja, kechasi 13 darajadagi harorat bir xilda taʼminlanab turiladi. Qarabsizki, gilos mevalari koʻklam kirmasdan turib bozor peshtaxtalaridan joy oladi.
Yamagata prefekturasi Yaponiyadagi eng shirin giloslar oʻlkasi hisoblanadi va mamlakatdagi mazkur mahsulotning 75 foizini yetkazib beradi. Ammo ularda ham oddiy giloslar xuddi yurtimizdagi kabi bahorning oxirlari va yoz boshlarida pishadi.
Gilos yetishtirish 10 ming yillik tarixga ega. Atirgullilar oilasiga mansub bu danakli meva daraxti jahonning koʻplab mamlakatlarida, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham qadim zamonlardan ekib kelinadi. Gilos yuz yilgacha yashaydi va har bir tupi 300 kilogramgacha hosil beradi.
Mazkur meva haqida gap ketganda, gilos darddan etar xalos yoki odam organizmiga mos, deb bejiz aytilmagan. Shifokorlarning qayd etishicha, u tanadagi vitaminlar muvozanatini normallashtirishga yordam beradi, kaliy manbai boʻlib, qon bosimini meʼyorda ushlab turadi. Bu, oʻz navbatida, organizmdagi metabolik jarayonlarni yaxshilaydi. Shuningdek, gilosda juda koʻp temir moddasi borligi bois kamqonlik bilan tezda kurashishga imkon beradi. Tarkibidagi B vitamini ogʻir yoʻtalni davolaydi va astma alomatlarini yoʻqotadi. Uning gullari va barglaridan tayyorlangan malham yaralarni va sepkillarni bartaraf etadi.
Bir soʻz bilan aytganda, har jihatdan koni foyda. Tarmoq ekspertlarining tahlilicha, har yili dunyoda gilos yetishtirish oʻrtacha 20 foizga ortyapti. Ushbu meva hajmi 2018-yilda jahon boʻyicha 2;44 million tonna (15,4 milliard AQSH dollari) ni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilga borib 10 million tonnaga yetishi kutilmoqda. Bu borada Turkiya, AQSH, Eron, Chili va Oʻzbekiston peshqadamlik qilib keladi.
Texnik jihatdan Oʻzbekiston gilos eksporti boʻyicha dunyoda beshinchi oʻrinda, ammo ikkinchi oʻrindagi Gonkong gilosni reyeksport qiluvchi mamlakat hisoblanadi. Shu bois sof eksportchilar orasida Oʻzbekiston toʻrtinchi oʻrinda turadi.
Mamlakatimizda 2022-yilda gilos bogʻlarining gullash davrida uzoq davom etgan yomgʻir tufayli uning hosili keskin kamaydi va eksportga salbiy taʼsir koʻrsatgan. Rasmiy statistik maʼlumotlarga nazar tashlaydigan boʻlsak, 2022-yilgi mavsumda Oʻzbekiston 25,3 ming tonna gilos eksport qilgan, bu 2021-yilgi rekord koʻrsatkichdan 2,4 barobar, 2020-yilga nisbatan qariyb 20 foizga kamdir.
Oʻtgan yil holati boʻyicha, yurtimizda 19,5 ming gektar, shundan,14,5 ming gektari hosilli gilos bogʻlari mavjud boʻlib, ulardan 213,6 ming tonna mahsulot yetishtirilgan. 2022-yilda 1,3 ming gektar maydonlarda gilos plantatsiyalari tashkil etildi. Joriy yilda mavjud maydonlarni 500 gektarga kengaytirish rejalashtirilgan.
— Keyingi paytda gilos ekish va parvarishlashda resurs tejovchi innovatsion texnologiyalardan foydalanish, yaʼni, yuqori yuqori hosildor navlarni ekish, tomchilatib sugʻorish tizimini joriy qilish natijasidamineral oʻgʻitlarni sarfini kamaytirish, kasallik va zararkunandalarga oʻz vaqtida ishlov berish kabi agrotexnika tadbirlarni sifatli bajarilishi orqali uning hosildorligini oshirish imkonini bermoqda, — deydi Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Jamshid Abduzuhurov. — Odatda hosildorlik bir gektar maydonda 12-13 tonna boʻlsa, yangi texnologiyalarni qoʻllash orqali hosildorlikni 13,5-14,5 tonnagacha oshirishga erishilyapti.
“Sweet Ryana”, “Sweet Lorenz”, “Skeena”, “Early Lory”, “Bahor”, “Revershon”, “Vosxod”, “Revna”, “Napoleon”, “Stella”. eng mashhur gilos navlari sirasiga kiradi. Oʻtgan yili qadoqlash sifati hamda turiga qarab, 26 millimetrli oʻlchamdagi gilosni yetkazib berish narxi yuklash va tushirish va boshqa xarajatlarni hisobga olgan holda, bir kilogramm uchun 50 mingdan 70 ming soʻmgacha (4,5 — 6,3 AQSH dollari) eksport qilingan.
Mamlakatimizda 2022-yilda gilos bogʻlarining gullash davrida uzoq davom etgan yomgʻir tufayli uning hosili keskin kamaydi va eksportga salbiy taʼsir koʻrsatgan. Rasmiy statistik maʼlumotlarga nazar tashlaydigan boʻlsak, 2022-yilgi mavsumda Oʻzbekiston 25,3 ming tonna gilos eksport qilgan, bu 2021-yilgi rekord koʻrsatkichdan 2,4 barobar, 2020-yilga nisbatan qariyb 20 foizga kamdir.
2022-yilning noyabr oyida Rimda boʻlib oʻtgan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) anjumanida “Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot” global harakatlar dasturini amalga oshirish boʻyicha amaliy ishlar boshlanganligi eʼlon qilindi.
Bosh direktor Syuy Dunyuyning taʼkidlashicha, agrooziq-ovqat tizimini yangilash alohida bir mahsulotni yoki biron bir sohaviy yoʻnalishni tanlab olishdan boshlanadi. Ana shu belgilab olingan mahsulot keyinchalik ishlab chiqarishni oshirish, oziq-ovqat sifati, tabiiy muhit, kishilar hayotini yaxshilashga qaratilgan yangi amaliy choralarni qabul qilishga asos boʻladi. Bunda hech bir jihat eʼtibordan chetda qolmasligi kerak.
Mamlakatimizning FAOdagi doimiy raisi oʻrinbosari Nuriddin Qoʻshnazarov ushbu anjumanda “Oʻzbekistonda gilosni rivojlantirishning “yashil“ usuli” mavzusidagi taqdimotida yurtimizda qishloq xoʻjaligi tarmogʻiga koʻrsatilayotgan eʼtibor, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha erishilayotgan natijalar haqida fikr yuritdi. Yurtimizning ustuvor mevalaridan biri sifatida gilosning harakatlar dasturiga kiritilishi nechogʻlik muhimligini qayd etar ekan, uni “yashil” usulda yetishtirish uchun FAOning mazkur tashabbusi (OSOR) doirasida texnik koʻmak va qoʻllab-quvvatlash zarurligiga eʼtibor qaratdi.
— Yangi dasturning birinchi bosqichida saksondan ortiq talabgor davlat ishtirok etdi, — deydi BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi mutaxassisi Xurshid Norov. — Bundan koʻzlangan asosiy maqsad barqaror oziq-ovqat qiymati zanjirlarini yaratish, oilaviy hamda mayda fermer xoʻjaliklarini daromad olish va turmush darajasini yaxshilash boʻyicha qoʻllab-quvvatlash, kimyoviy vositalar va tabiiy resurslardan foydalanishni minimallashtirish, oziq-ovqat mahsulotlarini yoʻqotilishi va chiqindiga chiqishini kamaytirish, atrof-muhitga salbiy taʼsirlarni cheklashga eʼtibor qaratishdan iborat.
Talabgor mamlakatlar orasidan ustuvor loyihalarini amalga oshirish uchun beshta davlat ovoz berish yoʻli bilan tanlab olindi. Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi vakili boʻlgan Oʻzbekistonning gilos yetishtirishni rivojlantirish boʻyicha ilgari surgan loyihasi ham eng koʻp ovoz olganlar orasidan joy oldi.
Shu bilan birga, Afrika mintaqasi boʻyicha Malavining banani, Osiyo-Tinch okeani boʻyicha Bangladeshning jekfruti (non daraxti), Lotin Amerikasi va Karib havzasi boʻyicha Trinidad va Tobagoning kakaosi, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasi boʻyicha Misrning xurmoli palmasi ham xalqaro tashkilotimizning harakatlar dasturiga kiritildi.
Mazkur alohida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha tanlangan mamlakatlardagi toʻplagan tajribalar, ilgʻor innovatsiya va texnologiyalar FPOga aʼzo boshqa mamlakatlarda ham targʻib qilinadi. Alohida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari deganda, mahalliy miqyosda yaxshi maʼlum boʻlgan, keng tarqalgan yoki kam foydalaniladigan hamda ayni paytda milliy, mintaqaviy va xalqaro bozorlarda ilgari surish imkoniyatiga ega boʻlgan mahsulotlar tushuniladi.
Yaratilgan agroekologik sharoitlar butun mamlakat hududida kichik fermerlarga kimyoviy moddalardan minimal darajada foydalangan holda, gilos yetishtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, mazkur mevaning koʻp tarmoqli va barqaror dehqonchilik tizimini, shuningdek, agrooʻrmonchilik va oʻrmon yaylovchiligini rivojlantirishga keng yoʻl ochadi. Shu tariqa, gilos “yashil” va inklyuziv rivojlanish boʻyicha katta salohiyatga ega mahsulotga aylanmoqda.
Loyihaning yana bir oʻziga xos biznes modeli shundaki, u kichik uy xoʻjaliklariga oziq-ovqat mahsulotlarini barqaror koʻpaytirish, shu orqali daromadlarini oshirish va pirovardida ularning turmush sharoitini yaxshilashga koʻmaklashish ham nazarda tutilgan.
Yaqinda Toshkentda xuddi shu kabi masalalarni hayotga tatbiq etish boʻyicha seminar oʻtkazildi. FAOning Oʻsimlikshunoslik va oʻsimliklarni himoya qilish (NSP) boʻlimi direktori Sya Szinyuanning qayd etishicha, “Qishloq xoʻjaligi vazirligi vakillari, ekspertlar va boshqa yuqori martabali shaxslar Oʻzbekistonda OCOPni joriy etishni, gilos qiymat zanjirining barqaror rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash uchun “yashil” texnologiyalarni ilgari surish boʻyicha keyingi qadamlarni belgilab olganidan juda mamnunmiz. Chunki, loyihaning kirish seminarida ushbu maqsadlarga toʻliq erishildi.”
Demak, oldinda gilos yetishtirishni rivojlantirishga qaratilgan tajribalarni keng tatbiq etish, ayniqsa, kichik xonadonlar va fermer xoʻjaliklarida “yashil” usulda parvarishlash va moʻl hosil olishni tashkil etish vazifalari turibdi. Aytish joiz bu jihatdan mamlakatimiz hududlarida muayyan tajriba toʻplangan. Xalqaro tashkilotning texnik koʻmagi va qoʻllab-quvvatlashi ushbu tajribani dunyo mintaqalarida keng yoyishni ragʻbatlantiradi.
Abdurauf QORJOVOV,
iqtisodiy sharhlovchi