Qayd etilishicha, baʼzi kunlarda harorat uzoq muddatli oʻrtacha qiymatlardan sezilarli darajada koʻtarilishi mumkin, ehtimol bu vaziyat mintaqada vujudga keluvchi termik depressiya jarayoni taʼsiri bilan uzviy bogʻliq.
Sharqiy zona (Fargʻona vodiysi), Toshkent viloyati togʻli hududlari hamda Surxondaryo viloyatida butun yoz davomida havo harorati koʻp yillik iqlimiy meʼyor koʻrsatkichlariga yaqin boʻlishi mumkin.
Termik depressiya – bu yozgi sinoptik jarayon boʻlib, Markaziy Osiyoning janubi-sharqida past bosimli hudud paydo boʻlishi, quruq-jazirama issiq ob-havo bilan tavsiflanadi (bu davrda Markaziy Osiyo tekislik hududlarida havo harorati +44...+46 darajaga, baʼzi hollarda, +48 darajagacha yetishi mumkin).
Termik depressiyaning davomiyligi 2-3 sutkadan 5-7 sutkagacha, baʼzi yillarda esa 1,5–2 haftagacha davom etishi mumkin. Soʻnggi paytlarda mazkur sinoptik jarayon kuzatilgan davrda mintaqa mamlakatlarida qishloq xoʻjaligi, iqtisodiyot tarmoqlari hamda energetik tizimda kuchli zoʻriqishlar kuzatilmoqda.
Iyun oyining birinchi va uchinchi dekadasi baʼzi kunlarida Oʻzbekiston boʻylab biroz yogʻingarchilik boʻlishi kutilmoqda. Tekislik hududlarida yozning qolgan oylarida yogʻingarchilik ehtimoli deyarli mavjud emas, respublikaning togʻ va togʻoldi hududlarida qisqa muddatli yogʻingarchiliklar boʻlish ehtimoli mavjud. Bu asosan kunning ikkinchi yarmida lokal xususiyatli ob-sharoiti bilan bogʻliq.