Oʻzbekiston va Vengriya Konstitutsiyalari

    Fikr 22 Avgust 2023 1505

    Ulardagi oʻzaro oʻxshash jihatlar nimalarda namoyon boʻladi?

    Oʻzbekiston hamda Vengriya oʻrtasida oʻzaro diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 30 yildan oshdi. Shundan buyon ikki davlat ochiq muloqot va oʻzaro manfaatli hamkorlik qilib kelmoqda. Mamlakatlarimiz oʻrtasida 60 dan ortiq shartnoma tuzilgan. Soʻnggi yillarda oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

    Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan joriy yil 19-20-avgust kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Budapesht shahrida boʻldi. Bu tashrif soʻnggi yillarda tobora rivojlanayotgan hamkorlik aloqalarida yangi davrni boshlab berdi. Tashrif doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

    Vengriya Yevropaning iqtisodiy jihatdan tez oʻsib borayotgan mamlakatlaridan biri, qishloq xoʻjaligi, savdo, turizm, moliya va axborot texnologiyalari sohalarida ulkan salohiyatga ega davlat. Albatta, bunday natijalarga erishish uchun mamlakat ijtimoiy hayotining turli jabhalarida tizimli islohotlar qilindi.

    Oʻzbekistondagi kabi yirik konstitutsiyaviy islohotlar Vengriyada ham boʻlib oʻtgan. Mamlakatning yangi Konstitutsiyasi 2011-yilda qabul qilingan va 2012-yil 1-yanvardan kuchga kirgan. Har ikki mamlakatning yangilangan Konstitutsiyasida boshqa davlatlar bilan oʻzaro munosabatlar tinchliksevar tashqi siyosat va doʻstona munosabatlarga asoslanishi nazarda tutilgan.

    Oʻzbekiston va Vengriya Bosh qonunlarining oʻxshash jihatlari juda koʻp. Masalan, oilaviy qadriyatlar, farzand tarbiyasi, ota-onaga hurmat kabi milliy qadriyatlarimizga mos keladigan normalarni har ikki mamlakat Bosh qonunida uchratish mumkin. Jumladan, Vengriya Konstitutsiyasida davlat nikohni himoya qilishi, oila qonun bilan himoyalanishi qayd etilgan. Shuningdek, ota-onalar farzandlariga, voyaga yetgan farzandlar esa koʻmakka muhtoj ota-onalariga gʻamxoʻrlik qilishi belgilangan.

    Oʻzbekiston Konstitutsiyasida ham oila jamiyat va davlat muhofazasida ekani, davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratishi, shuningdek, ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning har tomonlama kamol topishi xususida qaygʻurishi, oʻz navbatida, voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar ham oʻz ota-onasiga gʻamxoʻrlik qilishga majburligi belgilangan.

    Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida ham har ikki mamlakat Konstitutsiyasida oʻzaro oʻxshash normalar koʻp. Masalan, Vengriya Konstitutsiyasida jinoyat sodir etishda gumon qilinib ushlangan shaxs qisqa muddat ichida sudga olib borilishi yoki ozod etilishi lozimligi koʻrsatilgan. Bizning Konstitutsiyada ham hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga koʻra yoʻl qoʻyilishi, shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi mustahkamlangan.

    Mamlakatlarimiz Konstitutsiyalarida bunday qoidalar boʻlishi “Xabeas korpus” institutini rivojlantiradi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni noqonuniy harakatlardan tiyib turishga, shaxsning asossiz hibsga olinishi holatlarini bartaraf etishga, shu orqali inson ozodligini cheklash bilan bogʻliq boʻlgan harakatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

    Bilim insonni komillikka koʻtarishi bilan birga u yashayotgan jamiyat va mamlakatni ham yuksaltiradi. Shu bois, har ikki mamlakat Konstitutsiyasida davlat fuqarolarning taʼlimga oid huquqlarini amalga oshirishni oʻz zimmasiga olishi mustahkamlangan. Masalan, Vengriya Konstitutsiyasida har bir vengriyalik taʼlim olish huquqiga egaligi, davlat umumiy taʼlimni taʼminlashi, boshlangʻich va oʻrta taʼlimga erkin kirish imkoniyatini yaratishi, fuqarolarning oliy taʼlim olishiga sharoit yaratishi nazarda tutilgan.

    Oʻzbekiston Konstitutsiyasida ham har kim taʼlim olish huquqiga ega ekani, davlat bepul umumiy oʻrta taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim olishni kafolatlashi qayd etilgan. Bundan tashqari, Konstitutsiyamizda fuqarolar davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olishga haqli ekani mustahkamlangan.

    Oʻzbekiston va Vengriya Konstitutsiyalarida milliy iqtisodiyotda haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish, shu asosda mamlakatni taraqqiy ettirish uchun tadbirkorlarga barcha sharoitlarni yaratish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlishini kafolatlaydigan normalar kiritilgan.

    Misol uchun, Vengriya Konstitutsiyasida Vengriya iqtisodiyoti tadbirkorlik erkinligiga asoslanishi, mamlakat adolatli raqobat uchun sharoit yaratishi, isteʼmolchilar huquqini himoya qilishi koʻrsatilgan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston iqtisodiyoti negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, davlat bozor munosabatlarini rivojlantirishi va halol raqobat uchun shart-sharoit yaratishi, isteʼmolchilar huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlashi belgilangan.

    Keyingi yillarda Oʻzbekistonda valyuta bozori erkinlashtirildi, davlat aktivlari va banklarni, sanoat va infratuzilma obyektlarini xususiylashtirish dasturi boshlandi, soliq tizimi isloh qilindi. Mana shunday islohotlar mamlakatlarimiz oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni ham yanada ragʻbatlantirmoqda.

    Albatta, konstitutsiyalarimizning oʻxshash jihatlarini yana koʻp sanab oʻtish mumkin. Shu bilan birga, Vengriya Konstitutsiyasida eʼtiborga molik oʻziga xos normalar ham mavjud. Masalan, unda hukumat aʼzolari lavozimga kirishishdan oldin xalq vakillari oldida qasamyod qabul qilishi nazarda tutilgan. Parlament qonun yuzasidan yakuniy ovoz berishdan oldin uning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash uchun mamlakat Konstitutsiyaviy sudiga yuborishi mumkinligi koʻrsatilgan. Bu esa qonunni qabul qilib ijroga qaratgandan soʻng emas, balki ertaroq, yaʼni qonunni imzolashdan va eʼlon qilishdan oldinroq uning Konstitutsiyaga mosligini yana bir bor aniqlash imkonini beradi. Qolaversa, Konstitutsiyaviy sudning “norma nazorati” borasidagi rolini ham oshiradi.

    Bizning Konstitutsiyamizdagi ayrim demokratik normalarni har qanday xorijiy mamlakatlar uchun namuna sifatida koʻrsatish mumkin. Masalan, Vengriya Konstitutsiyasida qonunchilik tashabbusi Prezidentga, hukumatga, parlament komissiyalariga va parlament aʼzolariga taalluqli. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda esa nafaqat davlat organlari, balki saylov huquqiga ega yuz mingdan kam boʻlmagan oddiy fuqarolar tomonidan ham qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida parlamentga kiritish huquqi berilgan. Bunday institutning joriy qilinishi xalq qonun ijodkorligida toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirok etishiga sharoit yaratadi.

    Konstitutsiyaviy islohotlar borasida tajriba almashishda parlamentlararo hamkorlikning oʻrni beqiyos. Bunda har ikki mamlakatning parlamentlarida tashkil etilgan doʻstlik guruhlari tomonidan oʻzaro tajriba almashish asosida parlament va qonun ijodkorligi amaliyoti takomillashtirib boriladi.

    Jahongir SHIRINOV,

    Oliy Majlisning Vengriya Milliy Assambleyasi

    bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo

    guruhi rahbari