Oʻzbekiston va BAA sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda

    2021-yildan buyon BAA va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi yiliga oʻrtacha 20 foizdan koʻproqqa oshib bormoqda va 2024-yil yakuniga koʻra bu koʻrsatkich 650 millionga yetdi.

    Joriy yilning 13-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi arafasida Abu Dabi shahrida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha bir qator ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda mamlakatlar delegatsiyalariga Oʻzbekiston tomonidan – Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda BAA tomonidan usbu davlatning energetika va infratuzilma vaziri Suhail Mohamed Al Mazrui boshchilik qildi.

    2021-yildan buyon BAA va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi yiliga oʻrtacha 20 foizdan koʻproqqa oshib bormoqda va 2024-yil yakuniga koʻra bu koʻrsatkich 650 millionga yetdi.

    Bugungi kunda Oʻzbekistonda BAA kapitali ishtirokidagi 337 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda, shundan 114 tasi qoʻshma korxona va 223 tasi 100% xorijiy korxonalardir. 2023-yilda Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirishga 1,08 milliard dollar, 2024-yilda esa 1,5 milliard dollardan ortiq BAA investitsiyalari oʻzlashtirildi.

    Birgalikda hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar anʼanaviy va muqobil energiya, infratuzilma, kimyo sanoati, geologiya, IT, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika sohalarini qamrab oladi.

    “Oʻzbekiston-BAA” investitsiya kompaniyasi tashkil etildi. Uning investitsiya portfeli bugunga kelib tibbiyot, geologiya, qishloq xoʻjaligi va turizm sohalarida umumiy qiymati 192,5 million dollar boʻlgan 7 ta loyihani tashkil etmoqda. 140 million dollarlik 9 ta loyiha ishlab chiqilmoqda.

    Biroq erishilgan natijalar ikki davlatning iqtisodiy salohiyatini umuman aks ettirmaydi, shu bois hamkorlik hajmini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha kompleks choralar koʻrilmoqda.

    Bugun imzolanayotgan hujjatlar ana shunday qadamlardan biridir. Bu 15 ta kelishuv vazirlik va idoralar, ishbilarmon doiralar tomonidan birgalikda olib borilgan saʼy-harakatlarning mevasi boʻlib, ikki davlat oʻrtasidagi sarmoyaviy hamkorlik tarixida yangi sahifa ochmoqda.

    Marosimda “AMEA Power”, “Masdar”, “Solar Power Shine”, “M42”, “Burjeel” Holdings», “IFFCO Group”, “TWS”, “Alserkal Group”, “Metito”, “AD Ports”, “Jetex”, “Emirates Group” va boshqa kompaniyalar bilan energetika, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, infratuzilmani rivojlantirish, suv taʼminoti, transport, logistika sohalarida investitsiya bitimlari va shartnomalar imzolandi.