Oʻzbekiston Xitoy vaksinasining hammuallifiga aylandi

    Salomatlik 17 Fevral 2021 3678

    Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yigʻilishida aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlarini tashkil etish va vaksinani mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.

    Maʼlum qilinganidek, Rossiyaning Gamaleya ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Sputnik V” vaksinasi uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalari asosida Oʻzbekistonda sertifikatlashtirilgan holda ommaviy qoʻllash jarayoniga ruxsat etilgan.

    Bugungi kunda ushbu vaksinadan 1 million doza xarid qilish yuzasidan amaliy choralar koʻrilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga tashriflari chogʻida Innovatsion rivojlanish vazirligi (Oʻzbekiston) Fan va texnika vazirligi (Xitoy) oʻrtasida ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha quyi qoʻmita faoliyati yoʻlga qoʻyilgan edi.

    Mazkur qoʻmita tomonidan koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqishda hamkorlik oʻrnatish boʻyicha ham amaliy choralar koʻrilmoqda.

    Jumladan, Xitoyning “Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.,Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda yaratilgan “ZF 2001” vaksinasining uchinchi bosqich klinik sinovlari Xitoydan tashqari birinchilardan boʻlib Oʻzbekistonda muvaffaqiyatli oʻtkazilmoqda.

    Hamkorlik doirasida Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi tomonidan belgilangan tartibda mazkur vaksinaning barcha xavfsizlik koʻrsatkichlari sinovdan oʻtkazildi, uning ijobiy natijalari asosida hamda Etika qoʻmitasining vaksinani klinik tadqiqotlari oʻtkazishning etika jihatidan asoslanganligi toʻgʻrisidagi xulosalari asosida aholi orasida uchinchi bosqich klinik sinovlarga yoʻnaltirildi.

    Bugungi kungacha klinik sinov talabiga muvofiq “vaksina/platsebo” sxemasi asosida 6 830 nafar koʻngilli emlangan, ularning birortasida oʻta nojoʻya taʼsirlar kuzatilmagan.

    “Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.,Ltd” kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinani yaratishda Oʻzbekistonning hissasi va caʼy-harakatlarini inobatga olib, mamlakatimizni “ZF 2001” vaksinani birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgiladi. Ushbu yangi vaksinani “ZF-UZ-VAC 2001” nomi bilan birgalikda ishlab chiqarish va foydalanilishga kelishilgani bildirildi.

    Shuningdek, “Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.,Ltd” kompaniyasi tomonidan mazkur vaksinani Oʻzbekistonda mahalliylashtirish maqsadida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan bir qator farmatsevtika korxonalari faoliyati oʻrganildi, laboratoriya hamda texnik va ishlab chiqarish quvvatlarini inobatga olib, “Jurabek Laboratories” MCHJ QK tanlandi.

    Yigʻilishda ushbu vaksinaning mamlakatda uchinchi bosqich sinovlari muvaffaqiyatli oʻtkazilayotgani va Oʻzbekistonni bu vaksina yaratilishi va ishlab chiqarishda hammuallif davlat etib belgilanganligini inobotga olib, “ZF-UZ-VAC 2001” vaksinasini favqulotda vaziyatlarda foydalanishga ruxsat berish masalasi muhokama qilindi.

    Shu maqsadda koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlarini tashkillashtirish borasida koʻrilayotgan choralar, “ZF-UZ-VAC 2001” vaksinasidan 1 million doza xarid qilish va mamlakatimiz aholisini ixtiyoriy ravishda ommaviy emlash tadbirlariga yoʻnaltirish masalalasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga muhokamaga kiritish boʻyicha respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilindi.