Tadbirda ikki davlatning vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda 150 dan ortiq yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Laziz Kudratov oʻzining qutlov soʻzida Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston oʻrtasidagi chuqur tarixiy doʻstona rishtalar mavjudligi, ikki davlat rahbarlari tomonidan ikki tomonlama koʻp qirrali munosabatlarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.
Mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan ortga qaytmas tizimli islohotlar samaradorligi hamda bu borada barcha toʻsiqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni har tomonlama kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar olib borilayotganligi alohida taʼkidlandi.
Maʼlumot uchun: 2023-yilda Moʻgʻuliston yalpi ichki mahsuloti 18,5 milliard dollarni tashkil etdi. Shuningdek, 2023-yilda mamlakat iqtisodiyoti 7 foizga yaqin kuchli oʻsishni koʻrsatdi. Tashqi savdo aylanmasi 24,4 milliard dollarga yetdi. Moʻgʻuliston oltin, kumush, temir, koʻmir, mis, molibden, volfram, qalay, nikel, rux, shpat kabi tabiiy resurslarga boy.
Forum davomida savdo-iqtisodiy oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirishning bir qator istiqbolli yoʻnalishlari belgilab olindi. Gap togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, tibbiyot, farmatsevtika, oziq-ovqat, bank sektorini rivojlantirish va boshqa sohalar haqida boryapti.
Nodir metallar va bazaltning yangi konlarini birgalikda oʻzlashtirish bilan birgalikda chorvachilik va qishloq xoʻjaligi klasterlarini tashkil etish va tayyor mahsulotlarni eksportga yetkazib berish kabi loyihalarning istiqbolligi taʼkidlandi.
Qoʻshma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va Moʻgʻuliston kompaniyalarining Oʻzbekistonda qulay faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga tayyorlik bildirildi.
Oʻz navbatida, Moʻgʻuliston Milliy Savdo-sanoat palatasi prezidenti Dashseren Enxtuvshin ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-sotiq, investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish imkoniyatlarini yuqori baholab, tadbirkorlarni oʻzaro hamkorlikni faol oshirishga va bu borada eng murakkab qoʻshma tashabbuslar boʻyicha ham dadil harakat qilishga chaqirdi.
Biznes-forum dasturiga muvofiq sogʻliqni saqlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda qator ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi.
B2B va G2B formatlarida oʻtkazilgan muzokaralarda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari yangi aloqalar oʻrnatish, yangi qoʻshma tashabbuslarning amaliy jihatlarini va rejalarini muhokama qilish imkoniga ega boʻldi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.