O‘zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda

    Yuqori ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Milliy universiteti ta’limning deyarli barcha fundamental yo‘nalishlari bo‘yicha respublikadagi tayanch oliy ta’lim muassasasidir.

    Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. O‘z faoliyatining ko‘p asrlik tarixi davomida universitet ilmiy bilimlarning turli sohalarida butun dunyoda tan olingan muhim yutuqlarga erishdi, yuqori malakali mutaxassislar tayyorladi.

    Yuqori ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Milliy universiteti ta’limning deyarli barcha fundamental yo‘nalishlari bo‘yicha respublikadagi tayanch oliy ta’lim muassasasidir.

    Ayni paytda universitetda 17 ta fakultetda 79 ta bakalavriat yo‘nalishi, 81 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 33 ming nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Shuningdek, ilmiy faoliyatini olib bormoqchi bo‘lgan yosh mutaxassislar uchun doktoranturada 100ga yaqin mutaxassisliklar mavjud. Universitetning intellektual va ilmiy salohiyatini yuqori malakali professor o‘qituvchilar jamoasidan ham bilish mumkin. 20 ga yaqin akademiklar, 300 nafarga yaqin fan doktori hamda 500 nafarga yaqin fan nomzodlari uzluksiz ta’lim va ilmiy jarayonni ta’minlashda ishtirok etishmoqda.

    Universitetining rivojlantirish strategiyasi klassik an’analarni zamonaviy ta’lim texnologiyalari bilan boyitish g‘oyasiga asoslangan. Mazkur strategiya jamiyatimiz iqtisodiy, ilmiy va ijtimoiy rivojlanishining yuqori talablarini shuningdek, mintaqaviy ta’lim xizmatlari bozorini rivojlantirish istiqbollarini belgilab beradi.

    Universitet tarkibida 17 ta fakultet, 85 dan ortiq kafedra, yarim o‘tkazgichlar va mikroelektronika fizikasi ilmiy tadqiqot instituti, biofizika va biokimyo instituti, nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi, 5 ta muzey, botanika ilmiy bazasi, ilmiy kutubxona, 10 ta yotoqxona, sport turlariga mo‘ljallangan maydonchalar va suv sport saroyi mavjud.

    O‘zbekiston milliy universiteti xalqaro maydonda ham salmoqli yutuqlarga erishib kelmoqda. Xususan, QS xalqaro reyting agentligining “Fan sohalari reytingi” natijalariga ko‘ra otaxon universitet zamonaviy tillar, matematika, fizika va astronomiya) fan yo‘nalishlari bo‘yicha dunyoning TOP-500 oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatidan o‘rin egalladi.

    O‘zbekiston Milliy Universiteti jamiyatning ilmiy madaniy salohiyatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda kelajak egalari – yoshlarning yetuk mutaxassis bo‘lib shakllanishiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda.

    Poytaxtimizda O‘zbekiston Milliy universiteti tashkil topganligining 105 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston Milliy universitetining ilm-fan rivoji va jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rni” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

    Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalari, ushbu jarayonda sohalardagi muhim masalalar, mahalliy yosh olimlar va ixtirochilarning ilmiy salohiyatini o‘rganish borasida so‘z yuritildi. Shuningdek, anjuman axborot kommunikasiya texnologiyalari va dasturiy ta’minotlarini yaratishning ilmiy asoslarini takomillashtirish, ularni murakkab tizimlarni boshqarish va ta’lim hamda ilmiy tadqiqot jarayonlarida joriy qilish, bu borada ilmiy, uslubiy va amaliy takliflarni ishlab chiqish, respublikamizda pedagogik kadrlar tayyorlashning tarixi, amalga oshirilgan islohotlar hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash istiqbollarini qamrab oldi.

    O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hamda ishlab chiqarish muammolarini yechishda ilmiy jihatdan asosli takliflar berish, ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlarida olib borilayotgan tadqiqotlar natijarini muvofiqlashtirish hamda ushbu sohalarda faoliyat olib borayotgan yosh olimlar, tadqiqotchilar, magistrantlar, iqtidorli talabalarga keng imkoniyatlar yaratish anjumanning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

    Anjumanda jamiyatning bir qator muammolari keng ilmiy jamoatchilik muhokamasiga havola qilindi. Xususan, oliy ta’lim sifatini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari, fan va ta’lim rivojida fizika hamda matematikaning o‘rni, tabiiy fanlarning zamonaviy muammolari va ularning istiqbolli yechimlari, oliy ta’lim muassasalarida ijtimoiy-gumanitar fanlar: hozirgi hol ati va rivojlanish istiqbollari kabi mavzularda so‘z yuritildi.

    Konferensiyada professor-o‘qituvchilar, tayanch doktorantlar/doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, magistrantlar, talabalar, tegishli sohalarning olim va mutaxasislari o‘rtasida ilmiy-ijodiy hamkorlik muhiti yaratildi hamda o‘zaro fikr-mulohaza va tajriba almashishlari uchun sharoit yaratib berildi, ularni fan-texnika taraqqiyoti yo‘lida birlashtirdi.

    Anjuman ishtirokchilarining fikr-mulohazalari bilan tanishamiz:

    Ibrohim GʻAFUROV, O‘zbekiston Qahramoni:

    O‘zbekiston ilm-fanining oyoqqa turishi, taraqqiy etishi, dunyoga tanilishida, madaniy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan shakllanishi, o‘zining qiyofasiga ega bo‘lishida Milliy Universitetning xizmatlari o‘lchab bo‘lmaydigan darajada katta, beqiyos. Men 1956-1961 yillarda universitetning filologiya fakultetida tahsil olganman. Besh yil tahsil davomida universitetning ziyoli insonni tarbiyalash, yetishtirish, mamlakat hayotiga yo‘llashdagi o‘rni, vazifasi qanchalar buyuk ekanligini har o‘quv yilida, har imtihon topshirayotganimda sezib turganman. Milliy universitetning Markaziy Osiyo va O‘zbekiston hayotidagi, ayniqsa ilmiy-madaniy taraqqiyotidagi o‘rnini men hech narsa bilan qiyoslay olmayman. O‘zbek xalqining bir qancha ijodkor ziyolilari ayni shu dargohda tahsil olgan. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Umarali Normatov, O‘lmas Umarbekov kabi talanti, darajasi katta ijodkorlar shu oliygohda tarbiya olgan. Milliy universitet tom ma’noda hammamizga hayotga yo‘llanma bergan. Bizni yaxshi mutaxassis qilib, mamlakatimizning koriga yaraydigan odamlar qilib yetishtirdi.

    Bugun ham universitet ravnaq topib, salohiyati yuksalib, hozirgi zamonning eng yaxshi mutaxassislarini yetishtirib chiqarishga katta g‘ayrat qilayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. Bundan albatta g‘ururlanamiz.

    Zamira ESHONXO‘JAYЕVA, O‘zbekiston Milliy universitetining professori, tarix fanlari doktori:

    Anjuman nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlar fan-ta’limi rivoji uchun katta ahamiyatga ega. Ma’lumki, ilmiy sohada eng qiyini bu — ilmiy maktab yaratish. Universitetning nufuzli olimlari tomonidan yaratilgan ilmiy maktablar soni 50 tadan ortgan va bu maktablar O‘zbekiston ilm-fanining rivojlanishiga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Hozirgi kunda universitetda faoliyat ko‘rsatayotgan akademik, professor, fan nomzodi, PhD darajasini olgan insonlarning fan va ta’lim rivojiga qo‘shayotgan hissasi e’tiborga molik. O‘zbekiston Milliy universiteti bu borada doim flagman bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.