Oʻzbekiston “Xavfsizlikning boʻlinmasligi” tamoyilini qoʻllab-quvvatlaydi

    Harbiy 30 Noyabr 2023 734

    Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida “Globallashuv sharoitida mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashning asosiy tendensiyalari” mavzusida V xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya boʻlib oʻtdi.

    Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan konferensiyada Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan harbiy attashelar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, YeXHT, Xalqaro qizil xoch va Qizil yarim oy qoʻmitasi, dunyoning nufuzli strategik tadqiqotlar markazlari, ShHT Mintaqaviy terrorizmga qarshi tuzilmasi, MDHga aʼzo davlatlar mudofaa vazirlari kengashi kotibiyati, Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Belarus, Germaniya, Hindiston, Italiya, Qozogʻiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Qirgʻiziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston kabi davlatlarning ilmiy-tadqiqot va oliy harbiy taʼlim muassasalari vakillari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov anjumanni kirish soʻzi bilan ochar ekan, Oʻzbekiston “Xavfsizlikning boʻlinmasligi” tamoyilini qoʻllab-quvvatlagan holda dunyo davlatlari suverenitetini taʼminlash, jahon va mintaqaviy xavfsizlikka nisbatan tahdidlarni yumshatish, harbiy mojarolarning oldini olish, tinch aholiga nisbatan harbiy harakatlar va urush qoidalariga hamda xalqaro gumanitar huquq normalariga rioya qilgan holda har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan faol tashqi siyosiy faoliyat olib borayotganini eʼtirof etib, oʻtkazilayotgan konferensiya mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan, oʻzaro kelishilgan yodashuvlarni ishlab chiqishda samarali muloqot maydoni boʻlishiga ishonch bildirdi.

    Shundan keyin akademik va ekspert-tahlil doira vakillari oʻrtasida mintaqada xavfsizlikni taʼminlashning dolzarb masalalari boʻyicha fikr almashish va yangi imkoniyatlarni izlash, samarali yondashuvlarni ishlab chiqish boʻyicha maʼruzalar boshlandi.

    Xalqaro ilmiy-nazariy konferensiyada xavfsizlik va birgalikda olib boriladigan rivojlanish sohasida mintaqaviy hamkorlikning joriy va yangi tendensiyalari hamda istiqbollari, XXI asrda texnologik taraqqiyotni hisobga olgan holda mintaqaviy harbiy mojarolarning oldini olish va mojarodan keyingi tartibga solishda Qurolli Kuchlarning roli, mintaqaviy xavfsizlikka taʼsir etuvchi davlat chegaralariga daxl soluvchi turli tahdidlarga qarshi umumiy yondashuvlarni shakllantirish va ishlab chiqish, ekologik muammolar va ularning mintaqa xavfsizligiga taʼsiri, sunʼiy intellekt va neyrotarmoqning rivojlanishi global sharoitda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashning oʻziga xos jihatlari kabi mavzular muhokama etildi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.